OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Navoiyning hayratomuz ixtirolari

Navoiy merosini muazzam ummonga o‘xshatishadi. Zangori osmon ostida chayqalib turgan bahri muhitning shiddatkor to‘lqinlari quyoshning munavvar nurlari bilan qorishib, borliqqa yorqin ifor taratadi. Ko‘zni qamashtirib, ko‘kka o‘rlayotgan tomchilarning har birida ilohiy nur jilvalanadi. Navoiy merosi ana shunday boqiy, maftunkor. Bu tabarruk zot ijodini o‘rgangan kishilarning qayta-qayta hayratga tushaverishi sababi ham shunda. 

Har bir tamaddunning o‘z bunyodkorlari bo‘lar ekan. Yaratganning bandalariga marhamatimi, yo shunchaki tasodifmi, tarix zarvariqlarida uyg‘onish — insoniyatning oltin asri nomi bilan qayd etilgan XV asrda — aynan Alisher Navoiy yashab ijod qilgan davrda dunyoning narigi chekkasida yana bir daho ijodkor (ne ajabki, uning nomida ham sher bor) Leonardo da Vinchi (1452-1519) yashayotgan edi. Rassom, olim, shoir, haykaltarosh, muhandis, ixtirochi, arxitektor, musiqachi bo‘lgan italiya¬lik dahoning hayoti qilgan kashfiyotlari juda ko‘p marta tadqiq etilgan. Hayoti bayotiga, bayoti hayotiga aylangan bobokalonimiz dahosi ham Leonardonikidan aslo kam emas. Faqat yetarlicha tad¬qiq etilmagan xolos. 

Navoiy ham barcha fanlar bilan shug‘ullandi — ilmi nujum, musiqa, tabobat, lug‘atshunoslik, o‘q otish san’ati, adabiyot nazariyasi, qushlar hayoti — zoologiya. Xususan, uning tasviriy san’atda ham mashqlar qilib turgani, hatto Husayn Boyqaroning suratini chizgani haqida manbalar guvohlik beradi. Leonardoning sirli tabassumi (Mona Liza) kabi Navoiyning o‘z qo‘li bilan chizgan zanjirband sher surati ham mana besh asrdirki, takror-takror munozaralar manbaiga aylanib keladi. Bu buyuk zot musiqa ilmida ham noyob iste’dod sohibi bo‘lib, bir qancha kuylar ijod qilgan. Shuningdek, bosh me’mor sifatida o‘z mablag‘i hisobidan ko‘prik, tegirmon, hammom, bog‘, maqbara, masjid, shifoxonalar barpo etdi, ariqlar qazdirdi. Bunyod etgan inshootlarining aksariyatining tarxini o‘zi chizdi, tuzatdi. 

«Lison-ut-tayr»da (nasriy bayoni) o‘qiymiz: «Inson ko‘nglini turli bilimlar xazinasi qildi va bu tilsim ichida Alloh o‘zini yashirdi». Ne ajabki Navoiyning yozganlari ham shunchaki she’riy havas yoki birgina ma’no anglatuvchi so‘zlar ketma-ketligidan iborat emas, ramziy-majoziy mazmuni ko‘p qatlamlidir. Har bir bayti mo‘‘jizaga mengzagulik satrlaridan ilohiy donishmandlik ufurib turadi. She’riyat sultoni tahayyul otida shunchalar uzoqlarga parvoz etolganki, uning oldida nafaqat tezlik, balki vaqt — asrlar ham chikora. Masalan, manzumalarida davri uchun butunlay begona bo‘lgan turli timsollar (obraz) uchraydiki, go‘yo Navoiy tafakkur g‘aladonida bunyod bo‘lgan ilmiy kashfiyot¬larini, bashoratlari va farazlarini satr¬lari qatiga singdirib yuborgandek. Masalan, mutafakkirning go‘zal g‘azallaridan birida shunday satrlar mavjud: 

Xil’atim to aylamish jonon qizil, sarig‘, yashil,
Shu’lai ohim chiqar har on qizil, sarig‘, yashil.

Shishadek ko‘nglimdadur gulzori husning yodidin,
Tobodoning aksidek alvon qizil, sarig‘, yashil.


G‘azalda inson ruhiy holatlari nozikligi, sirliligi, tashqi dunyo va odam surati bilan uyg‘unlikda ekani juda nozik holatda tasvirlangan. Shoir tanlagan uch rang qizil, sariq, yashil — o‘zining barcha tovlanishlari bilan nomoyon bo‘ladi. U garchi yor tavsifiga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, yuqoridagi satrlarni o‘qib, sizning xayolingizda ham bugun butun dunyoda mashinalarning qatnovini tartibga solib turgan svetafor gavdalanganiga shubha yo‘q. To‘g‘ri, bir qarashda bu she’r va svetaforning bir-biriga umuman aloqasi yo‘qdek tuyuladi. Ammo ranglar silsilasi, ularga yuklangan vazifa ikkisini bir-biriga bog‘lab turganini ilg‘ash u qadar qiyin emas. Ma’lumki, qizil rang taqiq belgisi, yor dastlab oshiqning sevgisini rad etadi, noz qiladi. Sariq rang tayyorgarlik, oshiqning rangi sarg‘ayib fig‘oni ko‘kka o‘rlayvergach, jononaning ko‘ngli ham unga iliy boshlaydi. Yashil rang bu yo‘l ochiq degani. G‘azalda ham yor turfa rang¬lardagi kiyimlarda ko‘rinish berib, oshiqning ko‘nglini ezadi. U yashillikka burkanganda vasl ayyomi boshlanadi. Darvoqe, Navoiy baytlarida ilk bor namoyon bo‘lgan bu ramz — svetafor amerikalik olim Garret Morgan tomonidan 1916 yilga kelibgina kashf qilindi. 

Endi mana bu satrlarga (Favoyid-ul-kibar) e’tibor qarataylik:

Nega tarking etmay, ey charxki: shomu axtaringdin — 
Qarodur yuzing, valekin... oq erur yuzingda xoling!.. 


Mazkur baytning ikkinchi misrasida fototasvir ibtidosi — negativ ko‘rinishlar (oq rangning qora, qora rangning oq bo‘lib ko‘rinishi) haqida gapirilayotgandek go‘yo. O‘rni kelganda eslatish joiz, birinchi fotoapparat frantsuz olimi Lui Jak Dagger tomonidan 1839 yilda kashf qilindi. Ilk negativlar ham aynan shu yili Foks Tal?bot tomonidan ixtiro etildi. Navoiy esa ulardan deyarli 350 yil oldin bu haqda ma’lumot beryapti. 

Barchaga yaxshi ma’lum, 1928 yilda Toshkentda ixtirochilar B.Grabovskiy va I.Belyavskiylar elektr-nur yordamida harakat qilayotgan tasvirni bir joydan uzatadigan va qabul qiladigan apparat yaratib, uni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdilar. Yurtimiz poytaxti televidenie vatani sifatida tan olindi. Ammo Navoiy ulardan ham ancha yillar oldin buni ko‘ra olgandi. So‘zimiz isboti uchun «Farhod va Shirin» dostonidan olingan quyidagi misralarni keltirish kifoya:

G‘aroyib ko‘p huvaydo bo‘lg‘usidir,
Bas, anda shakl paydo bo‘lg‘usidir...

Ko‘runib har zamone — ko‘zga bir shakl,
Ko‘z olg‘och — bo‘lg‘usidir ... o‘zga bir shakl!..

Chu bo‘ldi jilvagar oshkor yuz nav’,
Anga ham bo‘lg‘usi — timsol yuz nav’!..


Ma’lumki, ekranda kadrlar bir sekundda 24 marotaba almashadi va jonli tasvir ko‘rinadi. Shakl bu kadrlar desak, ularning almashinuvidan turli-tuman g‘aroyibotlar, jonli suratlar, rangin qiyofalar silsilasi namoyon bo‘ladi. Eng ajablanarlisi, Navoiy bu qurilmani ham o‘z holicha «Oynai jahon» deb nomlaydi. Farhod uzoq Arman o‘lkasining malikasi Shirinning husnu jamolini aynan shu vosita orqali ko‘rib, unga mahliyo bo‘lib qoladi.

«Farhod va Shirin» dostonini mutolaa qilishda davom etsak, bugun tilimiz ancha kelishib qolgan XX asr yaratiqlaridan biri — robotlar haqidagi  satrlarga ham ko‘zimiz tushadi:

Bo‘lur darvoza ichra oshkoro,
Temur jismiki qilmish paykar oro.

Erur odamg‘a monandu mushobih,
Ilgida temurdan yoy qilib zih.

Va lekin ushbu paykar roy to farq,
Bo‘lib o‘tdek temur o‘rchin aro g‘arq.


Ma’nosi shunday: «U odamga juda ham o‘xshar, qo‘lida o‘tkir o‘q tortilgan temir yoyni ushlab turar edi. Boshidan oyoq sovutga o‘ralgan bu temir odam ich-ichidan yonib turardi».

Xamsaning to‘rtinchi dostoni «Sab’ai sayyora»da eskalator va lift haqidagi farazlarni o‘qigan mashhur sharqshunos olim Bertels ham hayrat og‘ushida qolganini yashirmagan ekan.

Poyalar maqdamida bo‘lg‘ay past,
Aylagay bir-biri yuziga nishast.

Chun sekiz poya qat’ bo‘ldi tamom,
Aylagach shoh o‘z yerida maqom.

Yana ul poyalar baland o‘lg‘ay,
Taxtidin shoh bahramand o‘lg‘ay.

Kim, qayon shah bo‘lur nishotangez,
Oz ishorat bila yugurgay tez.


Ma’nosi shunday: «Shoh bu taxtga chiqadigan bo‘lsa, pillapoyalar uning qadam qo‘yishi uchun pasayib, bir-birining ustiga yotadi. Shoh shu 8 poyaning hammasini bosib o‘tib, o‘z taxtiga o‘tirgach, u zinalar yana baland ko‘tariladi. Shoh qay tarafga qarab o‘tirishni xohlasa, ozgina ishorat kifoya. Taxt o‘sha tarafga qarab aylanadi». Bu yerda keyingi asrlarning, yanayam aniqrog‘i —  1892 yilda amerikalik kashfiyotchi Jessi Reno tomonidan yasalgan eskalator haqida gap ketayotganiga shubha yo‘q. 

Xamsaning beshinchi dostoni bo‘lmish «Saddi Iskandariy» ham bunday timsol va majozlar bilan to‘la. Masalan, Iskandarning suv tubiga tushish uchun shishadan maxsus noyob apparat yasatgani hikoya qilinadi:

Qilib suv tubin ko‘rmak andishaye,
Hamul hikmat ahli yasab shishaye.

Kirib shishag‘a ranju tashvir ila,
Aning og‘zin berkitib qiyr ila,

Tanobeki, bo‘lg‘ay necha ming qari,
Eshilgan, kelur chog‘da daryo sari

Bir uchin qilib shisha davrig‘a rust,
Yana bir uchun tutturib elga chust.

Bu yanglig‘ qilib cho‘kti daryo quyi,
Ani qa’rig‘a chekti daryo suyi.

G‘aroyibiki, daryoda bo‘lg‘ay nihon,
Anga zohir o‘ldi jahon dar jahon. 


Ma’nosi quyidagicha, «Suv tubin ko‘rish orzusi (Iskandarda) tug‘ildi. Olimlar tez orada shishadan bir idish yasadilar. Iskandar xavf-xatar bilan shisha ichiga kirdi. Uning og‘zini mum va po‘kak bilan mustahkamladilar. Dengiz suvi uni o‘z qa’riga tortib ketdi. Shunday qilib, suv tubida noma’lum bo‘lmish butun g‘aroyibotlar boshdan oyoq namoyon bo‘ldi». Tasavvur qudratini qarangki, Navoiy — batiskafni ixtiro qilgan (1948 yilda) shveytsaryalik olim Ogyust Pikardan roppa-rosa 463 yil oldin suv tubiga tushuvchi qurilma, uning shakli, qismlari haqida yozib qoldirayapti. 

Navoiy asarlarida bugungi zamonaviy avtomobillarning matori-dvigetiliga o‘xshash  narsa haqida ham so‘z ketadi:

Ichinda namudor andoq tilsim,
Ki ul hufra kunjida bir ro‘y jism.

Kishi hay’ati birla junbushnamoy,
Ul otashgoh ichra haroratfizoy.

Yasab olida dam bila ko‘raye,
Hamul ko‘ra jismida moshuraye.

Chu ul ko‘rau damg‘a aylab sitez,
Bu moshura nafxi qilib shu’la tez.


Satrlarning nasriy bayoni shunday: «Tilsim chuqurning bir burchagiga joylashtirilgan bo‘lib, ko‘rinishidan odamning gavdasiga o‘xshaydi. O‘sha kishining haybatiga o‘xshagan tilsimning qaynashidan o‘txonada harorat hosil bo‘ladi. O‘shaning yonida bir dam bilan qo‘ra bor, shu qo‘raga havo beradigan bir nay o‘rnatilgan. Shu dam bilan qo‘raning haligi nayi orqali puflanib, uning ichidagi olov bilan tutashtiriladi».

Keyingi sahifalarda bugun uylarimizga ham issiqlik ham muzdek harorat baxsh etib turuvchi konditsioner (1915 yilda frantsuz olimi Jann Shabannes birinchi konditsionerga patent olgan) haqida gap ketadi:

Ki har sori lavhe erur ta’biya,
Birida yelu birda o‘t ta’miya. 

Ma’nosi shunday: «Chohning ikki yoniga yaxshilab qarasa, biriga o‘t, ikkinchisiga havo deb yozib qo‘yilgan. «Far¬hod va Shirin»dan olingan mana bu bayt ham unga hamohang jaranglaydi:

Keturdilar hakimi nuktadoni,
Bilik birla jahon ichra jahone!..

Qilib tunni — yorug‘, kunni qorong‘u,
Suvdin — o‘t yondurub, o‘tdin — sepib suv.


Ma’lumotlarga ko‘ra, 1763 yilda ilk bor urushda kimyoviy-bakterialogik quroldan foydalanilgan. O‘shanda ham yevropalik istilochilar Amerika qit’asida hindu qabilalarini bo‘ysundirish uchun epidemiya tarqatuvchi kasallikdan foydalanishadi. Navoiy esa XV asrdayoq xotirani yo‘qotuvchi, kishini manqurtga aylantiruvchi kimyoviy vosita haqida ma’lumot bergan:

Borib tushti a’do arosig‘a chust,
Azim un chiqordi tegib yerga rust.

Degan to‘rt ish tutti andin vujud:
Sadou afan, is bila o‘tu dud.

Sado botil etti fusunlarni pok.
O‘ti kuydurub qal’ani qildi xok.

Fusungar yuzin dudi etti qaro, 
Isi qo‘ymadi nukta xotir aro.


Ma’nosi shunday: «Koptoksimon qurol osmonga uchib, dushmanning boshiga yetdi va yerga qattiq tegib, portladi. Undan dahshatli sado chiqdi. Yana sarkash o‘t, qop-qora tutun va badbo‘y hid chiqardi. Sado sehrlarni tamoman botil qildi, yemirdi. O‘t hammayoqni kuydirib, qal’ani xarob ayladi. Tutun sehr¬garlarning yuzini qoraytirdi. Hid ularning miyasidagi xotirani yo‘qotdi». 

Odatda daholar o‘z o‘limini oldindan biladi, deyishadi. Rus shoiri Aleksandr Pushkinning (duelda vafot etgan) “Yevgeniy Onegin” asarida Lenskiy obrazida o‘z o‘limi manzarasini tasvirlagani, Shoh Mashrab (Balx hokimi Mahmud Qatag‘on tomonidan 1711 yil dorga osiladi) ning «Mansuri Xallojdek ichir sharobi antaxur, Charx urib yig‘lab tururman ushbu dam dor ostida» deb nola qilishi ham so‘zimiz isboti. Navoiy ham bundan mustasno emas, albatta. U o‘zining «Favoyid ul-kibar» — «Keksalik foydalari» devonida 45-60 yoshni umrning qishi hisoblaydi. Oltmish yosh haqida gapirganda «jon bermoq» istilohini istifoda etadi. Xo‘sh, o‘ylab ko‘ringchi, Navoiyning ustozi Lutfiy 99 yil umr ko‘rganida, Navoiyga bu yoshda o‘lim haqida gapirish nega kerak bo‘ldi ekan?..  

Taqdirning ajabligini qarangki, u ham roppa-rosa oltmish yil umr ko‘rdi. Manbalarda yozilishicha, Navoiy boshqa mulozimlar bilan 1500 yil 29 dekabr kuni Astrabod yurishidan qaytayotgan Husayn Boyqaroni kutib olgani chiqadi. Shoh bilan ko‘rishayotganda, Boyqaroning qo‘liga yiqiladi. Navoiyni tezda Hirotga olib kelishadi. Shoirda sakta (insult) kasali alomatini payqagan tarixchi Xondamir o‘sha zahotiyoq qon olishni tavsiya qiladi. Ammo tabib Abdulhay Tuniy bunga qarshi chiqadi. “Hirotdagi tabiblar yig‘ilishida hal qilamiz”, deydi u. Boyqaro ham qon olinglar, deb buyurganida vaqt qo‘ldan berilgan edi. Shoirning tomiridan qon chiqmaydi.  Shu tariqa 1501 yilning 3 yanvar kuni bu yorug‘ olam o‘zining yana bir naziri yo‘q dahosi bilan vidolashdi.  

Taajjublanarlisi, shoir ancha yillar avval yozgan she’rlaridan birida o‘zining o‘limi manzarasini ham chizgandi. «Badoe’ ul-vasat» — «O‘rta yosh badealari» asarida “Yo‘lida kosh meni pora-pora qilg‘aylar, Ki xalq holima bir-bir nazzora qilg‘aylar” matlasi bilan boshlanuvchi g‘azalda  ulkan qalb sohibi shunday nola qilgandi:

Bu dard ilaki o‘larmen, maraz chu zohir emas,
Tabiblar bu balog‘a ne chora qilg‘aylar.


Darhaqiqat, Navoiy haq bo‘lib chiqdi, tabiblar kasalga chora topa olmadilar. Oradan yillar, asrlar o‘tdi. Hamma davr¬larda ham xalq bu buyuk zot dahosi oldida bosh egdi, she’rlarini yodlab, uzun tunlarda farzandlariga ma’no-mahzanini tushuntirib berishdan charchamadi. Qabrini ziyorat qilib, obod etib turdi. Darvoqe, jafokash afg‘on yurti XX asrda urush o‘chog‘iga do‘nishini, o‘z qabrining xarobaga aylanishini ham Navoiy besh asr naridan ko‘rib, bilib turgandek:

Chun kular yoni so‘kilgan jismu zorimni ko‘rib,
Yig‘laymu yoni yemrilgan mozorimni ko‘rib.


Albatta, yuqorida sanab o‘tilgan timsollar, ramzlar, o‘z davri uchun g‘ayrioddiy bo‘lgan qurilmalar, bashoratlar Navoiy ijodida behisob. Baland minora ustiga o‘rnatilgan bugungi parabolek va sputnik antennalariga o‘xshash qurilmalar, dunyoning narigi chekkasidagi inson bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bir-birini ko‘rib turgan holda (vebkamera orqali) muloqotda bo‘lish, kompyuter, internet, kishining may ichgan-ichmaganini aniqlab beradigan vosita, kibernitika hamda yana boshqa turli g‘ayrioddiyliklar xususidagi farazlar shular jumlasidan. Yana hatto XXI asr odamlari tasavvur doirasidan ham tashqarida bo‘lgan antiqa timsollar, farazlar uchraydiki, hayratlanmay iloj yo‘q. Agar ularning muqobilini bugun ham uchratmasak, buni zamonaviy fan va texnikaning noqisligidan deb bilish lozim. 

Darhaqiqat, olimlar ta’kidlaganidek, Navoiy ijodi muhtasham bir qasr,  barcha uning yonida aylanib yuribdi xolos. Modomiki, bepayon tafakkur sarhadlarini fath eta olgan she’riyat sohibqironning oltin merosi millat ruhini tarbiyalar ekan, uning ijodini ijodi kabi qomusiy ravishda tadqiq va tahlil etish, bu jarayonda, ayniqsa, yoshlarda rag‘bat uyg‘ota olish bugungi kunning eng asosiy vazifalaridan biri bo‘lib qolaveradi.  

Inomjon Abdiyev

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.