OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O’lik jonlar orasidagi hayot (N.V.Gogol haqida)

 Rus adabiyotida Nikolay Vasilevich Gogoldek sirli shaxs bo‘lmasa kerak. Uning hayoti va o‘limi haqida shunchalik ko‘p afsona va uydirmalar mavjudki, hali biron rus yozuvchisi bunday sharafga erishmagan.

Buyuk Gogol tavalludining 200 yilligi munosabati bilan uning ijodi va hayotiga oid yangidan-yangi qiziqarli, shu paytgacha bizga noma'lum bo‘lgan ma'lumotlar suv yuzasiga qalqib chiqdi. Ko‘pgina olamshumul savollarga javob topilgandek bo‘ldi... Nima sababdan u qo‘lyozma asarlarini yoqib yuborardi? Nimaga oila qurmadi? Nega uning o‘z uyi bo‘lmagan?..

Nikolay Vasilevich Gogol ijodi mumtoz adabiyot durdonasi sanaladi. Uning o‘zi esa rus adabiyoti dahosi deya e'tirof etiladi. Ammo Gogolning insoniy fazilatlari haqida gap ketganida hech kim yakdillik bildirmaydi. Zamondosh va tarixchilarning xotiralarida buyuk adib sirli, damduz, ayyor, firibgarlik va aldovlarga moyil inson sifatida xarakterlanadi. Bunday ta'rifni nafaqat uning dushmanlari, balki adib ijodi ixlosmandlari ham, do‘stlari ham berishgan. Kunlardan bir kun Gogol qadrdon do‘sti Pletnyovdan unga inson sifatida baho berishini so‘raydi va quyidagi javobni oladi: «Sirini hech kimga aytmaydigan, xudbin, takabbur, badgumon, shuhrat uchun hamma narsadan voz kechadigan jonzot...»

Yozuvchilik mehnati va badiiy ilhomi bilangina yashayotgan Gogol kambag‘allik va uy-joysizlikka mahkum qilingan edi. Uning butun boyligi bir jomadonga jo bo‘ladigan kiyim-kechak edi. U moddiy yordam so‘rashdan ham or qilmagan. Buyuk Gogolni bunday ta'riflarni eshitishga nima majbur qilgan ekan?

Uning bunday yo‘l tutishiga oldiga qo‘yilgan buyuk maqsad - «O'lik jonlar» romanini yozib tugatish sabab bo‘lgan edi. Hayotidagi eng katta, asosiy ish edi bu. U bu asariga Rossiya haqidagi butun haqiqatni, unga bo‘lgan mehru muhabbati va qalbidagi boyligini to‘kib soldi.

- Mehnatim ulkan... - derdi u do‘stlariga, - mening qahramonligim xalos etuvchidir!

Ming bir hayratu shubha bilan adib ijodini tadqiq qilgan tadqiqotchilar Gogolning o‘limidan bir necha kun oldin hayotining mazmuniga aylangan buyuk asarini yoqib yuborishiga nima turtki bo‘lganligini hamon tushuntirib berisholmaydi...

Bolalikka qaytib

Uzoq kutilgan farzandga ota-onasidan nima qoldi?

Nikolay Vasilevich Gogol 1809 yilda Bolshie Sorochintsi qishlog‘ida (Poltava guberniyasi) yirik pomeshchik Vasiliy Afanasevich oilasida dunyoga keldi. Uning ota-bobolari ukrain kazaklari bo‘lishgan. Ketma-ket nobud bo‘lgan ikki farzanddan keyin tug‘ilgan jajjigina o‘g‘il yurak oldirgan ota-ona uchun ovunchoq bo‘ldi. Nikolay 15 yoshga to‘lganida otasi vafot etadi. Sermulohaza, zehnli, idrokli, hayotni sevuvchi, hazilkash Vasiliy Afanasevich adabiyot va teatrga qiziqardi.

Nikolay otasidan san'atga bo‘lgan mehrni, hazil-mutoyibaga moyillikni meros qilib olgandi. Gogolning yumori sodda, sofdil, mazmun va so‘zlar uyg‘unligini o‘z ichiga olgandi. Adibdagi ta'sirchanlik, hassoslik, dardchillik onasidan o‘tgan edi. Ota-onasining cheksiz mehri va ona tabiat Nikolayni bolaligidanoq ruhlantirardi. Bayram va sayllarda Dikanka yaqinida kuylangan qo‘shiqlar, otasi va qo‘shnisi - shoir Kapnistning she'rlari murg‘ak Nikolay qalbida adabiyotga bo‘lgan muhabbatni uyg‘otdi. O'smirlik chog‘ida u hammadan yashirincha «Gants Kyuxelgarten» nomli sodda she'riy asarini yozadi.

Ilk poemasini u gimnaziyada o‘qib yurgan chog‘idayoq yozishni boshlagan edi. Peterburgga kelib, uning ustida biroz ishlaydi va chop etish uchun noshirga topshiradi. Asar kitob bo‘lib chiqdi. O'smirlikka xos shoshqaloqlik bilan u kitobni do‘sti Pletnyovga jo‘natadi. Kitob bir necha kun do‘konda sotildi, ammo unga bildirilgan tanqid shafqatsiz edi. Shunda Nikolay butun adadni sotib olib, uni yoqib yuboradi.

Mana shu olov shoirning jasoratidan darak bo‘lib, taqdirining bir belgisiga aylanib ulgurgandi. Nimaga u olovni o‘ziga do‘st bildi?

Bolaligida davlat arbobi bo‘lishni orzu qilgan Gogol adabiy qiziqishidan ham voz kechmadi. O'z asarlarini yoqib yuborish uchun qanchalik jasorat kerak. Ammo Gogol buning uchun o‘zida kuch ham, qahramonlik ham topardi. U gimnaziyada o‘qib yurgan kezlaridayoq ilk asari - «Aka-uka Tverdoslavichlar»ni bitta qoldirmay yoqib yuboradi. Peterburg gazetalarida «Gants Kyuxelgarten» haqidagi shafqatsiz tanqidiy maqolalarni o‘qib, mehmonxonadagi xonasiga qamalib olib, kitobni bitta qoldirmay yoqib yuboradi.

Yonayotgan qo‘lyozmalarning olovi uning yuragida yana bir necha bor alanga oladi. Otasining o‘limi Gogolni qattiq qayg‘uga soldi. Keyinroq Nikolay Vasilevich otasining o‘limi sababini topganday bo‘ldi: uning fikricha, otasiga «o‘lim dahshati» xavf solgan.

Gogolning o‘zi ham mana shu halokatli «o‘lim dahshati»ni o‘zida olib yurardi. Bu vahima, qo‘rqinch ham unga otameros qoldimi?

Nikolay Vasilevichning dardchilligi, tushkun holati ruhiy xarakter kasb etardi. Shuni ta'kidlash joizki, Gogolning ruhiy azob-uqubatlari uning ijodiy jarayoni bilan bog‘liq. U ijod qilgan paytda ma'naviy, ruhiy kuch-quvvatga to‘lar, hamma ishi yaxshi ketayotganligini anglardi. Ijoddagi sustkashlik uning ruhiy qiynalishiga sabab bo‘lardi. Ana shunda u yozilgan asarining nomukammalligini tushunar, bundan qattiq ezilardi. Bunday paytlarda u derdi: «Yashashga ham, yozishga ham ishtiyoqim yo‘q...» Dramaturg bo‘lishdan avval Gogol gimnaziya havaskorlik teatri sahnasida muvaffaqiyatli chiqish qilardi.

Sahnadagi muvaffaqiyat uning kelajakda aktyor bo‘lib yetishishini belgilab berishi mumkin edi-ku...

Teatr Nikolay Vasilevichga katta lazzat, huzur-halovat bag‘ishlardi. Peterburgda u Imperator teatrida o‘z baxtini sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi. Ammo suhbat chog‘ida «yiqiladi». Imtihon oluvchilariga uning ijro usuli yoqmagan.

Gogol ajoyib so‘z ustasi, bilimdoni edi. Uning ijrochilik mahorati nozik ta'b tinglovchilarni ham dog‘da qoldirardi. Gogol bir umr shubha-gumonlar ichida yashadi. «Muallifning tavbasi» asarida shunday misralar keltirilgan: «Men mashhur bo‘lishimga ishonib yashadim! Taniqli bo‘lishimga hech qanday shubha yo‘q edi...» Xayol surish Gogol uchun odatiy holga aylangandi. Aybdorlik, gunohkorlik hissi bir-biri bilan almashinardi.

Gogol va ayollar

Gogolning qahramonlari yovuz kuchlar, afsungar va shaytonlardan madad oladi. Sevgi uchun hamma narsadan voz kechishadi, ba'zida xudosizga aylanishadi. Taqvodor, xudojo‘y muallifni bu holat dahshatga solmadimi?

Gogolning qahramonlari mana shuning uchun ham o‘z jazosini olgan, hatto o‘lim topishgan.

Pushkinning ishqiy sarguzashtlari haqida eshitganmiz. Ammo Nikolay Gogolning muhabbati haqida biron ma'lumotga ega emasmiz. Ayrim tadqiqotchilar Gogol hayoti davomida biror marta sevmaganligini ta'kidlashadi. U ayollar go‘zalligining shaydosi edi. Birinchi navbatda ma'naviy go‘zallikni qadrlardi. Gogolning go‘zallar haqidagi ta'riflari bunga shubha qoldirmaydi. Sevgidan u qochib qutulishga harakat qilardi. U nafaqat go‘zaldan, balki o‘zidan, qalbidagi yashirin xavflardan, halokatli kuchlardan ham qochardi.

Taniqli tadqiqotchi Yuriy Mann kitobida Gogolning olijanob Anna Vielgorskayaga bo‘lgan sof muhabbati tasvirlangan. Aslida-chi?..

Gogol rad etilishini anglagach, sevgisi uchun kurashishni ham lozim topmadi. Sevgisi rad etilgan Nikolay Vasilevich necha yillar davomida ruhiy azoblarni boshidan kechirdi. O'zining beso‘naqayligi, xayoliy badbasharaligi va uyatchanligidan ezildi. Umidsiz sevgi uning qalbida bir umrlik tuzalmas jarohatni qoldirdi.

Annaning taqdiri qanday kechdi? U o‘zini aybdor his qildimi? Gogolning o‘limidan keyin Anna 30 yoshida knyaz Aleksandr Shaxovskiyga turmushga chiqdi. Ular Moskva yaqinidagi Sennitsa usadbasiga ko‘chib o‘tishadi. Bu joylarni Gogol yaxshi ko‘rardi. Annaga ham bir paytlar bu yerga kelib, yozgi ta'tilni o‘tkazishni taklif etgandi...

Gogolning hech qachon o‘z uyi bo‘lmagan. Badavlat oilaning arzanda farzandi nima uchun boshpanasiz edi?..

Darhaqiqat, u go‘yoki darvesh darbadar edi. Uning hech qachon o‘z uyi bo‘lmagan. Yoshligida Nikolay Vasilevich butun mol-mulkini onasi va singillari nomiga o‘tkazgan edi. U ongli ravishda darveshlik hayotini tanlagandi. Gogolning do‘stlari uni mehmon qilishni sharaf deb bilishardi. Shunday kunlarning birida u Pogodin ismli do‘stining uyida mehmon edi. «Moskvityanin» jurnalining muharriri bo‘lgan Pogodin do‘stining «O'lik jonlar» romani qo‘lyozmasini unga birinchi bo‘lib berishiga ishonardi. Ammo Gogol iltimos, buyurtma bilan yozadigan yozuvchi emasdi. Shunday paytlarda u o‘zini juda noqulay his qilardi. Ayniqsa, uning sharafiga katta mehmondochiliklar qilishsa, qattiq xijolat chekardi. 1848 yildan umrining oxirigacha u graf A.P.Tolstoy uyida yashaydi.

Gogol tiriklayin ko‘milganmi?

Ayrim tadqiqotchilar Gogol letargik uyquga ketish oqibatida tiriklayin ko‘milgan degan taxminni ilgari surishadi. 1852 yilda Gogol vafot etgach, u Moskvadagi Danilov monastiri qabristoniga dafn etilgan. 1930 yilda monastir yopilgach, qabriston ham ko‘chiriladi. 1931 yilning 31 may kuni Gogol qabri ochilib, jasadi Novodeviche qabristoniga qo‘yiladi. Bu jarayonni tadqiq qilgan olimlar qabr ichidagi jasadning siljib, qo‘zg‘alganligini ta'kidlashgan. Yana bir guruh olimlar Gogolning shifokorlar tomonidan zaharlanganligi taxmini mavjudligini ham aytishmoqda. Uning jasadi yorib ko‘rilganida simob miqdorining yuqoriligi aniqlangan. Ushbu taxminlar va farazlarning qaysi biri haqiqatga yaqinligi bizga qorong‘u. Insonga xos qiziquvchanlik buyuk Gogolning ruhini qayta bezovta qilib, qabr toshlarini u yoqdan bu yoqqa ko‘chirishga ehtiyoj tug‘diradi. Bu taxminlar o‘z yechimini topadimi-yo‘qmi, buni faqat vaqt ko‘rsatadi. Ammo adibning jahon adabiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini hech kim inkor eta olmaydi. Juda qisqa umri davomida shusiz ham ruhiy azob-uqubatlar iskanjasida yashagan adib ruhini tinch qo‘yish olijanoblik emasmi?

Dildora To‘ychieva tayyorladi

"Yoshlik" jurnalining 2010-yil, 3-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.