O‘zbek mumtoz adabiyoti tarixida ulug‘ adiblar — Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning o‘rni alohida. O‘zbek davlatchiligi tarixida esa, ikki jahongir – Sohibqiron Amir Temur va Zahiriddin Muhammad Bobur jahonga tanilgan buyuk siymolardir.
Navoiyshunoslik olimlarimizning hamisha diqqat markazida bo‘lib keldi va bu sohaning yirik mutaxassislari 20-asrning oltmishinchi-etmishinchi yillaridayoq yetishib chiqdilar. Ammo boburshunoslikka nisbatan bu gapni aytish qiyin. Buning asosiy sababi — hukmron mafkuraning Bobur shaxsiga noxolis, aniqrog‘i, noto‘g‘ri munosabati edi.
80-yillarda Bobur va uning ijodiga yana tazyiqlar boshlandi. Andijon shahar ijroiya qo‘mitasi raisi Zokirjon Mashrabov adib shaxsi va ijodiga mehri bois Boburga bronza haykali qo‘ydirishda tashabbuskorlik ko‘rsatgani uchun vazifasidan chetlashtirildi. Sobiq Markazqom tazyiqi bilan Pirimqul Qodirovning «Yulduzli tunlar» (Bobur) romani asossiz ravishda keskin tanqidga uchradi.
Oradan o‘n yil o‘tib, Istiqlol tantana qilgach, Zokirjon Mashrabov Andijonda Xalqaro Bobur jamoat fondini ta’sis etib, o‘z faoliyatini boshlab yubordi.
Andijon shahrining Bog‘i Shamol mavzeidagi Bobur bog‘ini fond o‘z tasarrufiga olib, uni har jihatdan obod etishga kirishdi. Bugungi kunda Bobur bog‘i nafaqat Andijon xalqiga, balki butun O‘zbekistonga ko‘z-ko‘z qiladigan, mehnatkashlarning yayrab madaniy hordiq chiqaradigan maskaniga aylandi.
Bog‘dagi ma’naviy-ma’rifiy tashviqot markazlaridan «Bobur va jahon madaniyati», «Andijon shaharsozik madaniyati» muzeylari, ulug‘ vatandoshimizning ramziy qabr-maqbarasi, astronomik observatoriya ushbu yashillik ummonida alohida ko‘zga tashlanib turadi.
Ayniqsa, ulkan havorang gumbazli bino – «Bobur va jahon madaniyati» muzeyining o‘zi ayricha bir olam. Ushbu ulkan ma’rifiy xazinadagi 400 dan ortiq biri-biridan nodir kitoblar safarlar davomida qo‘lga kiritilgan yodgorliklardir. Ular: Boburiy xati bilan bitilgan Qur’oni karim nusxasi (Mashhad shahrining Rizaviya ziyoratgohi «Qur’on» muzeyidan olingan), Tehron shahri Guliston davlat kutubxonasida saqlanayotgan «Bobur kulliyoti» nusxasi, «Boburnoma»ning Haydarobod (Hindiston) shahrida Salarjang muzeyidagi mo‘‘tabar turkiy nusxasi, Abdulrahim Xonixonon forsiyga o‘girgan «Boburnoma», «Boburnoma»ning N.N.Ilminskiy Qozonda nashr etgan nusxasi (1857), ixcham va mufassal holda to‘qqiz marotaba ingliz tiliga o‘girilgan «Boburnoma» nusxalari, Jon Leyden, Uilyam Erskin, Anneta Syuzanna Beverij hamda Uiler Tekston tarjimalarining turli nashrlari, «Boburnoma»ning so‘nggi marotaba dariy tiliga qilingan tarjimasi (Shafiqa Yorqin, Kobul, 2007), ushbu olimaning «Devoni Bobur podshoh» asarining turli nomlarda nashr ettirilgan kitoblari, Komas xonim tarjimasida ispan tilidagi «Boburnoma», Majda Maxluf xonim arab tiliga o‘girgan «Boburnoma», Rashid Rahmati Arat turk tiliga tarjima qilgan «Boburnoma», Bilol Yujel tuzgan Bobur «Devoni» ilmiy tanqidiy matni, Korgarning «Temuriyon» (Temuriylar) tadqiqoti, mashhur yapon olimi Eyji Manoning to‘rt yirik kitobi: 1.«Boburnoma»ning ilmiy tanqidiy matni; 2.«Boburnoma»ning so‘zlik ko‘rsatkichi; 3.«Boburnoma»ning yapon tiliga tarjimasi; 4. «Bobur va uning davri» nomli yapon tilidagi tadqiqoti. «Boburnoma»ning xitoy, hind, ingliz, fors, frantsuz, nemis, uyg‘ur, urdu, qozoq, rus, ozarbayjon va boshqa xalqlar tillariga tarjima nusxalarining turli yillardagi nashrlari...
«Bobur va jahon madaniyati» muzeyidagi bu bebaho xazina Zokirjon Mashrabov boshliq Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasining 20 marotaba jahonning turli mamlakatlariga uyushtirgan safarlari samaralaridir.
Zahiriddin Muhammad Boburning 2008 yilgi tavallud kuni tantanalaridan birida — Andijon viloyat teatri minbaridan Abdulla Oripov ushbu xazinaning yaratish jarayonini obrazli qilib shunday ifodalagan edi:
— Zokirjon Mashrabov go‘yo temirqanot qaldirg‘och. U qit’alararo har yili parvozlar qilib, chet ellarning turli shaharlaridan tumshug‘ida bir necha injularni olib vataniga qaytib keladi. Bu injular — kitoblardir.
Bobur fondi rayosati roziligi va Zokirjon Mashrabov tashkilotchiligida bu kitoblarning tarjimasiga buyurtmalar beriladi va nashrga homiylik qilinadi.
Keyingi uch-to‘rt yilgi shunday ishlar samarasi tufayli Venadan olib kelingan Vyurtlening «Bobur – yo‘lbars» asari «Andijon shahzodasi» nomida Egamova Yanglish tomonidan nemis tilidan o‘girilib, «O‘qituvchi» nashriyotida 2011 yili kiril yozuvida, 2012 yili lotin yozuvida nashr etildi. Shu tarjimon qalamida Muhammad Haydar Mirzoning «Tarixi Rashidiy» asari «Sharq» nashriyotida 2010 yili chop qilindi. Bu asar Alisher Navoiy va Boburga doir ma’lumotlarga boyligi bilan qimmatlidir. Ayniqsa, «Boburnoma»da aks etmagan tarixiy voqealar: Bobur tomonidan uchinchi marotaba Samarqandning olinishi va Ko‘li Malikdagi shikast topish voqealari, Hisor qal’asidagi xoinlik tufayli Bobur boshidan kechgan tahlikali hodisalar zikri g‘oyat muhimdir.
2012 yili Xondamirning ko‘pjildli asari «Habib us-siyar fi axbori afrodi bashar» (Bashar ahli siyratidan xabar beruvchi do‘st) kitobining bir qismi «Buyuklik xislati» nomida «Sharq» nashriyotida, 2013 yili esa «O‘zbekiston» nashriyotida bosmadan chiqdi. Bu kitoblar tarjimasi va nashri fond zimmasida bo‘ldi. Ayniqsa, keyingi kitob Bobur hayoti va faoliyatining o‘sha davri to‘la-to‘kis yoritilgan asar sifatida qimmatlidir.
Ta’kidlash joizki, boburshunoslikda ikki yo‘nalishda ish olib borildi: avvalo, bizning olimlarimiz qo‘llari yetavermaydigan mamlakat va shaharlardan Temur va temuriylar, Bobur va boburiylar asarlari, tarjimalari, ular haqidagi chet el olimlari va adiblari yozgan kitoblar yig‘ildi va bu ish davom etmoqda.
Z.Mashrabov fond rahbari sifatida O‘zbekiston va jahon boburshunoslari boshlarini qovushtirib, ular ijodini — tadqiqot yo‘nalishlarini boburshunoslikka burdi. Akademik Aziz Qayumov, professorlar Saidbek Hasanov, Hasan Qudratillayev, Ansoriddin Ibrohimov, shuningdek, ko‘plab tarjimonlar, shoir va adiblar fond ilmiy faoliyatiga jalb etildi. Chet elllik olimlar bilan yaqin aloqa o‘rnatildi.
Bunday ezgu harakatlar, shubhasiz, o‘z samaralarini bera boshladi. Chunonchi, har yili Andijonda Bobur tavalludini ilmiy jamoatchilik bilan nishonlash an’anaga aylandi. Shuningdek, Zahiriddin Muhammad Bobur va Muhammad Haydar Mirzoga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlar jahon olimlari bilan ijodiy hamkorlikni yanada kuchaytirish imkonini berdi: Hindistondan boburshunos Mansura Haydar, Turkiyadan Tanju Seyhan Xonim, Bilol Yujel, Afg‘onistondan Halim va Shafiqa Yorqinlar, Yaponiyadan Eyji Mano, Germaniyadan Klaus Shonig, Ozarbayjondan Ramiz Asker, Almaz Ulvi, Qozog‘istondan Islom Jemeney, Pokistondan Foiza Zahro Mirzo, Vengriyadan Peri Benedek, Turkmanistondan Rahimmamat Kurenov, Erondan Ibrohim Xudoyor, Qirg‘izistondan Asilbek Aliyev singari anjumanlar ishtirokchilari fond bilan yaqin aloqa bog‘ladilar.
Xalqaro Bobur jamoat fondining keyingi o‘n yillikda boburshunoslikka qo‘shgan hissasi ham salmoqlidir. Chunonchi, Qamchibek Kenjaning besh kitobdan iborat safarnoma-romanlari, avvalo, boburshunoslik, qolaversa, adabiyotimiz yutug‘idir. Adib Xayriddin Sultonning «Boburiynoma» safarnomasi ham ma’rifiy roman sifatida janr nuqtai nazaridan yangilik. Sobirjon Shokarimov va Zokirjon Mashrabovning «Asrlarni bo‘ylagan Bobur» asari ham shunday safarnomalar sirasidan.
O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Yuz oh Zahiriddin Muhammad Bobur” to‘plami, O‘zbekiston xalq shoiri To‘lan Nizomning “Bobur” dostoni, Zamira Ro‘ziyevaning Boburga bag‘ishlangan “Tashnadil” to‘plami, Qobil Mirzoning “Qaro Zulfing” kabi kitoblari Bobur madhigina emas, unga payrav tarzida ham e’tiborga molik nashrlar bo‘ldi.
Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasining keyingi o‘n yildagi safarlari ilmiy yangiliklarga boyligi bilan diqqatga sazovordir. 2009 yilda uyushtirilgan Tojikiston va Afg‘oniston safarida mashhur Bobur toshbitigidan tashqari yana to‘rtta Bobur dastxati bitilgan toshbitiklarni topishga muvaffaq bo‘lindi. 2009 yilgi Hindiston safari chog‘ida Kashmirning Srinagar shahridagi Mozori salotin(Sultonlar mozori)dan Boburning xolavachchasi Muhammad Haydar mirzo qabri topildi. Uning Kashmirdagi o‘n bir yillik faoliyati o‘rganildi.
Fond rayosati Bobur asarlari tarjimasi va tabdiliga ham alohida ahamiyat qaratdi: “Boburnoma” K.Mullaxo‘jayeva va V.Rahmonov tomonidan hozirgi o‘zbek adabiy tiliga tabdil etildi (“O‘qituvchi”, 2008, 2012); Mixail Sale tarjimasidagi “Boburnoma” jiddiy tahrirdan keyin chop etildi (“Sharq” 2008).
G‘.Satimov S. Bergning “Akbar — boburiylarning buyugi” (“Mumtoz so‘z”, 2009), Vilyam Rashbrukning “XVI asr bunyodkori” (X.So‘fiyeva bilan hamkorlikda) asarlarini tarjima qildi (“Sharq”, 2011). I.Bekjonov va A.Hazratqulov mashhur tarixchi G‘iyosiddin Muhammad Xondamirning “Habib us-siyar” tarixiy asari tarjimasining ikki nashrini amalga oshirdilar. Ismatulloh Mo‘‘jiziyning “Tavorixi musiqiyun” (“Mumtoz so‘z”, 2010) asari V.Rahmonov tabdilida nashr etildi.
Fond homiyligida “Tarixi Rashidiy”ning qisqaroq 1996 yilgi nashri mukammal holga keltirilib, hozir “Sharq” nashriyotida rus tilida bosilmoqda.
Boburshunos olimlarimizdan A.Qayumov va S.Hasanovning “Bobur ijodiyoti”, A.Qayumovning “Zahiriddin Muhammad Bobur”, Komron Mirzo “Devon”ining ilmiy tanqidiy matni, G‘.Satimovning “Markaziy Osiyo va Hindiston tarixida Boburiylar davri” (G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot, 2008) monografiyasi, H.Boltaboyev tartib bergan salmoqli ilmiy to‘plam – “Xorijda Boburshunoslik” (“Mumtoz so‘z”, 2008), S.Jalilovning “Bobur haqida o‘ylar” (“Sharq”, 2006), “Bobur va Yuliy Sezar” (“Yangi asr avlodi”, 2001), F.Ishoqovning “Boburnoma” uchun qisqacha lug‘at” (2008) kitoblari shular jumlasidandir.
Fond Bobur va boburiylar asarlarini ilmiy va ommaviy nashrlariga ham muttasil homiylik qilib kelmoqda. Ana shunday e’tibor tufayli professor S.Hasanov 2002 yilda Eyji Mano to‘rt turkiy (o‘zbek) va uch forsiy tarjima asosida yaratgan “Boburnoma” ilmiy-tanqidiy matnini (Kioto, 1996) O‘zbekistonda takror-takror bosilgan Porso Shamsiyev nashri bilan qiyosan, asar matnini mukammallashtirib nashrga tayyorladi (“Mumtoz so‘z”, 2002).
Boburning “G‘aribing andijoniydur” nomli to‘yona to‘plami (“Sharq”, 2008) ham Bobur fondi ko‘magida nashr etildi. Ushbu devonning oldingi 1994, 1996 yilgi lug‘atsiz va 2007 yilgi (“Sochining savdosi tushdi”) siyrak lug‘atli nashrlaridan farqi shundaki, bu nashr o‘quvchi, o‘qituvchi, hofiz uchun mo‘ljallab har bir betdagi eski umumturkiy, forsiy, arabiy so‘zlarga shu sahifaning o‘zida lug‘at berilgan. “G‘aribing andijoniydur” devoni imkon qadar matn qusurlaridan tozalangani bilan ham oldingi nashrlardan farq qilib turadi.
Boburga aloqador bo‘lgan kitoblardan biri turkiy tilda musiqa tarixi haqida hozircha yagona xisoblangan Ismatulloh Mo‘‘jiziyning “Tavorixi musiqiyun” asarining Shinjon nashrini Zokirjon Mashrabov 2007 yilda Xitoydan keltirgan edi. Ushbu asar ham tabdili, asliyati, fotonusxalari, kirish va xotima so‘zlar bilan 2010 yili nashr etildi.
Fond Xalqaro ekspeditsiyasining yana bir muhim mahsuli bu eng qulay va elga tez yetib boradigan boburshunoslik jabhasidir. Safarlarda tasvirga tushirilgan kadrlardan 24 ta video va hujjatli film yaratilib, viloyatlar va respublika markaziy telekanallar orqali namoyish etilmoqda. Keyingi yilllarda yaratilib, el nazariga tushgan fond hujjatli filmlaridan “Amir Temur Sohibqiron izidan”, “Bobur toshbitiklari”, “Kashmir safari” kabilarini qayd etish mumkin.
Fondning boburshunoslik ilmiga qo‘shgan hissasining haddi a’losi “Bobur entsiklopediyasi”ning yaratilishi bo‘ldi, deyish mumkin. Bu entsiklopediyada boburshunoslikda qo‘lga kiritilgan ilmiy yutuqlar aks etgan.
Zokirjon Mashrabov keyingi o‘n yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi arxeologiya instituti bilan hamkorlikda Andijon shahri yoshini aniqlash uchun arxeologik qazilma ishlariga ham bosh-qosh bo‘ldi. Topilgan ashyoviy dalillar Andijon shahriga 2500 yil muqaddam asos solinganini isbotladi. Boqijon Matboboyev va Zohidjon Mashrabovning «Qadimiy va o‘rta asrlarda Andijon» nomli tadqiqotlari rus va o‘zbek tillarida nashr etildi («Sharq», 2011).
Xalqaro Bobur jamoat fondi muttasil O‘zbekiston va jahon boburshunoslari — olim, tarjimon, nashrga tayyorlovchi, haykaltarosh, adib, shoir, aktyor, hofizlarni turli rag‘batlantiruvchi va maxsus — Xalqaro Bobur mukofoti bilan taqdirlab keladi. Xorijlik mutaxassis va tarjimonlar Eyji Mano (Yaponiya), Uiler Tekston (AQSh), Klaus Shonig (Germaniya), Shafiqa Yorqin (Afg‘oniston), Ramiz Asker (Ozarbayjon), o‘zbekistonlik olim va ijodkorlar Sabohat Azimjonova, Aziz Qayumov, Saidbek Hasanov, Abdulla A’zamov, Hasan Qudratillayev, Yanglish Egamova, To‘lan Nizom, Qamchibek Kenja, aktyor Muhammadjon Abduqunduzov, haykaltarosh Rashid Sulaymonov ushbu faxrli mukofot sohibi bo‘lganlar.
Ma’naviyatimizning chinakam fidoyilaridan biri Zokirjon Mashrabov o‘zining qutlug‘ sakson yoshida ham ko‘plarga ibrat bo‘lib, ma’naviy xazinamizni boyitish yo‘lida saxovat, himmat va havas qilgudek g‘ayrat ko‘rsatayotgani tahsinga loyiqdir.
Vahob Rahmonov,
filologiya fanlari nomzodi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 36-sonidan olindi.