Ignaning teshigiday buloqchalardan, ipday-ipday irmoqlardan boshlangan daryo umid bilan dengizga intiladi. Ammo yaxshi niyat – yarim mol... Choh, chirigan to‘ngak, hissiz xarsang sho‘x irmoqcha yo‘lini to‘sib tashlashi mumkin. Inson umri ham irmoq, ariq, daryonikiga o‘xshaydi. Ozod Sharafiddinov daryoday jo‘shganicha oltmish yillik mashaqqatli, murakkab yo‘lni bosib o‘tdi.
Istiqlol barcha yurtdoshlarimizga, jumladan, ustozga tuganmas kuch, imkoniyat berdi. Binobarin, Ozod aka istiqlol mohiyatini chuqur angladi, imkoniyatlaridan unumli foydalandi. Oltmish yilda amalga oshirmagan ishlarni 10-15 yil ichida to‘la-to‘kis, yuksak maqomda uddaladi. “Jahon adabiyoti” jurnalining yuzta soni, “Ijodni anglash baxti”, “Dovondagi o‘ylar” kitoblari, ko‘plab tarjimalari, vatandoshlariga aytgan bezavol fikrlari Ozod Sharafiddinovdan qolgan bebaho boylik, qadriyatdir.
Umrining so‘nggi o‘n yilida ustoz globallashuvning issiq, sovuq nafasini his qilib yashadi. “Najot — hamkorlikda”, “Barselonada o‘zbek patiri”, “E’tiqodimni nega o‘zgartirdim?”, “Vijdon kerakdir insonga”, “Mangulik shu’lasi” singari maqolalarida chayqalib turgan olam ruhi sezildi, jahoniy tafakkur yuksakligi ko‘zga tashlandi. “Mana, salkam o‘n yildirki, jonajon yurtimiz ko‘ksida Mustaqillik bayrog‘i mag‘rur hilpiramoqda, — deb yozgan edi O. Sharafiddinov “Vijdon kerakdir insonga” maqolasida. — Biz allaqachon mustaqillikning buyuk qudratini, mehnatkash xalq ommasiga nimalar berishini amalda ko‘rib turibmiz... Lekin men shu yillarda favqulodda muhim bir sohada o‘zgarishlar qilina boshlanganini alohida ta’kidlamoqchi edim. Bu ma’naviyat sohasidir... Biz yangi, demokratik, adolat qaror topgan jamiyat qurmoqdamiz. Bu jamiyat faqat xalq xo‘jaligi rivoj topgan farovon jamiyatgina bo‘lib qolmay, vijdon va insof, iymon va adolat kabi umumbashariy qadriyatlar tantana qilgan jamiyat ham bo‘lmog‘i kerak”. Ozod domla Yurtboshimizning globallashuv jarayonida ma’naviyatning o‘rni, ahamiyati haqida zarur va teran fikrlar aytilgan “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” (2008), “Eng asosiy mezon – hayot haqiqatini aks ettirish” (2009) asarlarini ko‘rmadilar. Agarki, ustoz ushbu asarlarni ham o‘qiganida edi, juda-juda quvongan bo‘lardi. Negaki, har ikki kitobda globallashuv jarayonida ma’naviyatning o‘rni, ahamiyati haqida zarur, teran va betakror fikrlar aytilgan.
Ozod Sharafiddinov umr bo‘yi yoshlar bilan birga bo‘ldi: ta’lim-tarbiya berdi, asarlar yozdi, tarjimalar qildi, davralarda to‘lib-toshib so‘zladi. Boshqacha aytganda, ustozlik O.Sharafiddinovning tabiatiga singib ketgan edi. U ustoz-shogirdlik falsafasini chuqur anglar, o‘rgatuvchi mas’uliyati, o‘rganuvchi burchini mukammal bilardi.
Ma’lumki, istiqloldan keyin mangu silsila — ustoz-shogirdlik munosabati taraqqiy etdi. Yurtboshimiz ustozlar obro‘sini ko‘tardi, shogirdlar uchun lozim sharoitlarni yaratib bermoqda. Donishmand insonlar ustoz-shogirdlik munosabatlarini hozirgi zamon talablari bilan boyitadi, to‘ldiradi.
Aslida Ozod Sharafiddinov ustozlardan yolchigan shogird edi. U otasidan ko‘rmagan mehrni, mardona munosabatlarni Q.Ahmedov, S.Komilov, M.Sodiqovday maktab o‘qituvchilaridan, shoir Hasan Po‘latdan ko‘rdi. SAGU (hozirgi O‘zMU)ga kirgach, haqiqiy ustoz-shogirdlik munosabatlarining guvohi bo‘ldi. Hozirgi Milliy universitet qadimdan chin ziyoli, millatparvar olimlar yig‘ilgan muqaddas dargoh bo‘lgan. Bu yerda ustozu shogirdlarning yozilmagan qat’iy qonuni bo‘lardi. Avvalo, ustoz shaxsiy alam, dardlarini zinhor doston qilmas, minbardan faqat haq gapni aytardi. Olimlik va odamiylik — universitetdagi ustozning yuksak sifati bo‘lmog‘i shart edi.
Dorilfununda dars bergan odam borki, olim, siymo bo‘lavermagan. Ilmiy xodim ham maqolalar yozadi, izlanishlar olib boradi. Talabalarga ma’ruza o‘qigan, amaliy mashg‘ulot olib borganlarning bari ustoz sanalmagan. Olim va ustoz — universitetning tayanchi, betakror o‘zligi, o‘qitish, ta’lim berishdagi bezavol yo‘sin. Ozod Sharafiddinov universitetda haqiqiy olimlarni ko‘rdi, chin ustozlarni topdi. Shu kunlarda “Domlalar” degan kitob o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi. Unda Ozod Sharafiddinovning betakror fazilatlari, odam tanlashdagi tamoyillari, olimlik va odamlikni o‘ta nozik talqin qilgani ko‘zga tashlanadi. Unda yigirmata usta domlaning betakror xususiyatlari aks ettirilgan. S.Qosimov, aka-uka Vohidovlar, N.Dolimov, G‘.Karimov, A.Sa’diy, Z.Mirhojiev, K.Zelinskiy, M.Alaviya, M.Qo‘shjonov, T.Ibrohimovlar — tiniq, yorqin xarakterlar.
Sinchkov Yozuvchi shu xarakterlarni harakatga keltirib zo‘r asar yaratishi mumkin. Sho‘ro zamoni haqiqiy olimning yarq etib ko‘rinishini qo‘llamagan. Ajoyib olimlar o‘zlariga “imidj” tanlashga majbur bo‘lganlar. Masalan, Solih Qosimov o‘zi yasagan niqobga ishona boshlagan. Ustozlar har xil kishilar bo‘lishlaridan, shaxsiy hayotlaridagi yo‘qotish, qiynoqlaridan qat’i nazar olimlik mohiyatlariga xiyonat qilmaganlar. Tursun Ibrohimov degan tilshunos ajdaho komidan qaytgan — o‘limga hukm etilgan inson edi. U qamoqdan qaytgach, SAGUda tilshunoslikdan dars bergan. Ozod Sharafiddinov T.Ibrohimovdagi eng nozik nuqtani bunday tasvirlaydi: “Kam kulardi, biroq biror munosabat bilan jilmayib qo‘ysa, shunda ham ko‘zidagi mung yo‘qolib ketmas, tabassumi ham allanechuk g‘aribona va ayanchli ko‘rinardi”.
“Yusuf Tohiriy bag‘ri keng, talabalar bilan ota-boladay muomala qiladigan inson edi. Uning darsidan hech kim xunob bo‘lib chiqmasdi. Domladagi ohanrabo talabalarni zumda o‘ziga tortib olardi Men ham Tohiriy domla talabasi bo‘lganman. Bir kuni domla auditoriyaga pildirab kirib keldi. Do‘mboq-do‘mboq qo‘llarini kafedraga qo‘ydi-da:
— O‘zvakning bolalari, bir gap aytaymi? — dedi. Domla hangoma boshlamoqchi-yu, talaba qarshi bo‘ladimi?
— Ayting, domla. Eshitamiz, ustoz.
— Men kompozitor bo‘lsam, bir opera yaratardim. Unga toj qilib “Feruz” ashulasini kiydirardim. Hamma tinchib qoldi. Domlaning ko‘zidan yosh keldi.
— Endi darsni boshlaymiz, — dedi domla.
Mana shunday ulug‘ inson firqaviy idoralarda o‘zini yuqotib qo‘ygan. Aytadigan muhim gapini unutgan”. Ha, “Domlalar” kitobining fazilatlari ko‘p. Hali bu asar, ustoz va shogirdlar haqida ko‘p gaplar aytiladi.
“Domlalar”da O. Sharafiddinov U. Normatov, N. Karimov, I.G‘afurov, B. Qosimov, N. Boboxo‘jaev, S. Sodiq haqida g‘urur bilan yozgan. Domla shogirdlarini qanchalik e’zozlasa, shogirdlar ham hamisha ustoz hurmatini joyiga qo‘ydilar. Ustoz va shogirdlik — muqaddas, mangu rishta. Ozod aka ustoz-shogirdlik silsilasi davom etsa, ma’naviyat, insoniylik, insof, ezgulik millat fazilati bo‘lib qolaverishiga ishonardi.
Abdug‘afur Rasulov,
filologiya fanlari doktori
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).