OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

To‘ra Nafasov. Norin so‘zining ma’nosi nima? (2009)

Norin deganda avvalo, xayolimizga Namangan viloyatidagi tumanlardan birining nomi keladi. Tumanning bunday nomlanishiga o‘sha hududdagi Norin daryosi asos bo‘lgan. Shuningdek, bu so‘z asrlar davomida boshqa narsalarga nisbatan ham qo‘llanilib kelinganini qayd etish joiz. Masalan, Norin daryosi bo‘yida dastlab kapa (chayla) qurib yashagan odamlarning qishlog‘i Norinkapa deb atalgan. Qirg‘iziston Respublikasida ham Norin shahri, Norin viloyati hamda shu nom bilan ataluvchi soylik, Tyanshan tog‘ida esa Norintov tizmasi mavjud. Qirg‘iz tilida narin so‘zi o‘zbek tilidagi norin taomini va beshbarmoq nomli taom nomini bildiradi.

Umuman olganda norin so‘zi atoqli ot sifatida turkiy va mo‘g‘ul xalqlari yashaydigan katta hududlar, jumladan Volga bo‘yi, Ural, Tuva, Markaziy Osiyoda joy, suvli yerlar, shuningdek, kishilar ismi ma’nosida ham uchraydi. O‘zbek xalqining, xususan, Toshkent shahri va viloyati aholisining eng tansiq — go‘sht va xamirdan tayyorlanadigan taomlaridan biri ham norin deb ataladi. Bundan tashqari, tilimizda Norinbek, Norinxon, Norinniso, Noringul kabi ismlar ham bor.

Ammo yuqoridagilarni bir-biriga bog‘laydigan ko‘zga ko‘rinmas zanjir mavjud. Bu — norin so‘zining hozirgi turkiy tillarda saqlanmagan, lekin qadimda mavjud bo‘lgan ma’nosidir. Hozirgi mo‘g‘ul tilida nariyn so‘zi bor. Qozoq tili geografik atamalarini tadqiq qilgan G.Konkashpaev ham mo‘g‘ul tilida narin, nariyn so‘zining mavjudligini e’tiborga olib, norin so‘zi mo‘g‘ulchadan olingan deb yozadi. Ammo o‘zbek, qirg‘iz, qozoq va boshqa turkiy xalqlar yashaydigan hududda mavjud bo‘lgan Norin daryosining nomini mo‘g‘ullar qo‘ygan yoki bu jumla mo‘g‘ul tilidan kirib kelgan deyish na ilmiy va na lisoniy jihatdan asosga ega emas. Nariyn — nozik, yupqa, ingichka, tor, siqiq, tang, laziz, go‘zal, latif, yaxshi degan ma’nolarni bildiradi. Bu so‘z buryat, yoqut tilida ham uchraydi. Tungus-manjur tillaridagi narhun so‘zi nafis, ingichka tovush ma’nosini anglatadi. Ko‘rinib turibdiki, daryo nomi bu so‘zning tor, siqiq ma’nosidan yuzaga kelgan. Xamir va go‘shtning yupqa qilib kesilishi taomga shu nomning berilishiga asos bo‘lgan deyilsa, laziz, go‘zal, latif ma’nolari kishi ismlarining yuzaga kelishiga omil bo‘lgan. Nariyn, narin, nar’n, narhun so‘zlarining turk, mo‘g‘ul va tungus-manjur tillarida uchrashi bu so‘zlarning yuqorida qayd etilgan tillar uchun asos hisoblangan oltoy bobotiliga mansub ekanini anglatadi. Demak, birgina o‘zbek tilida daryo, shahar, taom nomi va kishi ismi sifatida mavjud bo‘lgan norin jumlasi sof qadimgi turkiy so‘zdir.

To‘ra Nafasov,

Qarshi davlat universiteti professori

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.