Erkin A’zamning “Chiroqlar o‘chmagan kecha” nomli ilk to‘plamidagi “Soy bo‘yi, chimzor...” hikoyasida “ildizlari ochilib soygacha tushgan bir tup tug‘dona” tasvirlanadi. “Guli-guli” qissasida “gujumzoru tug‘donazor”ga e’tibor qaratiladi. “Qarzdor” kinoqissasida “bir baraka topgur ekib ketgan yolg‘iz tug‘dona” tilga olinadi. Tug‘dona nima? Qanday o‘simlik? Ehtimol, rus o‘rmonlarida o‘sadigan temir daraxt, listvennitsa — tilog‘ochdir? Yo‘q, u o‘zimizning daraxt: yong‘oq, tut, o‘rik, qayrag‘ochdek chayir, pishiq. U ilohiy og‘och. Tug‘dona kosada bemorga suv berilsa, davo topadi. Ba’zilar yog‘ochidan tumor yasab, taqib yuradi. Dongdor baxshilar tug‘donadan do‘mbira yasatganlar: “...biram bo‘zlab berar, so‘zsiz so‘zlab berar, zulukday g‘amni so‘rib, tillari qurib, o‘kirib berar do‘mbira, yaxshiyam, tug‘dona — tosh og‘och. Qayroq emib o‘sgan tanasi. Ilohiy og‘och. Faqat o‘sha chidar aslida. Duo ketgan nasliga”.
Ilk hikoyalar to‘plami chop etilganiga o‘ttiz yil to‘lgach, 2007 yilda Erkin A’zam “Jannat o‘zi qaydadir” kitobiga turli janrlardagi asarlarini, 2009 yilda nashr etilgan “Guli-guli” to‘plamiga ham qissalar, kinoqissalar, dramatik asarini kiritgan. To‘plamlardagi asarlarning turi, janri har xil. Ularning o‘q ildizini yozuvchi uslubi, tug‘donavor matn birlashtiradi. Badiiy asar matnini san’atkor qalbidagi sehrli nur yoritib turadi. Matn pilla tolasi misoli: g‘aroyib qonuniyatlar asosida vujudga keladi.
“Pilla tolalarining to‘qilish” sirlaridan xabardor bo‘lgan zurafo ham ruhan, ham aqlan qoniqish hosil qiladi.
Pishiq, chayir matnning asosiy fazilati tiniqlik, aniqlikda ko‘rinadi. Yozuvchi nimani tasvirlayotganini, kimni ko‘rsatayotganini yaxshi biladi. Aniqlik — emin-erkin harakat, matn tuzish. “Yozuvchi” hikoyasida kitobxon mo‘ysafed Domlaning Chilonzordagi kichkinagina kvartirasini, besh jonning shu tor makonda harakat qilishini ko‘radi. Toshkent shahar yonginasidan jamoa xo‘jaligi boshlig‘ining in’omi Domlani ruhlantirib yuboradi: bog‘ hovlini jannatday qilib qo‘yadi. O‘quvchi ishonadiki, Domla har ishni maromiga yetkazib bajarishga odatlangan. U kitob chiqarishni orzu qilgan Raisning go‘riga g‘isht qalay-qalay xomaki asarga jon ato etadi. Rais “asar”i tilga tushadi.
Domla qon-qoni bilan ziyoli: bo‘lar-bo‘lmasga tajang bo‘lavermaydi, o‘zi yaratib qo‘ygan jannatday bog‘ni hech kimga ko‘z-ko‘z qilmaydi. Olashovur shofyorning Ollohshukur hojiga aylanish jarayoni ham ishonarli tasvirlangan. Hikoyaning eng zo‘r nuqtasi — ikki qariya suhbati. Saraton kasaliga mubtalo bo‘lgan rais o‘z xatosini tan oladi. Domla raisning qalb izhorini indamay o‘tirib, ammo chuqur his qilgan holda tinglaydi. Domla va rais hayotning achchiq sharobini tatib ko‘rganlardan.
Ijodkorda yaratilajak asar tarixini avvaldan ko‘rish, his qilish iqtidori bo‘lsa, matndagi umumiy va xususiy tomonlar ko‘zga aniq tashlanadi. “Yozuvchi” alohida asar, hikoya. “Suv yoqalab” — kinoqissa. Ikki asar — ikki yo‘l. Birinchisida voqealar Toshkentda, uning biqinidagi qishloqda ro‘y beradi. Asar qahramoni katta shahar ruhini, uning zalvorini, ichki bosimlarini his qilgan shaxs. U ko‘p biladi — kam gapiradi; ko‘p ishlaydi — arang turmush kechiradi. Raisning bir oyog‘i shaharda, bir oyog‘i qishloqda. Uning tanish-bilishlari, emin-erkin gaplasha oladigan kishilari talaygina. Rais xom-xatala “asari”ni nashriyot boshlig‘iga olib kelishga haddi sig‘adi. Ayni vaqtda u hayot qozonida toblangan, har xil voqea-hodisalarni ko‘raverib ko‘zi pishib ketgan, insof-iymonni unutmagan odam. “Yozuvchi”dagi raisni men “Suv yoqalab” kinoqissasida qayta uchratdim. U — Bolta Mardon: xo‘jalikni opichlab katta qilgan, odamlarni besh qo‘liday biladi. Oqni oq, qorani qora degan: halol, insof bilan ishlagan. Bolta Mardon amaldan ketgani bilan kishilar qalbida hamon rais. Hech kimdan tili qisiq emas, boshini g‘oz ko‘tarib yuradi.
“Yozuvchi”, “Suv yoqalab” asarlarida Erkin A’zam uslubi aniq seziladi. Ayni vaqtda har ikki asar o‘z strukturasi, janriga ko‘ra alohida uslubni vujudga keltirgan. Yozuvchi uslubining ikki xil ko‘rinishda namoyon bo‘lishi matndagi izchillik, qat’iylikdan yuzaga kelgan.
Erkin A’zam ijodida “Zabarjad” kinoqissasi o‘ziga xos o‘rin egallaydi. Qizning kelishgan qad-qomati kitobxonni jalb etadi. Uning dadil gap-so‘zlari, hazil-huzullari o‘ziga juda yarashadi. Zabarjad — dangalchi. Ilmiy rahbari gapni aylantira-aylantira, qizga “Menga o‘ynash bo‘lgin”, degan ma’noda gap aytadi. Qiz shartta ariza yozadi: ishdan ketadi. Zabarjad — ko‘ngli ochiq, mehr-muruvvatli qiz. Dadasining ulfati Vosil amaki piyanista bo‘lib qolgan: ichmasa turolmaydi. Qiz amakining “kasali”ni biladi, hamisha uning cho‘ntagiga pul solib qo‘yadi.
Zabarjad zinhor farishtamas: kimgadir do‘q uradi, kimgadir mushtini chuchvara qilib ko‘rsatadi, erga tegish istagi borligini hech kimdan yashirmaydi. Uni “qog‘ozdagi qandday qiz”, desak yanglishamiz. Uning Dilya Dubay degan dugonasi bor. Zabarjad Dilyaga havas qilmaydi, ayni vaqtda u bilan aloqasini uzib ketmaydi. Zabarjad aql-hush, hisob-kitob bilan yashashdan zerikkan. U ko‘ngil royishiga bo‘ysungan: o‘rta yoshlardagi, sochlarida oq tolalar ancha seroblashgan erkakni sevib qolgan. Erkak unga yoqadi, tamom-vassalom. Zabarjad erkakdan na oila qurishni, na baxtli qilishni talab etadi. Erkak ertami-indin uni unutar, ammo Zabarjad bu haqda o‘ylashni istamaydi. Ehtimol... hayotda nimalar bo‘lmaydi deysiz?
Erkin A’zamning “Guli-guli” to‘plamidagi o‘ziga xos asarlardan yana biri — “Qarzdor” kinoqissasi. Uning matni pishiq deyishdan ko‘ra, kinoga mo‘ljallangan, tasvir aniq, tiniq deyish o‘rinliroqdir. Asarning ilk sahifasini o‘qib ko‘ring-a, kino tomosha qilayotganday bo‘lasiz! Kezi keldi, bir fikrni aytib o‘tay. Erkin A’zam yurtimizdagi yetakchi stsenariynavislardan biri bo‘lib qoldi. Hozirgacha uning asarlari asosida bir qancha filmlar suratga olingan. Hatto, “Guli-guli” qissasida “Erkak” filmi suratga olingan joylar, film rejissyori Yusuf Roziqov haqida yo‘l-yo‘lakay gap boradi. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 11 iyun sonida “O‘zbek kinosi dunyo nigohida” degan e’tirof maqola bosildi: “Yuksak ma’naviy g‘oyalar tantanasi hamda inson ruhini yuksaltirish uchun” shiori ostida Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan “Zolotoy Vityaz” XIX xalqaro kinoforumida rejissyor Jahongir Qosimovning “Suv yoqalab” badiiy filmi (stsenariy muallifi yozuvchi Erkin A’zam) kumush sovringa sazovor bo‘ldi”.
“Qarzdor” asari ham stsenariy sifatida yozilgan. Ta’kidlash joizki, material, qahramonlar, tafsilot, atrof-muhitni tiniq ko‘rsatish pishiq matnni taqozo etadi. Boshqacha aytganda, matnning yetukligi stsenariyning hayotiy, betakrorligini belgilaydi.
“Qarzdor” kinoqissasi shu kunning, tadbirkorlik, ishbilarmonlik, hisob-kitob avj olgan pallaning asari. Qarang, qizig‘-a: kirakash o‘qituvchi o‘z o‘quvchisini mashinada markazga olib keldi. Yo‘lovchi — o‘quvchi kelishilganidan kam haq to‘layapti:
“ — Qishloqdagi besh minglik lafz shaharga kelib uch ming bo‘lib qoldimi? Tadbirkorman deyapsiz, qani, cho‘zing qolgan ikkisini!
— Siz ham anavi qirriq tog‘angizdan qolishmas ekansiz!
— Jiyan tog‘asiga o‘xshamasa harom o‘ladi, deb o‘qitmaganmidim seni! Cho‘z, cho‘z!
O‘spirin tirisha-tirisha, bir azobda yonidan pul chiqarib beradi-da, jahl bilan tumshayib nari ketadi” (“Guli-guli” to‘plami, 129-bet).
Badiiy matnda ohangni ifodalash nihoyatda mushkul ish. Yuqorida keltirganimiz o‘qituvchi va o‘quvchi dialogida ohang g‘oyat muhim ahamiyatga ega. O‘qituvchi — kirakash. Bahrom o‘z o‘quvchisi bilan jiddiy oldi-berdi qiladi. Lekin o‘qituvchi so‘zlari zamirida zahar emas, samimiylik, sho‘xlikka moyillik bor.
O‘quvchilar ustozning samimiyligini, mehribonligini darhol payqaydilar. Shuning uchun ustoz bilan emin-erkin so‘zlashadilar. Bahromning shogirdlaridan yana biri — Kuntug‘mish, o‘zining tus jiyani. Iqtidorli bola, shaxmatchi.
Amaki-jiyan bir qo‘l shaxmat surishmoqchi.
“ — Nimadan o‘ynaymiz?– deb so‘raydi bola daf’atan.
— Iya, iya, qimorga o‘tibdilarmi, jiyan?
— Bozor iqtisodiyoti, amakiboy! — deydi Kuntug‘mish mug‘ombirona iljayib. So‘ng o‘ziga qorani, Bahromga oq donalarni terib chiqadi.
— Bo‘pti, shartingni ayt!
— Yutqizsangiz-chi, Toshkentga borib-kelish xarajatimga sponsorlik qilasiz!” (138-bet).
Bahrom ko‘p jihatdan Zabarjadga o‘xshaydi. Bahrom ham, Zabarjad ham barchaga darkor: kimdir yumush buyuradi, o‘ksigan yuragini bo‘shatib oladi, birov zahrini sochadi, do‘q uradi. Zabarjad va Bahromlar asabqaytargich, balogardon, ruh malhami. Bu toifa odamlar o‘zgalar manfaati yo‘lida yelib-yuguraveradilar. Bahromning xotini o‘lgan. Unga tegmoqchi bo‘lganlar orasida navnihol qizlar ham bor. Yigit ularga qayrilib ham qaramaydi, yosh qizlarning uvolidan qo‘rqadi. U do‘xtir ayol, bolali beva Fayzixolga uylanmoqchi.
“Aralashqo‘rg‘on” — yozuvchi ijodida o‘ziga xos hikoya. Asar qahramonlari har tomonlama “terma”. Dotsent ham, do‘kondor ham, muxbir ham, Kattakon ham, oqsoqollikka da’vogar ham bor. Ularning tashvishi — tunu kun tinmay akillaydigan itning ovozini o‘chirish. It — Kattakonniki. Kattakon o‘ta sipo, qo‘li ochiq, Aralashqo‘rg‘onga ko‘p yaxshilik qilyapti. Aralashqo‘rg‘onliklar, asosan, bekorchilar. Qiziqish doiralari ham torgina. Hamma o‘zlari yashayotgan manzil tarixini ham durustroq bilmaydilar. (“Lofchiroq dotsentning aytishicha, bir asr muqaddam bu yerlar mashhur Mirzakarimboyning huv Yo‘lchivoy g‘ayrat ko‘rsatgan serhosil ekinzori bo‘lgan emish. Qaydam, buning to‘g‘ri-noto‘g‘riligini Oybek domla tirik bo‘lganida o‘zlaridan so‘rash mumkin edi — bugun esa ishonmoqdan o‘zga chorangiz yo‘q). Bir tomoni dongdor dam olish uyining devori bilan to‘silgan, bir tomoni — serdaraxt sanatoriyga tutash... Tap-tayyor qo‘rg‘on-da! Kimdir bu joy ahlini qurama, aralash degandek gap qilgan ekan, mahallaning nomi o‘z-o‘zidan “Aralashqo‘rg‘on” bo‘lib ketdi” (39-bet).
“Aralashqo‘rg‘on” hikoyasi yetuk, matni pishiq asar. Lekin hikoyada kemtiklik borday. Unda asosiy gap bo‘rtibroq sezilmaydi. Bosh qahramon ko‘zga yarq etib tashlanmaydi.
Erkin A’zamning so‘nggi yillarda yaratgan asarlari orasida “Guli-guli” qissasi alohida ajralib turadi. Asarda yaxlit syujet chizig‘i yo‘q, unda bir qancha masalalar o‘zaro bog‘lanib ketgan. Jiydali alohida ma’muriy hudud edi, Kal poshsho tumanlarni, viloyatlarni bir-biriga qo‘shib yubora boshlagach, qadimiy, obod tuman Qo‘shdaryoga qo‘shib yuborildi. Markaz Dashtobodga ko‘chgach, Jiydalidan fayz ketdi. Bu nohaqlikka qarshi Soli baqiroq, Ahad maxsum, Ismoil telpakdo‘z, Rajab qora, ayniqsa, O‘rmon kalta bosh ko‘tardi. O‘rmon shaxs eng yuqori tashkilotlarga xat yozdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ham yozishga tayyorgarlik ko‘ra boshladi.
Sobiq obod markaz mayda gap-so‘zlar, oldi-qochdi voqealar markaziga aylanib qoladi. Avvallari Mo‘min kalni (etim, novcha, qo‘pol) hech kim nazar-pisand qilmasdi. Davring keldi sur begim, deganlariday, Mo‘min endi Maymunga aylandi. Qishloqqa ko‘chma zoopark keldi, urg‘ochi va nar maymun kuppa-kunduz kuni “beadab”lik qildi. Maymunlar “jasorati” Mo‘minni rag‘batlantirib yubordi. U o‘sha nar maymunga aylandi-qoldi. Maymunday yashadi.
Maymun o‘zining hayvoniy qiliqlariga, ta’viya ilinjiga odamlarni ko‘niktirib oldi. Qissada chaqmoqday bir jumla bor, u Maymunning asl basharasini ko‘rsatadi: “Ketayotganimizda Maymun qo‘qqisdan mening yelkamdan tortib tamomi soppa-sog‘ ovoz bilan:
— O‘v, uch-to‘rt so‘m tashlab ket,– deb qoldi.– Men bu yerda suvingni qo‘riqlab o‘tiribman, nomard!
Oldinda borayotgan Mahmud shartta burilib, oramizga tushdi.
— Davay-davay, marsh! – deya xiyla qo‘pollik bilan Maymunni itarib tashlagan bo‘ldi” (52-bet).
Qissada qirq yil burun o‘tgan voqealar bugungi kun bilan qiyoslanadi. Xotinini chavaqlab qamalgan Maymunning otasi qishloqqa qaytib keladi. Mahmudning aytishicha, u “kelib uylandi, uchtami-to‘rtta bola qildi. Maymunga o‘xshagan. Bittasi narkoman. Qolganlari u yog‘i Koreya, bu yog‘i Rossiyalarda ishlab kelib, shishib ketgan. Hali qaramabsiz-da, bog‘ning etak tarafidagi qora oynali qo‘shqavat qasrlar — shularniki!” (55-bet).
“Guli-guli” qissasi kishini ko‘p narsalar haqida o‘ylashga chorlaydi. Darhaqiqat, minglab-millionlab odam hayotdan ruhiy-ma’naviy qoniqish hosil qilmay o‘tib ketdi. Mustaqillik insonni insondek yashashga undadi. Maymunlik, hayvoniy odatlar o‘zligini kashf etayotgan odamlarga haqoratday tuyuladigan bo‘lib qoldi. “Guli-guli”da Erkin A’zamga xos uslub — hayotni ich-ichidan yoritish xususiyati ko‘zga aniq tashlanadi.
Umuman, adib yangi hayot qurayotgan kishilar ruhiyatini nozik tasvirlaydi, kesatiq, satirik munosabatdan o‘zini tiymaydi.
Erkin A’zam — qo‘shig‘ini baralla aytayotgan ijodkor, Mustaqillik poydevorini puxtalashga munosib hissa qo‘shayotgan shaxs, zamonaning ilg‘or ziyolisi. Uning asl mohiyati yozgan asarlarida, san’atlar aro aloqalarni ijodiy boyitayotganida, “Tafakkur”ning ta’sirchanligida, bir so‘z bilan aytganda — adabiy-ijtimoiy siymo sifatida tutgan yo‘rig‘ida aniq anglashiladi.
Abdug‘afur Rasulov,
professor
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 32-sonidan olindi.