OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Normurod Norqobilov. Boychiborning izi bor (2010)

Chanqovuz chorlovi

Tunni gulxan atrofida o‘tkazdik. Tong otib, butun borliqqa oftob nurlari yoyila boshlagach, rejaga ko‘ra, Bobotog‘dan Ko‘hitang tomon yo‘l tortamiz. Yo‘l-yo‘lakay bizga hamrohlik qilgan Xurram baxshi qishlog‘i tomon qayrilarkanmiz, qiziq manzaraning ustidan chiqdik. Qishloq ayollari kichik baxshini davralariga tortib, gurung qilishayotgan ekan. “Gurung”ga qo‘shilgan ayollar qo‘lidagi kashtasi, yigirayotgan urchug‘i bilan chanqovuzini ham olib chiqadi. Bu yurtda chanqovuz chalmaydigan ayolning o‘zi yo‘q. Ular chanqovuzni galma-gal chalib, o‘z bilganini namoyish etadilar. Ko‘p hollarda gurungga yosh baxshilar taklif etiladi. Negaki, ular bu gurunglarda pishib, yetila boradi. Chunki ayollar shunchaki tinglovchi emas, xalq dostonlari syujetini baxshilardan kam bilmaydigan talabchan muxlislardir. Qisqasi, bu davra yosh baxshilar uchun beshik vazifasini o‘taydi.

Ko‘hitangda birinchi sezganimiz suvning mo‘lligi bo‘ldi. Go‘yo har bir tosh ostidan buloq sizib chiqayotgandek edi. Ulardan biri “Tollibuloq”, deb ataladi. Bu so‘z “shirin” degan ma’noni anglatarkan. Haqiqatan ham, bu manzildagi buloqlar suvi juda totli. Ekspeditsiya uchun har bir yangi manzil xuddi o‘qilmagan kitobday qiziq tuyuladi. Shuning uchun yo‘limizda uchragan g‘or oldidan beparvo o‘tib ketolmadik. Ko‘rdikki, g‘or og‘zi kichkina. Uning dastlabki yo‘nalishi bamisoli quduqdek tik engan bo‘lib, g‘orga faqat arqon ko‘magida tushish mumkin edi.

Bu notanish va noma’lum joyda bizni birinchi bo‘lib kaltakesak qarshi oldi. Kaltakesak bormi, demak, boshqa jonivorlar, jumladan, ilonlar ham uchraydi. Ularni qochirish uchun shovqin ko‘tarib, arqon ko‘magida ichkariga tusha boshlaymiz. Tik tushgan g‘orlarda ilondan ham ko‘ra oyoq ostidan tosh ko‘chib, yiqilish xavfi kuchliroq bo‘lgani bois, har bir qadamni o‘ylab bosishga tirishamiz. G‘orning havosi zax emas, juda musaffo. U oddiy g‘orlardan biri ekaniga ishonch hosil qilgandan so‘nggina yuqoriga chiqamiz. Quyoshning iliq tafti va o‘t-o‘lanlar bo‘yini qaytadan tuya boshlaymiz. Chunki g‘or o‘z nomi bilan g‘or, ichkarida u jismi-joningizga qandaydir anglarsiz bosim o‘tkazib turadi va yuqoriga chiqqaningizdan so‘ng bu zalvorli bosimdan xalos bo‘lasiz. O‘zingizni erkin qushdek his qila boshlaysiz.

Yana Tollisoy bo‘ylab ilgarilaymiz. Yuqorilaganimiz sayin tevarak manzaralari o‘zgara borar, tog‘ o‘z malohatini bor holicha namoyish eta boshlaydi. Hamrohimiz Abdunazar baxshi Ko‘hitangga baxshi ko‘zi bilan qaraydi. Surxondaryo va Qashqadaryo baxshilari tilida bu tog‘ “Ko‘hitang”, Samarqand baxshilari tilida esa “Qag‘atang” sifatida tilga olinadi. Xullas, tog‘ kabi, u haqdagi afsona va rivoyatlar ham g‘oyatda ko‘hnadir. Baxshiga qolsa, mana bu buloqniyam tilga kiritsa, undan Oybarchin qonib-qonib suv ichgan yoxud u Alpomish bahodirning bir zarbidan ayni choshgohda paydo bo‘lgan desa... Agar baxshi xohlar bo‘lsa, ko‘kdagi qushlar sizga ertak so‘zlab, chechaklar salomga keladi. Cho‘ng qoyalar ta’zim aylab, tog‘lar bag‘rini ochadi. Agar ta’rifni muxtasar qilsak, baxshilar borliqni so‘zlatadi, olamni kuylatadi. Biz tog‘lar bag‘ridagi archazor va boshqa manzaralarni ilg‘asak, baxshilar Alpomish va Oybarchinni ko‘radi. “Alpomish” dostonida alohida zavqla tilga olinadigan Ko‘hitangdan bemisl ilhom olgan Abdunazar baxshining ko‘p va xo‘p kuylagisi keldi. Ovozi tog‘lar osha qanot qoqdi. Do‘mbira sasini eshitgan xalq u daradan, bu daradan yig‘ilib kelaverdi, yig‘ilib kelaverdi. Baxshi esa borliqni unutgan ko‘yi, kuylayverdi, kuylayverdi. Shu tun Ko‘hitang yanada fusunkor tus oldi. Tog‘liklargina emas, ko‘kdagi yulduzlar ham ko‘zlarini javdiratib-javdiratib, doston tingladi!

Ertasi kuni yana yo‘lda davom etib, qoyaga chizilgan suratlarni ko‘zlab borardik. “Zarautsoy” jamoatchilik markazi rahbari Abdulla Xolmirzaev tog‘ning tuni suyakni qaqshatadigan darajada sovuq bo‘ladi, deya bizni tez yurishga qistab, holi-jonimizga qo‘ymasdi. Buni bilsak-da, baribir oshiqolmasdik, negaki, tevaragimizda noyob archalar va tog‘ giyohlari gurkirab yotardi. Tikkaygan har bir giyohning tabiatda tutgan o‘z o‘rni bor. Ularning shifobaxshlik xususiyati haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Ilgarilaganimiz sayin archalar quyuqlasha borib, ayrim joylarda o‘tib bo‘lmas o‘rmon tusini olardi.

Tabiatda archaning yetmishga yaqin turi bor. Shundan uch turi — Zarafshon, ya’ni qora archa, savur archa hamda Turkiston archasi o‘z tog‘larimizda o‘sadi. Archalar, odatda, 600-700 yil, ayrimlari esa ikki ming yilgacha umr ko‘radi. Turkiston archasi tog‘ning nisbatan yuqori qismida — 2500 dan 3100 metrgacha bo‘lgan balandlikda tomir otsa, 1400 dan 2500 metrgacha bo‘lgan oraliqda savur archa o‘sadi, ikki ming metr va undan quyiroqni esa Zarafshon archasi egallaydi. Ularsiz tog‘ tabiatini tasavvur etib bo‘lmaydi.

Archazordagi qadim xumdonlar

Tog‘lardagi aksariyat qalin archazorlar o‘z bag‘rida noyob osori atiqalarni, ya’ni qadimiy xumdonlarni asrab keladi. Ular ma’dan eritishga mo‘ljallangan. Qadimiy xumdon qoldiqlariga Xomkon ko‘lida va, shuningdek, Hisor tog‘i tizmalarida ilgari ham ro‘baro‘ kelgandik. Ular ajdodlarimiz qadim-qadimdan ma’danshunoslik ilmini chuqur bilgani va tog‘lardan turli rudalar qazib olib, archadan pista ko‘mir tayyorlab, ma’dan eritishganini bildiradi.

Buni qarangki, Qo‘hitangda ham shunday qadimiy xumdon o‘rinlaridan biriga duch kelamiz. Yerda sochilib yotgan ma’dan qoldiqlari, aniqrog‘i, quyqalarning nimaligini suhbatimizdan bilib olgan ayrim tog‘lik hamrohlarimiz bunday ashyolar tog‘ning boshqa qismlarida ham mavjudligini aytishadi. Demak, xumdon tog‘da yagona emas, yo‘lda ularga yana duch kelishimiz mumkin.

Bir necha chaqirim og‘ir tog‘ yo‘lini ortda qoldirganimizdan so‘ng yonbag‘irlikda turgan yolg‘iz imoratga ko‘zimiz tushadi. Hamrohimiz Abdulla akaning, tog‘liklar ziyrak bo‘lishadi, yurishingizga qaraboq holatingizni aniqlaydi, deganicha bor ekan. Oshiqayotganimizni uzoqdan payqagan uy egalari, qo‘nib o‘tishga ko‘nmasligimizni sezishdi shekilli, tog‘ odatiga ko‘ra, qarshimizga o‘zlari dasturxon ko‘tarib chiqdi.

Biz ham lutfga lutf ila javob berib, tik turgancha bir tishlamdan tandir kabob yedik. So‘ng tog‘liklar bilan xayr-xushlashib yana yo‘lga tushdik. Zarautsoyga xiyla yaqinlashganimizda xumdon qoldiqlaridan yana biriga duch kelamiz. Oyog‘imiz tagida, xaslar orasida ma’dan quyqalari sochilib yotardi.

O‘lka tarixini o‘rganish borasida salmoqli ishlar qilib kelayotgan Abdulla akaning ta’kidlashiga qaraganda, Zarautsoy qadimdan konchilik va hunarmandlik markazlaridan biri bo‘lib, bu hududda naq oltita ma’dan eritiladigan xumdon bo‘lgan ekan. Ota-bobolarimiz xumdonga bir qavat Zaraut ko‘miri, bir qavat ruda tosh qalab, olov yoqib cho‘yan va temir eritganlar. Ular ishlatgan Zaraut ko‘miri uzoqda emas, mana shu yaqin orada.

“Zaraut ko‘miri” haqidagi gapni eshitib, hushyor tortamiz. Abdulla aka o‘yimizdan ne o‘tganini sezganday, bizni ko‘mir qatlami tomon boshlaydi. Mana o‘sha ko‘mir qatlami! Odamning hech ishongisi kelmaydi. Ko‘z o‘ngimizda hali qo‘l tekkizilmagan ko‘mir qatlami qorayib turardi. Aytishlaricha, qarshimizdagi tog‘ zamini yaxlit ko‘mir koni ekan. Demak, bu hududda ma’dan eritgan ota-bobolarimiz biz o‘ylaganchalik maxsus pista ko‘mirdan emas, balki rosmana toshko‘mirdan foydalanishgan bo‘lsa ham ajab emas.

Tosh davrining badiiy ijodi

Nihoyat, Zarautsoy yodgorligi joylashgan daraning kunbotar tomonidagi katta qoyaga yetib keldik. Chamasi, uch qavatli tom balandligidagi suratli kamar ko‘zga tashlanib turardi. Lekin undagi qadimiy suratlarni pastdan turib ilg‘ash qiyin. Odatda, toshdagi suratlarni ko‘rgani kelganlarning hammasiyam yurak betlab qoyaga tirmashavermas, ya’ni kamarga chiqqanlari chiqib, chiqolmaganlari armonda qaytib ketar ekan. Biroq bizning armonda ketish niyatimiz yo‘q edi. Shuning uchun himoya arqonidan foydalanib, yuqoriga tirmasha boshlaymiz.

Kamar ayvoni tor. Kamarning turli tomoniga sochilgan toshsuratlar qoya relefiga moslab yaratilgan, ya’ni relef ibtidoiy rassom uchun tasviriy element sifatida xizmat qilib, ma’lum bir kompozitsiyaga uyg‘unlashgan. Barcha suratlar alohida guruhlarga bo‘lingan. Birinchi guruh suratlari kamar ichining chap qismidan yuqoriga qarab joylashgan bo‘lib, taxminan 60-80 santimetrli yuzani egallagan. Bu yerda yovvoyi hayvonlarni yuqoriga haydab ov qilish sahnasi tasvirlangan.

Ikkinchi guruh rasmlari 80-120 santimetr atrofidagi maydonni egallagan. Bir-biridan ancha uzoqda joylashgan bu suratlar guruhi, olimlarning fikricha, mazmuni va yaratilgan vaqti jihatidan bir-biridan farq qiladi. O‘ngroqda biyga o‘xshagan hashorat tasviri tushirilgan. Ma’nosi hozirgacha to‘la o‘rganilmagan turli chiziqlar ham mavjud. Uchinchi guruh rasmlari kamar shiftining yuqoridan egilgan joyida bo‘lib, 60-100 santimetrli yuzani egallagan. Qizil bo‘yoq bilan tasvirlangan suratlarda yovvoyi buqani itlar yordamida ovlash sahnasi aks etgan. Ovchilar quyiga tomon kengayib boruvchi kiyimlarda. Ularning bu ko‘rinishi xuddi tuvaloqqa o‘xshab ketadi. Bu yerlarni makon tutgan tuvaloqdan yovvoyi jonivorlar qo‘rqmagan. Ibtidoiy ovchilar o‘sha tuvaloq qushlar niqobida o‘ljaga yaqinlashgan ko‘rinadi.

Qadimgi o‘rta tosh davriga (mezolit, miloddan oldingi 12-6 ming yilliklar) mansub bu suratlar insoniyat tamadduni tongida yaratilgan bo‘lib, u joylashgan tog‘ kamari 1939 yili adashgan ulog‘ini sarson qidirib yurgan zarautsoylik Rauf degan bola tomonidan tasodifiy ravishda topilgan va o‘z davrida Markaziy Osiyoda birinchi marta kashf etilgan toshbitik sifatida baholangan edi. O‘tgan ming yilliklarning shafqatsiz sinovlaridan eson-omon o‘tib, bizgacha bekamu ko‘st yetib kelgan bu nafis suratlar o‘ziga xosligi, betakrorligi bilan qalbimizni faxr-iftixor hissiga to‘ldiradi, xayollarimizni hayratu hayajonga chulg‘aydi.

Bu noyob yodgorlik borish qiyin bo‘lgan tog‘ qoyasi belidagi kamarda joylashganini aytdik. Shunga qaramay Zarautsoyga xohlagan paytda kelib-ketayotgan «yovvoyi sayyoh»lar o‘zlaridan xunuk «dastxat» qoldirishayotgan ekan. Qadimiy suratlarga shamol, quyosh nuri va iqlim o‘zgarishi kabi tabiiy hodisalar ham ularchalik noxush ta’sir ko‘rsatmagan.

Necha ming yillardan buyon yaxshi saqlanib kelgan, ma’naviy ildizlarimizga tutash Zarautsoy yodgorligi ko‘z o‘ngimizda xira tortishini aqlga sig‘dirib bo‘lmaydi. Yurtimizning ilk san’at beshiklaridan biri bo‘lgan nodir obidalar, qoyatoshlarga bitilgan noyob tasvirlar asrab qolinishi zarur. «Zarautsoy» jamoatchilik markazi tashabbusi bilan 2006 yili YuNYeSKO vakillari Zarautsoy yodgorligiga taklif etilgan. Jahon ahamiyatiga molik toshbitik san’ati yodgorliklari menejmentini o‘rganish masalasi kun tartibiga qo‘yilmoqda. Shu munosabat bilan yodgorlikni saqlash va muhofaza qilish, unga ta’sir etuvchi omillarni o‘rganib toshsuratlarni konservatsiya qilish va bu jarayonlarga mahalliy aholini jalb etish zarurati kelib chiqmoqda.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 31-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.