OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Oripov. Navoiyni anglash (2007)

Buyuk bobomiz ijodi, darhaqiqat, ulkan bir ummondir yoxud dunyoning eng rang-barang va benazir xazinasidir. Kimki nimaniki axtarsa, ushbu xazinadan albatta topg‘usidir.
Jumladan, barcha navoiyshunoslar necha zamonlardan buyon bu ulug‘ merosni o‘rganib, tadqiq etib, undan shoyon bahramand bo‘lib kelmoqdalar. Aytish kerakki, hayotning istalgan jabhasiga tegishli chaqmoq fikrlar, go‘zal tashbehlar bu xazinada hayratomuz darajada serobdir. Ayrim misollar keltiraylik. Mana shoir behini (meva) ta’riflayotir:

Oqartib ishq boshimni, nihon bo‘ldi sarig‘ chehram,
Momug‘ ichra behini chirmog‘on yanglig‘ kishi ando.

Ya’nikim, paxta — momiqqa sariq behi o‘rab qo‘yilgani kabi oppoq sochim og‘ushida sariq chehramdir.
Yoxud shoir falakiyot — astronomiyadan iqtibos keltiradi:

Mahjabinlardin siyahdillik, ne tongkim, oyning
Botinin ko‘rsang qarodur, gar ko‘rinur zohir oq.

Shoir bundan besh yuz yillar muqaddam oy tuprog‘ining aslini aniq tasvirlagan.
Endi bir misol tibbiyotga doir. Qarangki, shoir bir g‘azalida sariq kasalining barcha belgilarini boshdan-oyoq sanab o‘tadi va oxirida deydi:

Dard tufroqqa nihon qildi Navoiy jismini,
Topibon bir shusha oltin, dafn qilgandek gado.

Shoir o‘z jismini bir shisha sariq oltinga mengzamoqda.
Navoiyning yana bir baytiga e’tibor qilaylik. Bu yerda gap vahdat mayi ustida emas, balki mavjud turmushning aniq holatlari haqida borayotir:

Ey mug‘anniylar, Navoiy mast edi — kech uyg‘onur,
Oni uyg‘otmoqqa bir dilkash tarannum aylangiz.

Quyidagi misolda ham hayot detali shashlik — shishlik tarzida ifoda etilmoqda:

Garchi ishq o‘tida ko‘nglumni o‘qungg‘a shishlading,
Garm bo‘lmakim, hanuz ne six kuymish, ne kabob.

Mana bu o‘rinda esa Navoiy o‘zining qaysi qavmga mansubligini ta’kidlamoqda. Bu ham qiziqqan har bir odam uchun axborot manbai bo‘la oladi:

Shohu toju xil’atikim, men tomosha qilg‘ali
O‘zbakim boshida qalpoq, egnida shirdog‘i bas.

Ko‘rinib turibdiki, ustozning muborak nazari tushmagan biror soha yo‘q. Xo‘sh, uning qalbi-chi? Shoirning qalbida qanday g‘alayonlar yuz bermoqda edi? Uning yuragi nimalardan iztirob chekmoqda edi? Hasrati va armonlari nimalardan iborat edi?
Biz yuqorida keltirgan she’riy misralarni balkim har qanday mutaxassis ilmiy-badiiy jihatdan to‘g‘ri sharhlab bera olar. Lekin Navoiy hasratiyu armonini kim sharhlay oladi?
Avvalo, Navoiy ijodining asl manbaida inson turadiki, u goh shoh, goh gado, goh oshiq, goh rind. Lekin Navoiy insonni qanchalik ulug‘lamasin, uning norasoligidan ham shu qadar shikoyat qiladi, hatto faryod chekadi:

Chu bilmay elga vafo ayladim — jafo ko‘rdim,
Ne sud endi agarchi nechakim pushaymonmen.

Yoki:

Do‘stlar, basdur mazorumg‘a malomat toshlari,
Chekmangiz mehnat qo‘yarg‘a qabri vayronimg‘a tosh.

Xo‘sh, buyuk shoirning ko‘nglini bu qadar o‘ksitgan sabab nedur? Navoiy buni ham ochiq-oydin aytadi:

Turfa, ko‘rkim, xalq komi birla umrum bo‘ldi sarf,
Turfaroq bukim, biravga yoqmadi bir xizmatim.

Ya’ni, jaydari tilda aytsak, shoir go‘yo, qo‘chqorni berding-u, biroq arqonini bermading deb malomat qiladiganlarni nazarda tutgandek.
Ha, haqiqatan ham inson bolasi yaxshilikdan foydalanishga g‘oyat usta, lekin uni qadrlashga har doim ham qodir bo‘lavermaydi. Afsuski, inson bolalarini oliy tuyg‘ular emas, ko‘pincha nafs boshqarib kelgan. Yovuzlik unga doimiy hamroh bo‘lgan. Navoiyning hasratlari aynan mana shular emasmi?! U muttasil ravishda inson komilligini orzu qilayotir-ku. Nainki orzu qilayotir, balki uning ijobati uchun kurashmoqda-ku!
Biroq shoir armonlari ushalmasa ham inson qavmiga hargiz etak silkimadi. Aksincha, uni to‘g‘ri yo‘lga da’vat qildi.

Bo‘lma do‘nyo do‘st, gar istar esang osudaliq,
Lek har ne qilsalar, bo‘l ahli dunyo birla do‘st.

Hazratning teran falsafasi ham shu edi. Biz avvalambor shoirning qalbiga, cheksiz hasratlariga quloq tutishimiz, uni anglashimiz zarur.
Bobomizning tavallud kuni — nainki tengsiz iftixor kuni, balki biz uchun ulug‘ ummondan yana bir karra bahra olmoq imkoni hamdir. Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek: “Agar bu zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak — shoirlarning sultonidir”.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 6-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.