Yoshi ulug‘larni ziyorat qilib, piru badavlat otalar duosini olish ko‘ngilga yorug‘lik sochadigan savob ish. Xalqimizning bu go‘zal urf-odati hamisha ma’anaviy hayotimizni nurlantirib turadi. Biz ham — Pirmat aka, Muhammad Ali aka va kamina uchalamiz shu udumga amal qilib, yangi yil eshik qoqayotgan umidbaxsh kunlarda oqsoqol adiblarimiz ziyoratiga yo‘l oldik.
G‘afur G‘ulomdek alloma shoirning shodon qahqahalariyu quvnoq latifalari kun-kunora jaranglab turguvchi Beshyog‘och bozori darvozasida uchrashib, Anhor ko‘prigi yonidagi ko‘p qavatli binolar sari borarkanmiz, osmon ochiq, quyosh charaqlab turar, ammo quruq sovuq suyakka yetgudek edi. O‘rtadagi ko‘p qavatli uyning ikkinchi qavatiga ko‘tarilib, o‘ng qo‘ldagi eshik qo‘ng‘irog‘ini bosdik. Atoqli adibimiz Pirimqul Qodirov yashaydigan manzil mana shu. Eshikni adibning mehribon rafiqasi Sofiya opa ochdi.
— Kelinglar, kelinglar! Xush kelibsizlar! — deya eshikni katta ochib yubordi tashrifimizdan suyunib ketgan Sofiya opa. — Dadasi, mehmonlar!
— Bezovta qilmadikmi, ayajon?
— Bu nima deganingiz? Pirimqul akangiz bilan zerikib o‘tirgandik. Xudoning o‘zi yubordi sizlarni. Qani, ichkariga marhamat qilinglar.
Ust-boshimizni yechar-echmas Pirimqul akaning o‘zi qarshimizda paydo bo‘ldi. Boshida qalampir nusxa iroqi do‘ppi, egnida qalingina nimcha-po‘stin, bo‘ynini oppoq sharf bilan o‘rab olgan, yaqinda shifoxonadan da’volanib chiqqan emasmi, yuzlarida toliqish izlari seziladi, ammo qalin qoshlari ostida katta-katta ko‘zlari chaqnab turibdi.
Ustoz har birimiz bilan quchoqlashib ko‘rishdi. Shu yerning o‘zida Muhammad Alini davlat mukofotiga sazovor bo‘lgani bilan muborakbod etdi. Sofiya opamiz to‘g‘ridagi xonaga boshladilar. Jimjimador jihozlaru tillarang bezaklardan xoli, oddiy va shinam mehmonxonada, kichik stol atrofida davra qurib o‘tirdik. Pirimqul aka duoga qo‘l ochdilar:
— 2007 yil mamlakatimiz va xalqimiz uchun unutilmas voqealarga boy bo‘ldi. Mustaqillikning 16 yilligini, Samarqand, Marg‘ilon kabi qadimiy shaharlarimiz to‘ylarini shodiyonalar bilan nishonladik. Muhtaram Islom Abdug‘anievichni yangitdan Prezidentlikka saylab, siyosiy madaniyatimiz, ma’rifatimiz qanchalar kamol topganini namoyon etdik. Ijodkorlarimiz yangi asarlar yozdilar. Kelayotgan yilimiz bundan-da barakali, yurtimiz obod, xalqimiz tinch, dasturxonimiz to‘kin bo‘lsin!
Duodan keyin Pirimqul aka bo‘lib o‘tgan saylov chindan ham juda katta tarixiy voqea bo‘lgani, saylov jarayonini zo‘r qiziqish bilan kuzatib borganini to‘lqinlanib gapira boshladi:
— Umrim davomida ne-ne saylovlarni ko‘rdim — sho‘rolarnikini ham, xorijiy yurtlarnikini ham, ammo bu safargidek erkin, oshkora, batartib o‘tgan saylovni birinchi ko‘rishim! Turli xalqaro kuzatuvchilar ham bejiz yuksak baholagani yo‘q saylovimizni. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi Sergey Lebedevning xalqaro kuzatuvchilar nomidan bergan Bayonoti meni, ayniqsa, xursand qildi. Yurtdoshlarimiz mustaqilligimiz va taraqqiyotimiz asoschisiga o‘zlarining cheksiz hurmat va ishonchlarini, mehru muhabbatlarini yorqin namoyon etdilar.
Sofiya opa dasturxon yozdi, qand-qurs, meva-cheva deganday, topganini keltiraverdi. Pirimqul aka “Qadrim” qissasining qayta nashr etilishi munosabati bilan “Hurriyat” gazetasi muxbiri kelib, suhbatlashib ketganini so‘zlab berdi.
— “Qadrim” qirq besh yil muqaddam yozilgan edi. U vaqtlarda mustabid tuzum yetakchi sanoat korxonalarida ishlash ishtiyoqidagi milliy kadrlarni, ayniqsa, qishloq yoshlarini mensimas edi. “O‘zbeklar dalada ketmon chopishdan boshqasiga yaramaydi”, degan aqida hukmron edi. Men tariximizni, tilimizni, dinimizni kamsitgan, milliy kadrlarni pisand qilmagan ana shu aqidalarga qarshi yozganman bu asarni. Unda yangi gaz konlarida boshqa millat yoshlari bilan teppa-teng ishlagan, murakkab texnikalarni boshqargan o‘zbek yigit-qizlarining muhabbati, mehnati tasvirlanadi. Mustaqillik tufayli gaz sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotida yetakchi o‘ringa aylandi. Minglab iqtidorli yoshlar ulkan korxonalarda zamonaviy texnikani mahorat bilan boshqaryapti. Asar qahramonlarining hayoti, tajribalari ana shunday yoshlarimizga ibrat bo‘lishi mumkin degan niyatda, ba’zi tahrir va to‘ldirishlar bilan qissa qayta nashr etildi.
— 2007 yil Pirimqul Qodirov yili bo‘ldi. Bir tomonda “Qadrim”, bir tomonda “Amir Temur siymosi”! — hazillashdi Pirmat Shermuhamedov. — “Amir Temur siymosi”ning taqdimoti ham zo‘r bo‘lgan edi.
Hazil Pirimqul akani zavqlantirib yubordi:
— Taqdimot tashkilotchilaridan qarzdorman. Bu asarni, Bobur Mirzo taqdiriga daxldor boshqa asarlarni yozish mobaynida Sohibqiron hazratlarining hayoti bilan birmuncha yaqinroq tanishdim. Cheksiz ummonga o‘xshaydi bu ulug‘ zot!
Amir Temur hazratlaridek buyuk siymoning ruhi poklari oldida o‘zbek xalqining, ayniqsa, ziyolilarning qarzi juda katta. Muhtaram Prezidentimizdan boshqa biron kishi hali ana shu qarzni uzolgan emas. Islom Abdug‘anievich tarixda birinchi bo‘lib Sohibqiron dahosini butun salohiyati bilan olamga namoyon qildi. Bobomizga nisbatan tarixiy adolatni tikladi. Sohibqiron faoliyatidagi ustuvor yo‘nalish, shu paytgacha ko‘pgina tarixchilar ta’kidlab kelganidek, faqat fotihlik va jahongirlik emas, balki ona Vatanini mustamlaka zulmidan qutqarish, istiqlol va adolatni qaror toptirish bo‘lganini ko‘rsatib berdi.
— Amir Temur sohibqirondan gap ochilsa, Pirimqul akangizning qulfi-dili ochilib, kasalligiyu sovqotgani ham esdan chiqib ketadi. — Sofiya opa tobora jo‘shib borayotgan adib yelkasiga qalinroq jemfer tashladi. — Necha yillar bo‘ldi, avliyo bobokalonlarimiz ruhi bilan go‘yo birga yashaydilar. — Opaning ovozida ozgina ginaxonlik bilan birga turmushdoshiga adoqsiz hurmat, faxru g‘urur va daryo-daryo muhabbat mujassam edi.
Sofiya opa... Ellik besh yildan buyon Pirimqul Qodirovdek hassos so‘z san’atkori bilan birga nafas olib kelayotgan, yaxshi-yomon kunlarda hamisha yonma-yon yurgan fidoyi, sadoqatli ayol! Ular bundan qariyb oltmish yil avval ilk marta uchrashadilar. O‘sha paytda Sofiya Samarqandda 7-sinfni tamomlab, Moskvada o‘tkazilgan gimnastikachilar musobaqasida yuqori natijalarga erishgan va Chirchiq yaqinidagi maktablarning birida turgan bo‘ladi. Muxbir Pirimqul esa yoshlar gazetasiga maqola yozish maqsadida qizni qidirib, shu joyga boradi. Ular maktab hovlisida, suv bo‘yida, daraxt soyasida tik turib suhbatlashadilar. Keyinchalik, Pirimqul Qodirov universitetning 5-kursida o‘qiyotganida unga ikkinchi bor ko‘zi tushadi. Boshqa yig‘inlarda yana duch keladilar. Qisqasi, 1952 yili Samarqandda to‘y bo‘lib, kelin-kuyovlar Moskvaga jo‘nab ketishadi. Pirimqul Qodirov aspiranturada, Sofiya Texnologiya institutida o‘qir edi o‘sha kezlar. Urushdan keyingi og‘ir yillar emasmi, yosh oila qiyinchiliklarga ham duch keladi. Sofiya oilaga un, yog‘, shakar, makaron olish uchun nomerni kaftiga kimyoviy qalam bilan yozib, besh-olti soatlab navbatda turadi, qiyin kunlarning birida esa bildirmay onasi in’om qilgan oltin soatini sotib yuboradi. Bolalarini bog‘chaga joylash uchun o‘sha yerga ishga kiradi. Oila deb studentlik baxtidan voz kechadi. Moskvada o‘zbekcha yozadigan mashinistkalar bo‘lmagani tufayli o‘zi yozishni o‘rganadi. Yozuvchining ilk asarlari va tarjimalarini tunlari uxlamay oqqa ko‘chirib beradi! “Yulduzli tunlar”, “Avlodlar dovoni” romanlari o‘tgan asrning saksoninchi yillarida besh-olti yillab bosilmay, ta’qiqqa uchragan kezda o‘zicha adolatsizlikka qarshi isyon ko‘tarib, olti kun tuz totmay ochlik e’lon qiladi... Adib bu to‘g‘ridagi qalb tuyg‘ularini “Ellik besh yillik umrning besh lavhasi” nomli esdaliklarida minnatdorlik bilan hikoya qilgan...
— Yosh o‘tgan sayin odam sovuqqa chidamsiz bo‘lib qolar ekan, bir paytlar tizza bo‘yi qorda ham yalangoyoq chopib ketaverar edik. — Adib jemferga o‘ranib oladi. Chindan ham buyuk Sohibqiron mavzui Pirimqul akaning qulfi-dilinigina emas, bahri-dilini ham ochib yuborgandek edi. — Eng baland tog‘ cho‘qqisi xuddi shunday baland cho‘qqidan ko‘zga yaqqol ko‘rinadi. — Uzilib qolgan fikrini yana davom ettirdi u. — Biz ham Amir Temur siymosini yurtimiz mustaqilligidan so‘ng aniq ko‘rdik, dildan his qildik. Sohibqironning hayot-faoliyatiga doir asl manbalar keng iste’molga kiritildi. Abdulla Oripovning “Sohibqiron”, Bo‘riboy Ahmedovning “Amir Temur”, Muhammad Alining “Buyuk saltanat” asarlari adabiyotimizdan munosib o‘rin oldi. Lekin, bu tabarruk siymoning ochilmagan fazilatlari hali behisob. Yuzlab ilmiy tadqiqotlar, badiiy asarlarga ehtiyoj bor. U zotning jahon e’tiborini qozongan ulug‘ zafarlari Oltin O‘rda va Yildirim Boyazid bosib olgan o‘lkalarda ham mustamlaka zulmini yo‘qotishga zamin yaratgani, Sohibqiron qadimiy vatanimiz Turonzaminni chingiziylar imperiyasining bir yarim asrlik jabr-zulmidan xalos qilib, adolatli buyuk davlat tuzgani, besh yuz yillik sulola asoschisi bo‘lgani hali adabiyotimizda to‘la ifodasini topgan emas.
— Harbiy mahoratini aytmaysizmi! — suhbatga qo‘shiladi Muhammad Ali. — 1366 yilda 243 navkari bilan besh ming kishilik yovdan Qarshini tortib olishining o‘zi bir katta kitob!
Pirimqul aka:
— Bobur Mirzo 134 yil o‘tib, 1500 yili bobokalonining xuddi shu jasoratini takrorlaydi. 240 dovyurak yigiti bilan tunda Samarqand qal’asiga hujum qilib, Shayboniyxonning ming-ming kishilik qo‘shinini shahardan quvib chiqaradi.
Pirmat Shermuhamedov:
— Ermitajda bir yodgorlik ko‘rganman. Amir Temur bobomiz bir tarixiy voqeani ulkan xarsangtoshga ona tilimizda o‘yib yozdirgan ekan.
Pirimqul aka:
— To‘g‘ri, 1391 yilda To‘xtamishxon tajovuziga qarshi 200 ming qo‘shin bilan jangga borayotganda Dashti Qipchoq markazidagi Ulug‘tog‘ga yozdirgan... Faqat bu emas, Turon xalqi 1370 yili Amir Temurga oltin toj kiydiradi, beliga tilla kamar bog‘lab, mustaqil Turon davlati podshosi sifatida taxtga chiqaradi. Shu bilan Vatanimizning oltin davri boshlanadi.
Amir Temurning dunyo tamadduniga qo‘shgan hissasi ham beqiyos. U Turkiyada erishgan g‘alabasi tufayli “Yevropaning xaloskori”ga aylandi, XIV — XV asrda butun dunyoni katta qadamlar bilan olg‘a borishiga asos yaratib berdi. — Pirimqul akaning xotira hofizasi kengligi, besh yuz, ming yil burungi voqealar, ularning oy va kuni, joylari, sanoqsiz ishtirokchilar nomini aniq-tiniq aytishlari kishini hayratga soladi. U faktlarni eslabgina qolmay, har biriga munosabatini ham bildiradi. — Temur bobomiz lashkarlariga qanday munosabatda bo‘lganini hali ko‘pchilik bilmaydi. Rus tarixchisi Yakubovskiy: ”Chingizxonning askarlari harbiy yurish paytida yarim och holda bo‘lar edi. Qorni to‘q tozi ovga yaramaydi, qorni och bo‘lsa jon-jahdi bilan o‘lja talashadi, deb Chingiz navkarlarini shu ko‘yga solgan”, deydi.
O‘z askarlarini ovchi itlarga mengzagan Chingizxon ularni faqat talonchilik hisobiga yashashga, jangda olingan o‘ljalar bilan boyishga o‘rgatgan. Amir Temur esa navkarlariga inson sifatida qaragan, ularga muntazam maosh tayinlagan. Harbiy yurishlar paytida askarlarini “ukulka” deb ataladigan qo‘shimcha maosh bilan rag‘batlantirgan. Boyazid bilan bo‘lgan jang arafasida barcha sipohiylarga yetti yillik maosh oldindan berilgan ekan.
Pirmat Shermuhamedov:
— Amir Temurni ba’zi tarixchilar makedoniyalik Iskandar va rimlik Yuliy Sezarga o‘xshatishadi...
Pirimqul aka:
— Bu unchalik ham to‘g‘ri emas. Avvalo, ikki o‘rtada ming yildan ortiq davr yotibdi. Iskandar 34 yoshida G‘arbda O‘rta dengizdan tortib, Sharqda Amudaryo va Gangagacha cho‘zilgan ulkan imperiya yaratadi. Bir ziyofatdagi mayxo‘rlikdan keyin yigirma kun qattiq isitmalab yotib, to‘satdan vafot etadi. Yuliy Sezar esa yoshi ellikdan oshganda podsholik maqomiga erishgan. Sobiq respublikachilar unga suiqasd uyushtirishadi. Sezar bunga parvo qilmay, ko‘chalarda ham qo‘riqchisiz yuravergan. Natijada, 56 yoshida suiqasd qurboni bo‘ladi. Iskandar ham, Sezar ham, birinchidan, o‘z ajali bilan o‘lmagan, ikkinchidan, ikkovi ham o‘zidan keyin sulola qoldirolmaydi. Amir Temur esa ulardan farqli ravishda uzoq umr ko‘rdi, ko‘zi tirikligida qudratli sulolaga asos soldi va bu sulola 500 yil davr surdi.
Muhammad Ali:
— Amir Temur hayoti, faoliyati talqinida juda ko‘p xatoliklar ham bor. Bir qancha manbalarda Amir Temur savodsiz bo‘lgan, degan asossiz kamsitishlar mavjud.
Pirimqul aka:
— Bunday tuhmatlarni XV asrda Ibn Arabshoh boshlab bergan. Keyinchalik boshqalar davom ettirishgan. Rus olimlari V.V.Bartold, A.Yu.Yakubovskiy, ingliz olimasi Xilda Xukkem shular jumlasiga kiradi. Lekin birontasi o‘ylab ko‘rmaydiki, besavod odam 24 yoshida bahodir sarkarda sifatida tarix sahnasiga chiqishi mumkinmidi? Besavod odam “Temur tuzuklari” kabi beqiyos asar yarata olarmidi? Amir Temur o‘z muhriga “Rosti — rusti”, ya’ni “Kuch — adolatdadir” degan so‘zlarni bejiz yozdirgan emas. Nihoyatda ilmli, ma’rifatli bo‘lgan alloma bobomiz uchun muhridagi so‘zlar hayotiy e’tiqod bo‘lgan. Umr bo‘yi shu e’tiqodga amal qilgan, boshqalardan ham adolatni talab qilgan. O‘zga mamlakatlarga qilgan yurishlarida ham shu e’tiqodida sobit turgan. Rossiyani chingiziylar zulmidan ozod qilganida, Aleksandr Nevskiydek mashhur knyaz ham qarshi chiqolmagan bosqinchilarning shafqatsiz soliqlarini bekor qilgan. Boyazidni yengib, uni asr olganida o‘z o‘tovi yonidan unga maxsus ipak chodir o‘rnattirgan. Boyazidning xotini va qizlarini barcha xizmatkorlari bilan o‘z ixtiyoriga qaytargan. Vaholanki, u zamonlarning bironta g‘olib podsho bunday olijanoblikni xayoliga keltirgan emas. Mana shunga o‘xshash chalkashliklarni to‘g‘rilash ham o‘zbek ziyolilari oldida turgan muqaddas vazifalar sirasi kiradi.
Shu orada Sofiya opa ikki-uch kirib, “toliqib qolmadimikinlar”, degandek Pirimqul akaga ma’noli-ma’noli qarab qo‘ydilar. Ammo Pirimqul akaning tushungisi yo‘q. Qariyb ikki soatdan buyon Sohibqiron hazratlari haqida, asosan, o‘zi so‘zlayotganiga qaramay, tobora tetiklashib, kuchga to‘lib, fikrlari qaynab borayotgandek, gurungni to‘xtatgisi kelmasdi. Ulkan adibimizdan zo‘rg‘a javob oldik. Xayr-xo‘shlashayotganda:
— Dilkash gurunglarni sog‘ingan ekanman, ezmalik qilgan bo‘lsam uzr, — dedilar minnatdor ohangda. — Rohatlandim, yengil tortdim. Uzoqlashib ketmaylik. Kelib turinglar.
Birinchi qavatga tushib ketgunimizcha, Pirimqul aka bilan Sofiya opa eshik oldida kuzatib turishdi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 5-sonidan olindi.