Buyuk fizik olim Amperning faromushligi haqida ko‘pgina latifalar bor: u ikkita tuxumni qo‘lida ushlab turib, cho‘ntak soatini uch daqiqa qaynatgan ekan. Ba’zi matematik hisob-kitoblarni o‘ylab xayol surib ketayotganida qarshisida ajoyib bir qora doska paydo bo‘lib qoladi. Shunda u sirayam ikkilanmasdan belburma kamzuli cho‘ntagidan bo‘r bo‘lagini olib, natijalarni unga yoza boshlaydi. Doska harakatlana boshlaganida ham u orqasidan ergashib, ishini davom ettirib boraveradi, harakat tezligi oshganida Amper uning orqasidan yugurgan holda yozishni davom ettiradi… Doska ot-arava-karetaning qora ranga bo‘yalgan orqa tarafi edi.
Ushbu hangoma xotiramga kelishiga sabab, bir kuni shahar avtobusidagi chiptachi yigit men bergan pulga qaytimni uzata turib, chipta o‘rniga qaytim pulni o‘rtasidan bir oz yirtib qo‘ygani bo‘ldi. Kim biladi deysiz, u yigitning xayolidan o‘sha payt nimalar o‘tayotganini? Balki u o‘sha damda biror olamshumul kashfiyotning etagidan ushlash arafasidamidi yoki hayot tashvishlari uning fikrini shunchalar band qilgan edimi...
Meni oxirgi yillarda yoshlarimizdagi axloq-odob hayratga soladi. Ko‘cha-ko‘yda biror narsani mendan yoki begona kishidan so‘rash ehtiyoji bo‘lsa, ularning qo‘li ko‘ksida bo‘ladi. Ularni tinglab, beixtiyor ortidan, otangga, ta’lim bergan ustozingga balli, deb yuborganingizni bilmaysiz. Biz ham yoshligimizda odobsiz bo‘lmaganmiz, lekin hozirgi yoshlarning odobi yanada havas qilgudek. 17-18 yoshlar atrofidagi bir talay o‘g‘il-qiz men turgan bekat tomon yaqinlashib kelib, barchasi alohida-alohida qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygan holda salom berib oldinma-ketin o‘tib ketishdi. Bunga guvoh bo‘lgan boshqa millatga mansub ayol hayratdan angrayib qoldi. Men esa bekat to‘sig‘iga qo‘lim bilan urib qo‘yib, u ayolga eshittirgan holda, ko‘z tegmasin, bular bizning baxtli kelajagimiz, deb qo‘ydim.
Yoshlarimizda bo‘layotgan bunday ma’naviy, madaniy yuksalishni barchamiz birdek his qilyapmizmi, bunga biz kattalar qanchalar tayyormiz?
Rostini aytsam, olti yilcha avval Chexiyada mehmon bo‘lganimda u yerdagi ko‘p narsalar biz, O‘zbekistondan borgan o‘zbeklarni hayratga solgan edi. Shulardan biri, tog‘li yerda sayr qilib yurganimizda har biri salkam kishining ikki mushti kattaligidagi olmalar birorta bargi qolmagan daraxt shoxlarida bir donasiyam nobud bo‘lmagan holda oltinday tovlanib turardi. Yo‘l boshlovchimizdan nega bu olmalar terilmagan, yeb bo‘lmaydimi yoki boshqa siri bormi, deb so‘ragan edik, u bir-ikkitasini olib yeb ko‘ringlar-chi dedi. Bir amallab ikkita olmani pastga tushirishni uddaladik. Olmalar sovuq yeb, mazaga to‘yinar va Chexiyada hech kim ko‘chadagi daraxtda turgan g‘uj-g‘uj mevalarga daxl qilmas ekan.
O‘sha safarda meni ajablantirgan voqealardan yana biri — biz, yo‘l boshlovchi chex hamrohimiz bilan keta turib uzoqdan 50-60 chog‘liq odamlar kelayotganiga ko‘zimiz tushdi. Shunda yo‘l boshlovchimiz: “Bu kelayotganlar nemis sayyohlari. E’tibor beringlar, ularning har biri sizlar bilan omonlashib o‘tadi. Sizlar ham javob qaytarishni unutmanglar”, deb bizni ogohlantirib qo‘ydi. Haqiqatdan ham shunday bo‘ldi. Turnaqator bo‘lib kelayotgan nemis sayyohlarining barchasi biz bilan ham qo‘l harakati, ham so‘z orqali omonlashib o‘tishdi. Havas qildim, lekin asli bu bizning xalqimizga ham xos bo‘lgan odat emasmi? Shunga o‘xshash go‘zal odat, axloqni professor Fozila Sulaymonova o‘zining “Sharq va G‘arb” asarida yoritganidek, G‘arb o‘ziga tarbiyat ilmidagi ilg‘orlik va komillikni Sharqdan tayyor holda o‘zlashtirib olmaganmi?
Yoshlarini tushungan xalq baxtlidir. Yoshlariga quloq tutish — kelajakka quloq tutishdir. Yaqinda bir tanishimni aeroport yaqinida kutishimga to‘g‘ri keldi. Men o‘tirgan o‘rindiqdan sal naridagi kursi ustiga kimdir ham savob yo‘lida, ham bir oz pul ishlash maqsadida shahar telefon tarmog‘iga ulangan apparatni quygan ekan. Ushbu telefon yoniga yoshi oltmishlardan oshgan bir notanish hamshaharimiz keldi-da, kimgadir qo‘ng‘iroq qila boshladi. Men u telefon apparatidan ko‘pam uzoqda bo‘lmaganim uchun beixtiyor o‘sha kishining telefondagi so‘zlarini eshitdim. Suhbatdan yodimda qolganlari quyidagilar: «...hey, sen o‘zi, qanday tarbiya ko‘rmagan bolasan? Senga kim ekanim, otimning nima qizig‘i bor? Chaqir dedim, onangnimi, otangnimi...” Nahot u kishiga telefon simining narigi yog‘ida turgan bolakay yoki qizaloqqa o‘z ismini aytish shunchalar malol kelgan bo‘lsa? Kishi shunchalar ham kibrli bo‘ladimi? Axir u bolakay ota-onasiga ularni telefonga chaqirayotganini yetkazganida, ular uni “kim ekan” degan savolga tutishi hammamizga kundek ravshan-ku. Odobni odobsizdan o‘rgan, deydi donolar. Lekin bunday “muallim”likni hech kimga ravo ko‘rmas edim.
Global Industry Analysts analitik kompaniyasining ekspertlari jahon nanotexnologiyasi olamida Yaponiya, AQSh, Yevroittifoq mamlakatlari peshqadam, degan axborot tarqatdi. Bunga aynan ushbu mamlakatlar nanotexnologiyaning rivojiga eng katta miqdordagi investitsiyalar ajratishni rejalashtirgani sabab bo‘ldi.
Ushbu masala hozirgi kunda barchani, ayniqsa, yoshlarni qiziqtirayotgani bejiz emas. Albatta, nanotexnologiya so‘zini hozirgi paytda eshitmagan odam jahonda kam topilsa kerak. Lekin bundan to‘rt yilcha muqaddam qator oliy ta’lim va o‘rta maxsus bilim yurtlari muallimlariga nanotexnologiya sohasida ma’ruzalar qilganimda ularda bu sohadagi tushunchaning sayozligi meni ko‘p ajablantirgan edi. Hammasidan ham ajablanarli tomoni, Kimyo-texnologiya instituti muallimlarida ham bu sohada bilim sayozligi va qiziqish sustligi bo‘ldi. Internetda ham Fanlar akademiyamiz yoki uning biror bir instituti, oliy o‘quv yurtlari bu xususda churq etishmayapti. Bu hol yoshlarimizni bezovta qilishi turgan gap. Ushbu holatga qarab men mamlakatimiz o‘zining maxsus “Nanotexnologiya” jurnalini o‘zbek tilida chop etishi zarur degan xulosaga keldim. Ko‘pincha yoshlarimiz yoki ular bilan bevosita ishlaydigan tashkilotlarning ba’zi xodimlari bilan muloqotda bo‘lganimda: “Bizning respublikamizda nanotexnologiya sohasida qanday ishlar olib borilyapti, yoshlarimiz ushbu savol bilan bizga ko‘p murojaat etishadi, lekin kimdan, qaerdan javob topishni bilolmay qiynalib qolyapmiz”, degan gaplariga duch kelaman. Haqiqatdan ham yoshlarimizda fan olamida bo‘layotgan olamshumul jarayonlarga qiziqish yuqori.
Hali xalqimizning ko‘plab Sodiq, Ubay, Toshmuhammad, Sa’di, Habib, Hamid o‘g‘lonlari, Zarifa, Zulfiya qizlari olamni lol qoldiradi. Ularga Nobel mukofotlari o‘zi yalinib keladi. Ular xalqimizni, xalqimiz ularni, albatta, sharaflaydi. Bu kunni yaqinlashtirish uchun biz kattalar yoshlarimizga doimo yelkadosh bo‘lsak, ularni tushunishga intilsak bo‘lgani.
“Turkiston” gazetasi, 2009 yil 31 yanvar