Maqolamiz Mashrab va “Mabdai nur” asari muammosiga oiddir. Bu masalaga ikki sababga ko‘ra to‘xtaldik. Avvalo, Herda Henkel jamg‘armasi bilan Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti xodimlari hamkorligida qo‘lyozma asarlar elektron katalogini tuzishda “Mabdai nur”, “Kimyo” va “G‘azaliyoti eshon Mashrab” kabi she’rlar to‘plamiga duch kelib, ularni aniq va batafsil tavsiflash zarurati paydo bo‘ldi. Ikkinchidan, “Mujaddidiylarning Buxoro xonligi ma’rifiy hayotida tutgan o‘rni” mavzusidagi tadqiqotda Ro‘ziboy Mashrab mujaddidiylar safida uchradi.
“Mabdai nur” asari hamda Ro‘ziboy Mashrabga doir ilmiy adabiyotlarga murojaat qilganimizda qariyb yuz yildan buyon davom etib kelayotgan, biroq hanuz uzil-kesil yechimi topilmagan muammoga duch keldik. “Mabdai nur” muallifi kim? Barcha tadqiqotchilar hozirgacha shu savolga javob qidirgan ekan.
Bu masalani birinchi bo‘lib ilmiy doiraga olib kirgan va uni muammo sifatida ko‘tarib chiqqan mutaxassis professor V.A. Vyatkin edi. U 1923 yili chop etilgan “Farg‘onalik darvesh – Devonai Mashrab” nomli ilmiy maqolasida Boborahim Mashrab hayoti va ijodiga keng to‘xtaladi. Ishida “Mabdai nur” Boborahim Mashrab asari ekaniga shubha bildiradi. Ilk bor u “Mashrab bitta emas, kamida ikkita bo‘lishi kerak” mazmunidagi ilmiy farazni ilgari suradi. Ikkinchi Mashrab ham birinchisi bilan zamondosh, u ham Ofoq xojadan ta’lim olgan va Namangan, O‘sh yoki O‘zgand tomonlarda yashagani taxmin qilinadi. Bu ikkinchi Mashrabni tanish uchun tashlangan ilk qadam edi.
Oradan yetti yil o‘tib, 1930 yil yanvar oyida professor Abdurauf Fitrat matbuotda “Mashrab” maqolasini e’lon qiladi va Vyatkin fikrlarini butunlay rad etadi. U Boborahim Mashrab hayoti va ijodi yuzasidan katta, ancha muvaffaqiyatli tadqiqotni amalga oshirgandi. Biroq Fitratning o‘zbek adabiyotida Mashrab taxallusli yana bir shoir borligidan bexabarligi ham shu maqolada bilinib qoladi.
Ro‘ziboy Mashrabni ilm ahli va adabiyot muxlislari tanishi uchun yana yigirma to‘qqiz yil kerak bo‘ldi. 1959 yil 14 fevral kuni Po‘lat Qayumov “Mabdai nur”ning bir nusxasida(11119- raqamli qo‘lyozma) “Oldimga kel” radifli g‘azalni uchratib, Ro‘ziboy Mashrabni kashf qiladi. Ko‘p o‘tmay, o‘sha yili akademik G‘afur G‘ulom 9251-raqamli boshqa bir qo‘lyozmada xuddi shu g‘azalni va “oldimga kel” radifli muxammasni topadi va ular asosida “Ikki Mashrab” nomli maqola tayyorlab, 12 iyul kuni “Qizil O‘zbekiston” gazetasida chiqaradi. Shu tariqa, Hofiz Ro‘ziboy ismli yana bir Mashrab o‘zbek adabiyotiga kirib keladi va “Mabdai nur”, “Kimyo” asarlari unga tegishli ekani rasman tan olinadi.
Lekin ba’zi tadqiqotchilar bu masalaga ko‘proq aniqlik kiritishga urinardilar. Ulardan biri Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi Abdulla Nosirov edi. U ushbu muammo ustida o‘n yilcha (1964 — 1975) bosh qotirgan va uni yoritish maqsadida mazkur asarlarning 19 qo‘lyozma nusxasini to‘plagan. Ularning ko‘chirilgan joyi va yilini aniqlashga intilgan, “Qissai Mashrab” matni bilan qiyoslagan. Masalaga yondashuvda manbashunos sifatida to‘g‘ri yo‘l tutgan. Faqat Ro‘ziboy Mashrab haqida ma’lumot topolmagani sababli ishni oxirigacha yetkazmasdan yarim yo‘lda to‘xtaydi va tadqiqotini: “Ehtimol, Ro‘ziboy “Mabdai nur”dan yod olib-olib, hofizlik qilib, “Mabdai nur”ni diliga jo qilganligi haqida ham xonishlar qilsa kerak, degan fikrlarga ham kelib qo‘ydim,” degan taxmin bilan tamomlaydi. Ayni damda “Mabdai nur”ning Boborahim Mashrabga tegishli ekanini ham isbotlay olmaydi.
Shu tariqa, 1959—1990-yillar oralig‘ida adabiyotshunoslikda “Mabdai nur” va “Kimyo” Ro‘ziboy Mashrab asari ekani to‘g‘risidagi qarashlar ustuvor bo‘ldi.
Bu sohadagi tub burilishlar 1990 yildan boshlandi. Jaloliddin Yusupov Mashrabning “Mehribonim qaydasan” kitobiga qo‘shib, “Haqiqiy Mashrabni izlab...” nomli maqolasini ham chop etadi. Unda ikkala Mashrab tarjimai holiga e’tibor qaratiladi. Muallif Ro‘ziboy Mashrab haqida: “3692-inventar raqamli qo‘lyozma “Mabdai nur” 1263 hijriy, 1820 melodiy yilda ko‘chirilganligiga e’tibor berilsa, bu yillarda Hofiz Ro‘ziboy 9-10 yoshlardagi o‘spirin bo‘lgan deyish mumkin va uning bu yoshda Jaloliddin Rumiyning tasavvufiy “Masnaviy”sini turkiy tilda sharh etib, “Mabdai nur” kabi yetuk bir asar yozganligi ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, degan xulosaga keladi. (Bu yerda ko‘rsatilgan 1263 sanasi nashrda noto‘g‘ri bosilgan, aslida 1236 yil yozilishi kerak edi. “Mabdai nur” asariga bag‘ishlangan maqolamizda bu masalaga yana alohida to‘xtalamiz.) Biror ilmiy tushuntirish va izohlarga ega bo‘lmagan bu fikr, negadir, keyingi 20 yil mobaynida ko‘pchilik tadqiqotchilar uchun asos ma’lumotga aylandi.
Taniqli mashrabshunos Muhsin Zokirov o‘sha yili “Mashrab oldidagi gunohlarim”, deya tavba qilib, “Yosh leninchi” gazetasiga maqola yozdi. U o‘z maqolasida Boborahim Mashrab asarlarini noto‘g‘ri talqin etgani va shular qatorida “Mabdai nur” va “Kimyo” asarlarini nohaq ravishda Ro‘ziboy Mashrabniki, deb aytgani uchun kechirim so‘radi. Bu chiqishlar o‘quvchilar ommasida kuchli taassurot qoldirdi. Jumladan, voqeaning bunday tus olishi professor Ismatulla Abdullaevni ham to‘lqinlantirib yubordi va u kishi mazkur asarlarning Boborahim Mashrabga tegishli ekanini matbuotda isbotlashga tushib ketdi. Maqolalarining ko‘pchiligida “jabrdiyda” Mashrab adabiy merosi haqida gapiriladi. (Holbuki, sovetlar davrida o‘zbek mumtoz adabiyoti vakillaridan juda kamchilik shoirlargina Mashrab singari sho‘rolarning jo‘shqin olqishiga sazovor bo‘lgan edi.) Tadqiqotchining bu asarlar Boborahim Mashrabniki bo‘lishini juda istayotgani yozganlarida yaqqol ko‘rinib turadi.
Umuman, 1990—”O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil yillar mashrabshunoslikda yangi davr bo‘ldi. Bu davrning bugungi faollaridan biri Mo‘min Hoshimxonovdir. U J.Yusupov va I.Abdullaev qarashlarini quvvatlaydi. Biroq bu tadqiqotchilar Ro‘ziboy Mashrab hayoti va ijodiga doir biror muhim ilmiy yangilik olib kirmagan yoki bunga deyarli e’tibor qaratgan ham emas.
Bu vaqt oralig‘ida, Ro‘ziboy Mashrab nomi adabiyotshunoslik sahnasidan yana ancha chetga surilgandek bo‘lsa-da, yangi tadqiqotlar davom etayotgandi. 1997 yili P. Ravshanov, O. Ravshanov, M. Husenov hamkorligida “Hofiz Ro‘ziboy Mashrab” nomli kitob bosilib chiqdi. Ushbu asarda mualliflar Ro‘ziboy Mashrab hayoti va ijodini batafsil yoritishga harakat qiladilar. Shunga qaramay, adabiyotshunoslik maydonida qariyb bir asrdan beri osilib turgan muammoning asosiy jihatlari bu ishda ham ochilmay qoladi. Ro‘ziboy Mashrab hayotiga oid og‘zaki rivoyatlar va ular asosida yuzaga kelgan ortiqcha talqinlar tadqiqotchilarni muammo yechimidan uzoqlashtirib ketadi.
2000 yili Germaniyaning Berlin shahrida “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasida XVIII—XIX asrlarda yozilgan tasavvufga oid qo‘lyozma asarlar ro‘yxati” nashr etildi. Unda “Mabdai nur” va “Kimyo” asarlari muallifi deb Ro‘ziboy Mashrab ko‘rsatilgan. Ammo izidan mualliflik masalasi bahsli ekani alohida ta’kidlanadi.
Xullas, ilmiy adabiyotlar va birlamchi manbalarning dastlabki tahlili muammoning 1990 yildan oldingi davrlarga qaraganda ham ortiqroq chigallashganini ko‘rsatdi.
* * *
Juda chuqurlashib ketgan yirik va bunday murakkab muammo yechimini gazetada bir urinishda hal etib bo‘lmaydi. Shu sababli ikki qismdan iborat mazkur maqolada Ro‘ziboy Mashrab hayoti va ijodi bilan bog‘liq faqat ba’zi tarixiy ma’lumotlarni ko‘zdan kechiramiz.
Mashhur “darig‘” radifli tarkibband va “Oldimga kel” muxammasi shoirning tarjimai holi hamda “Mabdai nur” asari haqida xabar beruvchi ilk ishonchli manbalar hisoblanadi. Muammo yechimiga olib boruvchi kalavaning ikki uchi ham ular bo‘lsa, ajabmas...
Bu she’riy asarlar tadqiqotchilarga yaxshi tanish. Shu paytga qadar ularni har kim har xil talqin qilishga urindi. Aslida Ro‘ziboy Mashrab hayotining ayrim muhim jihatlari “darig‘” radifli tarkibbandning ikkita bandida qisqa va lo‘nda bayon etilgan. Ishni shu yerdan boshlaymiz. Shoirning ta’kidlashicha, uning birinchi ustozi mulla Yormuhammad ismli ko‘zi ojiz bir kishidir. Ilmiy-tadqiqot va adabiyotlarda bu shaxs haqida deyarli ma’lumot uchramaydi. Poyon Ravshanov uni oddiy bir ziyoli kishi, qishloq mullasi bo‘lsa kerak, deb taxmin qiladi. Shoirning o‘zi esa, bu ustozi to‘g‘risida “Tarkibbandi Hofiz Ro‘ziboy” (O‘zR FA ShI 5735-2-raqamli toshbosma) asarida shunday yozadi:
Bor edi bir shayx guyo ul manga mavlo edi,Ismi poki Yormuhammad, sohibi taqvo edi,Guhari ko‘zidin nihonu ilmga daryo edi,Koni Sohibzodadin chiqqan durri yakto edi.Ham azal bog‘ida bir sarvi baland, bolo edi,O‘zi qori erdi mulla, diydasi a’mo edi.Pok tab’u ham raso va oshiqi shaydo edi,Xavfi Haqdin yig‘lag‘an shari’ ahliga ustod edi,Jumla bir-bir yerni ostiga jo bo‘ldi darig‘.Bu she’riy parchadagi “Koni Sohibzodadin chiqqan durri yakto edi” satri shu paytgacha tadqiqotchilar e’tiboridan chetda qolib kelmoqda. Aslida shu bitta satrda mulla Yormuhammad hayoti yashirindir. Satrdagi Sohibzoda nimani anglatadi? —Sohibzodaning juda katta koni, boyligi bor. Yormuhammad esa, shu konning(yoki xazinaning) tengsiz durlaridan biri... Sohibzoda kim? Birlamchi manbalarda u to‘g‘rida biror ma’lumot uchraydimi?
Ha, Sohibzoda nomini bir qancha manbalarda uchratish mumkin. Tarixda asosan ikki kishi shu nom bilan atalgan. Ularning birinchisi Miyon Fazl Ahmad va ikkinchisi — uning o‘g‘li Miyon G‘ulomqodir Sohibzodadir. Ulardan birinchisi Buxoro va ikkinchisi Qo‘qon xonligida yashagan mujaddidiy shayxlar edi.
Miyon Fazl Ahmad ko‘proq As-Sohib nomi bilan mashhur bo‘lgan. Ba’zi manbalarda unga nisbatan ham Sohibzoda atamasi ishlatilgan. U Amir Shohmurod Buxoro taxtiga o‘tirgach, mulla Safar Xorazmiy mujaddidiy vafotidan so‘ng uning bosh piriga aylanadi. Taxminan, 1786—1801 yillar atrofida Buxoroda yashab, tariqatda o‘z maktabini yaratgan. U naqshbandiya sulukining Hindistondagi Sirhind tarmog‘i vakili, ya’ni mujaddidiy-naqshbandiy edi. Sulukdagi faoliyatining ko‘p qismi Lohur viloyati va Siyolkot shahrida kechgan. Nasab jihatidan Mujaddidi Alfi Soniy shayx Ahmad Sirhindiy avlodi hisoblanadi. Uning Miyon as-Sohib nomi bilan shuhrat qozonishiga bir tomondan shu sabab bo‘lgan. U o‘z davrida juda ko‘p so‘fiylarni tarbiyalagan. Buxoro davlati hukmdori amir Shohmurod ular qatorida edi. Miyon Fazl Ahmad she’riyatni juda qadrlagan, o‘zi ham asarlar yozib qoldirgan.
Biz kimligini aniqlamoqchi bo‘lgan mulla Yormuhammad xuddi shu Miyon as-Sohibdan tariqat ilmini o‘rganadi va ustozining ko‘rsatmasi bilan Qarshiga qaytadi. Mulla Yormuhammadning Miyon as-Sohibdan ta’lim olganini boshqa qo‘lyozma manbalar ham tasdiqlaydi. Mir Fazlulloh Toshkandiyning “Shajarai aliya naqshbandiya” asarida xalifa Yormuhammad Nasafiy ismi ustozi Miyon as-Sohibning ilg‘or muridlari qatorida qayd etiladi. Ro‘ziboy Mashrab dastlab Abdurahmon an-Nasafiy Dahbeddan Qarshiga ko‘chib kelgunga qadar shu ustozidan ta’lim oladi.
Xalifa Yormuhammad Nasafiyning Ro‘ziboy Mashrabga ota tomondan xesh ekani haqida Qamashi qishlog‘idan og‘zaki rivoyatlar eshitdik. Aytishlaricha, u mazkur qishloqda yashagan ekan. Lekin qabristonda u kishining qabri yo shunga o‘xshash biror belgi topilmadi. Qishloq ahlida ham biror yozma ma’lumot saqlanib qolmagan. Shu sababdan hozircha bu rivoyatlarni ishonchli, deyish qiyin. Lekin tadqiqotlarda ularning ham foydasi tegib qolishi mumkin.
Demak, mavjud ma’lumotlardan xalifa Yormuhammad Nasafiy 1790 —1795 yillar atrofida mujaddidiya-naqshbandiya tariqatining murshidi sifatida Qarshi, Koson, Kasbi hududlarida faoliyat boshlagani ma’lum bo‘ladi. Ro‘ziboy Mashrabning “etti yoshdan behazrat emam” satrlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, shoir xuddi o‘sha 1790 — 1800 yillar oralig‘ida undan ilk tariqat sabog‘ini oladi. 1800 — 1801 yillari Qarshiga uning bo‘lajak ikkinchi ustozi ko‘chib keladi.
Bor edi shab to sahar bedor ham pokiza xo‘,Shayx Siddiq erdi oti, nisbati erdi neku.O‘tti olamdin, qolibdur nisbat o‘g‘lig‘a neku,Shuhrati olamni tutti, qildi har kim orzu.Ul aziz Dahbeddin ko‘chti, qilib Qarshiga ro‘,Ziynati shari’ tariqat, masjid ichra shari’ jo‘.Abdurahmon maxdum oti quddus ollohu ruhu,Azmi uqbo ayladi, tarixin etsang justujo‘,Ming ikki yuz oltmish erdikim fano bo‘ldi darig‘.Abdurahmon maxdum to‘g‘risida nima bilamiz? Ilmiy adabiyotlarda u kishining “Dahbeddan Qarshiga ko‘chib borgan eshon” hamda “h. 1260 yilda vafot etgan”ihaqidagi qayduchraydi, xolos. 2005 yilning bahor paytida qarshi shahri tarixiy obidalarini o‘rganayotganimda u kishining qabriga duch keldim. Abdurahmon maxdum xonaqohi qo‘rg‘oncha mahallasida joylashgan ziyoratgoh ekan. Bu tarixiy majmua tarkibida xonaqoh, minora, Buxoro hovuzlariga o‘xshash hovuz, xonaqohning shimoliy tarafida kichikkina qabriston va qadimiy hujralarning qoldiq izlari bor edi.
Abdurahmon maxdum qabrida arab tilida mujaddidiya-naqshbandiya silsilasi bitilgan tosh saqlanib qolgan ekan. Matndan bir parcha tarjimasini keltiramiz:
“U mujaddid edi. Naqshbandiya xirqasini otasidan, u zamon qutbi hazrat Musoxon xoja Maxdumi A’zamiydan, u Obid rahmatullohdan, u otasi shayx Abdulahaddan, u otasi shayx Miyon Muhammad Sa’iddan va u otasi maqtovlar egasi suyuklisi shayx Miyon Ahmad ar-Rabboniydan olgan edi. Ularga Ollohning jannati nasib etsin.
Qabri nurga to‘lgur, marhum shayx qutblar qutbi saxovat egasi mahbubi, shayxul komil shayx Muhammad Siddiq Naqshbandiy ad-Dahbediyning farzandidir. Sana 1270”.
Bu ma’lumotlar “darig‘” tarkibbandidagi ma’lumotlarni tasdiqlash bilan birga uni to‘ldirib ham kelmoqda. Faqat maxdumning vafoti sanasida farq bor. Abdurahmon an-Nasafiy vafoti h. 1264 yil deb ko‘rsatilgan manbalar ham uchraydi. Biz ular orasidan qabrtoshidagi h. 1270 sanani (m. 1853-1854) qabul qildik. Endi maxdumning silsilasiga e’tibor beraylik.
Xuddi tarkibbanda aytilgandek, Abdurahmon maxdum otasi shayx Muhammad Siddiqdan ta’lim oladi. Jumaquli Urgutiyning ta’kidlashicha, xalifa Muhammad Siddiq shayx Sayyid Muso xoja Dahbediyning ikkinchi xalifasi bo‘lgan. Xalifa Xudoyor vafotidan so‘ng u ustozining o‘g‘li Xonxoja bilan birgalikda irshod masnadiga o‘tiradi. Uning davrida mujaddidiya tariqati dovrug‘i yana-da oshib ketadi. Shayxning suyukli odatlaridan biri ibodatdan keyin Qur’oni karim tilovati, uning izidan biror shirali ovozga ega va yoqimli ohangga solib o‘qiy oladigan hofizga “Masnaviyi sharif”ni o‘qitish edi. Undan so‘ng o‘zi Maxdumi A’zamning “Risolai sam’oiya” asarini o‘qib, uning mazmunini o‘tirganlarga sharhlab berarkan. Bu risolada rahmoniy va shaytoniy ohanglar, sam’oning xosiyati, ohanglardan bahramand bo‘lish yo‘l-yo‘riqlari kabi holatlar haqida gap boradi. Jumaquli Urgutiy 20 yoshida qisqa fursat ushbu shayx xizmatida bo‘ladi.
Xalifa Siddiq h. 1210 yili (m.1795-1796) vafot etadi (Tarixi Xumuliy. O‘zR FA ShI 37-5- raqamli qo‘yozma). Uning qabri Dahbeddagi shayxlar qabristonining shimoliy tarafida, bog‘lar orasida joylashgan. Shogirdlaridan xalifa Husayn, Zokirxoja shayxulislom Namanganiy va Abdurahmon maxdum (o‘g‘li) uning ishlarini davom ettirib, o‘z davrida shuhrat qozongani bir qancha manbalarda qayd etilgan.
Xalifa Siddiqning piri shayx Sayyid Muso ibn Sayyid Iso xojani Jumaquli Urgutiy “anvari olam va qandili jahon”, deb ta’riflaydi. U tog‘asi Mirzo Muhammad Qoratog‘iy tavsiyasi bilan Hindistonga shayx Miyon Muhammad Obid xizmatiga boradi. Ayrim manbalarda esa, u Mirzo Joni Jonon bilan tanishib qolib, “shayx Miyon” huzuriga borgani naql qilinadi. Ro‘ziboy Mashrabning bu silsilasi ham shu tariqa Hindistonga, Sirhind maktabiga borib tutashadi.
Xalifa Siddiq vafotidan keyin Musoxon Dahbediyning uchinchi xalifasi Muhammad Amin Dahbediy irshod masnadiga o‘tiradi. U o‘z davrida Eshoni Pir laqabi bilan mashhur edi. Abdurahmon maxdum bir-ikki yil uning xizmatida bo‘ladi. Amir Haydar taxtga o‘tirgach, 1800 — 1801 yillardan so‘ng Eshoni Pirni Buxoroga chaqirtirib oladi. Bu paytda Abdurahmon maxdum Qarshiga ko‘chib o‘tgan edi. Ro‘ziboy Mashrab kechi bilan(agar oldinroq bo‘lmasa) 1805-yillardan so‘ng 20 yoshlar atrofida uning xizmatiga keladi. Abdurahmon an-Nasafiyning shogirdlaridan uch nafari — Abdurahmon Buviy, mulla Toshmuhammad Bo‘stoniy, Hofiz Ro‘ziboy Mashrab tarixda ma’lum va mashhurdir. Toshmuhammad Bo‘stoniy avval Muhammad Amin Dahbediydan ta’lim olgan. Ustozi h. 1229 yili (1814) vafot etadi. Shundan so‘ng u Qarshiga Abdurahmon an-Nasafiy xizmatiga boradi va bir qancha vaqt undan tariqat ilmini o‘rganadi. Bu paytda Abdurahmon maxdum allaqachon “an-Nasafiy” nisbasi bilan shuhrat qozongan va Ro‘ziboy Mashrab 30 yoshlarda edi. U umrining so‘nggi davrlarini Nasaf viloyatining Qamashi qishlog‘ida o‘tkazgan. Bu yerda uning qabri saqlanib qolgan. Ustida quyidagi ta’rix bitilgan tosh bor:
Sohibi sang mulla Ro‘ziboy, Ummati Ahmad ast, abdi xudoy. Gasht marhum u bo amri RahimSor ta’rixi “g‘afuran” vurudo.(Tosh egasi mulla Ro‘ziboy, Ahmad ummati, quli xudoy. Rahim amri-la, bo‘ldi marhum,Ta’rixhi “g‘afuran”daduro.)“G‘afuran” so‘zini raqamga aylantirsak, undan h. 1287 yil kelib chiqadi. Bundan Ro‘ziboy Mashrab kamida 1871 yilning birinchi choragida 80-85 yoshlarida vafot etgani va tug‘ilgan yili 1785 — 1790 yillarga to‘g‘ri kelishi ma’lum bo‘lmoqda. Sohibzodaning bebaho duri aslida uning o‘zi edi...
Endi shoirning “Oldimga kel” muxammasini varaqlaymiz. O‘tmishda bir qancha mashhur shoirlar 10 —15 yoshidan badiiy yetuk she’rlar yoza boshlagani haqida ko‘p naqllar uchraydi. Agar ikki ustozining tariqatdagi faoliyati va “Mabdai nur” asarining ilk nusxalaridan biri hijriy 1239 yili(1824) ko‘chirilganini hisobga olsak, Ro‘ziboy Mashrab taxminan 1795 — 1805 yillardayoq o‘zbek tilida she’rlar yozganini e’tirof etishga to‘g‘ri keladi. Suhbatlarda ayrim mashrabshunoslar “U sira “Mashrab” taxallusini qo‘llamagan, yozgan she’rlariga Hofiz Ro‘ziboy deb imzo chekkan” deganlarini eshitdim. XX asr adabiyotshunosligida esa uni asosan “Mashrabi Soniy”, ba’zi hollarda “Mabdai nur” taxallusli shoir, deya atashdi. Bir-biriga butunlay ters bo‘lgan bunday qarashlarga aniqlik kiritishning iloji bormi? O‘zbek mumtoz adabiyotida Ikkinchi Mashrab rostdanam mavjudmi? Agar bo‘lsa, uning adabiyotdagi o‘rni qanday? Keyingi paytlari nega bu mavzuda ziddiyatli va shubhali, mavhum ma’lumotlar ko‘payib bormoqda?
Bu muammo yechimiga Hofiz Ro‘ziboyning “oldimga kel” radifli g‘azali va muxammasi orqali yo‘l topishga urinib ko‘raylik. Ularning qo‘lyozma nusxalari 1870 yildan keng tarqalgan va aynan shu she’rlar XX asr o‘rtalarida “Mabdai nur” muammosi hal etilishiga sabab bo‘lgan edi. Ushbu tadqiqotda O‘zR FA ShI, 4566(1870-1871), 9251-5(1873 yil, 18 sentabr), 11119 (1890-1891) — raqamli nusxalar matniga tayanib ish ko‘ramiz.
Bizgacha bu borada P. Qayumov, G‘. G‘ulom, M. Zokirov, J. Yusupov, I. Abdullaev, P. Ravshanov kabi mutaxassislar o‘z fikrlarini aytgan. Ular orasida J. Yusupov va I. Abdullaev boshqalarga qarshi boradilar. Jumladan, J. Yusupov shunday yozadi: “Olimlar “Mabdai nur” va “Kimyo” Hofiz Ro‘ziboy asari ekanligini isbotlash maqsadida uning “Oldimga kel” radifli muxammasini namuna sifatida keltiradilar. Haqiqatan ham, bir qarashda muxammasda bayon etilgan “Mabdai nur” va “Kimyo” “Zohir ismi Ro‘ziboyyu Mavlaviy o‘g‘lum degan” Mashrabi Soniyning qalamiga mansub ekan, degandek xulosa keltirib chiqaradi. Ammo u sinchiklab o‘rganilsa, boshqacha xulosa berayotgandek ko‘rinadi. Fikrimizcha, Mashrabi Soniy bu asarlarni yod olgan ko‘rinadi (“Siynayi pokimga jodur kulli sharhi Masnaviy”). Shuningdek, bu asarlar Mashrabi Soniy ancha keksaygan yillarida uning qo‘liga tushgan(“Vaqti oxir oshkora bo‘ldi bu Mabdai nur”).
I. Abdullaev salafi fikrlarini davom ettiradi: “G‘afur G‘ulom xulosa qilib, “Demak, Boborahim Mashrab “Mabadi nur” avtorligidan xolis bo‘ldi”, deb yozadi. Mulla Ro‘ziy yuqoridagi she’rida sharh qilib o‘zbek tiliga aylantirilgan “Mabdai nur”ni qalbiga jo qilib, yodlab olganini, bu kitob “Masnaviy” Jaloliddin Rumiy baytlarining sharhi ekanligini yozyapti. Shu sharhni men yozganman, degan gap yo‘q-ku!”
Ularning xulosasiga qo‘shilib bo‘ladimi? “Hofiz Ro‘ziboy 1810 yillardan keyin tug‘ilgan”, degan tushuntirishga ega bo‘lgan taqdirda ham o‘quvchi muxammas matni bilan to‘liq tanishgandan so‘ng bu sharhlardan qanoatlana olmaydi.
Muxammasda muallifning tarixiy shaxsiyati hamda ijodi yoritilgan. Unda tasavvufiy iboralar talaygina va oddiy o‘quvchi uni birdan tushunishi osonmas. U 20 band — 100 satrdan iborat, 11-bandidan shoir shaxsining tarixiy jihatlari yorqinroq ko‘rina boshlaydi.
Kecha kunduz erurman yaxshilar payravi,Bul sababdin haq manga yetkurdi holo Ma’naviy.U ergashgan (payravlik qilgan) yaxshilar zohiran xalifa Yormuhammad va Abdurahmon an-Nasafiy edi. Ustozlari tarbiyasi tufayli u Haqning lutfiga erishadi. Tangri unga “ma’naviy” in’om etadi. Bu so‘zga ikki tushuncha singdirilgan. Birinchisi —ma’siyatlardan qutulish imkonini beruvchi va Haq huzuriga eltuvchi oshiqning sarguzashtlarga boy mashaqqatli yo‘li; ikkinchisi — Jaloliddin Rumiyning “Masnaviyi ma’naviy” asaridir. Ro‘ziboy Mashrab o‘zining botiniy olamini unda topadi. Masnaviylar vositasida bir umr uni sayqallaydi. Ijodi hayotga, hayoti ijodga aylanadi. Ustozlari bu devonai darveshning harakatlarini kuzatadi, zavqlanadi. U Mavlaviy Rumiy izini qadam-baqadam takrorlashga harakat qiladi. Bu izlardan ilohiyot raqsi paydo bo‘lardi... Keyingi jumlalar tasvirni kengaytirib, ochib boraveradi.
Sahli pand aro tiyma, nodoni ey mardi qaviy,Siynayi pokimga jodur kulli sharhi masnaviy,Oyati “Toho” talab bo‘lsang, mani oldimga kel.“Masnaviy sharhi” mazkur satrlar sohibining qalbiga bus-butun joylashib olgan. Nima, u “Masnaviy sharhi”ni yodlab olganini aytib maqtanayaptimi? Nega o‘quvchi “Toho” oyatini Ro‘ziboydan so‘rashi kerak?
Qur’onning 20-surasi “Toho” oyati bilan boshlanadi va nomlanadi. Sura Muso payg‘ambar, uning birodari Horun va zolim Fir’avn o‘rtasidagi kurash, isroil qavmining Tangri yo‘lini topishda duch kelgan sargardonliklari kabi juda qiziqarli, ibratli hikoyadan iboratdir. “Toho” surasi ruhiyati “Mabdai nur” asarining o‘q ildizini tashkil etadi. Uning zabardast tanasi, tarvaqaylab ketgan shoxlari, ilohiy ohanglarda tebranib turgan son-sanoqsiz yaproqlari shu o‘q ildizdan obi hayot oladi. Asarda Muso payg‘ambarga oid juda qiziqarli rivoyatlar keltiriladi. Muallif Musoga cheksiz yaqinlashib boradi. U orqali Tangrining ovozini eshita boshlaydi. Bu yaqinlik uni sarmast etadi... Qalb yaralari malhami — “sahli pand” shu tariqa kashf qilinadi. U “Mabdai nur” asarining yana bir nomidir.
Lutf aylab, haq manga bildurdi asrori nur,Injili Isoyu ham Tavrot, Furqon, Zabur,Boradurman charx urub, mastona suyi ko‘yi Tur,Misli Muso nurdin qilg‘an aso dastimgadur,Rozi-ul-axfo talab bo‘lsang mani oldimga kel.Ro‘ziboy “Mabdai nur” va o‘zining unga qanchalik aloqadorligi haqida keyinchalik turli savollar bo‘lishini oldindan bilgandek, buni o‘zi tushuntiradi:
Sarguzashtimdan eshit, avval xudo ochdi yo‘lim,Bir kecha uyqumga hozir bo‘ldi Mavlonayi Rum,Og‘zima og‘zin qo‘yub, dam berdiyu oldi qo‘lim,Munshiyi ziyo-ud-dinman, g‘arqi daryoyi ulum,Sar xati imlo talab bo‘lsang, mani oldimga kel.“Mabdai nur” Jaloliddin Rumiyning asari emas. Lekin nega Ro‘ziboy Mashrab bu asar muallifini alqashdan ko‘ra, hadeb “Mavlaviy Rumiy” deyaveradi? Asarning boshdan oxirigacha “Mashrab”, “Mashrabi sho‘rida”, “Mashrabi devona”, “Mashrabi shaydo” “Mabdai nur” satrlarini yelkasida ko‘tarib keladi. Nima uchun shoir hech bo‘lmaganda muxammasning biror o‘rnida Boborahim Mashrab nomini tilga olmaydi? U “Mabdai nur”ning muallifimi, muxammasning bosh qahramonlaridan biri ham u bo‘lishi kerak. Ro‘ziboy bu asarni yodlab oluvchi bo‘lganda Boborahimga ming bor qulluq qilmasmidi! Aksincha, u: “Sar xati imlo talab bo‘lsang, mani oldimga kel”, deb turibdi. Manbalarda “sar xati tariqat” jumlasi tez-tez uchraydi. Bu — tariqat sir-asrori egasi, tariqatning barcha “ko‘chasini” biladigan, sulukda mukammallikka yetishgan, bosh rahbar, qutb, g‘avs kabi bir qancha ma’nolarni o‘zida jamlovchi ibora, atamadir. “Sar xati imlo” ham shu singari beqiyos mahorat ila o‘zlikni satrlarda namoyon qila olish, ijodning eng oliy va nozik pardalariga qadar ko‘tarila bilgan kimsaga nisbatan qo‘llanadi. Bu maqomda Oshiq bulbuligo‘yo bo‘lib, Ma’shuqning barcha sifatlarini vasf eta boshlaydi... Sar xati imlo – biror asarni yodlab oluvchining emas, buyuk ijodkorning sifatidir. Ya’ni u olmaydi, beradi. Ijodkorlar jamoasining darg‘asidir. Ro‘ziboy biror ko‘zga ko‘rinarli asar yozmagan bo‘lsa, bu gaplarni aytishga qanday jur’at etayapti?
Muxammasning bu bandida Mavlaviy Rumiy bo‘lajak davomchisining tushida paydo bo‘ladi va uning og‘ziga og‘zini qo‘yib, o‘zidagi barcha irfoniy ilhomni unga o‘tkazadi. Uning asroridan Ro‘ziboy ishq sharobi to‘ldirilgan “jom” — “Mashrab”ga aylanadi. Boborahimga Ofoq xoja “Mashrab” deb ism qo‘ygan bo‘lsa, Ro‘ziboy bu nomni Jaloliddin Rumiy tufayli oladi. U “o‘z”ini qalbidagi ilm to‘lqinlari bag‘rida ko‘radi. Dindan taralayotgan ziyo ummonini o‘sha “o‘z”i izmiga solish quvvatiga ega bo‘ladi. U endi din ziyosi munshisi, ziyo esa uning satrlaridir. Bu satrlar Rumiy “Masnaviyi ma’naviy” asarining sharhi “Mabdai nur”ni dunyoga keltiradi. Bularning barchasi Rumiyning xayrli duosi sababli sodir bo‘ladi. O‘quvchi bu muxammasdagi shaxsni “Mabdai nur”da ham ko‘rishi mumkin.
Shukrkim mahbubi haqman mustafo o‘g‘lim degan,Murtazo engim tutub, bul meni farzandim degan,Ko‘zi ko‘r jondin boqib, jonononi ko‘rdim degan,Zohir ismim Ro‘ziboyu Mavlaviy o‘g‘lum degan,Mashrabi Soniy talab bo‘lsang, mani oldimga kel. Vaqti oxir oshkoro bo‘ldi bul “Mabdai nur”,Zohiru ham botinim tolibga yetkurgay surur,Sharhi bayti masnaviy Mavlaviy Rumiy budur,Avliyolar nisbati holo mani dastimgadur,Zohiri a’mo talab bo‘lsang, mani oldimga kel.Ro‘ziboy Mashrabga “Mabdai nur” umrining oxirlarida, keksaygan paytida “oshkora” bo‘lib, u Jaloliddin Rumiy muxlisiga aylangan, degan fikrni hayotga tadbiq etib ko‘raylik.
Avvalo uning ustozlari masnaviyxonlar edi. Ayniqsa, Abdurahmon an-Nasafiy “Masnaviyi ma’naviy” misralari belanchagida katta bo‘lgandi. Shunday holatda uning eng taniqli shogirdlaridan biri Ro‘ziboy Jaloliddin Rumiyni keksaygan bir paytda tanishi va tasodifan uning qo‘liga “Mabdai nur” asari tushib, bu asarni yod olishini tasavvur qiling. Shoir 11-bandda “Siynayi pokimga jodur kulli sharhi masnaviy”, deya xabar berib, uning sabablarini ko‘rsatgandi. Muxammasning oxirgi — 20-bandida “Mabdai nur” asari o‘sha masnaviy baytlari sharhi ekani va uning olamga oshkor bo‘lgani, ya’ni yozib tugallanganini alohida ta’kidlamoqda.
Yana bir qiziq holat. Ro‘ziboy Mashrab qabri bilan yonma-yon ikkita qabr turibdi. Ularda shoirning farzandlari yotibdi. Ularda ham yozuvli tosh bor. Unga yaqinroq joylashgan qabr ustidagi toshga “Domulla Jaloliddin valadi domulla Ro‘zi. Sana h. 1317”, deb yozilgan. Demak, Jaloliddin maxdum otasidan 28 yil keyin m. 12.05.1899 — 01.05.1900 yili vafot etgan. P. Ravshanov aytganidek, bir necha avloddan beri bu xonadon ahli 90 yoshdan ortiq umr ko‘rib kelgan bo‘lsa, u 1809—1810 yillari tug‘ilgan bo‘lib chiqadi. Naql qilinishicha, Jaloliddin maxdum oilada to‘ng‘ich o‘g‘il, ammo bosh farzand emas. Mayli, bu sana haqiqatdan bir necha yilga farq qilsin. Biroq bu yerda bizni qiziqtirgani Ro‘ziboy Mashrab o‘g‘liga Jaloliddin deb ism qo‘yishidir. Bu ham tasodifmi? Undan keyingi toshda esa, “Shamsiddinboy valadi mulla Ro‘ziboy” yozuvi bor. Vafot yili ko‘rsatilmagan. Bu toshlarda qarindoshlikdan tashqari yana g‘aroyib tarixiy bog‘liqlikni ko‘rish mumkin. Ro‘ziboy Mashrab — Jaloliddin Rumiy — Shamsiddin Tabriziy. Bulardan “Oldimga kel” muxammasi Ro‘ziboy keksaygan paytida shunchaki yodlab olgan asarini boshqalarga bildirib qo‘yish uchun yozgan she’rga o‘xshamayapti. Hatto shu toshlar ham bir kun kelib Mavlaviy Rumiy Ro‘ziboy Mashrabni o‘g‘lum deganini tasdiqlash uchun guvohlikka qolgandek. Ular abadiy sukunat aro “Mabdai nur” ohanglari bilan yashamoqda...
“Oldimga kel” muxammasi 1865 yildan keyin yozilgan va “Mabdai nur”ning yakuniy qismidir. Agar u asar oxirida alohida beriladigan muxammaslar qatoriga qo‘yilsa ajratib bo‘lmay qoladi. Xuddi bir jinsli modda singari ular o‘zaro qo‘shilib ketadi. Undagi ruhiyat takrorini “Mabdai nur”dagi “Hikoyati bir Amiri boehtiyot” hikoyasida ham ko‘rish mumkin.
“Oldimga kel” g‘azali “Mabdai nur” asarining asosiy matni ichida kelgan nusxalar ham uchraydi. Ish jarayonida agar ushbu muxammasdagi har bir so‘z atroflicha tahlil etilsa, undan “Mabdai nur”ning yana bir nusxasi hosil bo‘lishiga shubham qolmadi. Ro‘ziboy Mashrab o‘zining “Oldimga kel” kemasi bilan hozir ham Mabda nuri ummoni dunyosida suzib ketayotgandek...
Shunday qilib, endi qanday yakuniy xulosa chiqarsak bo‘ladi? O‘zbek mumtoz adabiyotida yana bir Mashrab borligini tan olish kerakmi? Agar Ro‘ziboyning mazkur she’rlariga ishonadigan bo‘lsak, Mashrab rostdanam bitta emas, ikkitadir. V.A. Vyatkinning kutilmagan shubhasi to‘g‘ri bo‘lib chiqdi va yana bir Mashrab kashf etildi. Agar u shubha o‘rinsiz bo‘lganda, qanchalik axtarilmasin, ikkinchi Mashrab hech qaerdan topilmasdi. Akademik G‘afur G‘ulom va domla Po‘lat Qayumovni qanday sababga ko‘ra xato qilganlikda ayblaymiz? Barchaning boshini qotirib, mavhum bo‘lib turgan ikkinchi Mashrabni topgani uchun malomat qilamizmi? Aniqlagan va foydalangan manbalari ko‘rsatilgan joyida aytganlaridek turibdi. Mutaxassislar ularni istalgan zamonda, shu makonda taftish etishi mumkin. Bu ma’lumotlar qachon bo‘lmasin kimga duch kelsa, baribir ular kabi fikr bildirgan bo‘lardi. Qaytaga, shu kichikkina tadqiqot davomida professor I.Abdullaevning xatolarga yo‘l qo‘ygani ma’lum bo‘lib qoldi.
Ro‘ziboy “Mashrab” taxallusi bilan ijod etmagan bo‘lsa, uning bisotida shu 1 g‘azal, 1 muxammas va 1 tarkibbanddan o‘zga yana nima qoladi? Hozirgacha mazkur uch she’rdan tashqari, Mashrab taxallusi bilan bog‘liq g‘azallarda Mashrabi Soniy nomiga ham duch kelmadik. Ammo Mashrabi Shaydo ayrim g‘azallar tarkibida uchrashi, “Darig‘” tarkibbandining “Solih sohibnazar Mashrab mulla Ro‘ziboy” singari satrlar bilan yakunlanishi bundan keyin ikki Mashrab masalasiga yangicha va jiddiyroq ilmiy yondashuvni taqozo etadi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, biz oddiy muammo qarshisida emasmiz. Biroq bu she’rlar mazmuni “Mabdai nur” asari haqiqatan Ro‘ziboy Mashrabga tegishli, deyishga bizni majbur etadi. Bu fikrlar hozircha kalavaning ikki uchi — “Darig‘” tarkibbandi va “Oldimga kel” muxammasining qisqacha tahlili doirasidagina shakllangan ilk xulosalarimizdir.
Abdusattor Jumanazar,
O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 36-38-sonidan olindi.