O‘zbek matnshunosligining ildizi teran. Turkiy tilda matn tuzish an’analari yuzaga kelibdiki, uning bilan izma-iz matn bilimi (matnshunoslik) ham eviga kela boshlagan; matn tuzishning yo‘l-yo‘riqlari, printsiplari va nazariy asoslari ishlab chiqilib, fan sifatida yuzaga kelgan edi.
O‘zbek matnshunosligi o‘zining tarixiy taraqqiyoti davomida bir qancha yuksaluv bosqichini kechirdi. Ilkin bosqichi VI–VIII yuzyilliklarga to‘g‘ri keladi. Uning izlarini, matnga ilmiy munosabat, tayanch hamda asosli matn tuzish borasida to‘plangan bilim va tajribalarning amaldagi tadbiqini xoqonlar, davlat arboblari, sarkardalar xotirasiga bitilgan ko‘hna monumental matnlarda — ko‘k turk bitiglarida kuzatamiz. Ko‘k turk bitiglari o‘tganlarning xotirasiga tiklangan yodgorliklar bo‘luviga qaramay, ularda matn tuzishning aniq printsiplari ishlab chiqilgan edi. Qiziq bir hodisa: adib va tarixchi Yo‘llug‘ tigin 732 yili, otasining topshirig‘iga ko‘ra, amakisi Kul tigin xotirasiga atab bitig yozgan. Oradan ko‘p o‘tmay, 735 yili o‘z otasi Bilga xoqon xotirasiga atab o‘rnatilgan bitigni yozishda ham xuddi o‘sha yo‘lni tutgan: hatto birinchi bitigdagi matnning katta bir bo‘lagini olib, uni tahrir qilib, ikkinchi bitigga ham kiritgan. Yo‘llug‘ tiginning matnshunoslikdagi yutuqlaridan biri shunda ediki, u tarixiy matn tuzish printsiplarini ishlab chiqdi. Ulug‘ adib boshlab bergan an’ana keyingi davrlarda ham davom etdi.
Matnshunoslik tarixida temuriylar davri katta bir yuksalish bosqichi sanaladi. Bu davrda o‘zbek matnshunosligida klassik asarlarni o‘rganish va ularning tayanch nusxalarini yaratish borasida katta yutuqlarga erishildi. Matnshunoslik tarixida ilmiy-tanqidiy matn tuzish tamoyillari ana shu kezlari ishlab chiqildi. Bunga Boysung‘ur mirzo qo‘l ostida Firdavsiy “Shohnoma”sining tanqidiy matni yaratilganligi o‘rnak bo‘la oladi. Matn so‘zboshisini ham Boysung‘urning o‘zi yozgan edi. Yoki Xo‘ja Arslonxon qo‘l ostida, uning ko‘rsatmasi bilan Adib Ahmad Yugnakiy qalamiga tegishli “Hibat ul-haqoyiq” asarining yig‘ma matni yaratildi. Ushbu tayanch matnni 1444 yili Samar qandda Zaynulobidin baxshi uyg‘ur xatida tuzib chiqqan. Asarning qolgan nusxalari esa ushbu tayanch matn asosida yaratilgan.
O‘tmish matnshunosligining diqqatga sazovor muhim belgisi — an’anaviylik va uzluksizlik, shu sohada to‘plangan bilim va ko‘nikmalar amalda qo‘llab kelingani bilan o‘lchanadi.
Hozirgi zamon matnshunosligi o‘tgan asrning 30-yillaridagi suronli davrlardan keyin yangidan, aytish mumkinki, yo‘q yerda bo‘y ko‘rsatdi. Shunday esa-da, oz fursatda fanning ilg‘or yutuqlarini egallab, katta mavqega ko‘tarilib ulgurdi. Matnshunosligimizda o‘tgan davr ichida katta ishlar amalga oshdi. Quvonarlisi, hozirgi o‘zbek matnshunosligi, ayrim yo‘nalishlarda, amaliy sohalarda, arab yozuvli manbalarni o‘rganishda yetakchi o‘rinda turadi. Biroq matnshunosligimiz bu yutuqlarda to‘xtab qolmasligi, har qachon ham dunyodagi ilg‘or o‘rinlarni egallamog‘i kerak. Eski va boy yozma merosga ega bo‘lgan xalqning matn bilimi ham shunga yarasha bo‘lmog‘i lozim. Tinimsiz izlanishlar, hozirgi zamon matnshunosligining ilg‘or yutuqlariga tayanilgan bilim va tajribalargina soha kelajagiga yo‘l ochadi. Buning uchun, bizningcha, quyidagi jihatlarga e’tibor qaratilgani ma’qul.
O‘zbek matnshunosligi deganda faqat arab yozuvidagi qo‘lyozma manbalarni o‘rganish tushunilmasligi kerak. Uning qamrovi nihoyatda keng: bunga ko‘k turk yozuvidagi bitiglardan tortib uyg‘ur, moniy va islomdan burungi davrlarda boshqa yozuvlarda yaratilgan matnlarni o‘rganish ishlari ham kiradi. Shunday ekan, ota-bobolarimiz islomdan burungi davrlarda yaratgan bitiglarni o‘rganish, ularning ilmiy nashrlarini yaratish ham muhim ishlardan sanaladi. Afsuski, bu yo‘nalishda bitiglar ustida ish olib borayotgan, asl bitiglarni o‘qib, ular bo‘yicha ilmiy-tadqiqot yaratayotgan olimlarimiz barmoq bilan sanarli.
Eski zamonlarda O‘rta Osiyo o‘lkalarida qadimgi xorazmiy, sug‘d, forsiy, arab tillarida yaratilgan manbalarni o‘rganish, ularning ilmiy nashrlarini, tarjimalarini yaratish ham o‘zbek matnshunosligining vazifasiga kiradi. Bu yo‘nalishda matnshunoslikda ko‘zga tashlanadigan ishlar yaratildi.
O‘zbek matnshunosligining oqsayotgan jihatlari ham oz emas. Bu kamchiliklar, ayniqsa, ilmiy matnlar yaratish jarayonida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shularning biri, ilmiy transkriptsiya masalasidir. Mutaxassislarga ayon, ilmiy yoki ilmiy-tanqidiy matn tuzishda eng to‘g‘ri va ishonchli yo‘l — matn asli qanday yozuvda bo‘lsa, uni o‘sha yozuvida berishdir. Masalan, arab yozuvli asarning ilmiy matni ham arab yozuvida bo‘lgani yaxshi. Lekin har qachon ham, ayniqsa, qadimgi ko‘k turk, uyg‘ur, moniy yozuvlaridagi bitiglarning ilmiy nashrida buning imkoni topilavermaydi. Tugunning yechimi uchun ilmiy transkriptsiyaga murojaat qilinadi.
Yevropa matnshunosligida ilmiy transkriptsiya allaqachon yaxshi egallangan. Ayonki, fanda ilmiy transkriptsiyada tayyorlangan matnning mavqei, qadri har qachon yuqori turadi. Transkriptsion nashrlar ilmiy qarashlarning yaqinlashuviga, intellekt rivojiga yo‘l ochadi. Biz esa, har qanday yozma merosning ilmiy nashri transkriptsiyada bo‘luvi kerakligini tushunib yetmagandekmiz. Nashrlarimizda, hatto sof ilmiy ishlarda, doktorlik va nomzodlik ishlarida ham ilmiy transkriptsiyaga ko‘pda amal qilinmayapti. Sovuqqonligimiz yaratgan ishlarimizning dunyo darajasiga ko‘tariluviga yo‘l bermayapti, ba’zida. Bu hol bir kun kelib boshqa tadqiqotlarning yo‘lini to‘sib qo‘yishi ham mumkin. Jo‘ngina bir misol. Til tarixida “olov” ma’nosidagi o‘t bilan “o‘tmak” (fe’l) ma’nosidagi o‘t, yoki “yuqori o‘rin” ma’nosidagi to‘r bilan “tuzoq” ma’nosidagi to‘r so‘zlari bir-biri bilan omonim emas, butunlay o‘zga so‘zlardir. Ularning talaffuzi ham farq qilgan: biri ingichka talaffuz etilsa, ikkinchisi yo‘g‘on o‘zaklidir. Hozirgi yozuvga o‘girayotgan matnshunos, tabiiyki, ularni o‘t hamda to‘r shaklida beradi. Mabodo siz matndagi so‘zlarning sanog‘ini bilish uchun kompyuterga kiritsangiz, kompyuter so‘zlarning yozilishiga qarab, ularni qorishtirib yuboradi, so‘zlarni xato hisoblab chiqadi. Bu esa tarixiylikka zid (Buni o‘zimizcha to‘qib emas, hozirgacha yaratilgan ayrim ishlar misolida aytmoqdamiz). Shu yo‘ldan boriladigan bo‘lsa, qanchadan-qancha so‘zlarni boy beramiz. Transkriptsiyaga amal qilmaslik oqibatida kelib chiqayotgan shu va shunga o‘xshash salbiy holatlar bir dunyo.
Ilmiy transkriptsiyaning foydasi katta: u matn tilini yaxshi aks ettiradi; matn talqinini yengillashtiradi. Matnni ishonchli manbaga aylantirib, u asosida yaratilajak boshqa tadqiqotlarga keng yo‘l ochadi. Qolaversa, uning chet ellardagi ana shu soha mutaxassislari uchun ham tushunarli bo‘luvini ta’minlaydi.
Asarning ilmiy matnini tayyorlash nihoyatda murakkab jarayon. Ilmiy matn yaratishda, ayniqsa, ilmiy-tanqidiy matn tuzishda ba’zan salbiy holatlarga yo‘l qo‘yish hech gap emas. Tabiiyki, har qanday olim matnga o‘zi bilganicha yondashadi. Shunga ko‘ra ham yaratilgan har qanday ilmiy-tanqidiy matn nisbiydir. Matnshunos asarning ikki qo‘lyozmasini solishtirib, o‘zining talqiniga ishonib, to‘g‘risi shunday bo‘lsa kerak, degan o‘y-xayolda uchinchi bir yasama matnni yaratib qo‘ymasligi kerak.
Ilmiy matn tuzishda eng to‘g‘ri va ishonchli yo‘l asarning turli qo‘lyozmalariga asoslanib, uning yig‘ma-qiyosiy matnini yaratishdir. Matnshunos barcha ilmiy qoidalarga asoslanib, ana shunday ilmiy matnni yarata olsa, sohada qalqish bo‘ladi. Ushbu matn asosida boshqa tadqiqotchilar o‘z ishlarini yarata oladilar.
O‘tmish matnchiligining muhim belgilaridan biri shundaki, matn bitguchilar, o‘qimishlilar matn mazmuniga, uning tuzilishi, uslubiga jiddiy e’tibor qaratib kelganlar. Matn tuzish jarayonida o‘zlaridan avval to‘plangan bilim va tajribalarga, klassik an’analarga izchil amal qilingan. Qay zamonda ko‘chirilishidan qat’i nazar, matnni aslidek saqlash kotiblarning burchi sanalgan. O‘tmish Sharq matn tuzish amaliyotida yozuvga, matnga hurmat doimo yuqori edi. Yozma merosni o‘rganishda buning singari qoidalar e’tibordan chetda qolmasligi kerak.
Bizga qadar saqlanib qolgan yozma yodgorliklar, bitiglar turlicha munosabatni taqozo etadi. Ayrim matnlar bir yoki ikki nusxada yetib kelgan, ayrimlarining esa qo‘lyozma nusxalari ko‘p. Ba’zi matnlardan bir varaq yoki kichik bir uzindi saqlangan, xolos. Ayniqsa, buddizm, moniylik davrlaridan qolgan matnlarda bunday holat ko‘p uchraydi. Bunga bir misol. Berlin akademiyasining qo‘lyozmalar fondida Turfondan topib keltirilgan ko‘p sonli yozma yodgorliklar saqlanmoqda. Ular ichida U 0044 soni ostidagi matn uzindisi bor. U moniylik davrida yaratilgan yirik bir asarning qoldig‘idir. Moniylik davridan saqlangan nasriy asarlar u qadar ko‘p emas. Lekin ushbu uzindi-matnning o‘ziyoq moniylik davri adabiyoti janrlari doirasini kengaytiradi, bizni o‘sha asarlar ustida ham bosh qotirishga undaydi.
Ba’zi hollarda qaysidir tarixiy asarda, tazkirada yoki biror ilmiy manbada keltirilgan qisqa ma’lumot ham yirik ilmiy masalani ochishga yordam beradi.
Bir misol. Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” asarida Adib Ahmad hayoti va ijodi to‘g‘risida o‘ta muhim ma’lumotni keltirgan. U mashoyix va adib ijodiga yuksak baho bera turib, uning mavoizidan baytlar keltirgan. Qizig‘i shundaki, “Nasoyim ul-muhabbat”ning fanga ma’lum bo‘lgan qo‘lyozmalarida Navoiy keltirgan baytlarning soni har xil: Sankt-Peterburgda saqlanayotgan qo‘lyozmasida uch bayt, qolgan nusxalarida esa ikki baytdan iborat. Misolini Sankt-Peterburg nusxasidan keltiramiz:
Ulug‘lar ne bersa, yemasmen dema,Ilik sun, ag‘iz ur, yemasang yema.Yana bu ham aningdurkim:
Tilingni tiya tut, tishing sinmasun,Bu turg‘an xaloyiq senga kulmasun.Bu ham aningdurkim:
So‘ngakka iligdur, eranga bilig,Biligsiz eran-ul iligsiz so‘ngak.Mutaxassis e’tiborini tortadigan yeri — uchinchi baytning ikkinchi misrasi qo‘lyozmada Biligsiz eran-ul so‘ngaksiz ilig shaklida berilgan va so‘ngaksiz ilig birikmasining ostiga iligsiz so‘ngak, deb yozib qo‘yilgan. Asarning ilmiy-tanqidiy matnini tuzganda buni baytning ma’nosidan kelib chiqib, Biligsiz eran-ul iligsiz so‘ngak shaklida tiklansa to‘g‘ri bo‘ladi.
Yana bir jihati, asarning M. Mirzaahmedova tayyorlagan Toshkent nashrida hamda K. Eraslon tuzgan Istanbul nashrlarida yuqoridagi baytlarning birinchi va uchinchisi keltirilgan, ikkinchisi yo‘q. Chunki ular asoslangan tayanch nusxada shunday.
Yanada muhimi, Navoiy keltirgan baytlarning ikkinchi va uchinchisi Adib Ahmadning “Hibat ul-haqoyiq” asarida bir oz o‘zgargan ko‘rinishda uchraydi. Lekin birinchi bayt asarning bizga ma’lum bo‘lgan tayanch va eng to‘liq nusxasida ham yo‘q. Demak, Navoiy ushbu baytni Adib Ahmadning bizga ma’lum bo‘lmagan pand-nasihat ruhidagi boshqa bir asaridan olgan. Manbadagi bu misol adabiyotshunoslarimizga yana bir vazifani yuklaydi: Adib Ahmad Yugnakiyning ijodi to‘g‘risida fikr yuritganda o‘sha bizga yetib kelmagan asari ham ko‘zda tutilmog‘i kerak bo‘ladi.
Endi e’tiboringizni “Abushqa” lug‘atida keltirilgan muhim bir ma’lumotga qaratamiz. Lug‘at muallifi klassik ijodkorlarning asarlarida qo‘llanilgan so‘zlar qatorida sig‘naq so‘zini tilga oladi. Lug‘atchi so‘z ma’nosini izohlar ekan, u muayyan yozuvning oti ekanligi, Zahiriddin Bobur o‘z g‘azallaridan birida uni tilga olganligini ta’kidlaydi va g‘azalning o‘sha baytini misol keltiradi. Lug‘atda berilishi shunday:
Sig‘naq — bir nav xatdur, Chig‘atoyda xatt-i boburiy va g‘ayri kibi-ke, Bobur mirzo ash’orinda kelur. Bayt:
Xublar xatti nasibing bo‘lmasa, Bobur, ne tong,
Boburiy xati emasdur, xat-i sig‘naqiymudur.
Ilk manbada tilga olingan sig‘naq istilohi, chamasi, o‘rta asrlar Sirdaryo bo‘yidagi turk madaniy markazlaridan biri bo‘lgan shahar otiga bog‘lanadi. Ana shu o‘lkada qo‘llanilgan yozuv shunday atalgan bo‘luvi mumkin.
Sig‘naq xatining namunalari hozircha ma’lum emas. U qadimgi turkiy yozuvlardan biri bo‘luvi kerak. Aniqlangunga qadar bu masala ochiq qola tursin. Biroq, nima bo‘lganda ham, bu o‘rinda o‘zbek yozuvi madaniyati tarixidagi unutilgan ikki xat — boburiy va sig‘naq yozuvi to‘g‘risida ma’lumot keltirilmoqda. Biz uchun shunisi muhim. Lug‘atdagi ana shu ma’lumotning o‘zi ham yozuv madaniyati haqidagi bilimlarimiz chegarasini kengaytiradi.
Matnni nashrga tayyorlash jarayonida uning talqini, interpretatsiyasi ham o‘ta jiddiy sanalib, mutaxassisdan katta bilim va teran mushohadani talab etadi. Qadimgi turkiy matnlarni talqin qilish chog‘ida tilning tarixiy taraqqiyoti davomida so‘zlar, birikmalarda kechgan ma’no o‘zgarishlarini, uslubiy o‘lchovlarda yuz bergan farqlarni yodda tutmog‘imiz kerak. Burungi me’yorlar hozirgi o‘lchovlarga to‘g‘ri kelavermaydi. Matnning murakkab uslubi, so‘z ma’nolari ba’zan asarni tadqiq etayotgan mutaxassislarni ham chalg‘itadi. Hozirgi zamon nashrlarida ayrim so‘zlar, so‘z birikmalari, iboralarning xato talqin qilinayotganligining sababi ham shunda. Bunga bir misol keltiramiz.
Qadimgi Budda muhitida yaratilgan “Oltin tusli yorug‘” asarida og‘a-ini tiginlar qissasi berilgan. O‘sha qissada kichik tiginning bars qarshisiga kelib, o‘zini qurbon qilish oldidagi holati tasvir etiladi. O‘sha yerda bek qatig‘ sav so‘zladi, degan jumla bor. Buni S.Ye. Malov rus tiliga: “ochen silno(gromko) vosklitsaya, skazal (gromkimi) golosami”, deya tarjima qilgan. Sutraning o‘zbekcha nashrida esa ushbu birikmani “juda qattiq so‘z so‘zladi”, deb beradilar.
Shu o‘rinda matnda berilgan birikmaning ma’nosini ko‘rib chiqsak. Qadimgi turkiy tilda sav — “so‘z” degani. Birikmadagi bek so‘zi “mustahkam, qattiq” ma’nosini beradi, qatig‘ so‘zi ham ayni tushunchada, ularning ikkovi birgalikda, juft so‘z ko‘rinishida — “o‘ta qattiq” ma’nosini anglatadi. Biroq u matnda sav so‘zining sifati vazifasida qo‘llanilgan. Shuning uchun ko‘chma ma’noga ega: so‘zga nisbatan “yashirin, ko‘ngilning tub-tubidagi”, degan tushunchani beradi. O‘z o‘rnida u istilohga aylanmoqda: bek qatig‘ sav — ko‘ngil tubiga yashiringan so‘zlar, ya’ni “tilak”, “duo”ni bildiradi.
Ana shularga tayanib, talqinda yuqoridagi birikmani “ko‘ngil tubidagi so‘zlarini so‘zladi [ya’ni niyatlarini aytdi; duo qildi, duosini so‘zladi]” deya talqin etilgani ma’qul. Matnda shundan keyin kichik tiginning tilagi (duosi) ham o‘rin olgan.
Asarning ilmiy matnini tuzish jarayonida asar yaratilgan davr tili, o‘sha davr ijtimoiy-siyosiy tarixi to‘laligicha inobatga olinmog‘i kerak bo‘ladi. Aks holda, matnshunos jo‘n bir yerda chalg‘ishi hech gap emas: o‘sha so‘zni xato o‘qiydi yoki talqinda adashadi. Bunga bir o‘rnak keltiramiz.
Shohrux mirzoning yurtga egaligi chog‘ida uyg‘ur xatida yozdirgan yorliqlaridan biri saqlanib qolgan. Hujjat 1422 yili bitilgan. Uni frantsuz sharqshunosi J. Deni fanga ma’lum qilgan edi; o‘qilishi va mazmunini ham birinchi bo‘lib shu olim keltirgan. Fanga olib kirilgani va birinchi bor o‘qiluvi o‘z zamoni uchun katta kashfiyot. Lekin kamchiligi bor: o‘qilishi va mazmunda ayrim xatolar ketgan. Masalan, olim hujjat boshlamasidagi bir so‘zni to‘yunlarg‘ako‘rinishida o‘qib, frantsuzchada Aux moines(bouddigues)(buddaviy rohiblarga), deya talqin etadi. Uning matni va talqini boshqa olimlarni ham chalg‘itib qo‘ydi. Chunonchi, tarixchi A. Grigorev rasmiy yozmaning boshlamasi to‘g‘risida fikr bildirib: “Shohrux bitigi “budda rohiblariga” qaratilgan. Biroq matn mazmunidan hujjatda berilayotgan imtiyozlar budda rohibiga emas, musulmon ruhoniysiga berilganligi ayon bo‘ladi. Shuning uchun o‘sha kezlari “to‘yun” istilohi buddaviy ruhoniylardan tashqari, boshqa dinga e’tiqod etuvchi kishilarga nisbatan ham qo‘llanilgan bo‘luvi mumkin”, deb yozgan edi. Asl matnga e’tibor qilinsa, boshqa bir manzara: bu so‘zning budda rohiblariga butkul bog‘liqligi yo‘q: u to‘yunlarg‘a emas, devonlarg‘a, deb o‘qiladi. Bu so‘z matn boshlamasining adresati bo‘lib, to‘lig‘i Shohrux bahodur so‘zum devonlarg‘a degan murojaatni anglatadi. Matnni ana shunday o‘qilganda unga munosabat ham o‘zgaradi.
O‘zbek matnshunosligining kelajagi to‘g‘risida bosh qotirish ham hozirgi olimlar zimmasida. Sohaning kelajagini ta’minlamoq uchun yosh kadrlar tayyorlashga e’tibor bermagimiz, bu sohani yoshartirish yo‘lini izlashimiz kerak. Masalaning yechimi oliy o‘quv yurtlarida shu sohani chuqur o‘qitishdan boshlanadi. Shuning uchun oliy o‘quv yurtlarining filologiya va tarix fakultetlarida matnshunoslarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmog‘i kerak. Bu ish, imkon bo‘lsa, bakalavrlik bosqichida boshlangani durust. Magistratura bosqichida esa talaba bu sohani ancha egallab oladi.
Bu borada Toshkent davlat sharqshunoslik institutida katta ishlar qilinmoqda. Mumtoz filologiya yo‘nalishida bakalavrlik bosqichidan boshlab talabalarga ko‘k turk, uyg‘ur, arab yozuvidagi manbalar, ular ustida ishlash, uning yo‘l-yo‘riqlari o‘rgatilmoqda. Shuning bilan birga, institutda arab va forsiy manbalarni o‘rganish ustida ham jiddiy ishlar amalga oshirilmoqda. Muhimi, yoshlarning o‘zi bu sohani qiziqib o‘rganayotir. Institutda ekanligi chog‘ida Sharq qo‘lyozmalarini, eski bitiglarni o‘qib, uning ichiga kirib, ko‘zi pishgan yoshlardan kelgusida yaxshi ishlarni kutsa bo‘ladi.
Qosimjon Sodiqov,
filologiya fanlari doktori, professor,
Qudratulla Omonov,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 34-sonidan olindi.