Har bir xalqning ma’naviyati boshqa xalqlar adabiyoti, san’atidan bahramand bo‘lish tufayli quvvatlanib boradi. Bu borada badiiy tarjimaning ahamiyati beqiyosdir. O‘zbek o‘quvchilari dunyo adabiyoti durdonalaridan ko‘plab namunalarni ona tilida o‘qimoqdalar. Endilikda o‘zbek adabiyotining yaxshi namunalarini jahon kitobxonlariga avvalgidan-da ko‘proq yetkazish mavridi keldi.
Bugungi kunda hukumatimiz tomonidan adabiyot va san’at rivojiga alohida e’tibor berilmoqda. Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarida, “Adabiyotga e’tibor — ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” risolasida bu sohada nimalarga e’tibor qaratish kerakligi juda yaxshi ko‘rsatib berilgan. “Holbuki, biz ma’naviyatimizni yuksaltirish, yoshlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishga intilayotgan ekanmiz, hech qachon o‘z qobig‘imizga o‘ralashib qolmasligimiz kerak.
Qisqacha aytganda, boshqa sohalar qatori adabiyot sohasida ham xalqaro aloqalarni kuchaytirish zarur. Qaysi mamlakatda bizning adabiyotimiz, madaniyatimiz, qadriyatlarimizga hurmat bilan qarashadi, xorijdan biz nimalarni o‘rganishimiz mumkin va, o‘z navbatida, ularga nimalarni taqdim etishimiz mumkin — bugun bu masalalar xalqaro maydonda o‘zligimizni namoyon etishda katta ahamiyatga ega ekanini doimo yodda tutishimiz lozim”, deya ta’kidlaydi Yurtboshimiz (“Adabiyotga e’tibor — ma’naviyatga, kelajakka e’tibor”, “O‘zbekiston”, 2009, 32 — 33-bet). Badiiy tarjima borasida so‘z ketganda “Uzoq yillar davomida o‘zbek adabiyotini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ona tilimizdan tarjima qilib kelgan chet ellik tarjimonlar bilan birga, mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan iste’dodli o‘g‘il-qizlarimizni mana shu mashaqqatli, ayni paytda olijanob ishga jalb etish, bu masalaning yechimi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan tashkiliy-amaliy vazifalarni hal qilishimiz maqsadga muvofiq bo‘lur edi”, deb yozadi Prezidentimiz “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarida (“Ma’naviyat”, 2008, 139-bet).
Keyingi yillarda matbuotimizda bu sohaga e’tibor kuchayib, tarjimashunoslikka oid, tarjima qilingan asarlar saviyasi haqida maqolalar chop etilib turibdi. Jumladan, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 29 iyun sonida “Shaxsiy mulohazalar” ruknida Zuhriddin Isomiddinovning “Kaminaning nomlari...” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi. Taniqli tarjimashunos olim bugungi tarjima ishlari haqida o‘z mulohazalarini bayon qilgani yaxshi. Ammo maqolada ba’zi bir munozarali fikrlar ham yo‘q emas. Avvalo yoshlarimizning tarjimonlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgani haqida gap ketganda aytish joizki, birinchidan, duch kelgan tilni bilgan talaba tarjima bilan shug‘ullanayotgani yo‘q. Shug‘ullanayotganlari o‘zi o‘qiyotgan oliygoh qoshidagi adabiyot to‘garagida faol qatnashayotgan, matbuotda asarlari bilan ko‘ringan, hatto ayrimlari kitobini chop ettirgan talabalardir. Ularga tarjima ishining mashaqqati takror-takror tushuntirilgan, shunda ham o‘z ixtiyorlari bilan bu ishga qo‘l urgan yoshlar. Ikkinchidan, bu tarjimalar til biladigan mutaxassislar tomonidan ko‘rib chiqiladi va o‘sha oliygohda dars berayotgan (yoki elchixona xodimlari yordamida) o‘sha til egasi (vakili) tomonidan tahrir etiladi. “Duch kelgan bir o‘zbekka, sen o‘zbekcha bilasan-ku, kel endi, hikoya yo she’r yoz, asakang ketmaydi desak, qandoq bo‘larkan?”, deb yozadi maqola muallifi. Bunday jo‘n savolni ixlos bilan tarjimon bo‘laman degan yoshlarga berish o‘rinsiz, deb o‘ylaymiz. Chunki iste’dodli odamgina ijod qilishi mumkinligi ayon haqiqat. Agar shu nuqtai nazardan kelib chiqilsa, Qodir Mirmuhamedovdek (Alloh rahmat qilsin) yetuk tarjimonga: “Siz roman yozmagansiz, roman tarjima qilmang!”, deyish kerakmidi? Yana maqola muallif yozadi: “Ehtimol topshirsangiz, bola bir amallab tarjima qilar ham, ammo uni birov badiiy asar sifatida o‘qimaydi. Chunki tarjimonlik o‘ta milliy va ... sartaroshlikka qaraganda ming chandon teranroq narsa”. Tarjimashunosning bu “noyob” o‘xshatishi, yosh tarjimonlarga “bola” deya qarashi nopisandlik emasmi? Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi Xalqaro adabiy aloqalar va badiiy tarjima kengashining diqqat-e’tibori o‘zbek adiblari asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilishga va yosh tarjimonlarni tayyorlashga qaratilgan. Axir, o‘zbek adabiyotining yaxshi namunalarini dunyoga yoyishga rag‘bat ko‘rsatilayotgan ekan, buni qo‘llab-quvvatlash kerakmasmi? Bizda asarlarni jahon tillaridan o‘zbek tiliga o‘girayotgan mohir tarjimonlarimiz bor va yana asliyatdan tarjima qiladiganlar ko‘paymoqda. Tarjimani asliyat darajasiga ko‘targan Mirtemir, Mirzakalon Ismoiliy, Shuhrat domla va boshqa mohir tarjimonlar maktabini davom ettirayotgan Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Ali izdoshlari bo‘lmish yoshlarimiz adabiyotimizning mumtoz namunalarini kerakli darajada jahon miqyosiga olib chiqa olishiga ishonch ko‘zi bilan qarash kerak. Shaxsan men o‘zim bunga ishonaman.
Maqolada o‘zbekning qiyofasini tasvirlagan rus rassomining asari o‘xshamagani yoki L.Solovyovning “Nasriddin afandi Buxoroda” asarida milliy ruh yuzaga chiqmagani to‘g‘ri ta’kidlangan. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: xo‘sh, bir millat vakili o‘zga millatning ruhini badiiy asarda to‘liq aks ettirolmas ekan, unda tarjimani kim qilishi kerak? Nikolaz Baratashvilining “Merani” asari rus tiliga ikki yuz oltmish martadan ko‘proq o‘girilgani qaysi manbaga asoslanib keltirilgan? Boris Pasternakning tarjimasi ham yomonmi? Gruzinlar milliy adabiyotini tashviq qilish uchun bir she’rni ellik nafardan ziyod tarjimonga tarjima qildirgan ekan, demak, bu to‘g‘ri ish bo‘lgan. Qolaversa, har bir avlod muayyan bir asarni yangidan tarjima qilishi mumkin. Shu o‘rinda hazrat Alisher Navoiy asarlarini tarjima qilgan rus tarjimonlarining xizmatini unutmagan holda dostonlaridan istagan boblar tushirib qoldirilganini yoki bo‘lmasa mumtoz adabiyotimizdagi “jigarim kabob bo‘ldi”ni “stal shashlikom”, deb o‘girilganini eslash joiz, deb o‘ylaymiz. Navoiy asarlarining frantsuz tiliga o‘zbek tarjimoni M. Niyozxoniy tomonidan qilingan tarjimalarining o‘zga millat vakillari tarjimalardan kam joyi yo‘q. 2011 yilda “Adib” nashriyotida koreys tilida nashr qilingan “XX asr o‘zbek she’riyatidan namunalar” to‘plami o‘sha yilning 6-7 iyul kunlari Toshkent davlat sharqshunoslik institutida bo‘lib o‘tgan xalqaro quriyashunoslar yig‘ilishida yuksak baholandi. Yana bir tarjimonimiz Begoyim Xolbekovaning o‘zbek shoirlari she’rlaridan namunalarni ingliz tiliga o‘girib chop ettirgan “Qalbim sizga intiladi” kitobi (Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2011) Angliyaning Norvich universiteti mutaxassislari tomonidan yaxshi baholangani ham o‘zbek adabiyoti namunalarini xorijiy tillarga o‘zimiz tarjima qilib muvaffaqiyat qozonishimizga ishonch tug‘diradi. Murtazo Saidumarov arab tiliga tarjima qilib, BAAda nashr ettirgan “O‘zbek hikoyalari antalogiyasi”dagi Tohir Malikning birgina “Ajib dunyo” hikoyasi haqida falastinlik yozuvchi Mahmud Abdulmalik Iyd hayajon bilan yozgan “Ajib dunyo” qissasini o‘qib” maqolasini O‘zbekistonga yubordi (maqola “Jahon adabiyoti” jurnalining 2011 yil mart sonida e’lon qilindi). Demak, o‘zbek tarjimoni milliy adabiyotimiz namunalarini xorijiy tillarga o‘qishli qilib tarjima qilishi mumkin ekan. Nega endi gurjilarning tarjimasi yaxshi chiqmagan, deya cho‘chishimiz kerak.
“Har bir millat o‘ziga nima kerak bo‘lsa, tarjima qilib oladi. Boshqalarga nima kerak ekanini belgilab, uni “etkazib berish”ga urinish shart emas. Dunyo adabiy jarayonida o‘z milliy adabiyoti asarlarini “eksport” qilish tajribasi juda siyrak uchraydi...”, deb yozadi Z.Isomiddinov. Bu gapga ham qo‘shilib bo‘lmaydi. AQShdek qudratli davlat ham 1915 yildan beri Amerika yozuvchilarining asarlarini dunyo tillariga tarjima qilib, bepul tarqatadi. Masalan, “Amerika hikoyalari” to‘plami (Toshkent, 2011) AQSh elchixonasi tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Italyanlar o‘z adabiyotini targ‘ib qilganlarga har yili kattagina grant ajratadi.
Mustaqillik sharofati bilan o‘nlab asarlarimiz turk tiliga tarjima qilindi. “O‘tkan kunlar” tarjimoni A.Batur 40-50 sahifani tushirib qoldirgani yetmagandek, qutidorni sandiqchi, deb tarjima qilgan. Mana sizga “kerak bo‘lsa, tarjima qilib oladi”ning natijalaridan biri. 2006 yil adabiyot bo‘yicha xalqaro Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan turk yozuvchisi O‘rxon Pamuqning “Istanbul. Shahar va xotiralar” kitobini ham ingliz emas, turk millatiga mansub Erdog‘ Go‘knor ingliz tiliga tarjima qilgan.
Bugungi globalashuv jarayoni tezlashayotgan bir davrda intellektual boyliklarni ham eksport qilish tabiiy holga aylanmoqda. Bu haqda mazkur gazetamizda yaqinda chop etilgan Abduqayum Yo‘ldoshning maqolasiga («O‘zAS», 2012 yil, 23- son) ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak.
Z.Isomiddinov maqolasida aytilgan, oliy o‘quv yurtlaridagi xorijiy til va adabiyot fanlarini o‘qitish soatlar haqidagi fikrlarga ham qo‘shilib bo‘lmaydi. Oliy ta’lim bakalavr va magistr bosqichlaridan iboratligi yaxshi ma’lum. Talabalar bakalavriyat jarayonidayoq tilchi va adabiyotchilarga ajratilib, ularga maxsus kurslar o‘tiladi. Qolaversa, ayrim oliy uquv yurtlarida tarjimashunoslik fakultetlari ham bor. Ularga o‘rganilayotgan mamlakat folkloridan boshlab, to hozirgi adabiy jarayongacha (2-,3-,4-kurslarda) o‘qitiladi. Magistratura bosqichida esa tilshunoslar tilga oid fanlarni, adabiyotshunoslar, asosan, adabiyotga oid fanlarni o‘rganadilar (500 soatga yaqin). Masalan, o‘rganilayotgan mamlakat(xitoy, hind va boshqa) adabiyotining nazariy masalalari, poetikasi, adabiy oqimlar va hokazolardan saboq beriladi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ish boshlagan yosh tarjimonlar seminari bugungi kunda keng tarmoq yoyib, O‘zMU, ToshDShI, O‘zJTDU, SamDChTI, QarDU, UrDU va boshqa oliy o‘quv yurtlari qoshida yosh tarjimonlarning muntazam seminarlari tashkil etilib, iqtidorli talabalarni alohida guruhlarda shug‘ullantirib kelinayotir. Yoshlar ishtiyoq bilan ezgu ishga qo‘l urganda, ularning qo‘lini ishdan sovutmagan ma’qul, bizningcha. Maqola muallifining tanqidiy fikr aytishiga hech kim qarshi emas, lekin tanqid asosli bo‘lishi kerak. Qolaversa, muallif mazkur mavzuda o‘zining o‘rinli takliflarini ham aytishi lozim. Afsuski, maqolada amaliy taklif yo‘q. Yoshlar orasidan kelajakda yaxshi tarjimonlar chiqishiga umid bilan qarab, shu yo‘lda harakat qilishning nimasi yomon? Axir, o‘zga millat vakili o‘zimizdek tarjima qilib berolmasa, biz ularga talab trajasida yetkaza olmasak, unda kim tarjima qilishi kerak? Olma pish og‘zimga tush deb o‘tiraversak, bizga birov chetdan kelib yordam beradimi?
Adhambek Alimbekov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima kengashimas’ul kotibi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 27-son