OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ahmad A’zam. Meni istagan she’riyat (2012)

Keyingi paytlari Faxriyor, Abduvali Qutbiddin, Bahrom Ro‘zimuhammadni ko‘p o‘qiyman, ularning nima demoqchi ekanini to‘lig‘icha tushunaman desam, uydirma bo‘lar, lekin ta’sirlanaman. Mutolaada xayolim ochilib, boshqa, qandaydir ishora makonlarga ketib qoladi, ko‘nglim boshqa bir dunyoga sayrga chiqqandek, bir oz taajjubda qarayman: nimalar ekan bu deb. Shu ta’sir — fikrimni mehvaridan chiqarib, tasavvurimni o‘zga xiyobonlarda va o‘zga biyobonlarda ham sayr qilishga yetaklagan ta’sir she’rning yangiligi quvvatidan bo‘lsa kerak. Tashbehma-tashbeh anglamagan holimda ham mubhamlikni o‘zimga yaqin olib, ochib qarashga intilaman, to‘g‘rirog‘i, she’rning o‘zi shunga da’vat qiladi, faqat chorlamaydi, so‘z kuchi bilan o‘sha jozib sirlarga tortaveradi.

Abduvalining o‘zimga eng tushunarli, hamma so‘zi oydindek to‘rt satrida tin olib ko‘raman:

Qafasdagi bedana...
Chumchuqlar shoxlardan shoxlarga o‘tarlar...
Olmani teshib chiqar qurt...
(osmon keng.)

“Osmon keng” qavsga olinib, yana nuqta ham qo‘yilgan — osmonni to‘sishmi, u tuynukdan ko‘rinayaptimi yo kenglikning kichik bir bo‘lagi — bog‘ ustidagi parchasiga ishorami? O‘ylayman, bir to‘xtamga kela olmayman. Bedana qafasda, ha, bu Sharq, Sharq bedanasiz bo‘lmaydi; bedana faqat Sharqda qafasda asraladi, chumchuqlar shoxdan shoxga sakraydi, qurt esa olmani teshib chiqayapti — bu keng osmon ostida ko‘p narsalar bo‘layapti, uning bag‘riga hamma narsa – hayotning harakat suvratlari sig‘adi. Men bu to‘rtlikni o‘zimcha shunday anglay boshlayman. Bu anglashim to‘liq emasligini, she’rda boshqa ishoralar borligini ham tuyib turaman.

Bahromning bir she’rini o‘qiyman:

Qurbaqa kelin hovuzning tinch joyiga
Ikki-uchta qizil yaproq to‘shab qo‘yadi
Suv ostidagi yaltiroq toshning
Nuri bilan tozalaydi yaproqlarini
Bedana sayrog‘ini supurgi qilib
Supurib chiqadi suv betini

Tinish belgilari yo‘q, she’r to‘xtamsiz davomiy, o‘qib o‘ylayman; o‘yimni tushunib olay deb, o‘zim to‘xtam qilayapman. Bu tanish, jo‘n manzara zamirida nimalar bu? Qurbaqaning hovuzning tinch joyiga qizil yaproq to‘shashi... hovuzning tinch joyi, qizil yaproq, tag‘in bu yaproqlarni suv ostidagi yaltiroq tosh nuri bilan tozalaydi, bu hovuzda aks etgan quyoshdir, balki... “Bedana sayrog‘ini supurgi qilib” — bu ham manzara-tashbeh, ham manzara-timsol. Balki bilmayotgandirman, lekin bilmagan holimda nimaga tasavvurimni jonlantirib yuborayapti, qandaydir yaqin, to‘g‘rirog‘i, tanishga o‘xshagan ohanrabo bo‘yoqlar bilan sirlangan tuyg‘ularga jalb qilayapti?

Tabiat bag‘riga chiqqanda ko‘zingiz quvnasa, ko‘rgan manzarangizni tushunishga urinmaysiz-ku. Tushundim deganingiz bilan ham tushunishingiz tabiatni o‘zgartirmaydi. Siz uchun muhimi va keragi uning ta’siri: yengil shabada, yoqimli iforlar, qushlar sayrog‘i, moviy osmon, u hatto moviy bo‘lmasligi ham mumkin, bulutli bo‘lsa ham, undan zavq topa olasiz, undan fikr axtarmaysiz, fikr o‘zingizda uyg‘onadi. Tabiat sizni uyg‘otadi, she’r ham shunday. Modern she’rni tushunishga urinsangiz, uni o‘qib, xayolingizni o‘ziga qo‘yib bering, dunyosini o‘zi yaratadi — sizga kerakli, siz anglaydigan dunyoni.

REKLAMA

olmaga asalari qo‘nmoqda
Daraxt tanasiga tushgan qurt gapiradi
Endi asalarilarning zamoni
Asalarilar jamiyatga ziyon yetkazmaydilar
Asalari qo‘nadigan olmalarni xarid qiling

Yana tinish belgilari yo‘q, men o‘ylashda davom etaman, nimalarnidir izlayapman, ko‘rmagan narsalarimni paypaslab, ko‘z oldimga keltirayapman, nimaligini bilmaganim tuyg‘ular qayoqqadir o‘tib kelayapti.

Bahrom biz qaramagan chumolini xayolan qo‘liga olib, turli tomonidan qarab ko‘radi, yana xayolan: mabodo odam emasmi bu, sher bo‘lsa-chi, birdan yuragimga changal ursami, uning hayqirig‘idan yeru ko‘k larzaga tushar edimi, men bu chumoli muhabbatiga arziymanmi... Shu tariqa uni har ko‘yga solib, o‘ylab qaraydi, ya’ni bizni o‘ylatadi; chumoliga har tarafdan baho berishga, uni turli o‘lchamlarda ko‘rishga undaydi; bir mo‘‘jaz jonzot misolida qanday yashayotganimizni idrok etishga chorlaydi, sodda bir bilgilar bilan, o‘zi ham ajablangan bo‘lib bizni ajablantiradi...

Misol keltirayotganim shoirlar keyingi yigirmayillikda shakllangan katta bir she’riyat oqimining yetakchi vakillari, bu yangi oqimda nomi unda-bunda tilga olinib, matbuot va kitob savdosi sabab, keng kitobxonlar ommasining o‘z shoiriga aylanishi qiyin kechayotgan Aziz Said, Shamshod Abdullaev (milliy motivlarda ruscha yozadi), Go‘zal Begim, Rauf Subhon, Bektemir Pirnafasov, Oydinniso kabi yana bir qancha ijodkorlarimiz bor — ular, shubhasiz, dunyoga yangicha qarash, ramz, tamsillar orqali uning ko‘rinmagan manzaralarini ko‘rsatish, badiiy tafakkurning xos o‘zanlarini ochish bilan umuman adabiyotimiz kelajagining o‘zgachalik poydevorini tiklagan so‘z shaydolari...

Men bu she’riyatni chanqab o‘qiyman. U fikrimning qurib qotgan, qaqroq zaminiga tomchilaydi, singishi qiyin; namlik berishi, gul undirishi mumkin bo‘lgan tomchilar, qat’iy, o‘jar uyg‘onish azobidan rohat beradigan undashlar.

Menga u yangi, o‘qib qiynalaman, nimalarnidir ko‘rayotgandek, nimalarnidir yaxshi paypaslayotgandek bo‘laman, go‘zal bir tusmollar ichida qolaman, aniq ko‘ra olmasam-da, go‘zalligi dilimga inadi.

Bu yangi avlod, bu yangi fikr — menga tusmolligi ham bor gap, chunki men eski o‘lchamlar bilan chamalab ko‘rayapman, mening qarichim bu manzarani o‘lchashga mos emas. Ayni paytda ko‘nglim talabida o‘zim ko‘nikkan manzarani so‘rash ham bor.

Tobora husniga husn qo‘shilib
Tobora ochilib bormoqda bu gul —
Billur guldondagi gul

(Boltaboy Begmatov)

Bu tafakkur shu paytgacha urfda bo‘lib kelayotgan shakllardan chiqqan, ayni chog‘da unga sig‘maydi. Yo‘q, bu yoshlarda an’anani inkor qilish, o‘z yangiligini majburlab tiqishtirishga urinish emas, ularga kelgan yangi fikr oldingi o‘zanlardan toshib, qirg‘oqlarini kengaytiryapti va... yangi vohalar yaratmoqchi.

Bu taxlit she’riyatda so‘zning ozod mas’ulligi mavjud: har bir tashbeh, har bir isloh, har bir ifoda to‘xtab, o‘z ustida o‘ylab olishga undaydi. Bu esa, tabiiyki, yangi she’rxonni tarbiyalab yetishtirishga olib keladi.

Mazkur she’riyat avlodining katta fazilati — juda ko‘p mutolaa qiladi, dunyo adabiyotining buguni bilan birga, o‘z adabiyotimizni ham o‘qib-o‘rganib, o‘z tajribasidan o‘tkazadi. Ular ayni tajribadan o‘tkazib yozgan she’r, unutmaylik, ona tilimizda voqe bo‘ladi, to‘g‘rirog‘i, bu voqelikning davomi. Kecha, bugun ertaning bog‘lanishlari — bu to‘xtamaydigan oqim, uzluksiz, uzilishsiz jarayon, she’r o‘qiyotgan odamning taassurotida shu azaliy harakatning yorishib ko‘rinishi.

Men eski, konservativ she’rxon holimda yangi she’rni berilib o‘qiyman va o‘zimdan shubhaga boraman: menga yaxshi ta’sir qilayaptimi, demak, bugunning she’rini o‘qiyman, yangilanayotgan o‘quvchiman.

Eskidan kelayotgan o‘quvchi.

Behad sevadigan she’rim.

Ko‘zing ne balo, qaro bo‘lubtur,
Kim jong‘a qaro balo bo‘lubtur...

“Ashraqat min aksi shamsil ka’si anvorul hudo, Yor aksin mayda ko‘r deb jomdin chiqdi sado” kabi har jihatdan muazzam ma’no va ohang tajassumi bo‘lmish minglab satrlarini yaratgan buyuk shoir shu yuksak martabasi bilan yosh bir yigitning baytini so‘rab olib, unga tatabbu’ bog‘lagan. Nimalar sehri bor bu bir baytning? Xo‘p, tardi aks san’ati qo‘llangan, buni o‘qiganmiz, tushunamiz, lekin tushunchamizdan juda keng ma’voga tortib ketadi, bu nimadan? Til — So‘z san’ati, g‘azal san’ati keladi, bizningcha, tarixlarni oralab.

“Ashraqat...” arab lahjasini bilmagan odamni ham uyg‘otib, uning ruhini yuksaklarga ko‘tarib ketadi. Saharlari padarim aytgan azon bilan uyg‘onganman, bolaman, azon ma’nosini so‘zma-so‘z bilmayman, mazmuni ko‘tarinki, baland ruh bo‘lib kirgan vujudimga: tur, tur, qara, dunyo ­uyg‘ondi, dunyoga ko‘zingni och, balandlab qara, deyayotgandek bo‘lgan. Tafakkurning ulug‘vor suvrati, ­tuyg‘ularning muazzam harakati... ­Navoiy ijodi shuning uchun ham ko‘ngillarni yaratuvchi, tuyg‘ular ­olamini yaratuvchi ­xilqat.

Ko‘zing ne balo qaro bo‘lubtur,
Kim jong‘a qaro balo bo‘lubtur —

shu xilqatga mos tushgan, uning kengliklarini mo‘‘jaz ifodalab, katta kuyning ilk pardasidek, va’da bilan jaranglaydi, bayt zamiridan boshqa ma’no izlash shart emas. U oydin, ko‘ngilda gul undiradigan haroratli, ravshan, lekin ohangi bobomizni boshqa ma’nolarga, yanada ulug‘vor kuylar yaratishga tortib ketgan.

Bir juda katta ko‘ngil kuyining boshlang‘ichi, kuyni tinglaysiz, kuyni tinglab, o‘z o‘ylaringiz tomon qanot chiqarasiz, kuyning o‘zini esa so‘z bilan izohlashga hojat yo‘q.

Men tuyg‘ulari eski, fikrlashi ko‘nikma tolib Navoiy g‘azallarini qon-qonimga singib kelayotgan ruh bilan o‘qiyman.

Men ko‘nikkan she’riyat ko‘ngil rasmini iloj qadar to‘liq qalamga oladi, modern esa ko‘ngil manzarasini faqat chizgilab o‘tadi, shartlarga imolaydi, tuyg‘ularga ishoralaydi, ulardan o‘zingiz ma’no yaratasiz. Ha, yaratasiz. Faol ijodkorga aylanasiz. Bu eskiga qarshi yangilik emas, o‘sha eskining zamiridagi, endi ochilayotgan, siz ochayotgan an’ana. Bu an’anaga shoir ataylab amal qilolmaydi yoki yangicha tafakkur da’vosi uni inkor ham eta olmaydi. An’ana, an’analar, deylik, bu — she’r tarbiyasi bilan kirgan til ohanglari, o‘zbek tilida she’r yozgan odam quvvatni shu tilda yaratilgan jami she’riyatdan oladi. Gap biror ustozimizga ergashishda, aniq bir davr yoki yo‘nalishdan quvvatlanishdagina emas, tafakkurimizdagi she’riyatning jamuljam ta’sirotida.

Menga shuning uchun bog‘lanmaydigan bog‘lanishlar bog‘lanadigandek tuyulaveradi. Navoiyga oshufta ko‘nglimda Hamid Olimjonning:

Derazamning oldida bir tup
O‘rik oppoq bo‘lib gulladi...

satrlarini ulug‘ ajdodimiz g‘azaliga bog‘lab, o‘zim uchun yaqinlik topaman. Bu satrlarda ham derazadan qaragan bir tup oppoq gullagan o‘rikdan boshqa bahorning yana nimadir mehrlari, hayotning nimadir azaliy ohanglari bordirki, bolaligimdan beri menga hamrohlik qiladi.

Bugungi naqiron she’riyatda Navoiy, Hamid Olimjonlarga borib tutashadigan shunday bir muazzam kuyni ko‘raman, to‘g‘rirog‘i, shu kuyning ichiga o‘zim ham kirib qolgandek bo‘lib yuraman. Shu kuyning ichida, masalan, Faxriyorning undan uzilmagan holda alohida jaranglab turgan ohanglarini eshitaman.

Faxriyor an’anaviy she’r shaklu ravishlarini yaxshi o‘zlashtirgan, ruhiyatiga, sayqaliga yetgan milliy ohanglarni chuqur his qilgan holda ayricha tafakkur ifodalari, aniq-taniq tashbehlardan majoz yaratadi. Shu ma’noda, u o‘z yo‘li, o‘z fikrlash tarzini oydin yaratgan shoir; bu oydinlikda uzoqlar ko‘rinadi, tikilib qaraganda yangi fikr manzaralari bo‘y ko‘rsatadi. Yana o‘zim ishlatgan misollarga qaytsam. Masalan, “Yurak erkka ixtisoslashgan” satri “Umuman ro‘y bermas voqea, Ro‘y berguchi menman umuman, Meni izlab yurar mohiyat” Faxriyorning poetik dasturiga izohdek tuyuladi. Birinchi satrda hijo harakati, xuddi ot jilovini tortib, tartibli yugurishga himo bergandek, majburan cheklanadi: “yurak erkka” — ohang sinadi; “ixtisoslashgan” esa odamni sergak torttiradi: yurakning urishida erkka intilish majburiyati bir qismat. Bu satr his-hayajonga berilmay, sovuqqon o‘ylashga undaydi. Yana modern she’riyatdagi majoz unsurlari misoliga qaytsak, keyingi uch satr bunga yaxshi semiotik sharh. Voqea ro‘y bermayapti, lekin sodir bo‘layapti, o‘qigan odam uni she’rdan, tashqaridan axtarishi kerak emas, o‘zini izlasin, uning o‘zi mohiyat. She’rdagi mohiyat shuurda ochiladi, gullaydi, chaman bo‘ladi. Tuyg‘u ohanglari ham nihoyat fikr namlagan ilgarigi quruq yerda unib, chalinayotgan kuyga uyushadi. Bu ma’noda uning “Geometrik bahor”i she’riyatimizda tubdan yangilik bo‘lgan, chindan-da, shakl simfoniyasidir. Bu ham, eng avvalo, shoirning o‘zigacha bo‘lgan, o‘zi tarbiyasini ko‘rgan she’r san’ati an’analarini puxta o‘zlashtirgan holda, shu muayyan chegaralarni o‘zgartira olgan jasoratidan.

Faxriyor, hali ko‘p o‘rganiladigan, atrofida bahsu munozaralar ko‘payib boradigan iste’dod, o‘zligini saqlagani holda bugungi poetik tafakkur izlanishlari jug‘rofiyasini ham shakliy, ham mazmunan qamrab olgan ko‘lamli shoir.

Yuksak she’riyat xos o‘quvchilarning mulkiga aylanib borayapti, to‘g‘ri ma’noda badiiy tafakkur yangi she’r kengliklariga chiqayapti, chiqdi ham; “modern she’riyat” deb ta’kidlash ham bugungi bozor sharoitida uning alohidaligini ko‘rsatish, unga ko‘proq e’tibor qaratishga urinish. Lekin bu modern qaerdandir kelib qolgan yoki uni kimlardir ataylab olib kirayotgani yo‘q. U o‘z an’analarimiz, mavjud tajribalarimizdan kelib chiqayapti va she’rxonning muayyan qatlamlaridan oldinga ketayapti, binobarin, ayni badiiy tafakkurning rivojlanish qonuniyatlaridan yuzaga kelayapti.

Albatta, dunyo ta’sirlari kirib kelib, fikrlash tarzimizni o‘y, o‘lcham-andazalarimizni o‘zgartirayapti; yoshlarimizning poetik tafakkuri shu o‘zgarishlar bosimi ostida o‘ziga yangi yo‘l ochayapti. Yangilanish muayyan o‘lchamlarga sig‘maydi, o‘z o‘lchovlarini yaratadi, lekin mohiyatan bu o‘sha adabiyot, bizni tarbiyalab o‘ziga ko‘niktirgan o‘sha eskilikning tubdan davomi, biz ham — o‘sha o‘zimiz, binobarin, adabiyotning yangilanishi ruhiyatimizdagi o‘zgarishlarning in’ikosi, shuning talabidan kelib chiqayapti. Dunyo adabiyoti ijodiy jarayoni tajribasi an’anadan qochish yoki uni inkor etishni emas, balki yangilik yaratishda unga tayanishni o‘rgatadi. Hatto an’analar inkor qilinganda ham, bu ambitsiya yoki yangi usul yoxud uslub targ‘iboti, muayyan xartiya darajasida qoladi. Chunki badiiy ijod, badiiy mushohada ifodasi — til bilan; an’ana shu tilning yangilanishiga singib ketgan; eng ilg‘or novatorlik ham shu tilda maydonga tushadi, modern talabida uni she’riy nutq tarkibidan chiqarib tashlab bo‘lmaydi.

Bugun modern she’riyat deyilganda, qandaydir yot yoki chekka ta’sirlar, fikriy begonalik emas, biz ko‘nikkan she’riyatimizning hali biz ko‘nikmagan jarayoni, qonuniy hosilasi deb tushunaman. Bu hosila o‘ziga yo‘l ochayapti, xolos, va, buni, har bir xayrli yangilikni kutib olgandek, qutlash kerak. Faxriyor, Abduvali Qutbiddin, Bahrom Ro‘zimuhammad, Aziz Said... Men tengilarga yoshroq tuyuladigan bu shoirlar allaqachon o‘z so‘zi, o‘z qarashlari bilan nafaqat tanilgan, balki o‘zbek poetik tafakkuriga katta ta’sir o‘tkazib kelayotgan katta iste’dodlar. Bularga fikrlovchi yangi avlodlar ergashadi. Ularning kitoblari kam bosilayotgani yo ular haqida juda kam gapirilayotgani she’riyat xazinasiga qo‘shgan gavharlari qadrini pasaytirmaydi. Ma’lumlik bugun yo‘q, ertaga bor, indin yana qaytadi. Tabiiy, endi manzumalar ellik-yuz minglab nusxada bosilmaydi, bosilgani bilan buncha tarqalmaydi, endi kitob bilan birga uning o‘quvchisi ham saralanadi, tabaqalanadi, kim yallayu madhu sanolarni o‘qishga moyil bo‘lsa, kim haralayu taralla bilan yashaydi, yuksak she’riyatni avom o‘qimaydi, buning uchun uni avom didiga moslashtirish kerak bo‘ladi. Yuksak she’riyatni, — oddiy aksioma, — yuksak, ya’ni didi, fikri yuksak odam o‘qiydi, bunaqalar esa, turgan gap, o‘zi kam bo‘ladi. Izimizdan kelayotgan avlod yaratgan she’riyat shunday yuksaklikda, uni o‘qish, uqish uchun kitobxon unga qarab balandlashib bormog‘i, kitobxonni balandlatish uchun esa, she’rning azaliy qoidalarini puxta egallab, so‘z madaniyati, so‘z san’ati, ruh badiiyati bilan o‘z ishiga yondashmog‘i lozim; har satrning yurak tepishidek tirik ohanglari bo‘lsin, she’r tolibini o‘ziga tortib turadigan. Ana shunda mening ham modern taassurotlarimda suvrat o‘z sirlarini to‘lig‘icha yuz ochar edimi — meni istab, o‘ziga chorlab turibdimi, bekorga chaqirayotgani yo‘qdir, axir.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 38-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.