OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ahmadjon Meliboyev. “Ilm erur beshak, bilingiz, dardimizning chorasi...” (2009)

Qo‘shiq ixlosmandlari orasidan “Manam Majnuni ishq, do‘stlarki, bir Layloni izlarman, Jamoli gul, sochi sunbul, ko‘zi shahloni izlarman”, deb boshlanuvchi mashhur ashulani eshitmagan, tinglab rohat qilmagan muxlisni topish qiyin bo‘lsa kerak. “Bizni tashlab qayga ketdi ul qaro qoshim mening, Termulib yo‘lida ko‘zdin oqadur yoshim mening” yoki “Ey dilbari jononim, ko‘p nozu itob etma, Yuz jabru jafo birlan holimni xarob etma...” Bu dilbar qo‘shiqlarning so‘zlari ham ko‘pchiligimizga yod bo‘lib ketgan.

Endi mana bu satrlarga e’tibor bering:
Ilmsizlikdan bo‘lur bo‘lsa qayu millat xarob,
Ilmsizlikdan kelur millatga kelsa har azob,
Ilmsizlikdan qilur cho‘x g‘ayrilar bizga itob,
Ilmsizlikdan erur to‘ti uyi joyi g‘urob,
Ey musulmonlar, bizim sizdan bu odat istariz,
Ilm uchun jahdu jadal qilmoq davomat istariz.
Barcha millat ichra bizlar ilm uchun muhtojmiz,
Ilmsizlikdan mudom muztar o‘lub, qallochmiz,
To‘ydilar begonalar ilm ila, bizlar ochmiz,
Ilm bog‘ida hama bulbul esa, qashqochmiz,
Ey musulmonlar, bizim sizdan bu odat istariz,
Ilm uchun jahdu jadal qilmoq davomat istariz...

Yuqoridagi qo‘shiqlar va ushbu jasoratli misralar muallifi kimligini bilasizmi? XX asr boshlarida “Ilmsizlik millatni oxir-oqibat xarob qiladi, el-yurt boshiga neki azob, neki xaroblik kelsa, bilingki, bu — ilmsizlik oqibatidir. Boshqalar ilm bulog‘idan bahramand bo‘lib, to‘yib turganlarida, biz och-yalang‘och o‘tiribmiz. Bas, biz ham ilm olishga jahdu jadal qilaylik, ilm bog‘ida bulbuldek sayraylik. Choyxonayu mayxonani makon aylab, yonboshlab yotavermaylik. Olimu fozillar bois dinu millat obod bo‘lg‘ay”, deya o‘z vatandoshlarini ilm ziyosiga da’vat etayotgan shoir kim bo‘ldi ekan?

Necha yillardan beri hofizlarimizning tilidan tushmay kelayotgan, mumtoz qo‘shiqchilik san’atimizning nodir durdonalari bo‘lmish yuqoridagi qo‘shiqlar XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Toshkentda shakllangan adabiy muhitning Sidqiy Xondayliqiy, Kamiy, Tavallo, Xislat kabi vakillaridan biri Miskin qalamiga mansubligini bilar edim. Ammo “Akademiya” nashriyotida chop etilgan mo‘‘jazgina “Savti dugoh” nomli to‘plamni o‘qib, millatdoshlarining ilmsizligidan ko‘ngli cho‘kib, ta’sirchan satrlar bitgan da’vatchi-shoir ham ayni shu Miskin domla ekanini bilib oldim (Tuzuvchi Dilfuza Qo‘shoqova, so‘zboshi muallifi Naim Karimov, nashr uchun mas’ul B.Umarov).

Miskin domla to‘g‘risida, taassufki, juda kam bilamiz. To‘plamda adabiyotshunos olim Naim Karimov keltirgan ma’lumotlar quyidagicha: “XX asr boshlarida Miskin taxallusi bilan mashhur bo‘lgan, so‘lim g‘azallariga bastalangan ashulalar to‘y-hashamlarni bezagan shoir 1880 yili Toshkent shahrining Chorsu mahallasida dunyoga kelgan. Uning asl ismi G‘ulomxalil Toshmuhammad o‘g‘li bo‘lsa-da, chap oyog‘ida qo‘sh barmoq bo‘lganligi uchun Mulla Qo‘shoq nomi bilan ko‘proq mashhur bo‘lgan. Taniqli adabiyotshunos va tazkirashunos Po‘latjon Qayyumiy domlaning “Tazkirayi Qayyumiy” asarida Miskinning hayoti va ijodi to‘g‘risida bunday muxtasar ma’lumotlar beriladi: “Bu kishi Toshkand shahridandur. Nomi Mulla Qo‘shoq bo‘lub, Toshmuhammad o‘g‘lidur. 1880 yilda temirchi-kosib oilasida dunyoga kelmishdur. 12 yoshinda otasi vafot etib yetim qoladur. Usta Hoshim nomli nonvoy amakining tarbiyasinda qolmishdur... Adabiyotga havasi ziyoda edi. Toshkand shoirlariga ergashib boshlab sal vaqtda shuhratli shoir bo‘lub tanildi. Mashhur mulla To‘ychi hofiz og‘zidan Miskinning g‘azallari eshitila boshladi. 1914 yilda chiqargan yozma bayozlarda ash’or ko‘ruldi. Ho‘qand shahrida bir ko‘cha Miskinning nomida edi. Inqilobdan keyin shoirning adabiy faoliyati yana ziyodalashdi. Nihoyat, shoir 1937 yilda vafot etgan (57 yoshinda)”.

Mulla Qo‘shoqning bolalikdagi do‘sti Rixsitilla bobo o‘tgan asrning oltmishinchi yillarida suhbatdoshi Zuhra Tolipovaga shoir haqidagi xotiralarini quyidagicha so‘zlab bergan ekan: “Devonbegi mahallasida yashovchi kambag‘al mehnatkash Hoshim novvoy o‘n-o‘n to‘rt yoshlik Qo‘shoqjonni asrab olib tarbiyaladi. Qorato‘ridan kelgan, past bo‘yli, kattaroq dumaloq boshli Qo‘shoqjon bilan men do‘st-ahil bo‘lib oldik. Ikkimiz bir ko‘chada yashadik. Hoshim ota juda sahiy, kamtarin kishi bo‘lib, o‘g‘li Qo‘shoqni ham to‘g‘ri va rostgo‘y qilib tarbiyalashga intildi. Zehndor Qo‘shoq otasi kutganidek, mehnatkash, harakatchan, tirishqoq bo‘lib tarbiya topdi. Hoshim ota o‘g‘lining o‘qimishli bo‘lishi uchun qayg‘urdi va uni eski maktablarda, madrasalarda o‘qitdi. Qo‘shoqjon ham mehnat qildi, ham o‘qub ilmli bo‘ldi...”.

“Savti dugoh”da Miskinning elaro mashhur ashulalari bilan birga ko‘pchilikka hanuz ma’lum bo‘lmagan ko‘plab g‘azal va muxammaslari, shoir hayotiga doir yangi ma’lumotlar keltiriladi. Ular ichidagi ikki holat diqqatimni tortdi. Birinchisi — ushbu to‘plam shoir Miskinning ilk kitobchasi ekan. Tengdoshimiz Abdulla Turdiev “Men kitobi chiqmagan shoir...”, deb she’r yozib yurib, birinchi kitobini ko‘rmay olamdan o‘tib ketdi. Qarangki, kitobini ko‘rish “Toshkent irog‘i”day qo‘shiq muallifiga ham nasib qilmagan ekan. Ikkinchisi — shoir umrining so‘nggi yillarini to‘shakka mixlanib, og‘ir betoblikda, muhtojlikda o‘tkazgan.

To‘plamga Muhammadjon Qo‘shoqovning “Otam haqida” deb nomlangan g‘oyat qisqa xotirasi ham kiritilgan. “Otam xasta yotganlarida men uchinchi sinfda o‘qir edim, — deb yozadi Muhammadjon aka. — Qo‘shnimiz bolalariga ergashib, oldinroq mashq qilganim tufayli harflarni tanir va kitobni hijjalay olardim. Maktabda yaxshi tahsil olayotganimdan otam juda sevinar edilar. Keyinchalik ayrim she’rlarini menga aytib turib yozdiradigan bo‘ldilar... Xatni zehn qo‘yib yozayotganimni ko‘rib, onamga shunday deganlari esimda:

— Mana, o‘g‘limiz ham xat yozadigan bo‘lib qoldi. Yuragimdagi g‘azallarni o‘lim olib ketolmaydi endi. Aytib turib yozdiraman...”.

Endi aytmasam bo‘lmas — bu jajji kitobchaga alohida e’tibor qilayotganimning boisi bor. O‘tgan asrning yetmishinchi yillari men respublika yoshlar gazetasi (hozirgi “Turkiston”)da ishlaganman. Muhammadjon Qo‘shoqov degan kishi qishloq xo‘jaligi bo‘limini boshqarardi. Mirzakarim Pirmatov, Jabbor Razzoqov, Safar Ostonov, men va yana boshqa ko‘plab tengdoshlarimiz u kishidan maqola yozishni, axborotni qanday boshlab, qanday tugatishni, sarlavha qo‘yishni, mualliflarning qo‘lyozmalarini tahrir qilishni o‘rganganmiz. Muhammadjon aka ishga hammadan avval kelar, yonida hamisha qog‘oz-qalam bo‘lib, stulga cho‘kkanicha, bir nimalarni qoralab o‘tirardi. Majlislarda tizzasiga qo‘lini qo‘yib, nimalarnidir qog‘ozga tushirish u kishining odati edi. Bolalarga atab yozgan she’rlari matbuotda ko‘rinib turardi. Ba’zilari qo‘shiq bo‘lgani yodimda.

U paytlari gazetada ilg‘or paxtakor, chorvador, cho‘pon yoki mexanizatorning chiqishini uyushtirish, aniqroq aytadigan bo‘lsak, o‘zing ko‘rmagan, bilmagan odamlar nomidan maqola yozish, kecha kechqurun bo‘lib o‘tgan firqa qurultoyidagi uzundan-uzoq rasmiy ma’ruzani qo‘llab-quvvatlovchi “otklik” tayyorlash juda avj olgandi. Bu borada chaqqon harakat qilmasangiz nomingiz yomonotliqqa chiqardi. Gazetaning ichki qo‘sh sahifasiga umumiy sarlavha, ya’ni “shapka” topishga kelganda Muhammadjon aka jonimizga oro kirardi. “Dala shiyponi — dehqonning ikkinchi uyi”, “Qishloqda yashaysanmi — texnikani egalla”, “Makkajo‘xori — dala malikasi”, “Paxtazorim — nomus-orim”, “Hunar hunardan unar”, “O‘qish boshqa, uqish boshqa”, “Kasbim — faxrim” — xotiramda qolgan shu va boshqa ko‘plab “shapka”, rukn, avvallari ishlatilmagan g‘aroyib sarlavhalarning muallifi Muhammadjon aka edi. Bu borada u kishiga havasimiz kelardi.

Keyinroq bir sabab bilan u kishi mashhur shoir Miskinning o‘g‘li ekanligini bilib oldik. Shunday inson bilan bir tahririyatda ishlayotgan ekanmiz-a! Ammo Muhammadjon aka otasi to‘g‘risida deyarli gapirmasdi, gap ochilib qolsa ham, fikrini qisqa-qisqa bayon qilardi, xolos. Axir, “Otam shoir bo‘lganlar, “Toshkent irog‘i” shu kishining qo‘shig‘i, eshitinglar, mana bu satrlar ham otamniki:

Barcha anvoyi hunarni(ng) peshvosi ilm erur,
To‘g‘ri yo‘lga boshlamoqning rahnamosi ilm erur,
Zuhdu taqvo borining muntaxosi ilm erur,
Bu jaholat zulmatin nuru ziyosi ilm erur.
Ziynati millat ajamdan to arab maktab erur,
Ko‘z oching atrofi olamga, talab maktab erur.

deyishi, qo‘shiq bo‘lgan latif g‘azallaridan o‘qib berishi mumkin edi-ku! Yo‘q, u kishi sira bunday qilmasdi. Bir gal: “Otangiz yozgan g‘azallar saqlanib qolganmi?”, degan savolimizga ham qisqagina qilib: “Bir-ikkita qo‘lyozma qolgan xolos, boshqalari yo‘qolib ketgan, men yosh bo‘lganman”, degandi. Endi o‘ylayman: Muhammadjon aka o‘shanda otalari qalamiga mansub g‘azallar matnini bilmasmidi? Bilardi, bir-ikkitasini emas, juda ko‘pini yoddan o‘qiy olishi mumkin edi. Ammo o‘qimasdi. Nega shunday qilganining sababi ayon — o‘tgan asrning o‘ttizinchi yillari eski alifboda ijod qilgan, buning ustiga madrasada saboq olgan mulla otalar to‘g‘risida gapirish hamisha ham yaxshilikka olib kelmasdi. Sho‘ro tuzumi dushman topishda eski alifbodan ham juda samarali foydalangan. Kimningdir uyidan arab alifbosida yozilgan birorta kitob chiqib qolgudek bo‘lsa, u nodir bir asarmi, jug‘rofiya yoki tibbiyotga oid qo‘llanmami, bunisiga qaramay, xonadon sohiblarini qattiq iskanjaga olishgan. Ko‘p kitoblar yoqib, ko‘mib yuborilgan. Shu bois, o‘g‘illar otalari to‘g‘risida to‘lib-toshib, faxrlanib gapirishdan o‘zlarini tiyishgan. Bu tiyilish shundoq ham ko‘ngli yarim farzandlar uchun nechog‘li og‘ir bo‘lganligini tasavvur qilish qiyin emas.

Bunday deyayotganimning boisi — bir kuni Muhammadjon aka ikkalamiz gazetaga navbatchilik qilayotganimizda bir voqea yuz berdi. Kechasi soat birga yaqin gazetani sahifalab bo‘ldik. Navbatchiga qo‘l qo‘ydirish uchun Muhamadjon akaning xonasi eshigini asta ochsam (u yillari oddiy muxbirlar bo‘lim mudirining oldiga ham eshikni taqillatib kirishardi), u kishi stol ustida turadigan tranzistorni quloqlariga qo‘yib, bir nimani tinglab o‘tirgan ekan. O‘sha kuni Moskvada katta yig‘in bo‘lib, o‘rtoq Brejnev ma’ruza qilgan edi. Hayolim shunga ketdi. Xonaga qaytib, men ham tranzistor qulog‘ini buradim — radio to‘lqinlarida oqshom kontserti boshlanib, “Toshkent irog‘i” yangrayotgan ekan...

Muhammadjon aka kamtar, kamsuqum, foydasiz ishlarga aralashmaydigan, birov bir narsani so‘ramasa o‘zicha gap boshlamaydigan, dardini huda-behuda to‘kib solmaydigan odam edi. Oyoq og‘rig‘i bezovta qilib turardi. Ba’zan lift ishlamay qolsa, o‘n ikkinchi qavatga piyoda ko‘tarilishning o‘zi bo‘lmasdi. O‘sha yillarning tamoyiliga ko‘ra, rayijroqo‘mdan gazeta jamoasiga onda-sonda biror nima ajratiladigan bo‘lsa, “Men gazetada falon yildan beri ishlayman, menga beringlar”, deganlarini eshitmaganman.

“Savti dugoh”ni mutolaa qilar ekanman, Miskin ijodida jadidlarning ta’siri juda kuchli bo‘lganligini angladim. Yaqinda Yozuvchilar uyushmasida bo‘lib o‘tgan bir yig‘inda milliy universitetimiz domlalaridan birining: “Bugun talabalarimiz xorijiy tillarni shahd bilan o‘rganishmoqda, ingliz, frantsuz, nemis, ispan adabiyotidan ilmiy tadqiqot ishlari yozishmoqda. Bu, albatta, yaxshi, ammo ularning ko‘pi g‘arb adabiyotida kecha va bugun urf bo‘layotgan turli oqimlarni bilgani holda, o‘zbek adabiyotini yaxshi bilishmaydi. Bilishga qiziqishmaydi ham. Bunisiga nima deymiz?”, degan afsus-nadomati yodimga tushdi. O‘zimizni bilmay turib, o‘zgani bilishga harakat qilishimiz o‘rinli emas. Kechagi kunning juda qimmatga tushgan bu xatosini yana takrorlamay, “Ilm erur beshak, bilingiz, dardimizning chorasi”, deb hayqirgan shoirning ijodini chuqur va atroflicha o‘rganishimiz, Yurtboshimiz qo‘ygan vazifa — bizdan ko‘ra dono, aqlli va, albatta, baxtli bo‘lishlari shart bo‘lgan farzandlarimiz tarbiyasida hanuz o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan shoir Miskin da’vatidan foydalanishimiz lozim emasmi?!

Kelgusi yili Miskin domla tavalludiga 130 yil to‘lar ekan. Choqqina davrada chinakam muxlislar, qo‘shiq shaydolari, hofizlar, tolibi ilmlar to‘planib, “Toshkent irog‘i”ni yana bir bor tinglasak, she’rxonlik, g‘azalxonlik qilsak, o‘tgan asrning mash’um o‘ttizinchi yillarida millat rivojini o‘ylagan, dardini kuylagan yana bir fidoyi vatandoshimizni xotirlasak arziydigan sana. Ehtimol, shu xotira kechasi bois Ho‘qand shahri ko‘chalaridan biri o‘sha paytdayoq Miskin nomi bilan atalgani sababini ham bilib olarmiz...

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 39-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.