OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Otabek Jo‘raboyev. Ilohiy tarannumlar sohibi (2009)

“Ma’naviyat” nashriyoti tomonidan chop etilgan Vadud Mahmudning “Tanlangan asarlar”i (2007) adabiyot ahliga o‘ziga xos tuhfa bo‘ldi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. XX asrning 20-yillarida o‘ziga xos “vadudona” (Fitrat ta’rifi — O.J.) chiqishlari bilan adabiy tanqidchiligimiz xazinasini boyitgan bu munaqqidning asarlari, xususan, maqolalari muhim ilmiy-ma’rifiy qimmatga egadir. Aslida, maqolamiz mavzui bu kitob haqida emas. Lekin kezi kelganda, V.Mahmudning asarlari qaytadan ma’naviy mulkimiz qatoridan o‘rin olishida jonbozlik ko‘rsatgan adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori Bahodir Karimovga minnatdorchilik bildiramiz.

Vadud Mahmudning “Bu kungi she’rlarimiz va san’atkorlarimiz” maqolasida “Amiriy” taxallusi bilan ijod qilgan Qo‘qon xoni Muhammad Said Amir Umarxonni (1787 —1822) “ilohiy tarannumlar sohibi”, deya ta’rif etadi. Ushbu nisbat, chindan juda ajib va ulug‘dir.

To‘g‘risi, Vadud Mahmudgacha va undan keyin ham Umarxon she’riyatiga bunday ajib va baland maqom baho berilmagan.

1925 yildayoq V.Mahmud yuqoridagi maqolasida mumtoz she’riyatimiz yangi o‘zbek she’riyatiga, to‘la ma’noda, maktab bo‘la olishini uqtirgan va o‘z qarashlarini Amir Umarxon nazmi bilan asoslashga tortinmagan. Balki “Sharq turk she’rining ikkinchi oltun davri boshlig‘i”, deya unga yuksak baho bergan. Biroq keyinchalik u alqagan ijodkor “feodal-klerikal adabiyot vakili” tamg‘asi bilan qoralanishi, tanqidchining mumtoz shoirga nisbatan bunday bahosi vaqt o‘tishi bilan o‘ziga otilajak toshlarga sabab bo‘lishini bilganmikan?!.

Har holda V.Mahmudning adabiyotshunos sifatidagi pozitsiyasi sobit va buni u to‘la oqlagan. Munaqqid Amiriyning “Yetar” radifli muxammasining boshlang‘ich bandini misol tariqasida keltiradi va tahlil doirasiga tortadi.

U Amir Umarxonning devoni bilan batafsil tanishib chiqqan va ta’kidlangan muxammasni maxsus tanlab olgan ko‘rinadi. Vaholanki, Amiriy qalamiga mansub dunyoviy go‘zalning ta’rifu tahsiniga bag‘ishlangan o‘nlab yuksak saviyadagi lirik g‘azal, muxammasu musaddaslari bo‘lgani holda, munaqqid aynan o‘sha maxammasni tanlab olgan. Fikrimizcha, u o‘z maqolasi avvalida uni «haqiqiy ishq» shoiri sifatida qilgan talqiniga mazkur she’r mos tushgan. Shu o‘rinda, V.Mahmudning she’r tanlashi va badiiy asarga, tub mohiyatidan kelib chiqib, aniq baho bera olishini ham e’tirof etishimiz zarur.

Mana, muxammasning o‘sha ilk bandi va munaqqid tahlili:

Sahar chamanda qulog‘imga bongi ud yetar,
Bashorati karam vojib ul-vujud yetar,
Bu kechakim to‘lun oy, sog‘arig‘a jud yetar,
Falak piyolasidin sharbati shuhud yetar,
Savod surma dema, ko‘zlarimga dud yetar...

“Buni ko‘rsatmakni ikkinchi bir sababi ham bor. Yuqorida Edgar Po‘ning tahlilini ko‘rdik (munaqqid maqola avvalida Edgar Po asari haqida to‘xtalgan va so‘ngra shu misolni keltirgan — O.J.). Amiriyning shu g‘azalini (aslida muxammas — O.J.) o‘shanga qarab bir oz tahlil qilaylik: Umarxonning mavzui tasavvufning yuksak nuqtasi bo‘lg‘on umumiy ruhga fano bo‘lish, quyulish, koinot ruhi bilan birlashish mavzuidir. O‘shaning hasratidir. Edgar Po‘ ta’sirni go‘zallik orqasida berish kerakligini aytadir. Faqat bir o‘lum masalasi chiqaradir va go‘zallikni unga qo‘shish uchun “go‘zal bir xotunning o‘lumi” degan mavzuni oladir. Holbuki, ko‘ringiz o‘zining qo‘yg‘on “go‘zallik orqali ta’sir berish” qonuniga Umarxonmi muvaffaq bo‘lg‘on, Edgar Po‘mi? Mavzu orasidagi tafovutni ko‘ringiz, Umarxonning ham qayg‘usi, hasrati bor, lekin “bir xotunning o‘lumi uchun” emas, koinotning umumiy ruhiga quyilish hasratidir. Ko‘ringiz mavzu naqadar buyuk, naqadar oliydir.

Siz qanday talaqqiy etsangiz etingiz, bunisi aniqki, insonning erishgan eng yuksak daraja fardiyatchilik (individualizm) emas, o‘zining fardiyatini yo‘qotib, jamiyat hayoti yashashida, undan o‘tsa hindning sigirni timsol (simvol) qilib olg‘on hayvon do‘stligida, ya’ni butun jonli narsalarni suyishda (kitobda “co‘yish” deyilgani xato — O.J.), bundan ham o‘tsa jonsiz narsalarda o‘ziga mushtarak hayot tasavvur etishda va ularning umumiy ruhlarini sezish uchun intilishdadir.

Tasavvuf mana shu eng so‘nggi nuqta maslagidir.

Umarxon shu falsafaning bir namoyandasi bo‘lg‘onidan saharning nasimi, udning surudi, oyning nuri, yulduzlarning so‘zlari, kechaning qorong‘ulig‘i unga gapiradir. Ularning so‘zlarini sezadir. Ruhlari bilan sirlashadir.

Bu mavzuni olg‘ondan keyin bunga muvaffaq bir shakl topqanmi, yo‘qmi? Albatta! Chunki muxammasni olg‘on. Muxammas, Edgar Po‘ning tahlilidan ma’lum bo‘ladirki, band-bandga ajralg‘on va har qayusida bir-birovig‘a aloqador, faqat ayri-ayri mavzular ishlata turg‘on, ya’ni butun fikrlar berilib, tugatib bir-birovidagi robitani mahkam bog‘lab borish uchun eng mukammal shakldir. So‘zlarning terilishi, kalimalarning ohangdorlig‘i, harflarning sado beraturg‘on, titrayturganlarining olinishi ko‘rsatadirki, Umarxon haqiqiy bir san’atkordir.

Edgar Po‘ (peletoche)dagi oxirgi “riy” undan ilgarigi ust cho‘zgini baland va og‘ir va cho‘ziq tovush berish uchun maqtaydir.

Umarxonda ham aynan shu holni ko‘rmaymizmi? Buni bir tasodif asarimi deymiz. Shu qadar yuksak fikr sohibi va shuncha hunarmand bir shoirni harfning sadosi, kalimalarning ohangi, vaznning tilidan xabarsiz demak mumkinmi?

Umarxondan uch yuz yil ilgari kelgan Navoiy kalimaning, tovushning ma’no bilan kelishmagi kerakligini shunday yaxshi tabiq qilg‘on ekan, nechun Umarxon undan o‘tkazmasun!..”

V.Mahmud diqqatini bunchalik o‘ziga jalb etgan va uning yuksak darajadagi talqiniga sabab bu asar aslida Amir Umarxonning Zaliliy g‘azaliga bog‘lagan taxmisi edi. Shoh va shoirning e’tiborini o‘ziga qaratgan bu ijodkor aslida kim? Chunki nozikta’b shoir va sajiyasi baland devon sohibi Umarxonning daqiq nazaridan asar o‘tkazish o‘z davrida mushkul va sharafli edi.

XVII asr so‘nggi choragi — XVIII asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan Shayx Muhammad Siddiq Zaliliy Qoshg‘ariy she’rlari qo‘qonlik ahli nazm va adabiyotshunoslarning e’tiborini qozongan ko‘rinadi. Uning g‘azallaridagi o‘ziga xos ohang va joziba asarlarining asl irfoniy mohiyatini to‘la ochib berishda xizmat qilgan. Balki shuning uchundirki, Umarxon uning uch g‘azaliga va keyingi davr iste’dodli ijodkorlaridan Mirmahmud Qoriy Ho‘qandiy (1828—1906) esa besh g‘azaliga taxmis bog‘lagan. Yana Qo‘qonda ko‘chirilgan va kitobat qilingan o‘ndan ziyod bayoz va majmualarda ham Zaliliy she’rlari o‘rin olgan. Mumtoz adabiyotimizning bilimdoni Po‘latxon Qayyumiy (1885—1964) esa, birato‘la ikki asarida — “Qo‘qon tarixi va uning adabiyoti” hamda “Tazkirai Qayyumiy”da Zaliliy shaxsi va ijodiga alohida o‘rin ajratgan, ayrim she’rlarini baholiqudrat tahlil qilgan. U Zaliliy she’rlarining tili va uslubi haqida e’tiborli fikrlar bildirgach, uning devoni Qo‘qonda bo‘lganligi va uning qo‘liga parishon varaqlargina yetib kelganini ta’kidlaydi.

Yana Amir Umarxon muxammasiga kelsak. Chindan ham Zaliliyning “Yetar” radifli g‘azali irfoniy mazmun-mohiyat kasb etadi va Umarxon bu asarning tom ma’nosini topgan holda uning har bir baytiga uyg‘un uch misrani bog‘laydi. Natijada, “harfning sadosi, kalimalarning ohangi, vaznning tili” yaqqol aks etgan she’r paydo bo‘lgan. Aytish mumkinki, mazkur muxammas tasavvuf falsafasining qisqacha tarzdagi bayoniga mengzaydi.

Unda: oshiqqa yetib kelgan sahargi ud sasi karamli vojibul vujudning azaldagi ishqdan bashoratidir. To‘lin oy yorug‘idagi kechada esa soqiy saxiylashadi va falak piyolasida nafaqat sharbat, balki “sharbati shuhud” yetishadi. Ko‘zlarga qora surtilishi esa, fig‘ondan dud chiqishidir. Keyingi bandlarda tariqat ahlining asl holati qanday bo‘lishi, solikning ahvoli ruhiyasi ham tilga olinadi. So‘ngra, ilohiy ishq havosida qush misoli parvoz qilish, uning visolidan umidvor bo‘lish, faqat tanani o‘ylab qolmaslik, tariqat dashtlarini yalang kezish ta’kidlanadi. Yoki, muxammasning yana bir o‘rnida:

Tariqat ahlini andeshasi qanoatdur,
Vujud sham’ini kuydurmak anga odatdur,
Chu sof bo‘lsa ko‘ngul, anjumanda xilvatdur —

satrlari orqali Umarxon tasavvuf ta’limoti, xususan, xojagon-naqshbandiya tariqati mohiyatidan chuqur xabardorligini anglatgan. “Anjumanda xilvatdur” jumlasi mazkur tariqatning ulug‘lari — Yusuf Hamadoniy, Abduholiq G‘ijduvoniy va Bahouddin Naqshband tomonidan ishlab chiqilgan o‘n bir asos printsipdan biri — “Xilvat dar anjuman”ning she’rdagi ifodasidir.

Shu tariqa muallif, V.Mahmud ta’rifi bilan aytganda, “koinotning umumiy ruhiga quyilish hasrati”dagi “naqadar buyuk, naqadar oliy” mavzuni nihoyatda yuksak maromda va go‘zal badiiyatda ifodalab bera olgan.

Amiriyni “ilohiy tarannumlar sohibi” deyilishi bejiz emasligini, uning Zaliliy g‘azallariga qilgan yana boshqa ikki muxammasi va devonidagi boshqa bir necha asarlari ham asoslaydi. Misol uchun, uning devonida “Yo, Shoh Naqshband” radifli forscha g‘azali bor. Umarxon haqida tarixiy asar yaratgan — Fazliy va Mushrif ham uning din peshvolari va zamonasidagi tasavvuf arboblariga yuksak ehtiromda bo‘lganligini ta’kidlashadi.

Umuman olganda, Umarxonning zikr etilgan muxammasi o‘zining ma’rifiy ko‘lami bilan ajralib turadi. Habibulla Qodiriy ham otasi, ulug‘ adibimiz Abdulla Qodiriy haqidagi esdaliklarining bir o‘rnida Amir Umarxon bilan bog‘liq rivoyat keltiradiki, bu xonning umri poyonida aytgan ikki misra she’ri bilan tugaydi. Tasodifmi, tavofiqmi, bu she’r ham ta’kidlangan muxammasning dastlabki misralaridir: “Sahar chamanda...”.

Umarxonning Zaliliy g‘azaliga bog‘lagan mazkur muxammasini sof irfoniy ruhdagi asar, deyish mumkin. Quyida ushbu asar, shoir devonining qo‘lyozma nusxalari asosida nashrga tayyorlanib, ilk bora sevimli haftaligimiz o‘quvchilariga taqdim etilmoqda.

Amir Umarxonning Zaliliy g‘azaliga muxammasi
 
Sahar chamanda qulog‘img‘a bongi ud yetar,
Bashorati karam vojib ul-vujud yetar,
Bu kechakim to‘lun oy, sog‘arig‘a jud yetar,
Falak piyolasidin sharbati shuhud yetar,
Savod surma dema, ko‘zlarimga dud yetar.
 
Tariqat ahlini andeshasi qanoatdir,
Vujud sham’ini kuydurmak anga odatdur,
Chu sof bo‘lsa ko‘ngul, anjumanda xilvatdur,
Chirog‘ xonaqai so‘fiyona na hojatdur,
Sitorai falak gunbazi kabud yetar.
 
Havoi ishqda parvozi misli tayr etgil,
Ani visoli umidida tarki g‘ayr etgil,
Vujud kisvatini toshlarga xayr etgil,
Tamomi dashti tariqat barahna sayr etgil,
Kalomi xirqai pashminadin ne sud yetar.
 
Visolsiz bu chamandin ko‘zumga zindon xo‘b,
Nishoti mahfilidin kunji bayt ul-axzon xo‘b,
Agarchi bulbuli sho‘ridag‘a guliston xo‘b,
Mane jahon ahlini bazmidin go‘riston xo‘b,
Navoi navha, har qabrdin surud yetar.
 
Fig‘onki, g‘aflat ila naqdi umr bo‘ldi habo,
Habib ravzasig‘a yetmadim, chu bodi sabo,
Amir erdim, garchi muhabbat olib abo,
Nasibai chu jarohat, Zalil, vo ajabo,
Muhammadiy edimu, sharbati juhud yetar.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 32-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.