Ular tomonidan uch yuz yil davomida yaratilgan yuzdan ortiq lug‘at va qo‘llanmalar Hindistonda tadqiqotchilarni kutmoqda
Agar boburiylar hayot bo‘lganlarida edi, ochig‘i, biz — o‘zbek tilshunoslaridan juda xafa bo‘lgan bo‘lur edilar. Sababi — Bobur vasiyatiga binoan ular uch yuz yil davomida yuzdan ortiq katta-kichik ikki va ko‘p tilli lug‘at va qo‘llanmalar yaratib, o‘zbek tilini saqlab qolishga, uni esdan chiqarmaslikka harakat qilganlar. Bu lug‘at va risolalar bir tarafdan boburiylarning o‘z ona tili — o‘zbek tiliga bo‘lgan cheksiz muhabbatidan darak bersa, ikkinchi tomondan ularni islomiy ma’rifatdan to‘la boxabar ekanligidan darak beradi.
Dunyo lug‘atchilik tarixida bunday madaniy-ma’rifiy fenomen bo‘lmagan. Afsus, biz ularni yetarli darajada o‘rganmay kelyapmiz. Xo‘sh, ularni o‘rganish nima beradi? Ularni o‘rganish Hindistondagi o‘zbek tili haqida noyob ma’lumotlar beradi. Hozirgi o‘zbek tilidan iste’moldan chiqib ketgan tovush va so‘zlarni topish, ayrim so‘z ma’nolaridagi farqlarni aniqlashga yordam beradi. To‘g‘ri, bundan 25 yil avval A.Ibrohimova Avrangzeb buyrug‘i bilan tuzilgan Muhammad Yoqub Chingiyning «Kelurnoma» lug‘atini nashr qilgan edi. 1993 yili doktor Ota Xurshid Aligarx shahridagi «Musulmon universiteti kutubxonasidagi o‘zbek tiliga oid qo‘lyozmalar katalog»ini e’lon qildi. 1996 yili turkiyalik Ali Fuat Bilkan «Turk dili» jurnalida Hindiston qo‘lyozma xazinalarida saqlanayotgan 161 ta turkiy asarlar haqida axborot chop etdi. 2003 yili musiqashunos Dilorom Karomat Xudobaxsh kutubxonasi mudiri doktor A.Bedor iltimosiga ko‘ra «Lug‘ati turkiy, arabiy, forsiy va hindiy va istilohi Shushtar va g‘ayra» lug‘atini nashr qildi. Biroq shu bilan lug‘at va risolalarni o‘rganish ishlari to‘xtab qoldi. Ko‘rinib turibdiki, yuzdan ortiq lug‘at va risolalardan atigi ikkitasigina ilmiy jihatdan o‘rganildi, qolganlari o‘z tadqiqotchisini kutmoqda.
Lug‘atlar asosan Aligarxdagi Mavlono Ozod nomidagi Musulmon universiteti, Kalkuttadagi Osiyo jamiyati va Milliy kutubxona, Patna shahridagi Xudobaxsh, Bombeydagi Mulla Feruz va sharq qo‘lyozmalari, Haydaroboddagi Salarjang muzeyi va sharq qo‘lyozmalari instituti, Rampurdagi kutubxonada saqlanmoqda. Ular ichida Aligarx shahridagi Musulmon universiteti kutubxonasida saqlanayotgan olti tilli «Nisobi (asos) shash lug‘at»da o‘zbekcha so‘zlarning forscha, arabcha, afg‘oncha, kashmircha, hindcha muqobillari keltirilgan. Muallifi noma’lum «Lug‘ati arabiy, forsiy va turkiy» hajm jihatidan (598 bet) boshqalaridan ajralib turadi. Qomuslarning aksariyati ikki tilli. Agar Xayoliy «Nodir at-tarkib»da o‘zbekcha so‘zlarga urducha izoh bergan bo‘lsa, Mustafo ibn Shamsuddin Hisoriyning «Lug‘ati axatariy»si arabcha-o‘zbekchadir. Qo‘lyozma xazinalarda «Nisobi turkiy»ning ko‘plab nusxalari saqlanmoqda. Hajm jihatdan turlicha bo‘lgan ushbu qomuslar Hindistondagi o‘zbeklar uchun qo‘llanma vazifasini o‘tagan.
Qo‘lyozmalarning bir qismi o‘zbek tili qoidalariga bag‘ishlangan. Chunonchi, Ibn Muhammad Solihning «Qavoidi zaboni turkiy», muallifi ko‘rsatilmagan «Sarf va navhi zaboni turkiy»da o‘zbek tili morfologiyasi va sintaksisi ancha batafsil izohlangan.
O‘zbek olimi Fazlullaxon Barlosning «Lug‘ati turkiy» asari ilmiy jihatdan puxtaligi bilan boshqa qomuslardan ajralib turadi. Unda sinchkov olim O‘rta asr lug‘atchilik an’anasiga muvofiq o‘zbek so‘zlarini harfma-harf (!) qo‘rsatgan: lag‘ — ba fathi lom va alif va sukun g‘ayni mo‘’jama ba ma’nii joy -lag‘ — «l» fathali, alif bilan, nuqtali «g‘» ustida sukun ma’nosi joy. Ko‘rinadiki, bugungi qishloq, toshloq, suvloq, qumloq so‘zlari tarkibidagi -loq qadimda joy ma’nosini anglatuvchi mustaqil so‘z bo‘lgan. So‘zning tovush tuzilishi haqidagi bunday batafsil izoh lug‘atchidan bilim va mashaqqatli mehnatni talab qilgan. Go‘ri nurga to‘lgurlar o‘zbek so‘zlarini ana shunday izohlab Hindistondagi o‘zbek tili bo‘yicha noyob ma’lumotlar qoldirganlar. Ushbu lug‘at va qo‘llanmalarni o‘rganmay turib, boburiylar davri o‘zbek tili haqida yozish mumkinmi? Qachongacha Boburning Alisher Navoiy tili haqidagi hammaga ma’lum va mashhur so‘zlarini qaytaraveramiz?! Afsus, bizlar yodgorliklarimizga bepisand qarab, ulardagi so‘zlarni yevropaliklarning tagi puch singarmonizm nazariyasi asosida yozib ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘yib kelmoqdamiz.
Xo‘sh, bu lug‘at va risolalarni kim va qachon o‘rganadi? Ushbu lug‘atlarni o‘rganmay ulardagi ma’lumotlarni hisobga olmay, o‘zbek tili tarixi bo‘yicha darslik, monografiya, qo‘llanma yozish mumkinmi?! Boburiylar ne umidlar bilan ularni biz avlodlari uchun yozib qoldirganlar. Agar bu asarlar gurji yoki armani millati vakillariga ozgina aloqador bo‘lganida edi, ularni har taraflama o‘rganib, jahon lug‘atchilik tarixida noyob hodisa ekanligi haqida dunyoga jar solgan bo‘lur edilar. Lug‘at va risola mualliflari nomlarini jahon tilshunoslik tarixiga oltin harflar bilan bitardilar. Bizlar esa bu lug‘at va qomuslardagi ma’lumotlar ishonchli emas deb, ularga tosh otib yotibmiz. Bu aqli, shuuri, ko‘zining nurini to‘kib, kelajak avlodga bebaho ma’lumotlar qoldirgan ma’rifatli ajdodlarimizga tuhmat emasmi?
Biz ko‘p savob ishlar qilayotgan boburshunos Zokirjon Mashrabovdan ushbu lug‘atlardan nusxalar olib yurtimizga keltirishlarini umid qilib qolamiz.
Ergash UMAROV
"Hurriyat" gazetasidan olindi.