Matyoqub Qo‘shjonov qalamidan chiqqan ishlar adabiy jamoatchilikning doimiy e’tiborida bo‘lib kelgan. Yozuvchilar uyushmasida muntazam bo‘lib turadigan muhokamalar, Fanlar akademiyasidagi an’anaviy anjumanlarda, shuningdek, adabiy nashrlarda tashkil etiladigan bahsu munozaralarda u yoki bu adabiy hodisaga ustozning munosabati qandayligi bilan qiziquvchilar ko‘p bo‘lardi.
Shu narsaga guvoh bo‘lganmanki, umrlarining keyingi yillarida, o‘zlari o‘qishga imkonsiz paytlarda shogirdlar, umr yo‘ldoshlari, farzandlar, nabiralar u kishiga yangi asarlarni o‘qib berishar, mulohazalarini qog‘ozga tushirar edilar. Shunday ham bo‘ldiki, domlaga u kishining baholarini qadrlaydigan ixlosmand adiblar 300-400 sahifalik epik asarlarni magnit tasmasiga yozib, qo‘yib berishar, shu asnoda yangi roman va qissalarga kirish so‘zlari yozilar edi.
U zot bilan shaxsan tanishishim o‘tgan asrning 70-yillari oxiriga to‘g‘ri kelgan. O‘sha yillari turmush o‘rtog‘im Faridaxon tobi qochib, ittifoqo, davolanuvchilar orasida Matyoqub Qo‘shjonov ham bor ekanlar. Faridaxon gapdan gap chiqib, o‘zining Toshkent davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tugatgani, turmush o‘rtog‘i (ya’ni men) ham adabiyotga daxldor ekanimni aytadi.
O‘shanda domla meni huzurlariga kelishimni aytgan ekanlar. O‘zimning og‘ir karvonligim, turmush ikir-chikirlari va universitetdagi ishlarim bilan bo‘lib, domlaning oldiga ha deganda o‘tolmadim.
Kunlarning birida oliygohda yursam, ingliz filoligiyasi fakultetining o‘sha paytdagi dekani rahmatli Karimberdi aka Rahmonberdiev “Sizni akademiyadan Matyoqub Qo‘shjonov so‘rayaptilar, bir borib uchrashar ekansiz”, deb qoldilar.
Shunda lop etib, shifoxonada aytilgan gap yodimga tushdi. O‘sha paytda ustoz akademiyaning Til va adabiyot institutida direktor bo‘lib ishlar edilar.
Qabulxonada kotib qiz domlaga kelganimni bildirishi bilanoq meni huzurlariga chaqirdilar. Hol-ahvol so‘rab, nimaga mashg‘ul ekanligim bilan qiziqdilar.
Keyin menga yuzlanib:
— Sizning bir necha maqolalaringiz bilan tanishdim. O‘zbek adabiyotining nemis adabiyotshunoslari tomonidan o‘rganilishi, umuman o‘zbek voqeligining Germaniyada idrok etilishini tadqiq etib, bir tizimga solib yaxlit monografik tadqiqot sifatida o‘rganmaysizmi? Men o‘zim ishingizga rahbarlik qilaman. Bu ishni uddalay olishingizga ko‘zim yetganidan aytyapman. Ko‘pincha yoshlar iymanadilarmi, salobat bosadimi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri menga murojaat etishavermaydi, — dedilar.
Domlaning taklifu quvvatlashlari menga qanot bo‘ldi. Ilhomlanib ishga kirishdim. Ma’lum muddat o‘tgach, bir bosma taboqcha qoralamamni olib borib, “Qo‘lingiz tekkanda ko‘rib berarsiz”, deb tashlab keldim. Ha deganda javob bo‘lavermadi. So‘rashga botina olmadim. Bir anjumanga borganimda domla institut yo‘lagida ko‘rib qolib:
— Salohiddin Mamajonovga uchrang, maqola nima bo‘ldiykin? — deb qoldilar domla.
Darrov Salohiddin akaga yo‘liqdim. Bilsam, ustozga “Ko‘rib berasiz” deb bergan ish “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnalida chop etish uchun terib qo‘yilgan ekan. Korrekturasini o‘qib berdim.
O‘sha paytlarda yosh tadqiqotchilar va aspirantlar ishlari petit bilan terilib, axborot tarzida jurnal oxirida berilardi. Maqolam “O‘zbek adabiyoti nemis munaqqidlari talqinida” nomi bilan nomdor adabiyotshunoslar tadqiqotlari bilan yonma-yon berilibdi. Bu ham ustozning kaminaga ko‘rsatgan saxovatlari edi.
Kunlardan bir kun domla Rossiya Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi, sharqshunos Ch. N. Chelishevning salmoqli kitobini berib, “O‘qib chiqing, taassurotlaringizni qog‘ozga tushirib, keyin oldimga kelarsiz”, dedilar. Avvaliga ajablandim, keyin o‘z adabiyotingni xorijiy adabiyot ko‘zgusi orqali ko‘rish bilan ko‘p narsani o‘rganish mumkin, uning ustiga butun umr bo‘yi Sharq, xususan hind adabiyotlarini o‘rgangan Ch. N. Chelishevning tadqiq yo‘rig‘i bilan oshno bo‘lishimni istagan bo‘lsalar kerak deb, sinchkovlik bilan o‘qidim.
Mutolaa va o‘rganish nihoyasiga yetgach, taassurot va fikrlarimni 4-5 sahifada umumlashtirib, ustoz nima der ekanlar, deya oldilariga bordim. Shoshilmay ko‘rib chiqdilar, keyin:
— Durustgina taqriz bo‘libdi. “Adabiyot va san’at”ga Mahmud Sa’diyga olib boring, Matyoqub Qo‘shjonov tavsiya etdilar, deb ayting, — dedilar domla.
Maqola “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida bosilib chiqdi. Dissertatsiyam nihoyasiga yetib, Til va adabiyot instituti sektorlarining qo‘shma majlisida muhokama qilinib, himoyaga tavsiya etilgach, bir muammo paydo bo‘ldi. Nafaqat Ixtisoslashgan kengash tarkibida, balki O‘zbekiston bo‘yicha o‘sha paytda Yevropa adabiyotlari bo‘yicha fan doktori yo‘q ekan.
Domlaning “Shedrost talanta” kitoblari Moskvada chiqish arafasida u kishini kitobning signal nusxasini o‘qib berish uchun taklif etishdi. Ustoz ishlari boshlaridan oshib-toshib yotganiga qaramay, Jahon adabiyoti institutiga borib, professorlar P. Toper va
N. Ivanovlarni Toshkentga bir martalik Ixtisoslashgan kengashga a’zolikka taklif etganlar. Domlaning ko‘plab kishilarga bunday hojatbarorlik qilganlariga bir necha bor guvoh bo‘lganman.
N. Ivanovlarni Toshkentga bir martalik Ixtisoslashgan kengashga a’zolikka taklif etganlar. Domlaning ko‘plab kishilarga bunday hojatbarorlik qilganlariga bir necha bor guvoh bo‘lganman.
Nihoyat, himoya ham yetib keldi. Domla kengash raisi, men ilmiy darajaga da’vogar. Himoya gali menga kelganda, domla bir ish bilan chiqqandek, xonani tark etdilar. Keyin bilsam, u kishining ilmiy rahbarliklari va raisliklari muhokamaning xolisligiga ta’sir etmasin deb shunday qilgan ekanlar.
Shu-shu, domla bilan ustoz-shogird va oilaviy munosabatlarimiz salkam 35 yil davom etib keldi. Uchrashuvimiz ustozning xonadonida bo‘ladimi, dala hovlisiyu stantsionarda bo‘ladimi, xotiramizda samimiyat saboqlari bo‘lib muhrlandi. Domlaning ochiq chehralari, kelinoyimiz Rahima opaning o‘z jigarlaridek qabul qilishlari bizni bu qutlug‘ dargohga talpinishimizga bahona bo‘lar edi. Biror sabab bilan diydorlashuv muhlatlari cho‘zilguday bo‘lsa, kelinoyimiz yoki domlaning o‘zlari katta boshlarini kichik qilib, uyimizga qo‘ng‘iroq qilib, hol-ahvol so‘rab ko‘nglimizni ko‘tarar, domlaning nazarlarida bo‘lganimizdan xursand bo‘lar edik.
Domla to‘qsonni qoralab qolganlarida ham o‘qish o‘rganish, yozish, tadqiq qilishdan biror fursat to‘xtaganlari yo‘q. Qachon huzurlariga bormay, avvalgi uchrashuvdan buyon qilgan ishlari, yozgan maqolalari, tayyorlagan risolalari, qoralagan esdaliklari haqida gapirib go‘yo hisobot berar edilar. Suhbatlaridan sira ham “Men bu ishni do‘ndirib qo‘ydim” ma’nosidagi ohangni ham, g‘ururni ham sezmaganman. Undan keyin: “Qani, o‘zingiz nimalar qildingiz”, deb qiziqar, agar jo‘yali biror narsani uddalamagan bo‘lsak, koyimasalar ham, yangi ishlarga rag‘bat berar edilar.
— Ishingizda muntazamlikni odat qiling. Har kuni biror narsani qoralasangiz, qo‘lingiz yozishdan chiqib qolmaydi. Agar kunda bir sahifa yozsangiz, bir yilda 365 sahifa bo‘ladi, — der edilar rahmatli domla. O‘zlari shu tamoyilga umr bo‘yi amal qilganliklari barcha shogirdlarga o‘rnak bo‘lib qoldi.
Adabiyotimiz barqaror ekan, domlaning ko‘plab jildlik kitoblarga arzigulik meroslari adabiyotshunoslarni tarbiyalashdek ezgu ishda dasturul-amal bo‘lishi shubhasizdir. Agar XX asrda yaratilgan adabiyot nazariyasi, tanqidi va adabiyotshunoslikka doir tadqiqotlardan umrboqiylari sanaladigan bo‘lsa va o‘rnakli qomus tuziladigan bo‘lsa, albatta,
M. Qo‘shjonov bitiklari oltin merosimizning salmoqli sahifalari bo‘lib qolishiga sira ham shubha yo‘q. Oxiratingiz obod bo‘lsin, ustoz!
M. Qo‘shjonov bitiklari oltin merosimizning salmoqli sahifalari bo‘lib qolishiga sira ham shubha yo‘q. Oxiratingiz obod bo‘lsin, ustoz!
Shavkat KARIMOV,
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti kafedra mudiri
"Hurriyat" gazetasidan olindi.