OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Eson O‘rinov. Teatr (2012 yil dramalari tahlili) (2013)

O‘tgan 2012 yil boshqa sohalar kabi teatr san’ati sohasida ham sermahsul yil bo‘ldi. Ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot sohasida mamlakatimiz bo‘ylab yuzlab ijodiy uchrashuvlar uyushtirildi. Xalqaro va Respublika miqyosidagi festivallar o‘tkazilib, ular doirasida ilmiy-amaliy konferentsiyalar o‘tkazildi. O‘tgan yili teatrlarda turli mavzu va janrlarda 160 dan oshiq dramatik asarlar sahnalashtirilgan bo‘lib, ulardan 70 tasi milliy-zamonaviy, 37 tasi milliy-tarixiy va afsonaviy, 55 tasi jahon dramaturgiyasining namunalaridir. O‘tkazilgan barcha tadbirlar, sahnalashtirilgan asarlar, asosan, “Mustahkam oila yili”ga bag‘ishlangan bo‘lib, sahna yuzini ko‘rgan aksariyat spektakllar shu mavzuni ifoda etishga qaratilganligi bilan e’tiborlidir.

Aytish lozimki, birlashmaga tushayotgan aksariyat pesalar professional va badiiy jihatdan turlicha darajada ekanligi tufayli, mutaxassislar tomonidan berilgan tavsiyalar asosida qayta-qayta ishlanib, so‘ngra teatrlarga tavsiya etilmoqda. Asarlar sahnalashtirilgach, dastlab teatr badiiy kengashlarida, so‘ngra “O‘zbekteatr” birlashmasi qoshida tashkil etilgan jamoatchilik asosidagi badiiy kengash muhokamasidan o‘tib, tomoshabinlarga namoyish etilmoqda.

O‘zbek Milliy akademik drama teatrida “Imkon” (L.Mahmudov), “Yaralangan oqqush nidosi” (S.Sirojiddinov), “Yig‘lama, qiz” (R.Muhammadjonov); Muqimiy nomidagi o‘zbek Davlat musiqiy teatrida “Osmondagi hulkarim” (R.Muhammadjonov), “Mehr nuri” (X.Xursandov); Respublika yosh tomoshabinlar teatrida “Umid daraxti” (O‘.Hoshimov); O‘zbek davlat drama teatrida “Ayol” (Zulfiya Qurolboy qizi); Respublika satira teatrida “Vaqt kaliti” (E.Usmonov); Res­publika qo‘g‘irchoq teatrida “Quvnoq arava” (I.Jumanov); Yunus Rajabiy nomidagi Jizzax viloyat musiqali drama teatrida “Umid daraxti” (O‘.Usmonov); Hamid Olimjon nomli Samarqand viloyati musiqali drama teatrida “Shirin nayrang” (N.Hoshimov); A.Jo‘raev nomidagi Samarqand viloyat qo‘g‘irchoq teatrida “Sehr va mehr” (I.Jumanov); Abdulhamid Majidiy nomidagi Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatrida “Sohiba” (E.Shukurova); Mannon Uyg‘ur nomidagi Surxon­daryo viloyati musiqali drama teatrida “Alla” (X.Xursandov); Farg‘ona viloyat qo‘g‘irchoq teatrida “O‘z uyingni o‘zing qadrla” (M.Ashurova); Ogahiy nomidagi Xorazm viloyati musiqali drama teatrida “Dilda borim” (E.Samandar); Jizzax viloyat qo‘g‘irchoq teatrida “Keling, do‘st bo‘laylik” (N.Farmonova) kabi spektakllar shular jumlasidandir.

“Mustahkam oila yili”ga bag‘ishlab, Davlat buyurtmasi sifatida Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan oktyabr oyida uchta teatrga mablag‘ ajratildi. Bular: O‘zbek Milliy akademik drama teatrida “Senga bir gap aytaman” (A.Ibrohimov), Mannon Uyg‘ur nomidagi Surxondaryo viloyat musiqali drama teatrida “Alla” (X.Xursandov), Farg‘ona viloyat qo‘g‘irchoq teatrida “O‘z uyingni o‘zing qadrla” (M.Ashurova) spektakllari sahnalashtirilib, premeralari o‘tkazildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan aloqalar tobora mustahkamlanib bormoqda. “Do‘rmon” ijod uyida o‘tkazilgan yosh dramaturglar seminari natijasi o‘laroq, yosh dramaturglarning pesalari va kinostsenariylari jamlangan “Joziba” to‘plami taqdimoti o‘tkazildi.

Kitobga kirgan ikki muallifning asarlari Buxoro va Surxondaryo viloyat musiqali drama teatrlarida sahnalashtirildi. Boshqalari ham teatrlar repertuariga kiritilmoqda.

O‘tgan yilda yana qator muhim tadbirlar rejalashtirilgan bo‘lib, shulardan biri yosh rejissyorlarning “Debyut-2012” Respublika teatr san’ati festivali 25-29 iyun kunlari Toshkent shahrida muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Sahnalashtirilgan qator spektakllar mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkazilgach, 14 ta ijodiy ish tanlab olinib, festivalda namoyish etish uchun dasturga kiritildi. Bular: Olim Xo‘jaev nomidagi Sirdaryo viloyat musiqali drama teatrida sahnalashtirilgan “Oydinda yurgan odamlar” (T.Murod), “Shiroq” (M.Osim), Hamid Olimjon nomidagi Samarqand viloyat musiqali drama teatrining “Shirin nayrang” (N.Hoshimov), Respublika yosh tomoshabinlar teatrining “Meshpolvon” (A.Obidjon), Hamza nomidagi Qo‘qon shahar musiqali drama teatrining “Jonim baxshida” (M.Mamadalieva), “O‘zbekteatr” birlashmasi va O‘zbekiston Davlat san’at instituti bilan hamkorlikdagi loyihasi bo‘yicha yosh dramaturg B.Bozorovning “Iskandar” instsenirovkasi asosidagi spektakllar mutaxassislar tomonidan ijobiy baholandi.

Birinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan “Iskandar” spektakli “Teatr.Uz” va Qozog‘iston Respublikasining Olmata shahrida o‘tkazilgan xalqaro teatr san’ati festivalida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Muhtaram Prezidentimiz Buxoro shahrida bunyod etilgan viloyat musiqali drama teatrining yangi binosiga tashrifi chog‘ida, teatrlarda zamonaviy qahramon obrazini yaratish bo‘yicha bildirgan fikr-mulohazalaridan kelib chiqqan holda, birlashma va teatrlarda, o‘zlarining ustuvor vazifasi sifatida, doimiy ravishda ijodiy, tashkiliy ishlar olib borilmoqda. Shu maqsadda, 2011 yil may oyida “Seni kuylaymiz, zamondosh!” Respublika teatr san’ati tanlovi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan bo‘lib, 2013 yilning may oyida ikkinchi marotaba o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tayyorgarlik ishlari o‘tgan yili boshlab yuborilgan. 2012 yil sentyabr oyida “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida ushbu tanlov o‘tkazilishi haqida e’lon berildi. Teatrlarda pesalar tanlash, sahnalashtirish ishlari olib borilmoqda.

Hozirda 20 dan oshiq teatrlarda shu jarayon ketmoqda. Tanlangan pesalarning aksariyati original asarlar ekanligi e’tiborga loyiqdir. Bunday tanlov va festivallar dramaturgiyada yangi asarlar yaratilishiga zamin bo‘lmoqda.

Shu bilan birga aytish lozimki, teatrlarda turli mavzulardagi (aqidaparastlik, missionerlik, odam savdosi, giyohvandlik kabi illatlarni fosh qilishga qaratilgan pesalar) badiiy, g‘oyaviy jihatdan mukammal sahna asarlariga, ayniqsa, zamonaviy qahramon obrazi ifoda etilgan asarlarga katta ehtiyoj sezilmoqda.

Mamlakatimizdagi 37 ta professional teatrlarning 10 tasi qo‘g‘irchoq teatrlari, 2 tasi yoshlar, 2 tasi yosh tomoshabinlar teatrlari hamda kattalar teatrlarida ham bolalar uchun asarlar sahnalashtirilayotganini e’tiborga olsak, bolalar uchun pesalar nihoyatda kamligi sezilmoqda.

“O‘zbekteatr” birlashmasi Yozuvchilar uyushmasi bilan doimiy ravishda hamkorlik ishlarini olib bormoqda va bundan keyin ham bu jarayon davom etaveradi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 3-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.