Ijodiy davralarda badiiy adabiyotning ma’lum bir davrdagi taraqqiyotini baholashda ko‘p hollarda qissa, roman, drama kabi yirik janrdagi asarlarni me’yor qilib olish taomilga aylangan. Lekin bu xildagi qarash hamisha ham o‘zini oqlay olmasligini Bolalar adabiyoti misolida ko‘rish mumkin. M.A’zam, T.Adashboev, A.Obidjon singari ustoz so‘z san’atkorlaridan tortib, beg‘ubor tuyg‘ularini endi-endi ohangga solayotgan maktab o‘quvchilarigacha bugungi bolalar adabiyoti namunalarini yaratayotgan shundan dalolat bermaydimi? Bolalarga bag‘ishlangan vaqtli matbuot sahifalaridagi havaskorlarning qoralamalaridan 99,99 foizi she’riyatga da’vogarligi ham shu turdagi asarlarning istiqboliga umid va ishonch uyg‘otadi.
O‘tgan davr mobaynida dunyo yuzini ko‘rgan bolalar nasriga oid turli janrga mansub yangi va qayta nashrlarni, matbuot sahifalarini ko‘zdan kechirish kichkintoylar adabiyotining hozirgi holati yuzasidan birmuncha tasavvur tug‘dira oladi. Xususan, 2 jilddan iborat “Gulgina” tipidagi to‘plamlarning yuzaga kelishi, L.Tolstoy, V.Dal, A.Tolstoy, V.Aksakovlar ijodidan yangi tarjimalarning e’lon qilinishi, X.To‘xtaboev, Yo.Shukurov, H.Shayxov, T.Malik asarlari qayta nashrlarining amalga oshirilishini so‘nggi yillardagi bolalar adabiyotining jiddiy yutug‘i sifatida tilga olishga izn beradi.
Bolalar adabiyotining so‘nggi yillardagi rivojlanish yo‘llari xususida so‘z yuritganda, avvalo, ijodiy an’ana va yangilanishlar, badiiy tafakkur borasidagi evrilishlar, qardosh va jahon adabiyoti bilan ichki aloqadorlik, jamiyat taraqqiyoti bilan bog‘liqlik unda qay darajada o‘z ifodasini topayotganiga e’tibor qaratilishini tabiiy hol deb tushunmoq kerak.
Bolalar nasrining yaqin bir-ikki yil ichidagi ko‘lami, mazmun-mundarijasi jihatidan bir vaqtlar H.Nazir, M.Osim, S.Anorboev, N.Fozilov, X.To‘xtaboev, H.Po‘latov, A.Abdurazzoq, L.Mahmudov, F.Musajon, O.Husanov, S.G‘afurov, S.Barnoev, Ya.Sa’dullaeva, E.Raimov, A.Obidjon, A.Ko‘chimovlardan iborat adiblarning katta armiyasi qalam tebratgan davr adabiyotidan zig‘ircha kam joyi yo‘qligi ko‘zga tashlanadi.
Shunday ekan, savol tug‘iladi: so‘nggi yillar bolalar nasrida qanday yangilanishlar yuz berdi? Ustoz so‘z san’atkorlari an’analarining qay birlari hayotda o‘z tasdig‘ini topdi? Yosh ijodkorlarning jahon adabiyotidagi ilg‘or tajribalarga munosabati qanday kechyapti? Bunga loaqal “Gulxan”, “Tong yulduzi” kabi gazeta-jurnallarning o‘tgan yilgi sonlarini varaqlash bilan javob topish mumkin.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Tohir Malikning Mirzakalon Ismoiliy an’analarini, Erkin Malikning “Shaytonvachchaning nayranglari”ga doir ma’rifiy qissalari misolida ko‘p yillik ijodiy tajribalarini maroq bilan davom ettirayotgani, Normurod Norqobilovning Sunnatilla Anorboev qalamiga mansub “To‘rtko‘zning boshidan kechirganlari”, “Sulaymon ovchi va uning iti haqida qissa”, “Suzib borar arxarlar”, shuningdek, N.Fozilovning “Ko‘kyol”, “Toychoq”, O.Husanovning “Tog‘da o‘sgan bola” asarlarini esga soluvchi “Oqbo‘yin”, “Tog‘dagi yolg‘iz odam”, “Paxmoq” qissalarida ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi azaliy ziddiyatni lirik uslubda badiiy gavdalantirishi har jihatdan e’tiborga loyiqdir.
“Shaytonvachchaning nayranglari” alohida-alohida hikoyalardan tashkil topgan. Lekin har bitta hikoya markazida Shaytonvachchaning iymon, diyonat, bo‘hton, tuhmat, e’tiqod bobida faqat o‘z nafsini peshkash qiluvchi nayranglari turadi. Gap shundaki, Shaytonvachchaning biror nayrangi bilan tanishgan kitobxon inson ma’naviyatiga doir axloqiy tushunchalar kundalik hayotda naqadar muhim ahamiyat kasb etishi xususida muayyan xulosaga keladi.
N.Norqobilov qissalari bir qarashda kichik kitobxonni hayvonot olamining o‘ziga xos turmush tarzi bilangina tanishtirishga qaratilganga o‘xshaydi. “Paxmoq” qissasi shunday tasvir bilan boshlanadi: “Uning hayotida behalovat kunlar boshlandi. Endi ilgarigidek emin-erkin yurolmas, nazarida, har bir xarsang, buta yoki archa ortidan g‘animi poylab turgandek o‘zini bejo his etardi. Bunday paytda ko‘zidan ko‘ra, ko‘proq dimog‘iga ishonardi”.
“Oqbo‘yin” qissasida Oqbo‘yin nomli it ham quyidagicha tanishtiriladi: “Oqbo‘yin notanish hidni darrov ilg‘adi. Parvo qilmadi. Tovuq patini o‘ynashda davom etdi. Patni ertalab topgan, nimaligiga aqli yetmay boshi garang edi. In yonidagi chirik xashaklar ustida cho‘zilib yotgan ona it bezovta g‘ingshigandan so‘nggina qadam tovushlari kelayotgan tomonga o‘girildi. Besh odimcha narida uy egasi – Sodiq aka bilan norg‘ul bir odam – Karim podachi, egnida yag‘iri chiqqan paxtalik, oyoqlarini kerib turardi. Undan go‘ng, pichan, silos va yana allambalolarning hidi anqirdi”.
Har ikkala qissani birlashtiradigan narsa Paxmoq ayiqda ham, Oqbo‘yinda ham hid bilish sezgilarining borligini shunchaki qayd qilish emas, asar voqealarining aynan hayvonlarga xos hid bilishdek tabiiy sezgilar bilan bog‘liqligiga e’tibor qaratilganidir. Darhaqiqat, ko‘pchilik hayvonlarning tashqi dunyo bilan biror munosabatga kirishishida tabiiy sezgilariga suyanishi tabiiy hol hisoblanadi.
O‘z qahramonlarini faqat tashqi jihatdan – yurish-turishi, qilig‘i, turmush tarzi bilangina tanishtirmasdan, balki eng yaqin qadrdonlaridek ularning ichki dunyosi ichiga chuqur olib kira bilishi, shu haqda kitobxonda ham yorqin taassurot qoldirishi yozuvchining yuksak iste’dodidan dalolat beradi.
Agar S.Anorboev, T.Qodirov, N.Fozilov qissa va hikoyalarida hayvonlarning xatti-harakatlari tufayli insonlar qalbidagi kechinmalarga ko‘proq e’tibor qaratilsa, N.Norqobilov qissalarida hayvonlar bilan birga insoniy kechinmalarga ham diqqat qaratilishi adib ijodiy uslubining o‘ziga xosligidan nishonadir.
Bolalarning tabiatan har narsaga qiziquvchanligi sarguzasht asarlarning hayotiy ildizini oziqlantiruvchi yetakchi omil ekanligi isbot talab qilmas haqiqat. Malohat Husanovaning “Erkin Puaro” qissasi, “Mingchinordagi ajina”, Dilfuza Shomalikovaning “Tanish kabutarlar” hikoyalari, Alisher Sa’dullaning “Shiroq” qissasi garchi sarguzasht asarlar sifatida e’lon qilingan bo‘lsa-da, sarguzasht uslubi ularda yetakchi o‘rin tutmaydi. Mazkur asarlarda qahramonlarning sarguzashtlari mualliflarning real hayotga munosabatini ifodalashda o‘ziga xos fon vazifasini o‘taydi, xolos.
Badiiy bo‘yoqdorlik, uslubiy rang-baranglik, badiiy-falsafiy tafakkur uyg‘unligiga xizmat qilishi G‘ulom Karimning “Arslonxon minorasi” hikoyasiga ham xos xususiyatdir.
Bolalarga bag‘ishlangan ayrim asarlar bor – ularda muallif o‘zi chuqur bilgan-bilmagan voqealarni asar markaziga qo‘yadi, qahramonlarning o‘zaro bog‘langan-bog‘lanmagan sarguzashtlariga e’tibor qaratiladi-yu, kechinmalari yetarli darajada asoslanmaydi.
“Arslonxon minorasi”da G‘ulom Karim minora qurilishini shunchaki qalamga olmaydi. U sharqshunos sifatida Arslonxon minorasi tarixinigina emas, balki o‘lkamiz minoralarining qadimiy shaharsozlikdagi ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatini chuqur o‘rgangan faylasuf va tarixchi olim darajasida fikr yuritadi.
Xon bilan usta Boqining minora tepasidagi suhbati, xonning moziyga bo‘lgan munosabati, vatan tarixi, ajdodlar taqdiriga oid mulohazalari tasvirida tarixchi olim tahlili bilan ijodkor tafakkuri uyg‘unlashib ketadi.
Asarda ko‘hna Sharq va unda yashagan xalqlar madaniyati tarixining gullab-yashnagan, tanazzulga uchragan davrlari to‘g‘risidagi ishoralar kitobxonni befarq qoldirmaydi. Tasvir tiniqligi, xon mulohazalarining teran hayotiyligi o‘quvchini o‘sha davr muammolarining abadiyatga daxldorligi xususida o‘yga toldiradi.
Tarixiy mavzuda qalam tebratuvchi ko‘pgina ijodkorlardan farqli o‘laroq, “Arslonxon minorasi” muallifi mavzuning yangiligi yoxud tarixiy shaxsning mashhurligi uchungina qo‘liga qalam olmasligini Amir Temurga oid qissasidayoq isbot qilgan edi. “Arslonxon minorasi” adib qalamining asardan asarga charxlanayotganini ko‘rsatadi.
Holva degan bilan og‘iz chuchimaganidek, achchiq-tiziq gap aytish bilan biror sohada kamchiliklarga chek qo‘yib, muvaffaqiyatga erishib bo‘lmasligi hech kimga sir emas. Bolalar nasrining bugungi rivoji ham bundan mustasno emas. Bizningcha, tabiatan bolalar yozuvchisi bo‘lib tug‘ilish zarurati bundan keyin ham kichkintoylar adabiyotining rivoji yo‘lida haqqoniy talab bo‘lib qolaveradi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 3-son.