Atoqli shoir, iste’dodli dramaturg va mohir tarjimon Ramz Bobojon ijodiy faoliyatga juda erta kirishgan edi: 15 yoshga to‘lar-to‘lmas she’rlari matbuotda ko‘rina boshlagan. “She’rlar” (1939), “Hadya” (1940), “Oltin kamalak” (1949), “Tanlangan asarlar” (1958), “Senga, sevgilim” (1969), “Muhabbatga ta’zim” (1980), “Sening mehringdan” (1996), “Surayyo yulduzidan shu’lalar” (2001) kabi she’riy to‘plamlari, “Yangi ruboiylar”, “Saylanma”larining o‘z vaqtida nashr etilishi uning ijod ko‘lami keng va rang-barangligidan dalolat beradi.
Xarakterli tomoni shundaki, R.Bobojonning ko‘p asarlari boshqa tillarga tarjima qilinib, iliq kutib olingan. Kitobxonlar shoirning ketma-ket nashr etilgan poemalarini zavq-shavq bilan o‘qiganlarining ham shohidi bo‘lganmiz. Jumladan, uning “Qadrdon do‘stlar” dostoni, “Bobom bilan suhbat”, “Bahs” hamda “Hindiston onasi”, “Hayyomnoma” va “Ming bir turna” trilogiyasi, shuningdek, “Yusuf va Zulayho” dostoni mazmunining teranligi, ularda qo‘yilgan muammoning dolzarbligi bilan kitobxonlar e’tiborini tortdi. Ayniqsa, “Obi hayot” poemasi adabiy jamoatchilik tomonidan juda yaxshi qabul qilindi, o‘zbek poeziyasi barkamol yo‘ldan borayotganidan, ustozlar an’anasi ishonchli qo‘llarda ekanligidan dalolat berdi.
She’rlar, qo‘shiqlar badiiy puxta, his-tuyg‘uga boy bo‘lsa, xalqning diliga yo‘l topib boraverar ekan. Darhaqiqat, shoirning o‘zi aytganidek, “Har qanday she’r, mabodo, bastakor diliga, xonanda tiliga yo‘l topsa, qo‘shiq bo‘la oladi”. Jumladan, uning lirik she’rlaridan biri — “Gilos” ilk marotaba mashhur cholg‘uchi Nabijon Hasanov bastalagan musiqa bilan xushovoz xonanda Karim Mo‘minov ijrosida tez orada el og‘ziga tushdi.
Adibning “Tog‘a-jiyanlar” komediyasi uzoq vaqt akademik teatrimiz sahnasini bezagan bo‘lsa, san’atkorning keyingi asari “Romen” lo‘lilar teatri repertuaridan ham mustahkam o‘rin olgan. “Zuhraning maktublari” (“Lo‘lini aldash qiyin”) o‘zbek dramaturgiyasini keng miqyosga olib chiqqan puxta asarlardan biri. Bu piesadagi insonning o‘z taqdiri va kelajagi, ongidagi sarqitlarga qarshi kurashining ta’sirchan ifodasi tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Muallif bu g‘oyani ochish uchun lo‘lilar hayotini o‘rgandi. Asarda ularning ko‘chmanchilikdan turg‘un mehnatga o‘tish jarayoni ko‘rsatiladi va bu talqinlar Darya, O‘vqoch kabi qahramonlarning xarakteri orqali ochib beriladi, ularning faoliyatida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Men Ramz Bobojonning ijodini, ayniqsa, dramaturgiya sohasidagi mehnati samarasini sinchkovlik bilan kuzatib borganman. Muqimiy nomidagi musiqali teatr jamoasi uning yangi “Yusuf va Zulayho” asarini qo‘lga olibdi, degan xushxabarni eshitishim bilan uni kuzatdim. Spektaklning muhokamasida sevgi muammosining ifodasi, artistlarning ijrosi, musiqasi, hatto rassomning bezagi, qo‘yingchi, barchasi bizga ma’qul tushdi. Spektaklni tahlil qilib bergan K.Yashin va boshqa teatrshunoslar asarni yanada takomillashtiradigan zarur maslahatlar berishdi. Bundan kamina ham chetda qolmadim. Xullas, “Yusuf va Zulayho”ning faol targ‘ibotchisiga aylanib, matbuotda, turli ijodiy yig‘inlarda chiqishlar qildim.
Zotan, dramaturg zamonaga xizmat qiladigan asar yaratgan, tarix tili bilan zamonni so‘zlatgan, mavjud muammolarga tomoshabinlarning e’tiborini jalb etgan va shu bilan birga ibratli saboqlar chiqaradigan asar yaratgan edi. Davrning dolzarb masalalarini, yurtning tinchligini, ijtimoiy, umuminsoniy muammolarni kuylash, hasad, adovatni fosh etish bugungi kunning ruhiga ham to‘la mos tushadiki, ayni shu jihatlar “Yusuf va Zulayho” asarining zamonaviyligini ta’min etadi.
Ma’lumki, muallif dastavval bu mavzuda doston bitdi, u muvaffaqiyatli chiqqach, musiqali drama yaratdi. Drama Muqimiy nomidagi teatr sahnasida uzoq vaqt ijro etib kelindi. Bunday yutuqdan ilhomlangan ijodkor “Yusuf va Zulayho” rivoyatini ekranga olib chiqdi. Ramz Bobojon o‘z asarini dramatik doston, deb atagan bo‘lsa-da, mening fikrimcha, “Yusuf va Zulayho” yigirmanchi asr o‘zbek adabiyotining she’riy romani bo‘lib tanildi.
Qator she’riy to‘plamlar, bir necha puxta dramalar yozib, elga tanilgan Ramz Bobojon o‘zning qalamini katta janr — romanda sinab ko‘rdi. Uning “Muhabbat mezoni” romanida poeziya va dramaturgiya sohasidagi ijodiy tajribalari qo‘l keldi. Oqibatda asarning tili shirali va serjilo chiqdi. Adib asarda muhabbatni yangicha ko‘lamda o‘ziga xos, kutilmagan voqea-hodisalar asosida yoritib bergan. Har ko‘ngil sevgini o‘ziga xos kashf etadi deganlaridek, Ramz Bobojon qahramonlari ham o‘zlarining his-tuyg‘ulari bilan sevgiga sayqal berib, uni qayta kashf etadilar. Muallif hayot lavhalarini tasvirlaganda, ayniqsa, ikki qalb muhabbatini ifodalaganda milliy tilimizning boy xazinasidan foydalanib, tasviriy vositalarni qahramonlar xarakteriga, mohiyatiga, voqealar oqimiga ustalik bilan singdirib yuborgan. “Muhabbat mezoni” atoqli adib Hamid G‘ulom so‘zboshisida yozganiday: “...kitobxonlar, ayniqsa, yoshlar o‘qisa bo‘ladigan, ularning hayotiy dolzarb muammolarga javob topishiga ko‘maklashadigan, o‘qishli, foydali romandir”.
Ramz Bobojonning adabiyot va san’atimizdagi muhim voqealarni hozirgi hayotimiz bilan bog‘lab talqin etgan “Mening ijodim — mening hayotim” (Toshkent, “Fan”, nashriyoti, 2004) kitobi adabiy-badiiy lavhalardan tashkil topgan. Bu asarni adabiy majmua yoki adabiyot tarixidan esdaliklar, deb aytsak to‘g‘ri bo‘lar. Uni o‘qib qariyb yetmish yil mobaynida hayotimiz, adabiyot va madaniyatimizda yuz bergan ko‘pdan-ko‘p hodisalar kino tasmasidek ko‘z oldimizdan o‘tadi. Xarakterli tomoni shundaki, asarda ifodalangan adabiy-badiiy voqealarning bevosita guvohi, ishtirokchisi bo‘lganman. Shu sababdan ham kitobni zavq-shavq bilan o‘qib chiqdim, o‘zim bexabar bo‘lgan voqealarni bilib, adabiyot haqidagi tasavvurim kengaydi va boyidi.
Ramz Bobojonning chet el madaniyati arboblari bilan do‘stona, samimiy munosabatlari milliy adabiyotimiz uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Ayniqsa, N.Tixonov, A.Tvardovskiy, S.Mixalkov, Ch.Aytmatov, R.Hamzatov, M.Tursunzoda, B.Kerboboev, Q.Quliev, shuningdek, pokistonlik mashhur shoir Fayz Ahmad Fayz, turk yozuvchisi A.Nesinlar bilan ijodiy hamkorligi e’tiborlidir.
“Ramz Bobojonning shuhrati, — deb yozgan edi Ozarboyjon xalq shoiri Nabi Hazriy, — ona-O‘zbekistondan juda-juda uzoqlarga ham yoyilgan. Uning asarlari bir sira Yevropa va Sharq tillariga tarjima qilingan va sevilib o‘qilmoqda”.
Bunday e’tirofga Ramz Bobojon qanday erishgani uning “Mening ijodim — mening hayotim” kitobida to‘la-to‘kis aksini topgan. Bu haqiqat kitobda ko‘plab dalillar bilan isbot qilinadi va shu sababdan ham o‘quvchilarda ishonch uyg‘otadi. Shoirning ijodiga ijobiy munosabatlarni muallifning so‘zidan emas, balki uning hamkasblari, chet el madaniyat arboblari tomonidan berilgan baholardan ham bilib olish oson.
Mana, ustoz G‘afur G‘ulomning bergan bahosi: “Ramz Bobojon Sharq adabiyotining an’anaviy ixcham she’riy formasi bo‘lgan ruboiydan yangicha foydalanadi. U o‘z ruboiylarida davrimiz g‘oyalarini zo‘r ruhiy ko‘tarinkilik bilan tarannum etadi, zamonamizga xos yangi obrazlar ishlatadi”.
Kamina “Mening ijodim — mening hayotim” nomli kitobni o‘qib, uning muallifiga berilgan ta’riflarning to‘g‘riligiga ishonch hosil qildim. Ramz Bobojon yangi zamon adabiyotining tarixchisi, tadqiqotchisi, nazariyachisi sifatida adib va shoirlarimiz — G‘afur G‘ulom, Oybek, Shayxzoda, Hamid Olimjon, Zulfiya, Komil Yashin, Hamid G‘ulom, Turob To‘la, Rahmat Fayziy, Said Ahmad, Ozod Sharafiddinov, Mirmuhsin, Odil O‘qubov, Ibrohim Rahim, shuningdek, qardosh xalqlar adiblari haqida qisqa, puxta maqolalar yozib, ular ijodiga jamoatchilikning diqqat-e’tiborini qaratgan.
Ramz Bobojon to‘g‘risida gap ketganda, uning tarjimonlik mahorati haqida gapirmasdan o‘tib bo‘lmaydi. U Pushkin, Lermontov, Nekrasov, Tvardovskiy va boshqa ulkan shoirlarning she’r va poemalarini hamda Shekspir, Ibsen, Mixalkov, Xazriy dramalarini o‘zbek xalqi mulkiga aylantirgan. Adib bu ulkan ijodiy va ijtimoiy faolligi uchun “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi”, “O‘zbekiston xalq shoiri” kabi yuksak unvonlar, “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.
O‘zining ezgu niyatini shoir quyidagicha chiroyli ifodalagan edi:
She’rimDaryo bo‘lib oq!Go‘zal Vatan bog‘lariga boq,Yangi asrimizning tongi otar paytYangi avlodlarga salomimni ayt!Kalomimni ayt!«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 42-sonidan olindi.