OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qozoqboy Yo‘ldosh. Shiddat (2011)

Ijodkor va uning asarlarini daraxt va uning mevasiga o‘xshatish mumkin. Biror meva uni yetiltirgan daraxtdan ortiq bo‘lolmagani kabi badiiy asar ham uning muallifi darajasidan baland bo‘lolmaydi. Shu ma’noda, atoqli adib Odil Yoqubov asarlaridagi Ulug‘bek, Ali Qushchi, Qalandar Qarnoqiy, Beruniy, Malikul sharob, Ibn Sino, Normurod domla, Suyun Burgut, Otaqo‘zi singari e’tiqodidan qaytmas timsollar muallif shaxsiyatidan suvlangandir. Shuningdek, Sharif va Muqaddas («Muqaddas»), Vohid va Roziya («Tilla uzuk») Qulahmad, Saltanat va Kamol («Bir feleton qissasi»), Samig‘ va Matluba («Matluba»), Hikmatilla, Begimqul va Nilufar («Billur qandillar»), Akram va Sayyora («Qanot juft bo‘ladi»), Mariko («Qaydasan, Mariko!») obrazlarini yaratib, Odil Yoqubov milliy nasrni o‘ziga xos qahramonlar tasviri bilan boyitdi. Bu asarlardagi aksariyat timsollar soflik va samimiyatni ifodalovchi qahramonlardir. Ular o‘z suyganlaridan soflik va haqqoniylik talab qilishadi. Birda bu xususiyatlar ular hayotiga mazmun bag‘ishlasa, birda chigalliklar keltirib chiqaradi.

Odil Yoqubovning barcha asarlarida o‘quvchi diqqatini o‘ziga tortib turuvchi syujet tig‘izligi, kitobxonni o‘ylashga undovchi sirlilik, voqelar rivojida shiddat bor. Uning qahramonlari shunchaki tirikchilik o‘tkazmaydilar, balki to‘liqib yashaydilar. Bu asarlarda insonning chigal va hamisha ham tushunarli bo‘lavermagan tuyg‘ulari tadqiq etilgan. Shuning uchun ularda sevishganlar taqdiri, kelajakdagi hayoti sirliligicha qoladi. Ayni shu sirlilik ularni o‘qishli qilgan.

Ijodining ilk davrida dramalar yozgan adib o‘ttiz yil mobaynida sahna asari yaratmadi. 90-yillarga kelib, u yana dramaturgiyaga qaytib, sohibqiron Amir Temur hayotining so‘nggi kunlari to‘g‘risida piesa yaratdi. Betakror shaxsiyati va jahoniy zafarlari tufayli Amir Temur ko‘plab asarlarga qahramon bo‘lgan. Ularda, asosan, Sohibqironning jangchi, arbob, hukmdor kabi qirralari yoritilgan. O.Yoqubov “Fotihi muzaffar yoki bir parivash asiri” dramasida Amir Temurning bevosita o‘ziga daxldor ishlarda ko‘ngil mayllarini jilovlab yashagani, raiyat ko‘z o‘ngida dinu diyonatda benuqson inson ekanligi juda ishonarli aks etgan.

2000 yilda yozilgan «Bir koshona sirlari» dramasida kechagina oddiy do‘kondor bo‘lgan ko‘rkam va shaddod Dilora bilan uning qo‘lida ishlagan yukchi, endilikda katta boylik egasi Sarvar o‘rtasidagi chigal munosabatlar tasvirlangan. Koshonada hamma narsa bor, lekin turmush notinch. Asar voqealari moddiy boylik bilan ma’naviyat, o‘tkinchi mayllar bilan asl tuyg‘ular, boqiy qadriyatlar orasidagi ziddiyatlarga qurilgan. Piesada insoniy baxt uchun hisobsiz moddiy boylik yetarli bo‘lmaganiday, faqat iste’dod, halollikning o‘zi ham kifoya emasligi ko‘rsatiladi. Drama voqealari koshonadagi badavlat xonadon va ularning yon qo‘shnisi bo‘lmish kamtar ziyolilar oilasida parallel kechadi. Bir qarashda kamtarona hayot kechirayotgan pokiza oila qo‘shni badavlat oilaga qarshi qo‘yilayotganday tuyuladi. Biroq dramaturg bunday jo‘n yo‘ldan bormaydi. Eru xotin ziyolilarning boy qo‘shnilarga munosabati ikki xil: er Sarvarlar turmushidan hazar qiladi, xotin esa qo‘shnilari ham tushunilishi kerak bo‘lgan odamlar, deb hisoblaydi.

Voqealar davomida ziyolilar oilasida ham ichki ziddiyatlar namoyon bo‘ladi. Jarroh Darveshali turmush o‘rtog‘i Gulnozani qanchalik sevmasin, uning ko‘yida telbalarcha yonmasin, bu dilbar ayolga to‘kis baxt berolmaydi. Ular — tirnoqqa zor. Gulnoza ham eri va ustozi Darveshalini qanchalik hurmat qilmasin, qandaydir begonalik tuyadi. Asarda bu holatlar oshkor aytilmaydi, ular ilg‘ab olinadi, his etiladi va qanday nihoyalanishi yurak hovuchlab kutiladi. Dramadagi barcha yetakchi personajlar, aslida ma’naviy go‘zal shaxslar. Ular baxtu ehtiromga loyiq.

O.Yoqubov — milliy romanchilikni bir necha pog‘ona yuksaltirishga erishgan yozuvchi. Uning «Er boshiga ish tushsa» (1969), «Diyonat» (1973), «Ulug‘bek xazinasi» (1974), «Ko‘hna dunyo» (1983), «Oqqushlar, oppoq qushlar» (1988), «Adolat manzili» (1997), “Osiy banda” (2007) kabi romanlarida turli zamonlarga mansub qahramonlarning ruhiy olami, ma’naviy dunyosi, iztirobu quvonchlari samimiyat bilan aks ettirilgan.        Yozuvchi ijodidagi dastlabki yirik asar — «Er boshiga ish tushsa» romanida ikkinchi jahon urushi davrida front ortidagi o‘zbek qishloqlari hayoti, Mashrab, Qo‘chqor, Gulchehra, Muyassar, Barno, Ertoev kabi qator obrazlar hayotiy va badiiy mantiqqa muvofiq tasvirlagan. O.Yoqubov roman qahramonlarini «yo‘rig‘iga» solmaydi, ularga o‘z qarashini o‘tkazishga urinmaydi, balki o‘z holiga muvofiq tasvirlaydi. Romanda chinakam o‘g‘il bolalar boshiga ish tushganda, juda tez yetilib, ko‘pchilikning koriga yaraydigan kishilarga aylanishi sho‘x o‘spirinlar taqdiri misolida jonli tasvirlanadi.

Sho‘ro davri adabiyotida o‘zboshimcha rahbar obrazi ko‘p yaratilgan, ularning aksariyati nuqul salbiy xususiyatlar qorishmasidan iborat qilib ko‘rsatilgan. O.Yoqubov bu yo‘ldan bormadi. “Diyonat”da Otaqo‘zi tabiatida ham kuchli, ham ojiz tomonlari bor tirik odam tarzida tasvirlangan. Uning fikrlari sog‘lom, bilim doirasi keng, ishlab charchamaydi, katta tashkilotchilik qobiliyatiga ega. Aslida dilkash va tanti bu qahramon manfaatiga zid kelib qolsa, haqiqatning yuziga oyoq qo‘yadi, ko‘zlaganiga erishish yo‘lida hech narsadan qaytmaydi... Yozuvchi Ota­qo‘zi timsolini tasvirlashda me’yorni saqlaydi, uning tabiatidagi insoniy xususiyatlarni ham ko‘rsatadi. Uning domla vafot etgandan keyingi holatlari, fikr-o‘ylari, ayniqsa, tabiiy va hayajonli aks etgan.

Asarda Normurod domla hayoti ham mahorat bilan tasvirlangan. Domla — tabiatan halol va to‘g‘riso‘z. Bu xususiyati domlaning jiyani Otaqo‘ziga qarata: «Nega endi men... qarigan chog‘imda... sening o‘g‘lingni deb, vijdonimga qarshi ish tutar ekanman», deganida yaqqol namoyon bo‘ladi. U Otaqo‘zining qishloqdagi boshqa nojoiz ishlariga ham qarshi chiqadi. Muallif Normurod domla obraziga xos yetakchi fazilatlar: diyonat, halollik, e’tiqodning jozibasini, ta’sir kuchini, qudratini ko‘rsata olgan. Domla — adoqsiz musibatlar girdobida qolgan shaxs bo‘lsa-da, nochor kimsa emas. Adolatparvar, diyonatli bu odam qarshisida har qanday nopok shaxs o‘zini ojiz sezadi. Romanda inson diyonat va xiyonat oralig‘ida umr kechirishi, agar imonga darz ketsa, kishi xiyonat tomon og‘ib ketishi hech gap emasligi Otaqo‘zi taqdiri misolida ko‘rsatib berilgan bo‘lsa, halol odamlar hayot tarzi Normurod Shomurodov siymosida haqqoniy aks ettirilgan.

«Ulug‘bek xazinasi» romani turkiy adabiyotlarning umumiy yutug‘i bo‘lgan asardir. Roman olim va shoh Mirzo Ulug‘bek qirq yil davomida yaratgan va to‘plagan boylik bo‘lmish kitoblarni, uning ilmiy maktabi vakillarini asrab qolish yo‘lidagi voqea-hodisalar tasviriga bag‘ishlangan. Ammo bu voqealarni ko‘rsatish adib uchun bosh maqsad bo‘lmay, Ulug‘bek, Ali Qushchi, Mavlono Muhiddin, Abdullatif, Salohiddin Zargar, Qalandar Qarnoqiy, Xurshidabonu obrazlariga xos jihatlarni tasvirlash uchun fon vazifasini o‘taydi. Bu qahramonlar tabiatiga xos jihatlar, ularning ichki dunyolarini ochish jarayonida Ulug‘bek davrining badiiy tarixi yaratiladi.

Yozuvchi romanda tarixda bo‘lib o‘tgan voqealarni qayd etishga emas, balki tarixiy shaxslarning ruhiy olamini ochishga e’tibor beradi. Abdullatif tabiatidagi padarkushlik ildizini uning o‘z otasiga qarshi kayfiyatdagi mutaassiblar ta’sirida tarbiyalanganida ko‘radi. Abdullatifni taxt yo‘lida hech narsadan qaytmaydigan qonxo‘r odam sifatida emas, balki o‘qimishli, sinch­kov, iste’dodli, jasur, ammo o‘zini otasi tomonidan qadrlanmagan o‘g‘il deb biladigan shubhakor shaxs tarzida tasvirlaydi. Bu holat Abdullatifning Ulug‘bekka aytgan: «Balli Sizday padarga! Sizning yaxshiligingizni bilurmiz. Tarnob jangida jonbozlik ko‘rsatgan kim? Men! Ammo muzaffar yorlig‘i kimning nomiga bitildi? Suyukli farzandingiz Abdulaziz... Ixtiyoriddin qal’asidagi bobom Amir Temurdan qolgan tillalarimni tortib olgan kim? Yana siz, valine’mat padarim! Ne chora? Mute farzand indamay bosh egdik va ­lekin bas! Sohibqiron oltinlarini qayga yashirdingiz, soyaboni marhamat?» so‘zlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Muallif Abdullatifning xatti-harakatlari sababini ochishga, uning sa’jiyasidagi ko‘zdan yashirin jihatlarni tasvirlashga e’tibor qaratgan.

Ulug‘bek shaxsiyatiga doir chizgilarni berishda yozuvchi yolg‘iz oq ranglardan foydalanmay, uni og‘ir o‘ylar girdobida qolgan shaxs sifatida ko‘rsatadi. U Ali Qushchi bilan suhbatda: «Mirzo Ulug‘bekday koinot sirlarini ochmoqni tilagan, fozillikni da’vo etgan mavlono, hayhot, oxir-oqibat barcha shoh, barcha taxt sohiblariday saltanatni deb o‘z pushti kamaridan bo‘lgan farzandi ila taxtu toj talashibdi-da, degan nom qoldirishdan qo‘rqamen», deydi. Bu tasvirda uzoqni o‘ylaydigan mutafakkir tiynati namoyon bo‘ladi. Abdullatif bilan bahsda esa Ulug‘bek tabiatidagi boshqa jihat yaqqol ochiladi: «Ota so‘zini amri vojib deb bilursanmi, yo‘qmi, ixtiyor senda. Va lekin so‘nggi nasihatimni eshit, xohla o‘z padaringni qatl et, xohla Movarounnahr sarhadidan haydab, darbadar qil, boz ixtiyor sendadur. Lekin yolg‘iz tilagim: ilm yo‘lida otang qilgan ishlarga, uning shogird va ustozlariga tegmagaysen. Tegsang, ....ota qarg‘ishiga uchrab toabad badnom bo‘lursen!. Ota rozi — xudo rozi, yodingda bo‘lsin: al qasosil minalhaq! Hech bir yomonlik intiqomsiz qolmaydur! Senga aytadurg‘on boshqa so‘zim yo‘q! Chaqir yasovulingni!». Bu tasvir o‘quvchi ko‘z oldida bir umr hukm­farmonlik qilgan yovqur temuriyni gavdalantiradi. Fozil ota va taxtparast o‘g‘il o‘rtasidagi shiddatli to‘qnashuvlar asnosida ularning xarakterlaridagi fazilat va illatlar namoyon etiladi.

Adib sirtdan shafqatsiz va adolatsizday ko‘ringan hayotning, aslida, g‘oyat adolatli va mehribon ekanligini asardagi deyarli barcha qahramonlar qismati misolida yaqqol ko‘rsatib beradi. Roman o‘qilgach, Ulug‘bekning xazinasi faqat u yiqqan kitoblardangina iborat emasligi, bu xazina, avvalo, odamlar orasidagi adolat, imon, e’tiqod, halollik singari qadriyatlar ekani, bu ganjina hech qachon yo‘qolib ketmasligiga ishonch hosil qilamiz.

O.Yoqubovning olam hodisalari va odamning mohiyati haqidagi iztirobli va zalvorli o‘ylari «Ko‘hna dunyo» romanida o‘zgacha bir yo‘sinda aks etgan. Bu asar nafaqat adib ijodida, balki o‘zbek milliy romanchiligida tamomila o‘ziga xos hodisa. Muallif turlicha tabiatli shaxslar qismati misolida inson, uning hayotdagi o‘rni, taqdir, adolat, haqiqat to‘g‘risidagi falsafiy qarashlarini ifodalagan. O.Yoqubov “Ko‘hna dunyo”da inson hayotining ma’nisini anglamoqchi bo‘lgan mutafakkir sifatida ko‘rinadi. Zero, ko‘hna dunyoning chigalligi, tushunarsizligi hayratga soladi. Bu dunyoda asl qolib, ko‘pincha, soxta narsa e’tibor topadi, yaxshi emas, yomon ezgu va olijanob, degan nom chiqaradi.

Yozuvchi talqinidagi dunyo va odamlar bir qatlamli, bir tarkibli emas, ular g‘oyat murakkab va o‘ta chigal to‘qimalardan iborat. Shuning uchun ham qilichidan qon tomgan sulton timsoli ham o‘qirmanni nafratlantirmaydi, achintiradi. Umrida biror kishiga yaxshilik qilmagan yovuz Piri Bukriyga kishining rahmi keladi. Muallifning mahorati shundaki, u G‘aznaviyday hukmdorni goh shafqatsiz jallod, goh ojiz banda, goh ko‘ngli bo‘sh odam sifatida tasvirlaydi va o‘qirmanni bunga ishontiradi.

Romandagi Beruniy, Ibn Sino, Mahmud G‘aznaviy, ibn Shahvoniy, Ali G‘arib, Abu Hasanak, Amir Mas’ud, Xatlibegim obrazlarining talqini o‘zbek adabiyoti uchun yangilik bo‘ldi. Chunonchi, yozuvchi ibn Sinoning qanchalik buyuk tabib ekanligini ko‘rsatish singari odatiy yo‘ldan bormaydi. U tabibning tengsizligini emas, balki ko‘hna dunyoning o‘yinlari tushunar­sizligini tasvirlashni maqsad qilib qo‘yadi. Mashhur tabibni topish cho‘zilib ketganidan qo‘rqqan vazirlar: Ali G‘arib va Abu Hasanak shohga olg‘ir va shuhratparast tabib Shahvoniyni ibn Sino deb ro‘para qilishadi. Shohning kasalini ham, uni davolash yo‘lini ham bilmagan Shahvoniy unga tinmay afyun beradi. Afyun ta’sirida shoh ma’lum muddat og‘riqdan qutuladi. Adib kasal shoh, ayyor ayonlar va muttaham tabib munosabatlarini ko‘rsatish orqali dunyoning azaliy tartibini o‘zgartirib yuboradigan manfaatparastlik, foydaxo‘rlik, yolg‘onchilik, soxtakorlik singari illatlar inson tabiatiga bu qadar chuqur o‘rnashib qolganligining sabablarini tadqiq qilishga urinadi.

Ko‘hna dunyoning ishlari, ko‘pincha, kutilmagan o‘yinlardan iboratligi shundaki, shohning singlisi Xatlibegim boshchiligida chin Ibn Sino toptirib kelinganda, muttaham Shahvoniy ham, yolg‘onchi vazirlar ham, eng dahshatlisi, tabibdan najot kutayotgan sultonning o‘zi ham uni tan olishmaydi, soxta va tovlamachi sifatida saroydan chiqarib yuborishadi. Ko‘rinib turgan haqiqatni qabul qildirib bo‘lmasligi bu eski dunyoning adolatimi yoki adolatsizligimi? Odamzod bunday nohaqliklardan qachondir qutula oladimi?.. Yozuvchi savollar qo‘yar ekan, ularga javob berishni da’vo qilmaydi. Roman o‘quvchilarni shular haqda o‘ylashga undaydi.

Ijodidagi alohida bosqich bo‘lgan «Ko‘hna dunyo» asarida G‘aznaviyni birda qonxo‘r va shafqatsiz shoh, birda mehribon inson, tadbirli siyosatchi sifatida ko‘rsatar ekan, yozuvchi uning ruhiy olamini teran ochishga erishadi. Asarda ruhiy holatlar o‘ta shiddat bilan o‘zgarib turadi. Unda sirlilik, jumboq, tushunarsizlik ko‘p. Aslida, inson hayotining o‘zi boshdan-oxir jumboqdan iborat. Shuning uchun ham roman so‘ngida ibn Sino aytgan: «Ibn Shahvoniy taqdiri azalning ajab jumbog‘i. Bu jumboqni donolar ham yechishga ojizlik qilur!» tarzidagi xulosada romanning pafosi ifodalangan.

Zamonaviy o‘zbek adabiyoti, ayniqsa, milliy romanchilik taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan adib Odil Yoqubovning shiddatli ruhiy to‘qinishlar zarbidan olov chaqnagan ziddiyatli holatlar aks etgan yoniq asarlari millat ma’naviyatini poklash yo‘lida xizmat qilib kelmoqda.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 44-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.