OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ibrohim Aziz. Zamonamiz qahramoni kim? (2012)

Tabiiyki, har bir zamonning o‘z qahramonlari bo‘ladi. Ular hurlik va istiqlol uchun kurashgan, o‘z xalqini ozodlikka olib chiqqan yo‘lboshchilar yoki dushmanni yurtidan haydab chiqargan sarkardalar bo‘lgan. Ba’zan ulug‘ kashfiyotlar qilib, o‘z millati nomini dunyoga yoygan olimlar yoki ezgulik va adolat uchun jonlarini fido qilgan oddiy odamlar bo‘lgan. Har bir zamonning qahramonlari o‘sha davr kishilarining eng oliy fazilatlarini – axloq-odobi, aqlu zakovati, halolligi va mardligini, orzu-umidlarini o‘zlarida mujassam etganliklari bilan ajralib turishgan. Shuning uchun ham xalq ularni sevgan, ularga ergashgan, kelgusi avlodlarga ibrat qilib ko‘rsatgan. Ular haqida dostonlar to‘qilgan, romanu qissalar yozilgan, sahna-tomoshalari qo‘yilgan.

Tengdoshlar bilan suhbat


Bir kuni biz – mustaqillik bilan tengdosh yoshlar «Zamonamiz qahramoni kim?» degan mavzuda suhbatlashib qoldik. Birov «So‘nggi urfda kiyinadigan, kamida ikkita tilni biladigan, chet elda o‘qib kelayotgan yoshlar» desa, yana biri: «Zamonamiz qahramoni degan nomga sportchilarimiz munosib, chunki yurtimiz nomini dunyoga yoyishda ularning hissalari ko‘proq», dedi. Boshqasi: «Cho‘ntagida puli, tanish-bilishi borlar tezda muvaffaqiyatga erishib qahramon bo‘ladi», deb hisobladi. Kimdir dehqonlar desa, kimdir estrada yulduzlarini tilga oldi. Hammamiz o‘zimizcha haq edik.
Ushbu suhbat menga jiddiy ta’sir qildi. «Zamonamiz qahramoni kim?» degan savol oddiy savol emasligini his qildim. Tengdoshlarimning yuragida bu savolning javobiga katta ehtiyoj borligini angladim. Shundan so‘ng, katta-kichik yoshdagi juda ko‘p odamlardan so‘rab chiqdim – zamonamiz qahramoni kim? Bildirgan fikrlarini tahlil qilar ekanman, menda turli xulosalar va mulohazalar paydo bo‘ldi. Ularni bayon qilishdan oldin, shu mavzuga doir o‘z shaxsiy fikrimni aytib o‘tsam.

Tomoshabin emasmiz


Xalqimizning mustaqillikkacha bo‘lgan hayotini men ko‘rmaganman. Lekin badiiy va tarixiy kitoblar, yoshi kattalarning hikoyalari orqali tasavvur qilaman. Ilgari xalqimiz yolg‘on g‘oyaga, kimningdir hukmiga buysunib yashashga majbur bo‘lgan, elsevar arboblarimiz, shoir va yozuvchilarimiz qatag‘on qilingan, ota-bobolarimiz o‘z ajdodlarining kitoblarini oshkora o‘qishdan, aziz-avliyolarimiz nomlarini hatto tilga olishdan ham mahrum qilingan, dunyoga chiqishni-ku xayollariga ham keltirmaganlar – men bularni o‘zimga his va hozirgi davr bilan chog‘ishtiraman. 
Bugun o‘zgalar hukmronligiga barham berilgan, yoshlarga, san’atga va sportimizga dunyo eshiklari ochiq, Imom Buxoriy, At-Termiziy, Moturudiy, Marg‘inoniy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahovuddin Naqshband singari ulug‘larimiz nomlari tiklanib, qadamjolari obod qilinyapti – bularning bari mening ko‘z o‘ngimda yuz beryapti.
Ayni vaqtda Afg‘oniston, Suriya, Misr kabi mamlakatlarda kimlarningdir fitnasi bilan yoqilgan urush olovi o‘chmayapti, shaharu qishloqlar vayron, bolalar qon ichida – bularni ham ko‘rib turibman. Yurtimizda esa tinchlik-osoyishtalik, xotirjam uydan chiqamiz, xotirjam o‘qiymiz.
Va bu sharoit, bu o‘zgarishlar o‘z-o‘zidan yuz bermayotganligini, bir Yo‘lboshchi xalqning oldiga tushib, yurilmagan o‘rmondan yo‘l ochib ketayotganligini ham ko‘rib turibman. Eng asosiysi, ushbu ezgu ishlarni biz yoshlar xuddi o‘zimiz amalga oshirayotganday faxrlanyapmiz, g‘ururlanyapmiz. Chunki o‘zimizni tomoshabin emas, balki ana shu Yo‘lboshchimiz qurayotgan imoratga turli sohalardagi katta-kichik yutuqlarimiz bilan g‘isht, loy olib berib yordamlashayotganday his qilyapmiz. Qalbimizda esa o‘zimizning dunyodagi hech qaysi tengdoshimizdan kam emasligimizni isbotlash orzusi yonib turibdi. 

Zamonamiz qahramoniga ehtiyoj


Inson idealsiz, uni olg‘a undab turuvchi mayoqsiz yashay olmaydi. Buni kitoblardan ham, tarixdan ham, oddiy odamlarning kundalik hayotidan ham bilib olsa bo‘ladi. Masalan, o‘sha ideal yoki qahramon bo‘lmasa oiladan ham, mahalladan ham, xalqdan ham suyanadigan tayanch nuqta yo‘qolganday bo‘ladi. 
Ma’lumki, har bir oilada o‘z so‘zini o‘tkazib turuvchi, oilaning boshqa a’zolaridan o‘zgacha xarakterga egaligi, doim boshqacha fikrlovchi, yoniq ruhiyati bilan ajralib turuvchi qahramoni bo‘ladi. Boshqalar beixtiyor ana shu oila qahramoniga suyanadilar, unga o‘xshashga intiladilar, biror masalada ikkilansalar uning fikri hal qiluvchi qaror bo‘ladi. U ota yoki ona, ko‘pincha farzandlardan biri bo‘ladi. 
Maktabda norasmiy sinf qahramonlari, universitetda kurs qahramonlari bo‘lishini hamma biladi. Ular yo bilimi bilan, yo favqulodda xarakteri bilan tengdoshlari havas va taqlid qiladigan shaxsga aylanadilar. Sinf yoki kursning suyanadigan nuqtasi hisoblanadilar, ular bo‘lmasa o‘sha jamoada bo‘shliq yuzaga keladi, go‘yo ma’no yo‘qolganday.
Mahallada ham maraka-mavridga bosh bo‘lib, hay-haylab yuradigan, hamma maslahat so‘raydigan, suyanadigan, havas qiladigan qahramonlari bor. U mahalla raisi bo‘lmasligi mumkin, balki cho‘rtkesarligi, to‘g‘riso‘zligi, aqlliligi bilan boshqalardan ustun turuvchi oddiy odamdir. Eng muhimi, ular mahallaning bezovta, olg‘a undab turuvchi yuragiga aylangan.
E’tibor bersangiz, ana shu oila, sinf, kurs, mahalla ahlida o‘z qahramonlariga tabiiy ehtiyoj bor, endi oila, sinf, kurs, mahallani kengaytirsak, mamlakatga aylanadi, xalqqa aylanadi. Ammo zamona qahramoniga ehtiyoj ehtiyojligicha qoladi. Ushbu ehtiyoj qondirilmasa uning o‘rnini boshqa jalb etuvchi narsalar egallaydi. Masalan, odamlarga yo‘l ko‘rsatishga, ergashtirishga da’vogar bo‘lgan aqidaparastlar yoki qo‘sha-qo‘sha qasrlari bilan tilga tushgan, go‘yo yashashning yo‘lini biladigan zamona «zo‘r»lari, yo «rohat-farog‘at» dunyosiga olib kiruvchi giyohvandlar. Chunki ular odamlar yonida, ular bilan birga yashayapti, har kuni ko‘zlari tushadi. Kattalar mulohaza qilsa-da, men tengi yoshlarning ko‘nglida bir kunmas-bir kun ularga havas yoki taqlid qilish ishtiyoqi tug‘iladi. Agar ularning ko‘nglidagi «zamonamiz qahramoni» sahifasi bo‘sh turgan bo‘lsa, o‘sha jalb etuvchilar nomlari yozilib qoladi.

Doimiy zamonamiz qahramonlari


Menga «Zamonamiz qahramoni kim?» deb savol berishning nima hojati bor, barcha davrlar uchun o‘lmas zamonamiz qahramonlari bor-ku, o‘shalarga ergashish, taqlid qilish, intilish, o‘shalarni ideal qilib yoshlarni tarbiyalash, yashash mumkin-ku, deyishingiz mumkin. Darhaqiqat shunday. Necha-necha avlodlar uchun yo‘lchi yulduz bo‘lib kelayotgan, aqlu zakovati, kuch-qudrati, komil fazilatlari, o‘lmas asarlari bilan insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuklarimiz bor. Birgina Amir Temur bobomiz yoki Jaloliddin Manguberdi nomlarini tilga olsak qalblarimiz faxru g‘ururga to‘ladi. Ularning hayotlari haqida o‘qisak, Vatanni sevish, uni dushmandan himoya qilish ilmidan saboq olamiz. Ular abadul-abad millatimiz qahramonlari bo‘lib qolaveradilar. Yoki buyuk meroslari ta’rifiga til ojiz Alisher Navoiy bobomiz bizning zamonamiz uchun ham qo‘l yetmas yulduz, oliy insoniy fazilatlar ramzi. U zotning barcha turkiy xalqlarni bir til bayrog‘i ostiga birlashtirganlarining o‘zi necha yuzlab avlodlarga iftixor va ibratdir. Beruniy, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Al-Farg‘oniy, Bobur… Barcha davrlarning zamonamiz qahramonlari deb ta’rif berish mumkin bo‘lgan ulug‘larimizning qay birlarini sanay, qay birlarini ta’riflay?
Lekin ular shunchalar yuksakdaki, bugungi avlod uchun ularga yetishish mushkul, ularga taqlid qilish mushkul, faqat havas qilish va munosib avlod bo‘lishga harakat qilish imkoni bor, xolos. Qolaversa, hayot tarzimiz, fikrlash tarzimiz o‘rtasida shunchalik katta vaqt masofasi borki, ularni zamonamiz qahramoni sifatida yonimizda his qilolmaymiz. Faqat qalbimiz bilan ramziy zamonamiz qahramonlari deb qabul qilamiz. 
Ammo bizning ham o‘zgarishlar, yangilanishlar to‘lqinida kechayotgan o‘z zamonamiz bor, o‘z orzularimiz va armonlarimiz, o‘z g‘alabalarimiz va mag‘lubiyatlarimiz, o‘z yaxshilarimiz va yomonlarimiz bor. Ammo shular ichida biz o‘z zamonamiz qahramonini ham izlaymiz. Biz bilan bir xil imkoniyatga ega bo‘la turib bizdan o‘zib ketgan, dunyoni hech kimnikiga o‘xshamagan bir tarzda idrok etishi, fikrlash tarzi o‘zgachaligi, favqulodda qobiliyati, irodasi, aqlu zakovati bilan bizni hayratga soladigan, ortidan ergashtiradigan o‘z zamonamiz qahramoni bo‘lishini xohlaymiz.

Badiiy adabiyotdagi «zamonamiz qahramonlari»


Xo‘sh, u qanday odam yoki qanday hodisa? Shu savol miyamizda ko‘ndalang bo‘lishi bilan badiiy adabiyotdagi zamonamiz qahramonlari xayolimizdan bir-bir o‘tadi.
Albatta birinchi navbatda ulug‘ rus shoiri M. Lermontovning «Zamonamiz qahramoni» asarini, uning bosh qahramoni Pechorinni eslaymiz.
O‘z adabiyotimizdan yoki jahon adabiyotidan beixtiyor Pechoringa o‘xshash qahramonlarni izlaymiz. Pechorin kim – u Lermontovning o‘zi, u XIX asr rus ziyolisining butun illatu fazilatlarini o‘zida jamlagan qahramon. Eng asosiysi, u o‘z zamonasining farzandi. Ya’ni bir tomondan dunyo fotihligiga da’vogar Napoleonni yaqindagina tor-mor qilgan xalq Rossiyani qayta tiklash bilan band, ikkinchi tomondan krepostnoylik tuzumi tufayli qashshoqlik avj olgan, taraqqiyparvar ziyolilar Chor hukumatining zug‘umidan ilojsiz bir ahvolda bo‘lgan zamona farzandi. 
Demak, Pechorin bizning davrimiz uchun, bizning avlodimiz uchun zamona qahramoni bo‘la olmaydi. Pushkinning Yevgeniy Onegini ham Pechoringa yaqin qahramonlardan. Uning Tatyana bilan muhabbati qissasi naqadar go‘zal bo‘lmasin, mavzumizga aloqasi bo‘lmagani uchun alohida qo‘yaylik. Oneginni esa barcha qusur va xislatlari bilan biz talpinadigan shaxs sifatida qabul qilolmaymiz. Yoki Gogolning Taras Bulbasini olaylik. Vatanni sevish, dushmanga nafrat tuyg‘ularini singdirishda doimiy zamonamiz qahramonlari sifatida eslab o‘tganim – o‘zimizning Jaloliddin Manguberdilar Taras Bulbadan ko‘ra bizga yaqinroq. Deylik, F.Dostoevskiyning «Jinoyat va jazo»sidagi Raskolnikov ham o‘z zamonasi qahramoni. Takrorlanmas obraz, jahonning buyuk yozuvchilarini ham hayratga solgan. Ammo uning o‘rni biz istagan zamonamiz qahramonidan boshqa joyda. Yoinki A.Qodiriyning «O‘tkan kunlar»idagi Otabek biz uchun ideal bo‘la oladimi, deb o‘ylayman. Uning o‘zbekona axloq-odobi, muomala madaniyati, muhabbat va adolat uchun murosasizligi kabi fazilatlari biz uchun beqiyos saboq va ibrat. Ammo Otabekni qurshab turgan dunyo boshqacha, bizni qurshab turgan dunyo boshqacha. Taqlid qilish uchun ana shu tafovutlarga duch kelaverasan kishi. Yoki Ch.Aytmatovning «Asrga tatigulik kun» romanidagi Edigeyni zamona qahramoni sifatida qabul qilish mumkinmi degan fikr o‘tadi xayoldan. Xuddi biz Pechorinda Lermontovni ko‘rganimizdek, Edigeyda Aytmatovning kuzatishlariga, xulosalariga, falsafasiga duch kelamiz va shu jihati bilan tortib ketadi. Umuminsoniy fikr-mushohadalardan oziq olsak-da hayotdagi o‘rnimiz Edigey erishgan mavqeda qolib ketishini istamaymiz. S.Ahmadning «Ufq»idagi Azizxon, Tursunboy yoki O.Yoqubovning «Diyonat»idagi Normurod Shomurodovlar ham o‘z zamonasining qahramonlari, ammo ularda faol ijtimoiy shaxslik xususiyatlari asosiy o‘ringa chiqib qolgan. Ular bizga mehnatsevarlik, halollik, qat’iylikni o‘rgatsa-da, o‘sha davrdagi tuzum va undagi shaxsning o‘rni, muammolari bizdan olisroqda. Bizning davrimizning nafasi boshqacha.
Adabiyot xazinasining men sanab o‘tgan durdonalari hali necha-necha avlodlarga hayot va ijod maktabi bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz. Ammo ularning qahramonlarini mushohada qilar ekanman, shuurimda «bizning zamonamiz qahramoni boshqacha bo‘lishi kerak» degan tasavvur va fikr charx uraveradi. Balki bunga mening hayotiy tajribam kamligi, hali ko‘p asarlarni o‘qib chiqmaganligim, yoshligim tufayli qandaydir favqulodda qahramonga intiqligim bois bo‘lsa kerak. Chunki yosh ham, tajriba ham, dunyoqarash ham zamonamiz qahramoni haqidagi tasavvurning turlicha bo‘lishiga sabab bo‘ladi-ku.

«Zamonamiz qahramoni»ga turlicha yondashuv


Maqola avvalida “Zamonamiz qahramoni kim?” degan savolni juda ko‘p odamga berib ko‘rganligim haqida aytib o‘tgan edim. Asosan javoblar xonandalar, sportchilar, tadbirkorlar atrofida bo‘ladi deb taxmin ham qilgan edim. Ammo shu qadar turli-tuman fikrlar bildirildiki, odamlarda o‘z ideali haqidagi tasavvurning shakllanishi ularning faqat yoshi, tajribasi, dunyoqarashiga emas, boshqa juda ko‘p sabablarga ham bog‘liqligini angladim.
Masalan, yurt haqida, kelajak haqida o‘ylaydiganlar boshqacha fikr yuritarkan, faqat o‘zi, shaxsiy manfaati haqida qayg‘uradiganlar o‘zgacha o‘ylarkan. Yoki realist, hayotdagi o‘zgarishlarni bor holicha qabul qiladiganlar va romantik orzular qo‘ynida yashaydiganlarning ideal haqidagi tasavvurlari bir-biridan tubdan farq qilar ekan. Yoki kayfiyati yaxshi odam bilan kayfiyati yomon odam bir-biriga teskari fikr yuritar ekan. Xuddi shuningdek, omadi kelib turgan boy kishi, ishlari yurishmayotgan kambag‘alroq odamga qaraganda o‘z idealini boshqacha ko‘radi. Eng qizig‘i, shaharda, diqqinafas, ko‘pqavatli imoratlarda yashayotgan kishi bilan dalalarda, daraxtzorlar qo‘ynidagi qishloqda o‘sgan odamning ham mavzumizga munosabati turlichadir.
Ayniqsa insonning kasb-kori uning nafaqat “zamona qahramoni”ga munosabati, balki hayotga qarashini ham qat’iy belgilab berishini ko‘rib ajablandim. Misol uchun, bir o‘qituvchi: “Bugungi zamon qahramoni Internet”, deb javob qilgan bo‘lsa, bir firmaning egasi: «Pul», deb javob berdi. Bir dehqon: «Halol peshona teri bilan ertasini xotirjam qilib qo‘ygan odam», degan bo‘lsa, bir militsioner: «Jinoyat qilmay yurgan odam», degan fikrni aytdi.
Kasbi-koridan tashqari, kishining bilimi, qanday kitob o‘qigani, xarakteri, qanday oilada tarbiya topgani, ma’naviy dunyosi, e’tiqodi, qiziqishlari, atrofdan muttasil qanday axborot olayotgani ham uning o‘z ideali haqidagi fikrining shakllanishiga ta’sir qilar ekan. Ana shu kuzatishlardan so‘ng har bir odamning qalbida o‘z-o‘ziga yaratib olgan “Zamonamiz qahramoni” borligiga ishonch hosil qildim. Balki bu tabiiy holdir. Ammo yana takrorlashga majburman: biz yoshlar o‘tkinchi sabab va muammolardan yuksakda turadigan, kimningdir xulosalari asnosida yasalmagan o‘zimizning haqiqiy zamonamiz qahramoni bo‘lishini xohlaymiz. Toki u bizni kattaroq maqsadlar bilan yashashga o‘rgatsin, ruh bersin, o‘z kuch-qudratimizga ishonch uyg‘otsin, yovuzlik va nopoklikka nafrat, ezgulik va halollikka muhabbat uyg‘otsin.
Kimdir har bir avlod o‘z zamonasi qahramonini o‘zi yaratadi, deyishi mumkin. Chunki shu davr hayotining ichidan o‘tib ko‘rish, voqealarni boshdan kechirish, quvonch va iztiroblarni qalbdan o‘tkazib ko‘rishi lozimdir balki. Lermontov va Pushkin, A.Qodiriy va Ch.Aytmatov kabi yozuvchilar o‘z qahramonlari hayotini deyarli o‘z boshlaridan kechirishgan-ku. Agar bu hol yozilmagan va tabiiy qonuniyat bo‘lsa, biz – mustaqillik bilan tengdosh avlod ichida ham ertaga buyuk dramaturglar, shoirlar va yozuvchilar chiqishiga va biz o‘z zamonamiz qahramonini o‘zimiz yaratishimizga ishonaman.

«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 5-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.