Men tug‘ilgan Ko‘hnashahar qishlog‘i Qashqadaryoning quyi oqimida joylashgan. Uning kunbotar tomonida mashhur Zanjirsaroy qal’asining xarobalari, kunchiqar tomonida esa Abdullaxonga nisbat beriladigan, biroq xalq orasida Bekcha deb ataladigan sardoba bo‘lardi. Bolaligimda qo‘y haydab yurib Zanjirsaroy xarobalarining sap-sariq g‘ishtlariga qarab chuqur xayolga cho‘mardim. G‘ishtlar orasidagi ganchda qolgan me’mor ustaning barmoq izlari xayolimni uzoq o‘tmishga sudrab ketardi. Qumga cho‘kib borayotgan sardobaning ulkan gumbazi ustiga tirmashib chiqib, olis-olislarga termulib o‘tirishni yaxshi ko‘rardim.
Keyinchalik universitetning filologiya fakultetida o‘qib yurganimda ham, gazeta tahririyatida ishlaganimda ham meni shu tuyg‘ular tark etgani yo‘q. Imkoniyat tug‘ilishi bilan shu tarixiy obidalarning yoniga borib, soatlab qolib ketardim. Shu paytlarda sardoba va Zanjirsaroy haqida ma’lumotlar, xalq og‘zida yurgan rivoyatlarni yig‘a boshladim.
Pishiq g‘ishtdan qurilgan sardoba gumbazi yonida o‘sha paytlarda paxsa devorli uyning xarobalari bo‘lardi. Bir kuni shu xarobalar haqida so‘raganimda bobom “Bu xarobalar Mulla Jumabek qurdirgan rabotning qoldiqlari” degan edi.
Bu qiziqishlarim meni tariximizning qora kunlari bo‘lgan, sho‘ro hokimiyatining ilk yillarini o‘rganishga undadi. “1917-1924 yillarda Turkistonda milliy mustaqillik uchun kurash” mavzusini olib, ilmiy ishni yozish jarayonida arxiv hujjatlarini titkilar ekanman bir necha hujjatlarda Mulla Juma nomiga ham ko‘zim tushdi. Biroq bu shaxs haqida boshqa hech qanday ma’lumot ololmadim.
El og‘ziga quloq tutdim. Gap-so‘zlarga qaraganda, Mulla Juma yigirmanchi yillarda sho‘rolar tuzumiga qarshi imkon qadar kurashgan, hatto atrof qishloqlarni birlashtirib, mustaqil beklik tuzgan ekan!
Mulla Juma beklik qilgan davrda uning hududida uchta sardoba bo‘lib, bek barcha sardobalarning obod bo‘lishiga, yo‘lovchilarning qo‘nib, hordiq chiqarishlari uchun rabotlar qurilishiga katta e’tibor bergan. Sardoba suvini ifloslantirishga yo‘l qo‘ymagan. Bu ishga jur’at qilganlarni ayovsiz jazolagan.
Alg‘ov-dalg‘ov, it egasini tanimaydigan yigirmanchi yillarda qaroqchi-yu talonchilarning kuni tuqqan edi. Mulla Juma o‘sha paytda katta sahnaga chiqib, elni shu unsurlardan tozalaydi. Pahlavon kelbatli bu yigit haqiqiy mergan ham ekan. Uning dovrug‘idan cho‘chigan o‘g‘ri-qaroqchi uning bekligiga qadam bosa olmaydi. Biroq, 1924 yilga kelib ancha oyoqqa turib olgan sho‘ro hukumati Mulla Juma bekligini tugatadi. Hali yigirma beshga kirib-kirmagan bekning o‘zi otib tashlanadi. Arxivlarda u haqdagi ma’lumotlar uzuq-yuluq. Ba’zi hujjatlardagina uning nomi “Sariq qishlog‘idagi banda boshlig‘i Mulla Juma...” qabilida keltiriladi xolos. Biroq xalq ichida uning qahramonligi to‘g‘risida turli aytimlar yuradi. Men "Sardoba" romanini yozish jarayonida mana shu rivoyatnamo voqealarga tayanishni afzal bildim.
O‘sha paytlarda rivoyatlarni yig‘ayotib, bir kun kelib biron bir asarimda ishlataman, degan niyatim yo‘q edi. Ularni shunchaki qiziqqanim uchun to‘plagandim. Biroq oradan yillar o‘tib bu ma’lumotlar “Sardoba” romani yaralishi uchun zarur xom ashyoga aylandi.
Bobom Qurbon bobo yaxshigina ma’lumot olgan ziyoli kishi edi. Qishloqda obro‘si baland, hech kim u kishining gapini ikki qilishga botina olmasdi. Juda ko‘p rivoyat va dostonlarni yod bilardi. Qishning uzun tunlarida bobomning sandalli xujrasiga yig‘ilib olib yettinchi lampa yorug‘ida bobomning og‘ziga termulgancha bir rivoyatni tinglab o‘tirardik. Ba’zan biror-bir asar ustida ishlayotganimda, o‘sha paytlar, bobomning aytgan rivoyatlari esimga tushib ketadi. Uning salobatli, biroq mayin ovozi qulog‘im ostida jaranglayotgandek bo‘ladi. Bobomning o‘tkir nigohlarini his qilaman.
“Sardoba – bir mushtipar onaning iltijosi ila bino bo‘lgan Olloh inoyati.
Sardoba – ona. Mushfiq bolasining tirik qolishi uchun jonini qurbon qilgan ona.
Sardoba – elimizning onasi. Biz sahroyi elmiz, sahroyi elning bir bo‘lagi, Sardobali elmiz.
Sardoba – onamiz bo‘lmasa biz el bo‘lmaymiz.
Sardoba – onamiz bo‘lmasa bizni quturgan sahro yutib yuboradi...”
Bobomning Sardoba haqidagi rivoyati shunday so‘zlar bilan yakunlanardi. Bobomning shunday rivoyatlarini eshitganimdan keyin, bu obidalarga boshqacha ko‘z bilan qaraydigan bo‘ldim. Rivoyatlar shunchalik miyamga o‘rnashib qolgan ekanki, “Sardoba” romanini yozish jarayonida bobomning ovozlari qulog‘im ostida jaranglab turgandek bo‘ldi.
2010 yilda romanni o‘qib chiqqan marhum ustoz adib, Pirimqul Qodirov “Jumaqul, anchadan beri romanchiligimizda asotir va rivoyatlarga tayangan asar ko‘zga tashlanmayotgan edi. Sizning “Sardoba”ngiz asotirlar romani bo‘libdi” degan e’tiroflaridan boshim ko‘kka yetgandi. Keyinchalik ustoz roman chop etilayotgan pallada shu so‘zlarini kengaytirib, “Asotirlar romani” nomi bilan kitobga so‘zboshi ham yozib berdilar.
* * *
Otam Fayzulla bobo sakson beshga kirdi. Umrlari mehnatda o‘tganligi uchun Xudoga shukr, hamon bardam. Otam biz aka-ukalarni halollikka, to‘g‘riso‘zlikka o‘rgatgan. Mehnatdan qochmaslikka undardi. Ba’zan qattiqqo‘llik qilardilar, lekin adolat chegarasidan chiqmasdi.
Onam rahmatli Sharifa momo esa mehribon, yumshoqko‘ngil ayol edi. Ko‘plab ertak va dostonlarni yod bilardi. Men harbiy xizmat o‘tashga ketayotganimda to‘shakka mixlanib qolgandi. Ikki yil davomida o‘rinlaridan turmay mendan xat kutar ekan. Eshik “tiq” etsa alang-jalang bo‘lib, “qara-chi, pochtachi keldimi” deyaverar ekan. Men buni his qilganimdan imkon topildi deguncha onamga xat yozishga harakat qilardim. Xizmatdan qaytib kelganimda onamning yostiqlari ostida barcha yozgan xatlarim dastalanib turganini ko‘rdim. Qayta-qayta o‘qilaverganidan titilib, ranggi o‘chib ketgan xatlar... O‘sha paytdagi urfga ko‘ra har bir maktubga ikki satr epigraf yozardim. Bitta xatdagi epigrafga ikki tomchi ko‘zyosh to‘kilgani sarg‘ish dog‘dan bilinib turardi. Onam xatni o‘qiyotganda yig‘lagan ekanlar-da...
“Ko‘pdan beri yuragimni tirnar bir g‘ashlik,
Sog‘inchda va ayriliqda o‘tmoqda yoshlik”.
* * *
Talabalik yillarimda shoir do‘stlarim Ochil Tohir, Nurulla Oston, Jamol Sirojiddin, Asror Nurboevlar bilan ijarada birga turardik. Darsdan bo‘sh paytlarda men hikoyalarimni, shoirlar esa she’rlarini ko‘tarib tahririyatlar eshiklarini taqillatib chiqardik. Biron gazeta yo jurnalda bir mashqimiz bosilib chiqsa ko‘chamizda bayram bo‘lib ketardi. Lekin bunday hol oyda-yilda bir martagina bo‘lardi, xolos.
– Bosmasa bosmasin, – fig‘oni falakka chiqib, qalingina she’r daftarini stolga qarsillatib urardi Nurulla, – endi redaktsiyasiga qadamimni ham bosmayman! Gazeta o‘zingniki bo‘lmasa biron narsang ham chiqmas ekan!
– Ana, endi o‘zingga kelyapsan, shoir, – derdi gapga qo‘shilmay chetda kitob o‘qib turgan Asror. – Kel, o‘zimiz gazeta chiqaramiz. Shunda har sonda sening she’ring bilan Jumaqulning hikoyasi bosiladi.
Shu-shu ijaraxonamizning devoriy gazetasi tashkil qilindi. Har o‘n-o‘n besh kunda yangilanib turadigan bu gazetaning har sonida Nurullaning she’ri bosilib tursa-da, bari bir uning ko‘ngli to‘lmasdi.
“Nimaga hikoyang buncha uzun?! Gazetaning yarmini egallab olibdi!” – deb menga tashlanib qolsa, “She’rni ham achchiq ichakdek cho‘zibsan, qara, uchta she’rim sig‘may qoldi!” deb Ochil bilan g‘ijillashardi.
* * *
Men Muborak tumanida ishlardim. Istiqlolning dastlabki yillari edi. Tumanda O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov bilan uchrashuv o‘tkazadigan bo‘ldik. Mashhur shoirni tuman chegarasida kutib oldik. Bizni tanishtirishganda Abdulla aka quchog‘ini ochib keldi.
– Muborakda yozuvchidan chiqqan hokim bor, degan gaplar qulog‘imga chalingandi. O‘sha siz ekansiz-da, – dedi bag‘riga bosganicha.
Uchrashuv ko‘ngildagidek o‘tdi. Keyin Abdulla akani Zanjirsaroy qal’asining xarobalariga, sardobalarga olib bordim. Shu obidalar haqidagi rivoyatlarni aytib berdim. Shularni bir yozsangiz qanday bo‘larkin, deb maslahat berdilar. Oradan bir necha yil o‘tib “Sardoba” romanining birinchi kitobi Abdulla akaning so‘zboshisi bilan dunyo yuzini ko‘rdi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov bilan ham Muborakda tanishganman. U kishiga mo‘‘jazgina hikoyalar to‘plami bo‘lgan “Qorako‘z”ni taqdim qildim. O‘tkir aka hikoyalarimni o‘qib ko‘rib:
– Durustgina hikoyanavis ekansiz, kattaroq narsalarga qo‘l uryapsizmi? – deb so‘radi.
O‘sha paytlarda bitta qissani qoralab qo‘ygandim. Shuni aytdim.
– Olib boring, ko‘rib chiqamiz, – dedi.
Oradan hech qancha vaqt o‘tmay “Chorraha” nomli qissa va hikoyalar to‘plamim O‘tkir Hoshimov so‘zboshisi bilan chop etildi.
Bunday nomdor ijodkorlarning asarlarimga bo‘lgan munosabati meni hamisha to‘lqinlantirib kelgan. Albatta, turmushda ko‘p narsalarni ko‘rib ko‘zim pishdi. Aslida ham hayot o‘zi ustoz ekan.
* * *
Saksoninchi yillar edi. Bir do‘stimning otasi uyga kirib keldi. Uning aytishicha, o‘g‘li bir ko‘zi ko‘r qizga uylanmoqchi ekan. Tuppa-tuzuk, to‘rt muchasi sog‘ qizlar turganda bunday qizning nimasiga uchganiga tushunolmay otaning jig‘ibiyroni chiqardi. Otaning so‘zlaridan shu ma’lum bo‘ldiki, o‘zi ham, xotini ham uning bir ko‘zi ko‘r qizga uylanishiga qarshi. Biroq o‘g‘li ikki oyog‘ini bir etikka tiqib olgancha “Shundan boshqasiga uylanmayman” deb turganmish. Ota bechora chiqmagan jondan umid, qabilida hech bo‘lmasa, do‘stining gapiga kirar deganicha mening oldimga kelgan ekan.
– Jo‘rangni ko‘ndirib ber. El oldida yuzimni shuvut qilmasin, – derdi bechora ota mo‘ltirab.
Gaplashib ko‘rishga va’da berdim.
Uni uchratganimda shirakayf ekan.
– Og‘ayni, o‘zim ham sen bilan gaplashmoqchi bo‘lib yurgandim. Kelganing yaxshi bo‘ldi, – dedi u.
So‘ramasam ham nega bir ko‘zi ko‘r qizga uylanmoqchi ekanligini ayta boshladi.
Bolaligida shahardagi qarindoshinikiga borganida, tosh otib o‘ynab turib tasodifan bir qizchani nogiron qilib qo‘yadi. Qo‘rqqanidan buni hech kimga bildirmaydi. Oradan yillar o‘tib buni unutib ham yuboradi. Lekin yaqinda bu qiz uning mashinasiga o‘tiradi va u o‘zi nogiron qilgan qiz ekanligini bilgach, unga uylanishga, uni baxtiyor qilib aybini yuvishga qaror qiladi. Bor gap shu. Garchi otasiga va’da bergan bo‘lsam-da, uning bu olijanob ahdidan qaytarmaslikka qaror qildim. U aytib bergan voqeadan anchagacha ta’sirlanib yurdim. Keyin esa shu voqea asos qilib olingan “Qorako‘z” nomli hikoya dunyoga keldi.
* * *
O‘tgan asrning 70-yillari so‘ngida universitetni tugatib, “Qashqadaryo haqiqati” gazetasi tahririyatiga ishga keldim. Tahririyat madaniyat bo‘limi xodimiman. Gazetada chop etiladigan badiiy asarlar ham bizning qo‘limizdan o‘tadi. Bo‘limning papkasida yotgan asarlar orasida taniqli adib Samar Nuriyning bir nechta hikoyalari bor ekan. Badiiy puxta, shirali tilda yozilgan bu hikoyalar meni o‘ziga rom etdi. Bu hikoyalar birin-ketin chop etildi. Bir ozdan keyin Samar akadan xuddi shunday hikoyalardan yana bir nechtasi keldi. Men Samar akaning bunchalik sermahsulligidan, yozganda ham barchani qoyil qoldiradigan darajada yozishidan hayratlanardim. Samar akaning falokatga yo‘liqib, bir o‘limdan qolganini, yillab to‘shakda yotganini, nogiron bo‘lib qolganini, uning yolg‘iz ovunchog‘i shu ijod bo‘lib qolganini hamkasblaridan eshitib ustozga nisbatan hurmatim ming karra oshdi.
Bir kuni tahririyatga Samar Nuriyning o‘zi kirib keldi. Barchamiz unga peshvoz chiqdik. Orqavarotdan “o‘zbek Ostrovskiysi” deb ataydigan adibimiz bilan qo‘l olishib ko‘rishish biz boshlovchi ijodkorlar uchun faxr edi. Ustozni xonadagi yakkayu yagona, shalog‘i chiqqan oromkursiga o‘tqazib, qo‘llariga bir piyola choy tutqazdik. Samar aka bu yerdagi barcha xodimlarni yaxshi tanirdi. Biroq men yangi xodim, Samar aka bilan tanishib ulgurmagan edim. Samar akaning menga “tanimayroq turibman” deganday qarashlariga, oramizdagi eng gapdon, hatto Samar akaga ham hazil qilishga botina oladigan Muhammad Ochil javob qaytardi:
– Bu yigit Jumaqul Qurbonov, sizga shogird tushishni mo‘ljallab yuribdi.
– E, shunaqami. Men hikoyangizni ham, bir ikkita maqolangizni ham o‘qidim. Chakki emas.
Men o‘sha paytda ishga kelganimga bir necha oy bo‘lgan, bitta hikoya va cho‘lquvarlar hayotidan bir nechta lavha va ocherklar chop etishga ulgurgan edim. Yozganlarim ustoz adibning nazariga tushganligidan hayajonlanib ketdim.
Keyin Samar aka so‘zini davom ettirib, hikoyaning yutug‘i haqida gapira turib gap orasida kamchiliklarini ham qistirib o‘tdi. Qulog‘imgacha qizarib ketdim.
– Biroq, qalamingiz yomon emas. Izlanishdan to‘xtamasangiz, sizdan yaxshi yozuvchi chiqadi, – deb yupatib qo‘ydi Samar aka.
Keyin gap asarning qanday yozilishi, uni qanday qayta ishlanishi haqida bo‘ldi. Suhbat asnosida Samar akaning sermahsulligi haqida ham so‘radik.
– Erinchoq yozuvchining bitta bahonasi bor: “Ilhom kelmayapti” deb, salanglab yuraveradi. Aslida ilhom dangasadan qochadi. Biron narsa yozaman, degan ijodkor ilhomni o‘zi chaqirib olishi kerak. Mening sermahsulligimga kelsak, har kuni erta tongdan yozuv stoliga o‘tiraman. Ikki satrni qoralashim bilan buyog‘i o‘zi quyilib kelaveradi.
Men shundan keyin Samar aka bilan tez-tez uchrashadigan bo‘ldim. Yozgan asarlarimga u kishining bildiradigan fikri men uchun qadrli edi. Ustozning ish uslubini o‘zlashtirishga harakat qildim. Erta tongda ikki sahifani qoralamasam, shu kuni ustoz oldida ko‘nglim xijildek bo‘lib yuraman.
Keyinchalik katta-katta yozuvchilar bilan tanishdim. Bir nechtalari bilan ustoz-shogird bo‘lib qoldik. Biroq, ijoddagi birinchi ustozim Samar Nuriyning qat’iyatli, mehr nuri akslanib turgan nigohi mening har bir yozgan satrimni kuzatib turgandek tuyuladi. Bo‘shashmaslikka, o‘zimga talabchanroq bo‘lishga harakat qilaman.
Jumaqul Qurbonov Qashqadaryo viloyati, Muborak tumani, Ko‘hnashahar qishlog‘ida 1955 yil tavallud topgan. Toshkent Davlat Universitetida, Qarshi muhandislik iqtisodiyot institutlarida tahsil olgan. Siyosiy fanlar nomzodi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Jumaqul Qurbonov "Qorako‘z", "Chorraha", "Sardoba" kabi asarlar muallifi.