OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ibrohim G‘afurov. Asil muallim — tarjimon va tadqiqotchi (2009)

Taniqli adabiyotshunos olim, ijodkor tarjimon Asil Rashidov uzoq yillardan beri Chingiz Aytmatov hayoti, ijodiyotini o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Uni haqli ravishda Aytmatovning o‘zbek tarjimoni deb bilishadi. Shu bilan birga, u Aytmatov asarlarining o‘zbek kitobxonlariga muhabbatli targ‘ibotchisi.

Asil Rashidov o‘tgan asr elliginchi yillarining o‘rtalarida Milliy universitet tahsilini tugallab, mustaqil hayot, mehnat jabhalariga qadam qo‘ygan kezlar adabiyot osmonida yangi bir yulduz barq urib ufqdan ko‘tarildi.

1958 yilda yosh qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatovning ketma-ket “Yuzma-yuz”, “Jamila” degan qissalari Moskvaning mashhur “Oktyabr”, “Novыy mir” jurnallarida bosilib chiqdi. Yoshlikning tengsiz zavq-qudrati bilan yozilgan, bir nafasda, tin olmay, yutoqib o‘qiladigan bu mo‘‘jaz shedevrlar darhol Aleksandr Tvardovskiy, Muxtor Avezov, Lui Aragon, Shostakovich kabi buyuk san’atkorlarning nazariga tushdi. Favqulodda yorqin tarixiy hodisalar halqa-halqa bo‘lib yuzaga chiqib, dunyo bo‘ylab ajoyib-g‘aroyib shov-shuvlarga sababchi bo‘la boshladi. Dunyoga tanilgan frantsuz adibi Lui Aragon “Jamila”ni frantsuz tiliga tarjima qildi va o‘sha paytda 200 ming nusxada chop etiladigan “Yumanite” gazetasida sonma-son chiqib turdi. Lui Aragon “Jamila”ni dunyo adabiyoti tarixidagi eng go‘zal sevgi qissasi, deb atadi. Shundan e’tiboran qirg‘iz adibi nomi va asarlarining jahon sarhadlari osha mislsiz g‘olibona yurishi boshlandi. Chingiz Aytmatov shu paytgacha dunyo adabiyotida misli ko‘rilmagan e’joziy ilhom bilan 60-yillarda “Sarvqomat dilbarim”, “Bo‘tako‘z”, “Birinchi muallim”, “Somon yo‘li”, “Alvido, Gulsari!” singari dunyo adabiyot ixlosmandlarini qattiq to‘lqinlantirgan, hayajonlar ummoniga tashlagan asarlarini yana o‘sha buyuk talant egasiga xos tarzda bir zum ketini uzmay birma-bir taqdim etdi. Jahon bo‘ylab Aytmatov bahslari va Aytmatov tarjimalari boshlanib ketdi.

Birinchi bo‘lib Asil Rashidov Aytmatovning ilk qissalarini o‘zbek tiliga tarjima qildi. O‘zbek kitobxoni Ayniy, Qodiriy, Cho‘lpon, Avezov, Kerboboev, Oybek, G‘afur G‘ulomlarni qanday muhabbat bilan qabul qilgan, o‘qigan, o‘z ma’naviy-estetik mulkiga aylantirgan bo‘lsa, Aytmatovning ilk qissalari va undan keyin ko‘kka ko‘tarilgan yorqin yulduz turkumlarini shunday muhabbat, zavq-shavq bilan qabul qildi, o‘qidi va hech ayrilmas go‘zallik mulkiga aylantirdi. Bunda Asil Rashidov tarjimalarining tabiiy shoironaligi, ekspressiv-hayajonli intonatsiyasi, turkiyona xalqchil muqobillarga boyligi o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Tarjima bu — boshdan-oxir tushunish va talqin san’ati. Asil Rashidov o‘z tarjimalarida tushunish va talqin san’atini yaxshi egallaganligini, badiiy ifodaviylikda buyuk adib uslubiga to‘la esh-yo‘ldoshlik qilolganini ko‘rsatdi. Albatta, Chingiz Aytmatovning yangidan-yangi asarlari dunyoga kela borishi bilan uning yana yangi tarjimonlari ham safga turdi. Lekin ularning hammasi Asil Rashidov tarjimalari ichida qaynab, uning tajribalaridan ulgi oldi, o‘rgandi, desak haqiqatga xilof bo‘lmaydi.

Asil muallimning tarjimonlik mahorati, sinchkovligi, izchilligi, izlanuvchanligi ayniqsa, “Oq kema” va “Asrni qaritgan kun” romanlarini o‘zbekchalashtirishda yorqin tarzda namoyon bo‘ldi. Uning so‘z-ifoda izlashdagi evolyutsiyasini tasavvur qilish uchun oddiy bir-ikki misolga e’tibor bering: “Topolyok moy v krasnoy kosыnke” qissasining nomi birinchi o‘zbekcha nashrida “Qizil durrachali sarvqomatim” edi, ikkinchi nashrida u “Qizil durrachali saravqomatim” bo‘ldi, asarning uchinchi va keyingi nashrlarida “Sarvqomat dilbarim” deb o‘zgardi. Asar shu nom bilan shuhrat topdi, xuddi “O‘tkan kunlar” degan nom kabi butunlay o‘zlashib ketdi. Yoki “I dolshe veka dlitsya den” “Burannыy polustanok” nomining evolyutsiyasini kuzating: “Asrga teng kun” — “Asrga tatigulik kun” — “Asrni qaritgan kun”... “Injili Sharif” manbalarida uchrovchi bu bag‘irdor ibora “asrni qaritgan kun” deb o‘zbekcha qo‘nim topib, mag‘izli, ma’noli, purhikmat obrazli iboraga aylandi.

Asil muallim Chingiz Aytmatov asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish bilan cheklanmay, ularni keng kitobxonlar o‘rtasida qariyb ellik yildan buyon muhabbat va izchillik bilan targ‘ib-tashviq qilib keladi. O‘zbek o‘quvchisini Aytmatov asarlarining badiiy-estetik olamiga, murakkab mundarijasiga, xarakterlar yaratish san’atiga, davr va inson taqdirlarining dinamikasi, hayotiy muammolar va g‘oyalar dunyosiga olib kiradi, keyingi ellik yillikda vujudga kelgan aytmatovshunoslikda avji bir zum to‘xtamagan va piligi pasaymagan rang-barang bahslarga to‘xtaladi, ularga o‘z munosabatini bildiradi. Bahslardagi nozik qirralarga o‘zbek o‘quvchisining e’tiborini tortadi.

Asil muallimning Aytmatov asarlariga tahlillari va o‘ziga xos sodda, ishonardi talqinlari kitobxonni Aytmatovga yaqinlashtiradi, muhabbat uyg‘otadi, bu asarlarni qayta-qayta o‘qishga chorlaydi. Asil muallim o‘quvchisini ilhomlantiradi, hayotiy, ma’naviy saboqlar, xulosalar chiqarishga ko‘maklashadi. Axir adabiy tahlil va talqindan kuzatiladigan bosh maqsad ham shu emasmi!

Elliginchi yillar oxiri va oltmishinchi yillarda Chingiz Aytmatov, Vasil Bыkov, Grant Matevosyan, Akrom Aylisli, Anor, Rasputin, Gonchar, Dudintsev, Tendryakov, Astafev, Belov, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov asarlari tirik urib turgan yuragi, dardli, bezovta, haqiqatgo‘y gimni bilan badiiy va ijtimoiy-badiiy fikrni yangi mislsiz ufqlarga olib chiqdi.

Adabiyotshunoslik adabiy tanqidni ham yangi talqin cho‘qqilarini egallashga da’vat etdi. Uning yangi sifat, mazmundorlik, ta’sirchanlik darajasiga ko‘tarilishiga yo‘l ochdi. Bu, ayniqsa, o‘sha adiblarning asarlari ustida bo‘lgan jo‘shqin, teran, ehtirosli bahs-munozaralarda juda yorqin ko‘zga tashlandi.

Asil muallimning Chingiz Aytmatov asarlariga tahlil va talqinlari 60-yillardagi go‘zal, aqlli, fikrga boy bahslarning nafasi va shabadalariga hamohangdir. Ulardan o‘sha davrga xos ilg‘or yondashuvlarni uqib olish qiyin emas.

O‘zbekistonda aytmatovshunoslik o‘z o‘rni, o‘z ovoziga ega. G‘aybulla Salomov, P.Mirzaahmedova, Asil Rashidovning malakali, ishonarli, jonli tadqiqotlari Chingiz Aytmatovning sharqona, o‘zbekona anglamlari kabi tushuniladi, qabul qilinadi.

Tabiiyki, ular Aytmatovni bilish, sevish, o‘rganishda so‘nggi nuqta emas. Aytmatovni o‘rganish yangi zamonlarda yangi, hali ochilmagan, kashf etilmagan sarhadlarga chiqadi. Zero, ulug‘ adib Chingiz Aytmatov asarlari talqinlarda tuganmas kashfiyotlarni davom ettirishga tuganmas imkonlar tortiq qilaveradi. Bizni Chingiz Aytmatov ijodiy maktabi bag‘riga olib kirgan bu kitob o‘z ma’rifati bilan qimmatli.

Yirik ishlarga tug‘ilgan odamlar bo‘ladi. Asil muallim shunday ijodkorlardan biri. Buning isboti — uning kitoblari, shu jumladan, “Chingiz Aytmatovning badiiy olami” monografiyasidir.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 3-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.