OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Omon Muxtor. Ona tili onadek muqaddas (2009)

Adabiyot gazetamiz davra suhbati uyushtirgani xayrli ish.

O‘tgan asrda necha bora yozuv (alifbo) o‘zgargani ochiq ko‘rinib turgan “sodda holat” bo‘lsa, til o‘zgarib borgani manzarasi darhol ko‘zga tashlanavermaydigan “murakkab holat”dir.

O‘z kasbini ozmi-ko‘pmi bilgan har qanday (professional) yozuvchi bu manzarani tasavvur qila oladi. Lekin til o‘zgarib borgani yozuvchi uchun — ikkinchi darajali hodisa, chunki u eng qadim zamonlardan bu kungacha to‘plangan butun “til boyligi”dan foydalanadi. O‘zgarishlarni o‘rganishni esa tilshunoslar va ma’lum darajada adabiyotshunoslarning ishi deb biladi. Yozuvchi bilimli, faqat adabiyot emas, turli fanlardan savodli bo‘lishga majbur. Deylik, men hakim emasman, lekin tibni mutlaqo bilmasam, bemorlar va hakimlar haqida yozganimni o‘qib, o‘quvchi kulishi mumkin. Birov ko‘ngliga olmasin, bizning yozuvchilar va adabiyotshunoslar doim ham savodli bo‘lavermagan. Men uzoq payt matbuotda ishlaganman, kelgan ko‘p qo‘lyozmalar xarob ekanligi azobini tortganman. Yozuvchi va adabiyotshunoslarning savodi qanday ekanligi o‘quvchilar, butun omma savodi masalasiga borib bog‘lanadi. Bizning o‘quvchilarimiz oldinlar, oshirib aytganda, ellik foiz kitobxon edi. Hozir bu yigirma foizga ham bormaydi. Taraqqiyot natijasimi, o‘zi-o‘zi bilan ovoralikmi, yozuvchilar, adabiyotshunoslar — o‘qishi shart bo‘lgan kishilar — hozir oyda-yilda kitob o‘qimay qo‘ygan. Men shu davrada yurgan kishiman, birodarlarimizdan ba’zan nimalarni o‘qiyotganini so‘rayman, ular aksari o‘qimayotganini “pardalash” uchun Abdulla Qodiriydan gap boshlaydi... Xullas, o‘quvchilarimiz savodi ko‘tarilishi — yozuvchi va adabiyotshunosning ham yuksalishiga olib keladi. Chunki, eng avval, ular shu omma orasidan chiqadi. Bundan tashqari, talab javobgarlik tuyg‘usini oshiradi.

Til haqidagi gapga qaytaylik. Qodiriy asarlari tili jozibali, deyishadi. Bu — yarim haqiqat. Aslini olganda, Qodiriy, G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Said Ahmad va boshqa adiblar nasrida milliy ruh jozibalidir. Umuman, til — ruhga bog‘liq. Ruhning ko‘rkamligi, harakati tilni bezaydi.

Davra suhbatida bunday satrlarni o‘qidim:

“Bir gap: bizning romanlarimizning tili hali-haligacha (demak, bu kungacha — O.Muxtor) “O‘tgan kunlar” soyasidan chiqa olmadi. Bu fikrda mubolag‘a ham, hissiyotga berilish ham yo‘q”.

Bunaqa emas-da, birodar. Siz Oybek, Qahhorlarni ham inkor etayapsiz. Nima, keyingi butun avlod yozgan asarlar tili “soya”da turibdimi? Qodiriyning davri, tili — ruhi bilan yangi-yangi davrlar tili — ruhi farqlanishi (qolaversa, har bir adibning o‘z uslubi, ifoda tarzi borligi) tabiiy ekanligini tushunishga to‘g‘ri keladi. Siz “O‘tgan kunlar”dan boshqa narsani o‘qimasangiz, adabiyot aybdor emas... Shu o‘rinda kuzatilgan voqea. Bir kuni “Minor” qabristonida Buxorodagi Ismoil Somoniy maqbarasining kichikroq shakli yasalib qo‘yilganini ko‘rib, qotib qoldim. Buni yaxshi niyatda tiklashgandir? Lekin u mashhur yodgorlikning, butun dunyodan odamlar kelib, hayratlanadigan buyuk yodgorlikning obro‘sini to‘kishga yaraydi, xolos. Adabiyotda ham bunaqa ish tutmagan ma’qul!

Suhbatning boyagi nuqtasida yana bunday deyilgan:

“Demak, adiblarimiz har doimgidan ko‘proq ishlashi, so‘z izlashi, o‘zlarining millatparvarligini, tilparvarligini va eng muhimi, donoligini ko‘rsatishlari lozim”.

Qaysidir arbob shunday nutq irod qilsa, tishni-tishga qo‘yib chidaysiz. Lekin kamtar bir adabiyotshunos, “adiblarimiz” deb barchamizga bu taxlit “aql o‘rgatishi” kishiga malol keladi. Umuman, ba’zan adabiyotshunoslarning maqolalari va suhbatlarda bildirgan fikrlari “kattalardan” — o‘tmish adiblaru g‘arb yozuvchilaridan ibratli biron misol keltirib, go‘yoki bolaga dars bergandek ohangda bo‘lishi o‘rinsiz. Bu sharqona oddiy odobga ham kirmaydi. Men buni — yarim asrga yaqin ozmi-ko‘pmi faoliyatim davomida bunday “pand”larni ko‘p eshitganim uchun aytayapman. Ishoning, har qanday adib, hattoki havaskor ham “ko‘proq ishlashi, so‘z izlashi” kerakligiyu “millatparvarlik, tilparvarlik”ni tushunishga harakat qiladi. Lekin goh imkon, sharoit yo‘qligi, goh adabiy tarbiya, birinchi navbatda, shaxs tarbiyasi yetishmayotgani — boshqa masala. Nima qilganda ham, adabiyotshunosning vazifasi “nutq irod qilish” emas, muayyan davrda yaratilgan ma’lum asarni har tomonlama chuqur tahlil qilishdan iborat, deb o‘ylayman.

Davra suhbatida ayrim adiblaru ayrim asarlar maqtaladi. Tanqidga kelganda “Qaysidir yozuvchining qaysidir asari” qabilida noma’lum, noaniq (predmetsiz) fikr yuritiladi. Bahsga munosabat tarzida yozilgan Husan Karvonlining maqolasida — garchi “Muvozanat” romanining yaxshi tomonlariga kam e’tibor berilgan va sal ayovsizroq yozilgan bo‘lsa-da, — aniqlik (predmet) bor. Shu bahonada aytish kerak. Balki, Ulug‘bek Hamdam asar tilida ba’zi xatolarga yo‘l qo‘ygandir? Tajribasizlik qilgandir? Lekin asarni nashr etganlar-chi? Nahotki “ni“ bilan “ning”ni ajrata oladigan bironta muharrir topilmagan? Bu kun, yozuvchi savodli yozgan asarlar, hatto “Saylanma”lar ham, goho g‘ij-g‘ij xato bilan bosilayapti. (Ana, Shukur Xolmirzaevning “Saylanma”si bobida Adabiyot gazetamizda o‘kinch bilan fikr bildirilgan edi.) Bu holat umumiy “ob-havo”ni, faqat imlo emas, til masalasida “beparvo” bo‘lib borayotganimizni ko‘rsatadi! Shukur Sodiq iqtidorli shoir, so‘nggi paytlar maqolalar bilan matbuotda faol qatnashayapti. Ammo uning suhbatga munosabatida ham aniqlik (predmet) yo‘q. Bu kun bizdan oniy kayfiyatdagi “engil” mulohazalar emas, yillar davomida o‘ylab yurib, og‘rib, qanoat hosil qilgan fikrlar bilan chiqishni talab qilayapti.

Avvaldan “badiiy nasr” degan tushuncha menga sal g‘aliz tuyuladi. Biz “badiiy nazm” demaymiz-ku! “Adabiy asar tili” deyish to‘g‘riroq bo‘lsa kerak. Yillar bo‘yi iste’molda yurgan “badiiy adabiyot”, “ilmiy adabiyot” deganlari ham tarjimaga o‘xshaydi. Bizda ko‘pchilik “adabiyot” deganda ilmiy bir kitobni emas, adabiy asarni ko‘z oldiga keltiradi.

Ona tili onadek muqaddas. Lekin onaning qadriyu muqaddaslik tushunchasining mazmunini anglash uchun kishida savod bo‘lishi kerak. Savod egallagach, tafakkur shakllanadi. Tafakkur shakllana borgach, barchamizning jismi-jonimizda bo‘lgan “so‘nik ruh” uyg‘ona boshlaydi, jonlana boshlaydi. Tirik ruh ifoda shaklini izlab, buyuk vosita til ekanligiga iymon keltiradi, o‘zini tugal aks ettirish uchun ming yillik “unut” so‘zlarga ham, yangi so‘zlarga ham murojaat qiladi. Tilning butun boyligi va ranginligidan “foydalanadi”.

Quruq “til ustida ishlash” hech narsa bermaydi. Savod ustida, tafakkur va ruh ustida ishlamasdan tilni “egarlab” ololmaysan. So‘z zargari bo‘lgan — Shukur Xolmirzaev ta’biri bilan aytganda, — “ba’zan so‘zning jonini sug‘urib olgan” ustoz Abdulla Qahhordek yozuvchi, qaysidir mavzudagi maqolada, to‘rt-besh satrda o‘n bitta “bir” so‘zini ishlatganiga ko‘zim tushib qoldi. Qahhor bu maqolani kechagi kun zug‘umi bilan, savodi, tafakkurini ishlatmay, ruhsiz holatda yozgan.

Hali yosh paytim, hikoya yozgan edim, o‘qish uchun ustoz Mirzakalon Ismoiliyga berdim. Mirza aka hikoyani toza “bo‘yab” tashlabdi. Avvalida xafa bo‘lib, yozganimni bir yoqqa tashlab qo‘yib, uzoq muddat qo‘limga qalam olmay yurdim. Keyin qarasam, yozgan har bir so‘zim o‘zicha to‘g‘ri, lekin menda katta ma’nodagi savod, tafakkur, ayniqsa, odamlarga muhim bir so‘zni aytadigan ruh yetishmagan ekan.

Tilni o‘rganish nuqtai nazaridan, yetuk savodga ega kishilar uchraydi. Ammo ular yozuvchi emas.

Qisqasi, umumiy savod, kitobxonlik o‘sganda, yozuvchi tafakkur va ruh egasi darajasiga yetganda, bizning katta adabiyotimiz bu kungidan ham ko‘ra katta, olamshumul adabiyotga aylanadi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 4-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.