Bu zamindan ne-ne ulug‘ zotlar yetishib chiqmagan deysiz. Afsus, ularning barchasi haqida ham yetarli darajada ma’lumotga ega emasmiz. Jumladan, Shayx Shibliyni biladiganlar ham ko‘p emas. Vaholanki, Farididdin Attorning “Tazkirat ul-avliyo”sida, Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” kabi asarlarida bu ulug‘ shayx nomi alohida ehtirom bilan tilga olinadi.
Bobur Mirzo “Risolai volidiya” tarjimasi xotimasida Shayx Shibliy nomini Junayd Bag‘dodiy nomi bilan birga zikr etadi. Xo‘sh, mana shunday yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan ulug‘ shayx kim? Uning tasavvuf ta’limoti tarixida tutgan o‘rni qanday?
Abubakr Shibliy (859-946) o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan ulamolaridan bo‘lgan. U avval Mansur Hallojning (858-922) shogirdi bo‘lgan. Keyin Junayd Bag‘dodiy (vafoti 911) qo‘lida ta’lim olgan.
Hazrat Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat»da shayx Abu Ja’far Haddoddan quyidagi so‘zlarni iqtibos keltirgan: “Agar aql kishi suratig‘a kirsa erdi, Junayd surati bo‘lg‘ay erdi”. Ana shu donishmandning suyukli va martabali shogirdi Abubakr Shibliy xalq orasida fiqh olimi sifatida mashhur bo‘lgan.
Alisher Navoiyning yozishicha, Junayd o‘z shogirdiga bunday baho bergan: «Har bir qavmning toji bor, bu qavmning toji esa Shibliydur!»
Abubakr Shibliy suhbati, hatto uni ko‘rishning o‘ziyoq zamondoshlariga g‘urur bag‘ishlagan. Uning aytgan hikmatlari, shariat qonunlariga oid fikrlaridan Shibliy dunyodan o‘tganidan keyin ham ko‘p mashoyixlar dalil sifatida foydalanganlar.
Ma’lum sabablarga ko‘ra, sho‘rolar davrida Shibliy ta’limoti nazardan chetda qolib keldi. Uning ilmni xalqqa yoyish, Xudoni yurakka jo etib, halol mehnat bilan shug‘ullanish, ta’lim-tarbiya haqidagi fikr-xulosalari, ba’zi hikoyat va rivoyatlari, pand-nasihatlari hanuzgacha xalqimiz orasida barhayot.
Shayx Shibliy darvesh libosida bozorga kelib, nonvoydan Xudo yo‘liga bir non so‘rabdilar. Nonvoy esa, “Qaysi biringga beray, bor, yo‘lingdan qolma”, deb u kishini ranjitibdi. Ikkinchi nonvoy esa sherigiga “Shayx Shibliyni ko‘rish istaging yolg‘on ekan-da?” debdi. Qilmishidan pushaymon nonvoy Shayxni darhol topib, bu gunohini yuvish uchun xaloyiqqa “xudoyi” deb osh beribdi. Shayx Shibliy ham ziyofatga tashrif buyurib, to‘rda o‘tirgan ekanlar. Ma’raka oxirida jamoaning xalfasi Shayxga qarab nonvoy haqida bir duoi xayr tilabdi. Shunda Shayx Shibliy: “Bu nonvoyga duoning hojati yo‘q, u do‘zaxiydir. Zero, u Xudo yo‘liga bir nonni ravo ko‘rmadi, Shibliy uchun shuncha ziyofat berdi”, degan ekanlar.
Qissadan hissa shuki, xayr-ehson, mehru muruvvat shunchaki “xo‘jako‘rsin” uchun emas, chin dildan, Xudo yo‘liga, savob uchun bo‘lmog‘i kerak.
Shamsulma’oliy Qobus (978-1012) Tabariston va Gurgonda shuhratmaqom, ma’rifatli, ilmsevar podshoh bo‘lgan. Nevarasi — Unsurulma’oliy Kaykovus uning tarbiyasini olgan. Katta tarixiy va adabiy-tarbiyaviy ahamiyatga molik “Qobusnoma”ning yaratilishida ham buning ta’siri bor. Abu Rayhon Beruniy o‘zining eng qimmatli risolasi — “Osorul-boqiya”ni yuksak hurmat-ehtirom yuzasidan unga bag‘ishlagani bejiz emas. “Qobusnoma”da Shibliydan bir hikoyat bor.
Bir kuni Shibliy ikki rakaat namoz o‘qib, osoyish topish uchun masjidga yuzlanibdi. Masjidda shogirdlar ta’lim olar ekan. Shayx Shibliy kelganda, bolalar ovqatlanayotgan ekan. Tasodif bilan ikki bola Shibliyga yaqin o‘tirgandi. Ulardan biri — boyvachcha, ikkinchisi — darveshzoda (kambag‘al kishining farzandi) ekan. Boyvachchaning savatida — holva, darveshzodaning xaltasida — qotgan non. Bunisi holva yerdi, unisining havasi kelib, holvasidan berishni so‘rardi. Boyvachcha aytdi:
— Agar holva berishimni istasang, mening itim bo‘l.
— Sening itingman.
— Unda itdek hurgin.
Ul bechora darveshzoda tiz cho‘kib, itdek akillardi, zora bir bo‘lak holva olsa. Shibliy bu ahvoldan toqati toq bo‘lib, yig‘lar edi. Muridlari undan yig‘lashi sababini so‘radilar. Shayx dedi:
— Ko‘ringlar, tama kishilarni qay ahvolga solur. Agar bu go‘dak o‘z qotgan noniga qanoat qilib, birovning holvasiga tama qilmaganda edi, o‘z tengining iti bo‘lmasdi.
Hazrat Bahouddin Naqshband asarlarini mutolaa qilsak, Abubakr Shibliyning kim ekanligini yaqqolroq his etamiz. Hazrat Bahouddin Shibliy, Junayd, Mansur Halloj suluki, ta’limoti va martabalarining ulug‘vorligini shunday izhor etganlar:
“... Kunlardan birida hazrat Bahouddin hazrat Sayyid Mir Kulol suhbatlarini qo‘msab, Nasaf tomon yo‘lga tushibdilar. Hazratning otlari jilovidan tutib bir darvesh borardi. Hazrat Bahouddin deydilarki: «Men Boyazid Bastomiy (q,s.) maqomlariga sayr qildim va Sulton Boyazid borgan joyga yetdim. Shayx Junayd, Shayx Shibliy, Shayx Mansur chiqqan maqomlarga ham ko‘tarildim va bir dargohga yetdimki, undan muazzamroq, buyukroq maqom yo‘q erdi. Bildimki, bu Muhammad alayhissalom borgohlaridir...”
Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”da Shibliyning bir fiqhshunosga bergan maslahatini quyidagicha bayon etadi:
“Shayx Shibliydan bir faqih so‘rabdurki:
— Zakot adosi ne nav’dur?
Shayx debdurki:
— Sanga farz bo‘lur zakot uldurki, har ikki yuz diramdin besh diram Tangri yo‘liga bergaysen. Manga bo‘lur zakot buldurkim, har ikki yuz diramdin ikki yuzu besh diram Tangri taolo yo‘liga bergaymen.
— 200 diramkim berildi, yana besh diram nedur?
Shayx debdurlarki:
— Ul 5 diram 200 diram zakot berganimning shukronasi. Bu Abubakr Siddiq mazhabidur”.
Shayx Shibliy o‘z hayotida ko‘p safarlarda, jumladan, Arab mamlakatlari, Rum va Xuroson o‘lkalarida bo‘lgan.
Shibliy zarurat yuzasidan sartaroshxonaga kiribdi. Usta do‘kon to‘rida dam olib o‘tirar, shogirdlari ish bilan band ekan. Shayx ustani taklif qilibdilar. Usta o‘rnidan turib, ishiga mashg‘ul bo‘ldi. Shu dam do‘konga bir qosid kirib keldi va aytdiki, Bag‘doddan Shibliyga 400 dinor yubormishlar.
Shayx ul mablag‘ni qosid qo‘lidan oldi va sartaroshxonadagi sandiq ustiga qo‘ydi. Sartarosh esa Shayxni tanib, unga xizmat qilayotganidan nihoyatda xushnud va baxtiyor erdi. Zero, shuncha mablag‘ ham unga in’om etilgan edi. Shu on do‘kon eshigidan bir gadoy kirib, sartaroshdan sadaqa so‘radi.
Shayx Shibliy hotamtoyligidan sarafroz bo‘lgan usta o‘sha 400 dinorning barchasini ul bechoraga berib yubordi.
Hazrat Jomiy naql eturlar: «Shibliy zamona imomi erdi. Undan oldin ham mashoyixlar o‘tgan, ammo u hammadan ulug‘roq edi... Junayd keldiyu bu ilmni tartibga soldi va kutub qildi, chun Shibliy keldi, bu ilmni minbarga chiqardi va xalqqa oshkor etdi”.
Shayx Shibliy: «Ertaga bugungi vaqtni qaytarib bermagay, ixtiyoringdagi hozirgi damni g‘animat bil, undan bahra olgin», degan ekanlar. Ushbu hikmatning haqqoniyligi, hayotiyligi o‘z-o‘zidan ayon. Shu bilan bir qatorda, alloma murakkab falsafiy aqidalarni ham ilgari surgan.
Shibliy o‘z ta’limoti bilan vahdati vujudga yo‘l ochgan. Uning falsafasida insofli, g‘amxo‘r bo‘lmoq, halol mehnat bilan rizqu ro‘z topmoq, boriga shukr etmoq, o‘z imkoniyatidan kelib chiqib orzu qilmoq va hamisha Xudoni yurakka jo etmoq zarurligi ta’kidlanadi.
Shayx Shibliy hikmatlari, pandlari hikoyatlar shaklida “Qobusnoma”da, Shayx Sa’diyning “Bo‘ston”ida zikr etilgan. Ular hozir ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Ushbu asarlarni o‘qigan zamondoshlarimiz Shayx Shibliy hikmatlaridan hanuz bahramand bo‘lib kelmoqdalar. Shuning o‘ziyoq bu allomaning merosi mudom barhayot ekanligi dalilidir.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 33-sonidan olindi.