XX asr boshlarida dunyoga kelgan va shu davrning murakkab ijtimoiy-madaniy sharoitida qalam tebratgan yozuvchilar orasida Shokir Sulaymonning munosib o‘rni bor. 30 — 50-yillardagi siyosiy qatag‘on oqibatlari fosh etila boshlagan yillari Shokir Sulaymon hayoti va ijodiga ham birmuncha qiziqish paydo bo‘ldi: u haqda ba’zi bir maqolalar yozildi; «O‘ch» nomli hikoyalar to‘plami nashr etildi; Frantsiyaning Toshkentdagi Ijtimoiy tadqiqotlar institutida Sh.Sulaymon she’riyatiga qiziqish paydo bo‘lgan bo‘lsa kerakki, nemis olimasi I.Baldauf shu haqda ma’ruza o‘qidi... Lekin yozuvchi tug‘ilgan kunning 100 yilligi faqat Pedagogika universiteti filologlarining kichkina bir davrasidagina eslab o‘tildi, xolos. Sh.Sulaymonga nisbatan bunday e’tiborsizlikning sabablaridan biri, shubhasiz, adabiy jamoatchilikning yozuvchi hayoti va ijodidan xabarsizligidir.
Shokir Sulaymon 1900 yili Qo‘qonda tug‘ilgan. Afsuski, uning qanday oilada dunyoga kelgani, qaerda dastlabki ta’limni olgani, ijodi qachon boshlanganu, ilk asarlari qaerda e’lon qilinganligi to‘g‘risida aniq ma’lumot saqlanmagan. Ammo shu narsa ma’lumki, u Orenburgdagi o‘sha davrning nufuzli bilim maskanlaridan biri — «Husayniya» madrasasida tahsil ko‘rgan.
1941 yil 27 avgust kuni NKVD xodimlari tomonidan qamoqqa olingan Sh.Sulaymon 6 sentyabrda bo‘lib o‘tgan tergov paytida tarjimai holiga oydinlik kirituvchi bunday ma’lumotlarni bergan:
«Oktyabr inqilobi yillari men o‘qituvchi va havaskor yozuvchi edim. Qo‘qon gazetalarida e’lon qilingan she’rlarim mahalliy millatchi ziyolilarning e’tiborlarini o‘ziga qaratdi. Turli-tuman kishilarning takliflari bilan men o‘sha vaqtda o‘qituvchilar, yozuvchilar, jurnalistlarning yig‘ilishlariga borib, sekin-asta ular doirasiga kirdim...
«Ittihodi tolibon» degan oshkora jamiyat ishlarida qatnasha boshlashim ham xuddi shu davrga to‘g‘ri keladi. Bu jamiyat Qo‘qon o‘quvchilari va o‘qituvchilarini o‘zaro birlashtirgan bo‘lib, u, masalan, eski va yangi o‘qituvchilarni milliy kadrlar uchun, Turkistonning ozodligi uchun ruslarga qarshi kurash shiori ostida jipslashtirishga qaratilgan ishlarni olib bordi. Jamiyat raisi ruhoniylardan chiqqan Otabekov Abdullabek (qamoqqa olingan), uning o‘rinbosari Hodi Fayziy esa (qamoqqa olingan) jadid ziyolilarining rahbarlaridan edi. Mazkur jamiyat vaqf mablag‘lari hisobidan o‘qituvchilarga moddiy yordam ko‘rsatib turgan. Mening jamiyat ishlaridagi ikki yillik ishtirokim «Milliy ittihod»ga a’zo bo‘lib kirishimga zamin hozirladi.
«Xalq gazetasi»ga Oqilov Zohid muharrirlik qilgan. Men bu gazetada millatchilik ruhidagi she’rlar, kapitalistlar — «milliy boylar» mol-mulklarining sovet idoralari tomonidan tortib olinishiga qarshi maqolalar bilan chiqqanman. Shular oqibatida meni ChKga chaqirishgan va men sovetlarga qarshi chiqishlarga chek qo‘yish to‘g‘risida ko‘rsatma olganman...».
Shokir Sulaymonning bu so‘zlari tergovchi tahriridan o‘tganligi sababli undagi mahalliy ziyolilar sha’niga aytilgan «millatchi», «qamoqqa olingan» singari ifodalarga duch kelamiz... Umuman, 30 — 50-yillari tuzilgan tergov qaydnomalarida berilgan aksar ma’lumotlarga ishonish qiyin. Shunga qaramay, Sh.Sulaymonning «Ittihodi tolibon» va «Milliy ittihod» tashkilotlariga a’zo bo‘lganligi haqidagi ma’lumotda jon bo‘lishi mumkin. Zero, bizga ma’lumki, Sh.Sulaymon 1917 yil noyabr-dekabr oylarida Turkiston Muxtoriyat hukumati g‘oyalarini Farg‘ona vodiysi aholisi o‘rtasida tarqatgan va ularda muxtoriyatchilarga nisbatan xayrixohlik uyg‘otgan Qori Yoqubov boshchiligidagi «badiiy brigada» tarkibida faollik ko‘rsatgan. Muxtoriyat tugatilgandan keyin esa bunday kishilar turli aksilsho‘roviy va aksilinqilobiy tashkilotlarga a’zo bo‘lib, sovet davlatiga qarshi faoliyat olib borganlar.
Endi «Xalq gazetasi»ga kelsak, bu gazeta 1917-1918 yillari Qo‘qonda o‘zbek va rus tillarida nashr etilgan. «Xalq gazetasi»ning 1-soni 1918 yil 4 dekabrda, Sh.Sulaymon ma’lumot berganidek, Zohid Oqilovning emas, balki milliy ishlar komissari Ahmad Devishevning muharrirligida nashr etilgan.
Sh.Sulaymonning tergov paytida bergan ma’lumotidan ma’lum bo‘lishicha, 1919 yili «Milliy ittihod» tashkiloti yig‘ilishlarida qo‘qonlik yoshlarni kelajakda Germaniyaga o‘qishga yuborish uchun nemis tilini o‘rganish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etish, ayrim yoshlarni esa Bokudagi dorulfununlarga yuborish haqida qaror qilingan. Shunday qarorlarning natijasi bo‘lsa kerak, Sh.Sulaymonning o‘zi ham 1920 yili Toshkentga kelib, o‘lka maorif institutiga o‘qishga kirgan. U Turkiyada tahsil olgan Xolid Said direktorlik, Salimxon Tillaxonov va Shokirjon Rahimiy muallimlik qilgan institutda ikki yil tahsil ko‘rgach, 1922 yil Turkiston Markaziy ijroiya qo‘mitasining yo‘llanmasi bilan Moskvaga borgan. Shu yili bir guruh yoshlar Germaniyaga, 17 kishidan iborat boshqa bir guruh esa Moskvaga o‘qishga yuborilgan. U dastlab Moskvadagi ishchilar uchun ochilgan fakultetlarning birida, keyin pedagogika institutida tahsil ko‘rgan. Moskvaga kelgan yoshlar orasida, Sh.Sulaymondan tashqari, Saidg‘ani Valiev, Otajon Hoshim, Naim Said, Sharif Tolipov va boshqalar bor edi. Turkistonning Moskvadagi vakolatxonasi ularga ko‘z-quloq bo‘lib turgan. Saidahmad Nazirov, Qamchinbek, Botu singari Moskvaga biroz avval o‘qishga borgan yoshlar esa ularning moddiy ta’minoti uchun javobgar bo‘lganlar. Botuga, bundan tashqari, Moskvaga o‘qishga kelgan yoshlar guruhi bilan Berlindagi guruhni o‘zaro bog‘lab turish vazifasi ham topshirilgan.
Ana shu tarzda Sh.Sulaymon mansub bo‘lgan «o‘n yettilar» guruhi Berlindagi o‘zbek talabalari hayotidan yaxshi xabardor bo‘lish bilan birga, Botular guruhi bilan ham yaqin munosabatda bo‘ldi. Ayniqsa, 1924 yili, bir tomondan, Fitrat boshliq Buxoro xalq jumhuriyati sobiq rahbarlarining surgunga kelishlari, ikkinchi tomondan esa, shu vaqtda Nazir To‘raqulov, Hodi Fayziy, Fayzulla Rahimboev singari vatandoshlarimizning markazda xizmat qilayotganlari tufayli Moskvada o‘zbekona ajoyib bir davra to‘planib qoldi. Endi Shokir Sulaymon tengdoshlari bilan faqat Botuning yotoqxonasida emas, balki Fitratning ijara uyida kechgan gurunglarda ham ishtirok etib, badiiy didini o‘stirdi, bilim doirasini kengaytirdi.
«1924 yil yozida, — deydi Sh.Sulaymon ko‘rsatma berar ekan, — men, Fitrat, Hodi Fayziy, Naim Said, Fayzulla Rahimboev ta’til paytida Moskvada qolib, chorbog‘da yashadik. Tatar millatchi yozuvchisi Olimjon Ibrohimov (hozir qaerdaligini bilmayman), Lutfiy (Turkiyaga ketib qolgan), Nazir To‘raqulov (qamoqqa olingan) bizning huzurimizga tez-tez kelib turdilar.
Men 1926 yili O‘zbekistonga qaytib keldim. Ikromov va boshqalar mendan avvalroq qaytishgan va mas’ul lavozimlarni egallashgan edi: Ikromov — Markazqo‘m kotibi, Inog‘omov Rahim — matbuot bo‘limi mudiri, Botu — xalq komissari o‘rinbosari, Nazirov Saidahmad — O‘zdavnashr pravleniesi raisi. Men Rahim Inog‘omovning tavsiyasi bilan «Maorif va o‘qitg‘uvchi» jurnali tahririyatiga kotib etib tayinlandim. Jurnalga Ikromovning yaqin kishilari — Otajon Hoshim, Ramziy, Botu rahbarlik qilishgan, jurnalning nashr etilishida esa Miyon-Buzruk Solihov, Beregin, Bo‘lat Soliev, G‘ozi Olim Yunusov va Nazrulla Inoyatov ishtirok etganlar.
1926 yili Samarqandda «Qizil qalam» yozuvchilar jamiyati tuzildi. Ikromov, Ramziy, Inog‘omov jamiyatning g‘oyaviy rahbarlari edilar. Ular meni jamiyatga rais etib tayinladilar».
Sh.Sulaymon bergan ma’lumotga qaraganda, jamiyatning o‘sha kezlari bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlaridan biri Cho‘lponga bag‘ishlangan. Unda Vadud Mahmud shoir ijodi haqida ma’ruza qilgan. Kechada qatnashgan Akmal Ikromov yig‘ilishdan norozi bo‘lib, g‘azab bilan chiqib ketgan. Shundan keyin jamiyat rahbariyati tarqatib yuborilgan va rahbariyatga Otajon Hoshim, Botu va Sorokin kelgan.
Tergov hujjatlarini o‘rganish shundan dalolat beradiki, 20 — 30-yillari yashagan ziyolilar o‘rtasida ahillik bo‘lmagan. Ular murakkab tarixiy jarayonda bir-birlari bilan jipslashgan holda ishlash o‘rniga bir-birlarining taglariga suv quyib turganlar. OGPU-GPU-NKVD xodimlari O‘rta Osiyo xalqlari mentalitetiga xos ana shu illatdan g‘oyat ustalik bilan foydalanganlar. Ziyolilarimiz esa soxta ambitsiyalari va noahilliklari tufayli bu g‘arazli kuchlarning o‘z maqsadlariga oson erishishlarida hatto ularga yordam ham berganlar. 30-yillardagi qatag‘onning O‘zbekistonda, ayniqsa, fojiali o‘tishiga sabab bo‘lgan omil ham respublikaning ikki rahbari — Akmal Ikromov bilan Fayzulla Xo‘jaev o‘rtasidagi siyosiy kurashdir.
Botuning maorif xalq komissariga, ya’ni o‘ziga o‘rinbosar etib tayinlanganini ko‘rgan Ramziy xavotirga tushib, unga qarshi oshkora kurasha olmagan bo‘lsa-da (Botuning orqasida A.Ikromov turgan), u bilan yaqin aloqada bo‘lgan Sh.Sulaymonning payini qirqadi. 1929 yili Ramziyning buyrug‘i bilan «Maorif va o‘qitg‘uvchi» jurnali tahririyatidan ozod etilgan Sh.Sulaymon «Qizil O‘zbekiston» gazetasiga ishga o‘tadi. Uning gazeta tahririyatida qancha vaqt ishlaganligi to‘g‘risida biror ma’lumot yo‘q. Ammo ma’lumki, Sh.Sulaymon muayyan muddat Samarqanddagi Pedagogika akademiyasida (hozirgi Samarqand davlat universiteti) o‘qituvchilik qilgan. 1937 yili Akmal Ikromov va Fayzulla Xo‘jaevning qamalishi bilan u ham ishdan haydalgan...
1941 yil 27 avgustda qatag‘on navbati Sh.Sulaymonning o‘ziga ham yetib keldi. Shu paytda u O‘zbekiston Fanlar qo‘mitasi huzuridagi A.S.Pushkin nomidagi Til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim sifatida xizmat qilayotgan edi.
Shokir Sulaymonning ijodiy faoliyati asosan 1917 yil Fevral inqilobi tufayli Orenburgdan qaytib kelganidan keyin boshlangan. U shu davrda she’r, hikoya va maqolalar yozgan. 20 — 30-yillar matbuoti sahifalarida uning ko‘plab she’r va hikoyalari e’lon qilingan bo‘lsa-da, ularni badiiy jihatdan baquvvat, deyish qiyin. Ammo nomi yuqorida tilga olingan nemis olimasi professor I.Baldauf Sh.Sulaymonni o‘zbek she’riyatida sochma vaznning maydonga kelishi va shakllanishiga katta hissa qo‘shgan shoir, deb hisoblaydiki, bu fikr haqiqatga ozmi-ko‘pmi yaqindir.
Sh.Sulaymon V.Mayakovskiy, D.Bedniy, S.Marshak, A.To‘qay, H.Toqtosh she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilishdan tashqari, «Erk kuylari» (1926), «G‘alaba marshi» (1928), «Davr hayqirig‘i» (1932), «Tanlangan asarlar» (1934) nomli she’r va dostonlardan iborat kitoblarini e’lon qilgan. Uning «Qotil», «Parazitlar», «Hukm», «Lolazordagi shumg‘iya», «O‘ch», «Farmoza otasi», «Yamo bilan Hamo» kabi hikoyalari bor. U o‘rta va oliy o‘quv yurtlari uchun adabiyot fani bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalari va majmualar tuzishda ham faollik ko‘rsatgan. Sh.Sulaymonning 1917-1918 yillari «Ishtirokiyun», «El bayrog‘i» gazetalarida bosilgan she’rlarida erksevarlik g‘oyalari jilva berib turadi. Ammo shoir keyinchalik zamonaviy mavzudagi asarlarida voqelikda kechayotgan jarayonlarni ma’qullashga, bu jarayondagi salbiy hodisalarga munosabatini esa xorijiy xalqlar hayotidan olingan asarlari orqali ifodalashga urindi.
1942 yil 24 iyunda tuzilgan Ayblov xulosasiga ko‘ra, Sh.Sulaymonga bunday ayblar qo‘yilgan:
«Sulaymonov Shokir Orenburg shahridagi «Husayniya» tatar maktabida o‘qigan, yoshlik yillaridan boshlab jadidlar va panturkistlarning tarbiyasini olgan, Oktyabr inqilobidan keyin esa Qo‘qondagi burjua millatchi unsurlar muhitiga bevosita aloqador bo‘lgan.
Sulaymonov Shokir 1918 — 19 yillari burjua millatchilari tashkil etgan turli-tuman yig‘ilishlarda ishtirok etib, panturkistlarning «Ittihodi tolibon» jamiyatiga kirgan, bu jamiyat esa milliy kadrlar uchun, Turkistonning ozodligi uchun, Turkistonning Turkiyaga qo‘shilishi uchun ruslarga qarshi kurash shiori ostida eski va yangi o‘qituvchilarni birlashtirishga qaratilgan ishlarni amalga oshirgan.
Sulaymonov Shokir 1919 yili taniqli qo‘qonlik millatchi Qodirov Ubaydulla Maxsum tomonidan «Milliy ittihod» yashirin tashkilotiga jalb etilgan, bu tashkilot esa o‘z oldiga Sovet hokimiyatini ag‘darib tashlash maqsadini qo‘ygan. U «Milliy ittihod» tashkilotining a’zosi sifatida burjua millatchi kadrlarni tayyorlash, jamoatchilik fikrini chalg‘itishga qaratilgan aksilsho‘roviy-millatchilik mazmunidagi she’rlarni matbuotda e’lon qilish yo‘li bilan tashkilotning aksilinqilobiy faoliyatida faol ishtirok qilgan...»
Ko‘ramizki, Sh.Sulaymonga qo‘yilgan bu ayblarning birortasi ham uning 30 — 40-yillardagi faoliyatiga mutlaqo aloqador emas. Sirasini aytsak, ular quruq tuhmatdan iborat. Shunday ekan, «Nega u holda Shokir Sulaymon qatag‘on etilgan? Uning aybi nimada?» degan savollar tug‘iladiki, bu savollarga quyidagicha javob berishimiz mumkin: birinchidan, Shokir Sulaymon, yuqorida aytib o‘tganimizdek, ustozlari va yor-do‘stlari haqida NKVDga ma’lumot berib turmagan. Uning qamoqqa olinishi uchun 30 — 40-yillari shuning o‘zi ham yetarli bo‘lgan. Ikkinchidan, sovet razvedkasi to‘plagan ma’lumotga ko‘ra, vermaxt shu yillari Eron orqali O‘rta Osiyoga bostirib kirishni rejalashtirgan. Agar nemis armiyasi sovet davlati siyosatidan norozi bo‘lgan O‘rta Osiyoga bostirib kirgudayin bo‘lsa, «Milliy ittihod»ga moyil kishilar nemislar tarafiga o‘tib, sovetlarga qarshi kurashishlari mumkin edi. Shuning uchun ham Stalin urushning dastlabki yillarida xalqning ma’lum bir qismini yana qatag‘on qilgan.
Shunday qilib, Shokir Sulaymon 1942 yil 8 avgustda o‘zi bilan birga qamoqqa olingan adabiyotshunos Sotti Husayn, shoir va jurnalist Yunus Latif hamda geograf olim Sharif Obidov bilan birga otib tashlandi. Mahbusning mol-mulki, shu jumladan, Shahrisabz ko‘chasidagi xonadoni musodara etildi. Uning xotini Zaynab Mirsalimova Marat va Po‘lat degan ikki o‘g‘li hamda Nodira va Munira degan ikki qizi bilan birga Andijonga, qarindoshlarinikiga ko‘chib ketishga majbur bo‘ldi. Shokir Sulaymonning Qo‘qon shahrida istiqomat qilayotgan Yahyo va Qodir degan ukalari ham oila a’zolari bilan g‘urbatda qoldilar...
Naim Karimov. 41-yilning sovuq shamoli (2004)
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 33-sonidan olindi.