OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mansurxon Toirov. Mahalamizdan chiqqan olim (2008)

Yaqinda ilm-fan fidoyisi bo‘lgan bir mashhur olimning yetmish yoshlardagi qizi vafot etdi. Uning janozasida juda oz odam ishtirok etganiga guvoh bo‘ldim. Sababi... sababi uning otasi ilm bilan band bo‘lib, mahalla-ko‘yga ko‘pam aralashavermagan ekan. Buni qarangki, keyin ma’lum bo‘lishicha, rahmatli bu ayol otasidan qolgan uy-joylarni mahalladoshlarining bolalari foydalanib turishi uchun vasiyat qilib qoldirib ketgan ekan. O‘g‘li esa uzoq yurtlarda yasharkan.
 O‘g‘il onasining janozasiga yetib kelib, pul sarflab mahalla bolalariga qoldirilgan uy-joylarni ta’mirlab berdi, o‘n-o‘n beshta kompyuter bilan jihozladi. Buvasi va onasidan meros bo‘lib qolgan kitoblarni tartibga keltirdi. Katta bir restoranda mahalla ahliga to‘kin-sochin xudoyi qilib berdi. Mahalla bolalari nodir kitoblar va uy jihozlaridan foydalanishini ta’minlash uchun odam yolladi.
 Endi, bu yog‘i qandoq bo‘ldi, aziz mahalladoshlar... Yetti o‘lchab bir kesadigan xalqmiz-ku, axir?!
 Ilm olishni igna bilan quduq qazib suv chiqarishga qiyoslashadi. Ilm ahlining har doim ham omadi kelavermaydi. Kimningdir boshlagan ilmiy ishi nisbatan tezroq natija beradi, tezroq el-yurt nazariga tushib, hurmat-e’tiborga sazovor bo‘ladi. Boshqa bir olimning urinishlari, mehnatlari uzoq yillarni ichiga olishi mumkin va hatto, butun umri zoe ketib, biror-bir olamshumul ilmiy yangilik qilishga ulgurmay bu olamni tark etishi ham mumkin.
 Qadim zamonlarda, ilm-fan uncha taraqqiy etmagan davrlarda olimlarning suhbati odamlarga qiziqarli bo‘lgan. Buning sababi radio, televizor, internet, video, telefon kabi axborot vositalari bo‘lmagan va odamlar o‘zini qiziqtirgan narsalar haqidagi ishonarli ma’lumotlarni olimlardan bilib olishgan. Hozir zamon o‘zgardi. Olimlar insoniyatning qorong‘u tunlarini yorug‘ qilishdi. Insoniyatning tabiat qonunlari haqidagi tushunchapari olimlarning mashaqqatli mehnatlari bois hayotimizning har bir jabhasida namoyon bo‘lib bormoqda. Birgina tranzistor degan tushunchaning ro‘yobga chiqishi yo‘lida necha minglab olimning umri sarf bo‘lganini hech yodimizdan chiqarishimiz kerak emas. Birgina samolyotning tuzilishini yaratish yo‘lida qanchadan-qancha olimlar umrini bag‘ishlagani sir emas...
 Haqiqiy olimlik yo‘liga qadam qo‘ygan insonlar o‘zlari bilmagan holda ko‘pincha yetib bo‘lmas orzulari ortidan mardlarcha betinim ergashib boraveradilar, boraveradilar... va bir payt qarasalar, qisqagina umr o‘tib ketibdi. Dang‘illama qasr qurishga ham ulgurmabdi. Oshna-og‘ayni, do‘st-yorlar haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Ular o‘zlarining izlanishlari ilmiy jurnallarda bosilib chiqishini yillab orzu qilib yuradilar. Ba’zan birgina kichkina maqolaning vujudga kelishi uchun 5-6 yillab umr o‘tib ketganini ham sezmay qoladilar. Tijorat ishlari bois kunda o‘nlab, yuzlab shaxslar bilan muloqot qilib yurguvchi vatandosh nazarida olimlar odamgarchilikni bilmaydigan yovvoyiga chiqib qoladi. Ular har xil "gap”larga qo‘shilmasa, boshqalar buni olimning bepisandligi deb tushunadilar. Aslida yosh olimning "gap"xo‘rlik qilish uchun vaqti ham, puli ham bo‘lmaydi. Yarim kechagacha kitob mutolaasi bilan mashg‘ul bo‘lgan olimning ertalab sahar bilan oshga yetib borishi mushkul... Mahalla “odamgarchiligi” yo‘q bunaqa qo‘shnini keyingi oshlarga taklif qilmaslik bilan jazolaydi. Agar olim odam ham mahalla-ko‘yning barcha yig‘inlariga aralashish, oshna-og‘aynilar bilan bordi-keldilarni quyuq qilish, qarindosh-urug‘lar oldidagi o‘zining burchini bajarish uchun tez-tez ularni yo‘qlab turishga (quruq qo‘l bilan emas, albatta) kirishib ketsa, ilmiy ishini qachon qiladi?!
 Mahalla juda katta kuch. Bu kuch bilan unda yashaydigan har qanday inson hisoblashmasdan iloji yo‘q. Bu kuch ko‘p o‘rinlarda mahalla odamlarini o‘zining yozilmagan tartib-qoidalari doirasida ushlab va jipslashtirib turadi. Ko‘p o‘rinlarda odamlar mahallaga suyanadi. Mahalla guyoki katta bir oilaga o‘xshaydi.
 Telejurnalist oynai jahonda xalqimizning faxri bo‘lgan buyuk rassom haqida uning mahalladoshlari fikri bilan qiziqdi. Afsus, ko‘p mahalladoshlar Abdulhaq Abdullaev kim bo‘lgani haqidagi savolga javob bera olishmadi. Rassomning uyini ko‘rsatib: "Bu uyda kim turar edi?" degan savolga: "Bilmadik, bir chol turardi", degan to‘mtoq javob olindi.
 Ilm odamlari uchun hamisha vaqt masalasi qiyin bo‘lgan. Men o‘zim ilm-fan yo‘lida mashaqqat chekkan yillarim do‘konga har kuni nonga chiqish uchun ham vaqtimni ayab, yotoqxonamga bir haftalik nonni oldindan keltirib qo‘yardim. Biror xodim mendan ko‘mak so‘ragan kezlari undan, albatta, o‘z yordamimni ayamasam-da, lekin shu ishga qancha qimmatli vaqtim ketganini soatimga qarab chamalab qo‘yar edim. Teatr, kino, o‘yin-kulgilarga, tezevizor ko‘rishga, hatto o‘zim sevgan futbol o‘yinini ko‘rishga vaqtim bo‘lmasdi.
 Ilm-fan fidoyilarining mehnatidan keladigan samara kimga kerak? Butun insoniyatga emasmi! Olimlarning mashaqqatli mehnatlari bo‘lmasa, qimmatli vaqtlarini ilmga, kashfiyot yaratishga sarflamasa, inson hayoti bu darajada gullab-yashnamagan bo‘lur edi.
 Albatta, birgalikda to‘y-ma’rakalarni o‘tkazish, "gap"larda birga o‘tirish, hangomalashib mahalladoshlari bilan inoq bo‘lish juda yaxshi. Ammo shu ishni qilolmay, undan-da muhimroq ish bilan band bo‘lsa, nega u mahalla ahli hurmatidan chetda qolishi kerak?!
 Mahallaga keluvchi elektr toki ikki-uch oyda bir o‘chib qoladi. Qarang, bir zumlik qorong‘ilik kishi ko‘nglini qanchalar xira torttiradi. Qilayotgan ishning beliga tepadi, yozuv-chizuv, o‘qishni izdan chiqaradi. Televizor, kompyuter, radio, telefon, muzlatkichlar... bari harakatdan to‘xtaydi. Elektr tokini insoniyatga taqdim etgan Ersted yoki Faradey kabi olimlarni shunday holatlarda odamlar hech bo‘lmasa bir karra yodga olarmikan? Ular naqadar ulkan ish qilib, insoniyatni baxtiyor etishgan. Faradey oddiy bir laborant bo‘lib, umri yo‘qchilikda o‘tgan. Balki biror mahalla yoki uning ko‘chasiga shu kabi olimlarning nomi qo‘yilsa, yarashib tushar. Yoki biror ko‘cha yoxud mahallaga nomini qo‘yish uchun o‘sha olim albatta bizning yurtda tug‘ilgan bo‘lishi shartmi? Farzandlarimizda kashfiyotlarga qanday qilib qiziqish, ixlos uyg‘otmoqchimiz? Olimlarning janozasiga bormaslik va ular nomi bilan mahalla yoki ko‘chalar nomini atamaslik orqalimi? Axir, bunda ularga nisbatan faqat beparvolik uyg‘onadi-ku.
 Dehqon mehnatining mahsuli bo‘lgan bir qop un yoki guruchni uyimizga orqalab kelib rahmatlar aytamiz. Hunarmandning mehnati samarasi bois ustimiz but, qornimiz to‘q, uyimiz obod. Ularning mehnatiga har kuni tasannolar deymiz. Olimlarning mehnati samarasini kim uyiga orqalab olib boribdiyu u bilan uyini bezab, ustiga libos kiyibdi. Buning mohiyatini anglab yechishga mahalladagi ko‘pchilik odamlar ojizlik qiladi... Biz bir narsani aniq bilishimiz kerak: agar olimlar zahmat chekmaganida edi dehqonning, hunarmandning ishi unmasdi. Shunday ekan, shoir aytganidek, mahallamizda qanday odam vafot etishidan qati nazar uning tobutiga yelka tutib kuzatish ham farz, ham qarzdir.
 
“Hayot” gazetasi, 2008 yil, 24 aprel

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.