OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mansurxon Toirov. Zarifa opaning cho‘qqisi (2008)

Shundaylar bo‘lmasa agar dunyoda,
  Bu qadar muhtaram bo‘lmasdi ayol.
   Abdulla Oripov

 Tabarruk, muqaddas joylarni ziyorat kilish kimgadir erta, yana kimgadir kech nasib kilar ekan. Eng muximi, nasib qilishida. Ulug‘ insonlarning xayot yo‘llari bilan yakindan tanishib, ularning iztiroblarini his etish ham ziyoratdek gap. Bu satrlarni yozishimga Zarifa Saidnosirovaning "Oybegim mening" kitobi mutolaasi sabab bo‘ldi. Endilikda bu asar kitob javonimdagi "Navoiy", "Qutluq qon" romanlari qatoridan o‘rin egalladi.
 O‘smirlik yillarimda "O‘tkan kunlar", "Mehrobdan chayon" romanlarini o‘qiganimda tug‘ilgan ajib bir hissiyot ushbu kitobni o‘qiganimda ham qayta uyg‘ongandek bo‘ldi. Men Oybek domlaning barcha asarlarini bo‘lmasa ham, ko‘p kitoblarini takror-takror mutolaa qilganman. Ularning qahramonlari bilan hamnafas bo‘larkanman, adib-ning o‘zi bilan ham sirlashgandek bo‘lganman. Zarifa opaning xotira ki-tobini o‘qiganimdan so‘ng Oybek ijodini, ayniqsa, adib umrining oxirida yozgan asarlarini qaytadan o‘qish niyati tug‘ildi.
 Ayol zotining buyukligiga shubha yo‘q. Mashhur frantsuz yozuvchisi Onore de Balzakning "Millatning kelajagi onalar qo‘lida" degan e’tirofi shunchaki balandparvoz gap emas. Balzakning bu haqiqatiga kengroq ma’noda qarasak, "Insoniyatning kelajagi onalar qo‘lida" degan to‘xtamga ham kelishimiz mumkin...
 Kitobni mutolaa qilganimda kelgan xulosam shuki, taqdir bu ikki Shaxsni uchrashtirgani faqat ular muhabbatining natijasigina emas, balki o‘zbek madaniyatining ham baxtidir. Agar adibning yonida Zarifa opadek umr yo‘ldoshi hamnafas bo‘lmaganda edi, Oybekning o‘zi o‘ttizinchi va elliginchi yillarning qora to‘fonlarini mardona yengib o‘ta olishi dargumon bo‘lardi. Oybek ham shoir, ham adib. Uning ijodidan xabardor bo‘lgan har qanday o‘quvchi adib asarlaridagi badiiyat Zarifa opaning yurak taftidan ham baxramand ekaniga amin bo‘ladi. Zarifa Saidnosirova Oybek bilan bir umr hamfikr, eng yaqin sirdosh, maslahatguy va birinchi o‘quvchisi bo‘lish bilan barobar o‘zi ham yetuk adi-ba darajasiga ko‘tarilganligi "Oybegim mening" kitobida ruy-rost namoyon bo‘lib turibdi...
 Bir vaqtlar davr taqozosi bilan "Marksizm-leninizm" kechki universitetida o‘qishimga to‘g‘ri kelgan. O‘shanda Ivanov ismli tinglovchi: "Ayollarda ma’lum yoshdan so‘ng akliy faoliyat susaya boshlaydi", degan fikrni o‘rtaga tashlagan edi. O‘shanda munozara rosa avj olgan. Qizlarimiz balog‘at yoshiga yetgach, oila quradilar, ilm olish masalasi ikkinchi va uchinchi darajali maqsadga aylanadi. Afsus... Bunga urf-odatlarimizning "nozik tomonlari", xayot tarzimiz ham sababchi. Ular yaxshi ona, sarishta uy bekasi, vafoli va go‘zal yor bo‘lish harakatiga tushadilar. Ya’ni ilm olish, kashfiyotlar qilishdan chalg‘iydilar. Agarda ayollarimiz va qizlarimiz erkaklar kabi bir umr hech narsaga chalg‘imasdan ilmiy kashfiyotlar orqasidan intilishganida bormi, insoniyat balki bundan bir necha yuz yillar ilgari o‘zining hozirgi taraqqiyoti darajasiga yetib kelgan bo‘larmidi?! Lekin, afsuski, insoniyat taraqqiyot yo‘lini tanlaganda aqliy kuch emas, aksincha jismoniy kuch yetakchilik qilgan. Erkaklarning jismonan baquvvat ekanligi qizlar va ayollarning o‘z iste’dodlarini to‘la namoyon qila olishlariga imkoniyat bermagan.
 Biologlar dunyodagi eng yetuk mavjudot ayollar ekanini allaqachon isbotlab berishgan! Oilani ushlab qolish, tushkunlikka tushgan erning ko‘nglini ko‘tarish, keyingi nasllarni tarbiyalashdek murakkab vazifa insoniyatning sara aql egalari bo‘lgan ayollar zimmasida... Bunday qismatdan onda-sonda ozod bo‘lib, yumushlari yengillagan ayollarimiz yetib borgan marralarni uncha-muncha erkaklar egallay olmagani ham sir emas. Nobel mukofoti mustasno tariqasida Mariya Skladovskaya-Kyuri (1903-11), L.Poling (1954-1962) va J.Bardin (1956-72)ga ikki martadan berilgan. Sanalardan ko‘rinib turibdiki, Mariya fanda erishgan yutuq-larini erkaklar qariyb ellik yildan keyingina takrorlay olishgan.
 Tarixda bunday misollar ko‘p. Bu fikrlarning isbotini Zarifa Said-nosirovaning o‘zi olim sifatida erishgan chuqqilar ham ko‘rsatib turibdi.
 Oybegim mening" kitobida uchragan ba’zi bir kimsalarning nomlarini o‘qib Alisher Navoiy xazratlarining "Nopok erdin yaxshiroq, pok xotunlarning oyog‘i izi" degan hikmati yodga tushadi. ...Zalvorli tuyg‘ularning og‘rig‘i ham kuchli bo‘larkan... Shu bois Zarifaxonimning ayrim shaxslarga, davr siyosatiga nisbatan qilgan ishoralarida sinchkov kitobxon hech ham kechirib bo‘lmas tuyg‘u zarbasini sezishi tabiiy. Shu bois yana bir karra Zarifaxonimning jur’atiga qoyil qolaman. Bizgacha yetib kelgan Tumaris onamiz haqidagi tarixiy rivoyat shunchaki afsona emas, aslida haqiqat ekanligiga ich-ichdan iqror bo‘lasan kishi. Bugun bizga ekranlarimizni kun sayin butkul egallab olayotgan turfa xorijiy seriallar emas, balki tarixiy haqiqatga suyangan holda Abdulla Qodiriy, Cho‘lponu Fitratlarning qamoqxonalardagi azob-uqubatlarini to‘kis gavdalantirib beradigan, Oybek va Zarifaxonim o‘tgan yo‘lni asl xolicha ko‘rsata oladigan badiiy filmlar, milliy seriallar kerak.
 Nazarimda, sho‘rolarning siyosiy qatag‘oni qurboni bo‘lgan Saidnosirboydek millatparvar otaning benazir tarbiyasini olgan Zarifa Saidnosirova ko‘tarilgan ma’naviy cho‘qqi ham Bibixonim, Zebuniso, Nodirabegimlar egallagan cho‘qqidan aslo kam emas. Tabiiyki, Oybekdek buyuk bir siymoni ardoqlay olgan insonning siyrati ham buyukdir.
 Yoshlarimiz, iste’dodli qizlarimiz ana shunday ulug‘ onalaridan ibrat olsinlar. Xayotda ham, ilm va ijodda ham o‘z momolariga munosib bo‘lsinlar, degim keladi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2008-yil, 25-yanvar, № 4 (3936)

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.