OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mansurxon Toirov. Qodiriyning fizikaga qo‘shgan ulkan hissasi (2008)

Abdulla Qodiriy o‘zining ikki buyuk asarini xalqimizga taqdim etish bilan nafaqat o‘zbek romanchiligini boshlab berdi, balki ularning jahon adabiyoti durdonalariga aylanishiga erishib, millatimizning keyingi zamon ziyolilari ham hech kimdan kam emasligini isbotladi.
 Abdulla Qodiriy 1928 yili tatar fizik olimi Abdulla Shunosiyning “Fizika” kitobini o‘zbekchaga tarjima qilganini ko‘plar bilmasa kerak. Buyuk adib tarjimonlik faoliyatining boshidayoq “Fizika” kitobini o‘zbekchaga o‘girishga e’tibor qaratgani kishini hayratga soladi. Bu bejiz emas. Negaki, o‘tgan asr boshlarida fizika fani buyuk kashfiyotlari bilan insoniyat taraqqiyotiga xizmat qila boshladi. Yevropa olimlari dadil va ildam, guyo kimo‘zarga talashib-tortishgandek kashfiyotlar qila boshlashdi. Taassuf, o‘sha yillari o‘zbek xalqi farzandlaridan biror-bir ko‘zga ko‘rinarli fizik olim yetishib chiqishi yoxud uning o‘rgansa bo‘ladigan maktabi to‘g‘risida ayta olmaymiz. Ishonchim komilki, Abdulla Qodiriyni bu muammo o‘ylantirgan. Qalbida ma’naviy bir g‘alayon qo‘zgalib, “Fizika” kitobini o‘zbek tiliga tarjima qilishga bel bog‘lagan bo‘lsa kerak. Bu bilan u moddiy boylik yaratishning asosiy zamini tabiiy fanlar ekanini hisobga olgan ko‘rinadi. O‘sha yillarda barcha ilg‘or ziyolilar og‘zidan tushmay qolgan fizika fanining taraqqiyoti millatimizni oldingi saflarda ko‘rishni orzu qilgan adibni tarjimani o‘z zimmasiga olishiga ilhomlantirgan. Ezgu sa’y-harakatning samarasi sifatida Ubay Oripov, Sodiq Azimov, Toshmuhammad Qoriniyoziy, Habib A6dullaev, Toshmuhammad Sarimsoqov, Toshmuhammad O‘razboev, Sa’di Sirojiddinov, Vosil Qobulov va boshqalar o‘tgan asrning 30-50 yillari zamonaviy fan izlanishlari tomon dadil qadam qo‘ya boshlashdi. Ular akademiklik darajasiga yetishib, ko‘plab shogirdlar tayyorlashdi va biz kimlarning avlodlari ekanimizni isbotlashdi.
 Yoshlarda tabiiy fanlarga muhabbat uygotishda fantast yozuvchilarning o‘rni beqiyos ekanini Abdulla Qodiriy yaxshi his qilgan. “Fizika” kitobini o‘zbekchaga tarjima qilish natijasida fan bo‘yicha tabiatning oltin qonunlarini iloji boricha o‘zlashtirishni hamda shu orqali o‘sha davrlarda insoniyat erishayotgan buyuk kashfiyotlarni tub-tubigacha tushunishni, o‘zi ham fantastikaga oid asarlar yaratib, yoshlarga taqdim etishni nazarda tutgan bo‘lsa, ne ajab.
 Muhimi, Abdulla Qodiriy boshlab bergan bu xayrli jarayonni keyinchalik ko‘pgina olimlarimiz davom ettirishib, fizikaga oid kitoblarni o‘zbek tiliga tarjima qilishdi. Bunda ayniqsa O‘zbekiston Milliy universitetining kafedra mudiri, marhum dotsent Ergash Nazirovning ishlari tahsinga sazovordir. Fizika sohasida bugun o‘z o‘rnimiz, mavqeimiz bor. Sohada olimlarimiz tomonidan ko‘plab yangiliklar, ixtirolar amalga oshirilmoqda. Shular haqida o‘ylaganda, buyuk adibimizga nisbatan yurakda cheksiz minnatdorlik hislari jo‘sh uradi.

“Vatanparvar” gazetasi, 2008 yil 14 noyabr

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.