OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Naim Karimov. Bobokalon shoirlar (2009)

Toshkent — Markaziy Osiyoning uzoq tarixga ega bo‘lgan yirik adabiy-madaniy o‘choqlaridan biri. Bu qutlug‘ zaminda ko‘plab ilm-fan, adabiyot va san’at namoyandalari yashab o‘tganlar. Afsuski, biz tarixiy manbalarni yaxshi o‘rganmaganligimiz bois, ular haqida yetarli tasavvurga ega emasmiz. Holbuki, arab, fors, xitoy tillaridagi manbalardan xabardor olimlarning shahodat berishlaricha, milliy madaniyatimiz ildizlari olis asrlarga borib taqaladi.

Ilmiy adabiyotda arab istilosiga qadar bo‘lgan davrda Toshkentda yashab ijod qilgan shoir va yozuvchilar to‘g‘risida ma’lumot uchramaydi. Arab istilosidan keyin hozirgi O‘zbekiston hududlarida yashab, badiiy ijod bilan shug‘ullangan shoir va olimlar esa o‘z asarlarini, asosan, arab tilida yozganlar. Nishopurda tug‘ilib, Markaziy Osiyoning Buxoro va Xorazm singari shaharlarida bo‘lgan, shu shaharlardagi fozil kishilar bilan tanishgan arab savdogari va olimi Abu Mansur as-Saolibiyning (961 — 1038) “Yatimat ad-dahr fi mahosin al-asr” (“Asr ahlining fozillari haqida zamonasining durdonasi”) asarida shu shaharlarda yashab, arab tilida ijod qilgan toshkentlik shoirlarning ham bir nechtasi tilga olingan.

As-Saolibiyning guvohlik berishicha, Buxoro Somoniylar hukmronligi davrida zamonaning ilg‘or kishilarini o‘zida jamlagan va shu tufayli “shon-shuhrat makoni” va “Saltanat Ka’basi” sifatida shuhrat qozongan. O‘sha vaqtda, as-Saolibiyning shoirona tashbehi bilan aytsak, mazkur “Ka’ba” uzra “er yuzi adiblarining yulduzlari” porlab, chor atrofni o‘z nurlari bilan munavvar qilgan.

Buxoroda to‘plangan shunday shoir va fozillar orasida toshkentlik (shoshlik) shoir Abu Muhammad al-Hasan ibn Ali ibn Matron al-Matroniy ham bo‘lgan. U va u singari Buxoroda yig‘ilgan ijod ahli haqidagi tasavvurimiz yorqinlik kasb etishi uchun Abu Ja’far Muhammad ibn Muso al-Musaviyning quyidagi so‘zlarini keltirish ayni muddaodir.

“Mening otam, — degan ekan u as-Saolibiyga, — Abul Hasan amir as-Said davrida Buxoroga da’vat etilgan edi. U yerga Abul Hasan al-Lahom, Abu Muhammad ibn Matron, Abu Ja’far ibn Abbos ibn al-Hasan, Abu Muhammad ibn Abus-Siyob... va ular (Somoniylar) xizmatida bo‘lgan eng fozil muhojirlar to‘plangan edi. Ular hammalari u yerda yig‘ilishgach, do‘stlik suhbatlari ularni bir-biri bilan yaqinlashtirgan edi. Ular ajoyib muzokaralar olib borishar, musohaba rayhonlari bilan almashishar, adab mushklarini sochishar, bir-birlariga marvarid durlarini sepishar va sehr tuguniga dam solishar edi. Otam menga shunday degan edi: “Ey o‘g‘lim, bu ko‘pchilik (atoqli) kishilar to‘plangan mashhur kundir, uning tarixini eng mashhur fazilatli va zamonaning yagonasi bo‘lgan kishilar to‘plangan (kun) hisobla va mendan keyin davrimizning hayitlarida va ularning eng yaxshi paytlarida u(kun)ni eslab qo‘y. O‘ylaymanki, yillar davomida ana shunga o‘xshash yig‘ilishni sen (qaytib) ko‘rmaysan”.

As-Saidning otasi o‘zi guvoh bo‘lgan va ishtirok etgan g‘aroyib davraning noyobligini, shu g‘aroyib davra qatnashchilarining har biri faqat o‘z davrida emas, balki kelajakda ham ulug‘ va mo‘‘tabar kishilar bo‘lib qolajaklarini sezgan. Mazkur davra qatnashchilari orasida falakning gardishi bilan Buxoroga borib qolgan yurtdoshlarimiz ham bo‘lgan.

Shunday yurtdoshlarimizdan biri — toshkentlik shoirlarning bobokaloni Abu Muhammad al-Matroniy bo‘lib, u X asr boshlarida Shoshda tug‘ilgan va shu yerdagi madrasalarning birida tahsil ko‘rgan. As-Saolibiy nomi yuqorida qayd etilgan asarida Matroniy she’rlaridan 112 baytni namuna sifatida keltirishdan avval unga bunday tavsifnoma bergan: “Ibn Matron zakovatli va go‘zal martabali (kishi) edi. Poytaxt (Buxoro)ga maqtov bilan kelar va yaxshi in’omlar bilan qaytib ketar edi. U barid (aloqa) xodimi lavozimini ado etib, shu bilan qanoatlanar va shundan rizqini topardi. Uning she’rlari devonga to‘plangan, latif va zarif (so‘zlarga) boydir”.

Matroniy, shu davrdagi boshqa arabzabon shoirlar singari, tasvirning nafis, rangin va obrazli bo‘lishiga alohida ahamiyat bergan. Shoirning zamondoshi Abu Ali al-Bal’amiyga bag‘ishlangan qasidasiga nazar tashlash bizga nafaqat uning, balki umuman Somoniylar davri she’riyatining poetik til va uslub xususiyatlari bilan ham tanishish imkoniyatini beradi.

Qo‘yidagi she’r bunday misralar bilan yo‘g‘rilgan:

“Boshimda (qarilikdan) xabar beruvchi oq mo‘ylar paydo bo‘ldi va hayotimdagi gullagan yoshlik o‘tib ketdi.

Mo‘ysafidlikning erta tongi shu’lasi (oq sochi) yoshligim tunining qarg‘alariga uchib ketish joyi bo‘lib qoldi.

Bu erta tong nurining porlashi qora qushlarning o‘z uyasini tashlab ketishiga o‘xshash narsadir.

Bu soch oqining ko‘rinishi nurli bo‘lsa ham, keltiradigan xabari zulmatdir...”.

Ko‘ramizki, umr shomida yozilgan bu she’r shoir qalbining hazin va g‘amnok tuyg‘ulari bilan to‘qilgan. Matroniy yoshlik faslining uchib ketayotgan qushlarini hasrat va nadomat hislari bilan kuzatar ekan, o‘zi uchun shu o‘ta noxush manzarani she’riy san’atning shunday rangin ipaklari bilan tikib beradiki, biz oradan o‘n asr o‘tganiga qaramay, shu satrlardagi shoir ruhiy olamining nafis va latif tasviridan hayratga tushamiz. Bu, benazir poetik tasvirgina bo‘lib qolmay, ayni paytda, undan sharqona falsafiy tafakkur nurlari ham yog‘ilib turadi.

Yana shu qasidaning madh qismi bilan tanishsak:

“Do‘st in’omga umid qilganda va dushman yomonlikdan qo‘rqqanda, biz seni sinab ko‘rdik.

Faqat ixtiyoring bilan (kishilarga) naf keltirasan va faqat zarurat tug‘ilgandagina zararli bo‘lasan.

Faqat (jazo berish uchungina) sen yomonlikni ravo ko‘rasan, xudo senga behad yaxshilikni ravo ko‘rsin.

Tashakkur aytuvchi sening haqqingda yomon fikrga kelishidan qo‘rqmaganingda, noshukurni yomonlik bilan jazolamagan bo‘lardik”.

Shoirning bir asar davomida poetik tasvirning mayin mavjlaridan falsafiy mulohazalar olamiga o‘tishi uning katta hayotiy tajribaga ega bo‘lganidan va shu hayot yo‘lida o‘z qalbidagi bokira insoniy tuyg‘ularni sog‘-omon saqlagan holda, boshiga donishmandlik tojini kiygan kishi ham bo‘lganidan shahodat beradi.

Yuqorida nomi tilga olingan Al-Musaviy shoshlik shoir to‘g‘risida As-Saolibiyga bunday so‘zlarni aytgan ekan: “Buxoroda ko‘pincha ibn Matron bilan birga bo‘lardim. Unda eng qo‘pol ajamlik ko‘rinishiga ega bo‘lgan kishini ko‘rdim. Ammo u so‘zlaganida tilining yengil tutilishiga qaramay, eng shirinsuxan arab (tili) bilan tenglashardi. U o‘zida nasihatgo‘ylik, jonga orom berish va xushmuomalalik san’atlarini birlashtirgan edi. O‘z she’rlari bilan (bizlarni) qanday zavqlantirsa, nasriy asarlari bilan ham shunday zavqlantira olar edi. Jiddiyligi bilan qanday xursand qilsa, o‘z hazillari bilan ham shunday xursand qila olar edi”.

Matroniy mansub bo‘lgan adabiy muhitda ishqiy lirika bilan birga qasidachilikning bahoriya, xoliya, faxriya, madhiya, hajviya, hamriya, hatto marsiya singari ko‘rinishlari keng tarqalgan edi. Matroniy ham qasidachilikning turli ko‘rinish(janr)larida asarlar yozgan. Bu asarlar orasida 945 — 946 yillarda Movarounnahr va Xurosonda sodir bo‘lgan qurg‘oqchilik va qahatchilik, shuningdek, Navro‘zdan keyin yoqqan qor va sovuqning keltirgan zararlari tasvirlangan she’rlar ham borki, ular shu davrda yashab ijod qilgan shoirlarning hayotda ro‘y bergan muhim ijtimoiy voqea va hodisalarga munosabat bildirganlarini va ular she’riyati realizm unsurlaridan xoli bo‘lmaganini ko‘rsatadi.

Matroniy Buxoroda bo‘lib o‘tgan qahatchilikda o‘z davrining badavlat kishilariga murojaat etib, ulardan aholiga yordam berishlarini so‘ragan. Shoirning muhim ijtimoiy mazmun bilan yo‘g‘rilgan bunday she’rlari chinakam she’riyat X asrdayoq xalq dardi va taqdiri bilan bog‘liq katta masalalarni ko‘targanidan, Matroniyning esa xalqparvar shoir bo‘lganligidan shahodat beradi.

As-Saolibiyning “Yatimat ad-dahr” asarida tilga olingan shoshlik shoirlardan yana biri Abu Omir Ismoil ibn Ahmad Shoshiydir. X asrning ikkinchi yarmida yashagan bu shoir, noma’lum sabablarga ko‘ra, Ray shahriga borib, buvahiylar vaziri Sohibibn Abbod huzurida katta hurmat qozonadi. As-Saolibiy o‘z asarining 3-bobida ibn Ahmad Shoshiy to‘g‘risida ma’lumot berib, uning 4 ta qasidasidan parchalar keltiradi. Asarning 4-bobida esa, boshqa bir shoshlik shoir haqida ma’lumot berib, bunday yozadi: “Shoshlik shoir, u yerning xushtabiat va yagona (kishisi). Agar Abu Omir Ismoil ibn-Ahmadni hisobga olmasak, undan keyin Shosh va Movarounnahrning boshqa shaharlaridan bu kabi (shoir yetishib) chiqmadi”.

As-Saolibiyning bu so‘zlariga qaraganda, ibn Ahmad Shoshiy o‘z davrining eng iste’dodli shoirlaridan bo‘lgan.

X asrdan keyin ilm va ijodda arab tilining mavqei pasayib, fors tilining obro‘-e’tibori sekin-asta osha bordi. Shu davrda Toshkentdan boshqa taniqli arabzabon shoirlar yetishib chiqmadi. Ammo X asrda boshlangan qasidachilik an’anasi keyingi davrlarda ham davom ettirildi. Ayniqsa, Badri Chochiy (1285 — 1344) va uning safdoshlari qasidada tagma’no qatlamning bo‘lishi, poetik fikrning nozik va nafis bo‘yoqlar bilan ifodalanishi, qasidada ijtimoiy masalalarning ko‘tarilishiga alohida e’tibor qaratdilar.

Manbalarda qayd etilishicha, Badri Chochiy Shosh (Choch) shahrida yashagan chog‘larida turkiy tilda yozgan she’rlari bilan hamshaharlari o‘rtasida shon-shuhrat qozongan. Ammo u 1332 — 1333 yillarda haj safari bilan Makkaga borib, musulmonlik farzini ado etganidan so‘ng Hindistonga borib, o‘sha yerni tabdili makon etdi va o‘z asarlarini fors tilida yozdi.

Toshkentlik, umuman, markaziyosiyolik aksar qalam ahlining X — XIV asrlarda kindik qoni to‘kilgan tuproqni tark etib, boshqa yurtlarga ko‘chib ketishi o‘sha davrdagi tarixiy-ijtimoiy sharoit bilan bevosita bog‘liq. Arab istilosidan keyin ko‘p o‘tmay, mo‘g‘ul qo‘shinlari tomonidan xonavayron qilingan Markaziy Osiyoda qalam ahli uchun uzoq vaqtgacha sog‘lom ijodiy muhit o‘rnatilmay keldi. Natijada Badri Chochiy singari iste’dodli shoirlar boshqa yurtlarga borib yashashga majbur bo‘ldilar.

Badri Chochiy nafaqat iste’dodli, balki sermahsul shoirlardan bo‘lib, Toshkent va Hindistonda yashagan kezlarida yuzlab g‘azal, qasida, qit’a va ruboiylar yozgan. Uning bu asarlari turli majmualarda e’lon qilinibgina qolmay, she’riyat muxlislari tomonidan ko‘chirib olinib, sevib o‘qilgan. U hind yurtida yashagan davrida esa, manbalarda aytilishicha, fors tilida 35 ming baytli “Shohnoma”ni yozgan va lirik she’rlardan iborat 6 ming baytli devonni tuzgan. Afsuski, uning bu asarlari bizgacha yetib kelmagan. Ammo shoirning “Sharhi qasoidi Badri Chochiy” (“Badri Chochiy qasidalariga sharh”) asari uning o‘z davrida “malik ush-shuaro” va “malik uz-zamon” unvonlariga bejiz sazovor bo‘lmaganini ko‘rsatadi.

Badri Chochiy — Sharq adabiyotida qasida janri taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan shoirlardan biri. Uning qasidalari murakkab til va uslubda yozilganligi bois hatto S.Ayniydek adib ham bu asarlarni “mushkul pisand” asarlar, deb atagan. B.Chochiy qasidalarining “mushkul pisand”ligi ularda ifodalangan mazmunning teranligi va so‘z o‘yinlariga behad darajada boyligidadir. O‘z hayotini B.Chochiy ijodini o‘rganishga bag‘ishlagan va, afsuski, uzoq yillar davomida olib borgan izlanishlarini yakunlashga ulgurmagan Sharq adabiyotining nozik bilimdoni Abdulahad Anisiy shu holni izohlab, bunday yozgan edi:

“Badri Chochiy (vafoti 1344) qasidachilik rivojlanib, murakkablashib, navisandning o‘zi yashagan zamon hayotiga munosabatini ifodalashning eng nozik ko‘rinish va usullari vujudga kelgan davrda yashab ijod etdi. Bu vaqtda “hunar” hali murakkablashib ulgurmagan, faqat teshbehlar, ibora va muqoyasalar murakkablashgan edi. Binobarin, u o‘sha yo‘ldan bordi. Bundan tashqari, u yashagan davrda Hindistonda Xisrav Dehlaviyning (1253 — 1325) ta’siri juda kuchli edi...

Hayotining so‘nggi davrlarini Dehlida o‘tkazgan Badri Chochiy ham bu sohada Xisravga ma’lum darajada ergashgan edi. Agar o‘sha davr adabiyotida ko‘p fikrlarning kinoya va qochirim bilan bayon qilinganini esga olsak, u holda Badrining qasidalari aslida maqtov emas, balki... o‘zi yashagan davr hayotiga nisbatan Chochiy munosabatining ajoyib ifodasidan iborat ekanini yaqqol ko‘ramiz”.

Har holda, o‘zbek adabiyoti osmonida Alisher Navoiy quyoshi paydo bo‘lguniga qadar Osiyoning turli o‘lkalarida shunday toshkentlik shoirlar arab va fors tillarida ijod qilib, o‘zbek adabiyoti tarixining dastlabki sahifalariga o‘z nomlarini yozishgan.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 35-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.