San’at tafakkurdan kuch oladimi yoki tafakkur san’atdanmi? Bu savol bir qarashda g‘aliz qiyoslashga o‘xshaydi va mazkur g‘alizlik masalaga yondashishga birmuncha xalal beradi. Biroq baribir bilgimiz keladi: ijodkor asar yaratganda qaysi biridan ko‘proq kuch oladi? Deylik, Navoiy asarlarida o‘zigacha bo‘lgan san’at ko‘proq aks etganmi yoki tafakkur? Navoiy qo‘llagan san’at vositalari va usullarigagina qarab shoir ijodining mohiyatini ocha olamizmi? Navoiy qo‘llagan san’at unsurlarini ungacha va undan keyingilar ham qo‘llagan, biroq adabiyotimizda boshqa Navoiy yetishib chiqmadi. Navoiyning buyukligi, mening nazarimda, san’at va tafakkur muvozanatiga jo bo‘lgandek tuyuladi. Bu ikkalasi shakl va mazmun kabi biri ikkinchisiz sodir bo‘lmaydigan hodisalardir.
San’atdagi go‘zallik bilan tafakkur qudrati omixta bo‘lganda shoh asarlar bunyodga kelishiga san’at va tafakkur tarixi ko‘p bor guvoh bo‘lgan. Biz shoh asarlardagi so‘z, bo‘yoq, ohang qo‘llash mahoratidangina emas, balki bularga qorishiq tafakkur qudratidan ham lol qolamiz. Navoiy asarlariga zuhr etilgan tafakkur qudrati oldida undan besh yuz yil keyin yashayotgan biz, o‘quvchilar, ham hayratga tushamiz. Adabiyotshunoslarimiz "Navoiy ijodi XV–XVI asr adabiyotining cho‘qqisi edi" qabilidagi gaplarii takrorlashni xush ko‘radilar. Bunga yana Navoiy ijodi shu asrlardagi tafakkurning ham cho‘qqisi edi deb qo‘shib qo‘yish zarur bo‘ladi.
Zero, Navoiy falsafasini hali na adabiyotshunosligimiz, na falsafamiz mukammal o‘rganolgani yo‘q. Ijodkor ko‘z oldidagi voqelikni xuddi toshni yo‘nib haykal yasagan kabi o‘zining ijodiy san’at dunyosiga aylantirarkan, go‘yoki ko‘z oldimizdagi Yer atalmish sayyora ilk bor bunyod bo‘lib, unda ibtidoiy odam o‘zi uchun tushuniksiz, mavhum olam bilan yuzlashib, bugungi falsafaning asosi atalmish asotirlarni yaratgani singari asta-sekin ijodkor dunyosining ham tafakkur mahsuli – falsafasi yarala boshlaydi. Bu ijod dunyosi, ilhom atalmish qudratdan yaralgan ijodkor dunyosi qanchalik o‘ziga xos va voqelikdan qanchalik balandlashsa hamda uning bizning tasavvurimizdagi aksi qanchalik tiniq bo‘lsa, shunchalik voqelikka yaqin keladi va mazkur "dunyo"dagi falsafa ham ko‘z oldimizdagi voqelikda yashovchi odamlarning falsafasi ekani ayon bo‘ladi. Juda g‘alati paradoks: ijodkor voqelikka qasdma-qasd ravishda o‘z dunyosini yaratgan va bu dunyo ko‘z oldimizdagi voqelik amal qiladigan mantiqqa zid kelgani sayin u shunchalik tabiiyroq va haqqoniyroq chiqadi. Sharq san’atkorlari bu borada ancha qat’iy an’anaga ega. Ularning yaratgan dunyolari ma’lum an’anadagi dunyoning ichidagi dunyo bo‘ladi. Misol uchun, tasavvuf dunyosi ichida qanchalik ijodkorning dunyolari bor. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu olam ichidagi olam demakdir. Kichik-kichik olamlardan yaxlit olam paydo bo‘ladi – bularning har biri o‘ziga xos, biroq ular yagona olamga qarab intiladi, yagona olam ichida o‘ziga xos olam yasab oladi. Ular ulkan va muhtasham obidaning turli burchaklariga ishlov berayotgan me’morlarni eslatadi, ammo ularning hammasi shu obidaning shiftiga – olamlar birlashadigan tomonga intiladi. Ayni paytda, bu olamlar quyosh atrofida aylangan sayyoralar misoli inson atrofida aylanadi – ularni hech qachon inson tafakkuridan uzib olib o‘rganib bo‘lmaydi – tafakkur shu olamlarning quvvatidir.
Navoiy ijodidan falsafiy asosni olib tashlasak, hazratning san’ati qanchalik jo‘nlashib qolgan bo‘lardi. Aytish joizki, sharqliklar o‘zlari mansub obidaning loyihasiga qat’iy amal qiladilar. Bosh loyiha asosida o‘zlari mansub burchakda o‘z olamlarini yaratadilar. Shu sababli G‘arb olimlariga sharq adabiyoti bir xilday tasavvur uyg‘otadi. Ularning xatosi shundan iboratki, ular umumobidadagi kichik obidani, ya’ni katta olam ichidagi kichik olamni ko‘rolmaganlar. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, insonshunoslik Sharqda qat’iy an’anaga ega. Biroq har bir ijodkor bu an’ananing bir tomonini yangilab ketadi. Dehlaviy, Ganjaviy, Attor, Jomiy, Rumiy, Navoiy, Bedil, Mashrab – bular bir olamga mansub ijodkorlar, ammo ularni hech qachon yagona qarash bilan o‘rganib bo‘lmaydi. Bularning har biriga o‘ziga xos yondashish zarur. Bu nomlarning tafakkurga qo‘shgan hissalari oldida bugungi falsafamiz hali-hanuz tang qolib turibdi. Tafakkurni o‘z davrlaridan bir necha barobar baland ko‘targan mazkur daholar faqat tafakkur yoki san’atning o‘zinimas, inson nomini ham shunchalik yuksak ko‘tardilar. Tafakkur qanchalik yuksak ko‘tarilsa, inson shunchalik yuksaklikka erishadi, inson qanchalik xayol koinotiga olib kirilsa, u shunchalik hayotiylashadi.
Inson qiyofasi o‘zi qaerda ko‘proq aks etadi? Xayoldami yoki kundalik kechinmalarga xos voqelikda? Ko‘z oldimizdagi voqelik Insonni to‘la-to‘kis aks ettira oladimi? Unda nega san’atkorlar o‘z asarlarida voqelikka zidma-zid voqelik yaratadilar? Nega ular yaratgan voqelikda inson qiyofasi teranroq aks etadi? Nega quruq voqelik aks etgan yoki voqelikka qul bo‘lib qolgan, voqelik oldida ojizligi bilingan "ijod namunalari"ning san’at va tafakkur uchun qizig‘i yo‘q? Nega voqelikka bo‘ysungan ijodiy uslublar tanazzulga uchradi? Nega xayol va tafakkur qudrati ufurib turgan asarlar barcha zamonlarda sevib o‘qiladi? Umuman, xayol o‘zi nima? U insonning o‘z qalbiga va tafakkuri sarhadlariga boqa bilish imkoniyati emasmikin?..
Agar xayol va tasavvur qudrati bo‘lmaganda, san’atni-ku qo‘ya turaylik, hatto aniq fanlardagi buyuk kashfiyotlar – Pifagor teoremasidan tortib Eynshteynning nisbiylik nazariyasigacha bo‘lgan ixtirolar ham dunyoga kelmasdi. San’atni esa xayol va tasavvur jilvalarisiz aslo tasavvur qilolmaymiz. San’at xayolot va reallik kurash tushadigan va hech qachon g‘olib aniqlanmaydigan sahnadir. Mabodo bu jangda yo xayol, yo voqelik muzaffar bo‘lsa, san’atdagi uyg‘unlikka putur yetadi va unda bu asar san’at asarimas, balki cho‘pchakka yoki voqelikning besamar hamda beta’sir suratiga aylanadi. Ijodkorni davr quli bo‘lib qolishdan faqat xayolotgina saqlay oladi, shu bilan birga, uni xayolot butkul yutib yuborishidan voqelik asrab qoladi. Birinchi holatda ijodkor, nari borsa, kundalik ocherkchi, ikkinchi holatda u tuturiqsiz cho‘pchakchiga aylanadi.
Tabiiyki, gap ijodkor xayoloti haqida ketyapti, aslo xayolparastlik haqida emas. Zero, xayolparastlik ijodiy quvvat bilan to‘yinsagina samara beradi. Ijodiy quvvat fikrlar kurashi, tafakkur erkinligi va xilma-xilligidan kuch oladi. Fikri bo‘g‘iq xalq san’ati, adabiyoti va ijodiy quvvati bo‘g‘iq xalqdir. Ijodiy quvvat – isyon belgisi – buzishga qarshi yaratishga bo‘lgan ishtiyoqdan tug‘ilgan ishonch. Hayot, Vaqt xuddi o‘zanidan toshgan daryo kabi inson umrini shiddat bilan o‘pirib boradi. Lekin shuning barobarida insonga yaratuvchilik qudrati ham berilgan. Bu imkoniyat ijod imkoniyatidir. Har bir soha odami agar san’atkorlar kabi o‘z kasbiga ijodkorona munosabatda va e’tiqodda bo‘lganida edi, jannat yer yuzining o‘zida barpo etilardi. Afsuski, ijod va vayronagarchilik kurashi hamon davom etyapti, qachon tugashi ham noma’lum. Ijod insonni va uning tafakkurini bunyodkorlikka hozirlaydi va shunga da’vat etadi. Bunyodkorlik va vayronagarchilik – bugungi olamning ikki qirrasi. Ijod bor ekan, demak, hali umid qilsa bo‘ladi. Ijodkorlar o‘z olamlarini yaratish barobarida dunyoning ertangi tafakkurini ham yaratadilar. Ular voqelikka nisbatan fikr va go‘zallik uyg‘otarkanlar, ertangi kunga ham fikr va go‘zallik qoldiradilar. Zero, ijodkorning ijod sarhadlariga qilgan safari, ayni paytda, tafakkur sari qilgan safari ham demakdir.
Xo‘sh, mazkur masalalarni ijodkorlar o‘z asarlarida qanday aks ettira olishgan? Yuqoridagi mulohazalar ularning ijodiga qay darajada bog‘liq va ahamiyatli? Bu savollarga bizga hozircha nisbatan begonaroq, aslida, o‘zimiznikidek bo‘lishi kerak bo‘lgan G‘arb adabiyoti va san’atida ancha batafsil javob berilgan.
Buyuk musavvir Salvador Dali ijodi XX asrda insonni ogoh qiluvchi eng ulkan bonglardan biri edi. XX asrga qanday fojia xos bo‘lsa, ularning barchasi Dali ijodiga ham xosdir. Uning rasmlari – tafakkurniig go‘zal namunalari. Biz uning asarlaridagi go‘zallikdan yayramaymiz, aksincha, fikrimiz, tafakkurimiz seskanib tushadi va hushyor tortadi. Uning "Parchalanayotgan Rafael tasviri" degan kartinasida, bir tomondan, ulug‘ musavvirga nisbatan beadad hurmat, ikkinchi tomondan, asrlar osha tobora cho‘nglashayotgan ulug‘vorlikka hasad bo‘rtib turadi. Dali 1951 yili chizilgan bu kartinasi bilan mumtoz tasviriy san’at va uning buyuk namoyandalarini ulug‘lik shohsupasida batamom tor-mor qilganini e’tirof etadi. Darhaqiqat, ushbu asar kishida go‘yo asrlar osha mag‘rur va yemirilmas qo‘rg‘on birdan parcha-parchalarga bo‘linib, ag‘darilib tushayotgandek taassurot uyg‘otadi. Bu davrda Dali mumtoz tasviriy san’atning buyuk namoyandalari bilan iste’dod bobida olishayotgan edi; u o‘sha paytdayoq o‘z davrining ulkan rassomiga aylangan, o‘z asrida o‘ziga teng keladigan musavvir qolmadi deb hisoblagan va endi tafakkuri hamda xayoloti bilan XX asr qobiqlarini yorib o‘tib, olis-olis asrlardagi san’at titanlariga qarshi yakkama-yakka jang e’lon qilayotgan palla edi; Dali bu asarida va mavzu jihatdan shunga yaqin boshqa kartinalarida o‘zining hasadini ham, havasini ham, inson sifatidagi ojizligu buyukligini ham yashirib o‘tirmadi.
U shu xislati bilan ulug‘ edi, aniqrog‘i, shu xislati bilan yanada ulug‘lashdi. Manmanligiyu o‘ziga ortiqcha baho berishiga qaramasdan, tasviriy san’atga munosabatni va uni tahlil qilish usulini yangilab berdi. U tasviriy san’at borasidagi ikki yarim ming yillik qarashlarni va san’at estetikasini yangi bosqichga olib chiqdi.
XX asr modernistik adabiyotiga o‘xshashligi bois tasviriy san’atni ham ko‘z bilangina ko‘rib bo‘lmaydi: mumtoz san’atga xos, nigoh tushsa quvonadigan go‘zallik bu davr adabiyotida ham, tasviriy san’atida ham yo‘q. Mazkur davr san’atida tasavvur go‘zalligi bor: mazkur asarlarni daf’atan tushunolmaymiz; ular inson ichki kechinmasining hali ong ham anglab yetmagan kichik-kichik tasvirlariga o‘xshaydi. Dali rasmlari XX asr inson ruhiyati va tafakkuri tasvirlaridir.
Ko‘rib turibmizki, adabiyot va tasviriy san’atdagi hayotni, odam ruhiyatini aks ettirish uslubi bir xil. Zero, tasviriy san’at ham, adabiyot ham XX asr odamini ulkan bo‘shliq qa’rida majruh, mayib va mute holda tasvirlayapti. Farqi – biri so‘z orqali, ikkinchisi bo‘yoq orqali. Bu bo‘shliq inson qalbidagi bo‘shliqdir. Bu majruhlik inson qalbidagi majruqlikdir.
Dali 1952 yil may oyida kundaligiga shunday deb yozgandi: "Men albatta Leninning rasmini chizaman. Lenin qo‘lida chaqaloq ushlab turgan bo‘ladi, o‘sha chaqaloq men bo‘laman. Biroq u bolaga mehr bilan emas, "men seni hozir qovurib yeyman" deya qarab turgan bo‘ladi..." Uning 1931 yili chizgan rasmida royal klavishlaridan Lenin boqib turibdi. Bu san’atni o‘z iskanjasiga olgan leninizmga bir istehzo edi. Zaharli istehzo!
Musavvirning boshqa bir asarida bo‘m-bo‘sh plyajda osilib turgan telefon tasvirlanadi. Atrof kimsasiz. Bu telefon beixtiyor Kafkaning "Qo‘rg‘on" asarini va undagi hech qaerga ulanmagan, biroq hamma kimlar bilandir dastak orqali berilib gaplashadigan telefonni yodga soladi. "Fuqarolar urushi" kartinasi esa Kafkaning "Jazo koloniyasi"ni eslatadi: rasmga qarab turib siz ruhingizga tahdid solayotgan jazo koloniyasini aniq his etasiz. Undagi changal ham sizning ongingiz changali. Shuningdek, bu taqdir changali: ertami-kechmi u hozircha ozod turgan boshni yutib yuboradi.
Dali o‘z ijodida adabiyot va tasviriy san’atning boshini birlashtirdi. To‘g‘rirog‘i, rishtalarni bog‘lab berdi. Bizga esa undan shu rishtalar orqali go‘zal san’at dunyosiga kirish va sayr qilish hamda uni anglash meros bo‘lib qoldi. Bashariyatga taalluqli meroslarga bashariyatga taalluqli vorislar talab qilinadi. Ammo insoniyat Salvador Dali olami XX asrdagi insonning ichki olami ekanini kech angladi. Xuddi Kafkani kech anglaganlari kabi...
S.Bekketning "Qadam tovushlari" pesasi qahramoni Mey bemor onasiga qarab turadi. Biz sahnada uning onasini ko‘rmaymiz, faqat tovushini eshitamiz, xolos... Ona va qiz o‘rtasidagi savol-javob asosan kasallik ustida bo‘ladi. Biroq pesa davomida gap jismoniy dard haqida emas, ma’naviy majruhlik haqida ketayotgani ayon bo‘ladi, to‘g‘rirog‘i, kasal ona – majruh ma’naviyatning timsoli. Ona va qiz o‘rtasidagi suhbatdan shu narsa ayon bo‘ladiki, ular bir-birini mutlaqo bilmaydi, ya’ni mutlaqo bir-biriga begona. Demak, ular hech qachon ona-bola bo‘lmagan, demak, Mey hall dunyoga kelmagan, ya’ni u hayotda hech qanday iz qoldirmagan: izsiz g‘oyib bo‘lish, qarshisidagi zulmatga singib ketish arafasida. Mazkur odamlarning hayoti shunchalik mazmunsizki, bunday umrdan qadam tovushlari afzalroq, chunki harqalay unda harakat bor va tovush chiqaradi. Inson umri esa ana shu qadam tovushidan ham qadrsizroq va ahamiyatsizroqdek. Nomini dunyoga mashhur qilgan "Teatr I", "Teatr II", "Endshpil", "Yotlashuv", "O‘yin" pesalarida ham Bekket insonning mavhumlik bilan yuzma-yuz kelishini ko‘rsatadi. Xuddi Kafka asarlaridagi kabi bu pesalarda xam inson umrini beadad sarobga, mavhumotga, o‘zligi va o‘z qiyofasidan, insoniy xislatlaridan yotlashtirishga xizmat etuvchi, uni mute va qul qiluvchi voqelik bilan betma-bet turgan inson fojiasi qalamga olinadi. XX asr kishisi manaviy qadriyatlar xarobasi ustida o‘tiribdi, unda hurlikka intilishdan ko‘ra qullikka, mutelikka moyillik kuchli. U o‘tmishdan ayro, kelajakka ishonmaydi. Bekket bu holni shunday ifodalaydi: kelajak zulmat ichida, o‘tmish esa olisda. Shu sababli ham uning asarlarida zulmat, olislik va yotlashuv ramzlari qayta-qayta ro‘y ko‘rsatadi.
Bu asarlar insonning fojialari haqidagina emas. Bu asarlar o‘zini o‘rganayotgan, fojiadan qutulish yo‘lini izlayotgan, kishanlarni va tafakkurga soya solgan zulmatni parchalayotgan aql-idrok haqidadir. O‘zini o‘rganayotgan, fojiasini taniyotgan mavhumlik yoki mazmunsizlik, aslida, insoniy qiyofasini tiklayotgan va hayotbaxsh mazmunga chorlayotgan da’vatdir. Bekket asarlarini aql-idrok va tafakkur sari bir chorlov desa bo‘ladi.
Alber Kamyuning "Begona" qissasida o‘zligidan, ayni paytda, jamiyatdan yotlashgan inson ruhiyati tasvirlanadi. Jamiyat o‘ziga yasab olgan axloq hamda mantiq, Kamyu nazarida, yolg‘onchi axloq va yolg‘onchi mantiqdir. U insonni yuzakilashtiradi. Bu jamiyat insondan betinim qurbonlik talab qiladi, ya’ni inson jamiyat tartiblariga bo‘ysunish, uning xohish-irodasini amalga oshirish uchun o‘zini jamiyat axloqi va tartibotiga qurbon etishi shart. Garchi o‘ziga yoqmasa ham, jamiyat uchun yoqdi deyishi, tuban bo‘lsa ham, yuksak deb lof urishi, sevmasa xam, sevaman deb aldashi, muayyan tartib yoki qonunni ataylab buzsa, bilmasdan buzdim deyishi, jinoyat qilsa, kechirim so‘rashi lozim. Jamiyat shunga o‘rgangan va ana shu qolipga tushmaydiganlarni begona deb ataydi va begona sifatida hukm qiladi. Bunday muhit odamni mashinalashtirib qo‘yadi va mashinalashgan odam oxir-oqibat jinoyat qilishdan qaytmaydi. Shu sababli qissa qahramoni tergovchidan tortib qariyalar uyining mudirigacha tushuniksiz, yot, begona; uning bor-yo‘q aybi qotillik qilganidamas, balki jamiyat talab etgandek yuziga niqob kiymaganida, aldamaganida. Boshqa tomondan, qissa qahramoni hayotiy shavqdan, hayotning ijodiy quvvatidan mahrum nsondir. Agar ijod muvozanati buzilsa, hayotning qaysi sohasi bo‘lmasin, u yerda inson ruhi o‘ladi. Inson ruhi o‘lgach esa jamiyatdagi insonlar "begona"ga aylanadi. "Begona" – insoniy fazilatlardan mahrum jamiyatning mahsuli. "Begona" – qiyofasiz jamiyatda yashaydigan qiyofasiz insonning timsoli.
Xullas, G‘arb ijodkorlari Sharq ijodkorlaridan farqli o‘laroq ma’lum an’analarni o‘zgartirish va singdirish evaziga o‘z badiiy olamlarini yaratadilar. Biroq bu olam ham sharqliklardagi kabi inson tafakkuri atrofida aylanadi va olamlar birlashadigan makon sari intiladi. Har ikki tur ijodkorlarni ham inson ruhiyati va tafakkurini yangilash, uni yuksaklikka ko‘tarish istagi birlashtirib turadi. Inson tafakkuri tinimsiz yangilanishga mahkum. U yangilanishdan to‘xtagan kuni jamiyatning barcha sohasida turg‘unlik, insonning tub mohiyati va ilohiy vazifasiga nisbatan jinoyat boshlanadi. Shu sababli san’at davrlar, asrlar hamda o‘zgarayotgan qarash, tushunchalar oldiga inson muammosini, uning ruhiyati va tafakkurini vahdat ul-vujud nomidan to‘xtovsiz yangilab turish zarurligini ko‘ndalang qo‘yadi. Inson ruhiyati, uning tub qa’ri ko‘z oldimizdagi koinotdan ham kengroqdir. Shu paytgacha bu "koinot"ning qancha qismi san’atga aylandi ekan? "Barcha ulug‘ she’rlar yozib bo‘lingan",– deydi shoir o‘kinch bilan. Biroq ko‘z oldimizdagi insonga qarab beixtiyor hali ulug‘ asarlar yozib bo‘linmagan deysiz. Ehtimol, bugungi san’atdagi yangilanish aynan shu xulosadan – olamlar birlashadigan makondan boshlansa ajab emas...