Tarixning shafqatsiz bir haqiqati bor: u ham bo‘lsa, o‘tmishni bugun yaratib bo‘lmaydi, aksincha, o‘tmish bugunni yaratadi. Va biz bugun dunyoga ko‘z-ko‘z qilayotgan qadriyatlarimiz ildizlari ham moziyning, tarixning o‘lmas bo‘laklaridir.
Ana shu o‘tmish sahifalarida nomlari mangulikka aylangan zotlar ko‘p. Shundaylardan biri Sayyid Ne’matulloh Valiy hazratlaridir. Xo‘sh, Sayyid Ne’matulloh Valiy hazratlari kim o‘zi? Dunyo xalqlarining ma’naviy-madaniy xazinasiga qo‘shgan tarixiy xizmatlari nimalardan iborat, degan haqli savollarga baholi qudrat javob topishga urinamiz.
Qashqadaryoning tog‘li hududi bo‘lmish Kitob tumanida Palandara (ayrim manbalarda Balandara ham deyiladi — muallif) degan manzil bor. Ana shu hudud shimolida, ya’ni tog‘lar etagida shu yerlik odamlar ta’biri bilan aytganda, Xo‘ja Ne’mati deb ataluvchi kattakon dara yastanib yotibdi. Aynan shu joyda bir vaqtlar (1924 yilgacha) Xo‘ja Ne’mati nomidagi qishloq ham bo‘lib, keyinchalik bu yerlik aholi Obikanda va Mo‘g‘ul qishloqlariga ko‘chib tushishgan ekan. Xullas, bu dara va go‘shaning Sayyid Ne’matulloh Valiy hazratlari nomlariga bog‘liqligi tarixi juda uzun. Biz uchun esa hazratning makon tutgan manzillaridan ko‘ra, ibratli hayot yo‘li va boy madaniy merosi haqida xabardor bo‘lmoq muhimroqdir.
To‘liq ism-shariflari Shoh Sayyid (urug‘lari) Nuriddin (taxallusi) Ne’matulloh (ismlari) ibni Mir Sayyid Abdullo (otalari) islom olamida ma’lumu mashhur allomalardan biri sanaladi. U kishi milodiy 1330-1431 (ayrim manbalarda 1360 yil ham keltirilgan) yillarda yashab o‘tgan so‘fiylik martabalariga erishib, o‘z yo‘nalishiga ega bo‘lgan avliyoullohlardan biri, so‘fiy shoir, muttaqiy, sohibi ilm edilar. Shuningdek, shariat sunnatlariga amal qilishda Payg‘ambarimizning 19-avlodlaridan biri hisoblanadi. Halab shahrida tug‘ilib, Iroqda tahsil ko‘rganlar. 24 yoshlarida muborak Haj ziyoratiga borib, u yerda mashhur mutasavvuf olim, tarixchi Shayx Orifiddin Abdulloh al Yofe’iy (1367 yilda vafot etgan) bilan tanishadi va uni o‘ziga ustoz deb bilib, silsilai sulukidan joy egallaydi. Va yetti yillik beminnat xizmatlari ma’qullangach, Yofe’iy hazratlariga xalifa bo‘lganlar (manba: Abbosquli ibn Boqixonning “Gulistoni Eram” asari, Boku, “Elm” nashriyoti, 1991 yil, 130-bet). Shundan so‘ng Iroqqa qaytib, keyinchalik Misrga, u yerdan Tabriz va Ardobel orqali Movarounnahrga keladilar...
Mashhur tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” kitobi (“Kamalak” nashriyoti — 1994)da yozilishicha, “Sayyid Baraka hech qanday va’da va oldindan kelishuvsiz kutilmaganda Ulhumoyun manzilidan peshvoz chiqadi va podshohlik belgilarini anglatuvchi nog‘ora va bayroq keltirib, hazrat Sohibqironga sovg‘a qiladi”. Bu voqea 1370 yili Termiz shahrida hazrat Sohibqironning Amir Husayn ustiga yurish qilib, Balx shahri tomon borishida sodir bo‘ladi. Bu marosimda Ne’matulloh Valiy ham akalari Sayyid Baraka bilan birgalikda ishtirok etadi (bu bizning mulohazamiz).
Tarixchi olim Ahmadjon Chorievning “Hazrati Sulton tarixi va Hazrati Bashir manoqibi” (“Sharq” nashriyoti — 1996) kitobida bu uchrashuv xususida shunday mazmundagi hikoyat keltiriladi: Hazrati Temur alayhirrahma Iroqda bo‘lgan urushda nihoyatda og‘ir ahvolga tushib qoladi. Shunday mashaqqatli sinovlarda iroqlik mashhur zotlar aka-uka Sayyid Baraka va Sayyid Ne’matulloh butun mol-dunyolari hamda o‘zlariga tobe odamlari bilan birgalikda Amir Temurga yordam beradilar. Iroq ishg‘ol etilgach, Sohibqiron bobomiz o‘z zamonasining ulug‘ piri komillari bo‘lmish aka-uka sayyidlarga chin dildan ixlos qo‘yadi. Sohibqiron ham Movarounnahrga mutlaq hukmdor bo‘lgach, ikkalalarini o‘zlari bilan Samarqandga kelishlarini iltimos qiladi va birga qaytib kelganlaridan keyin doimo yonlarida olib yuradilar. Har qanday mashvaratu maslahatlar Sayyid Baraka va Ne’matulloh Valiysiz o‘tmaydi. Biroq ular Samarqandga kelgunlaricha jahongirning yonida yana ikki eronlik ishonchli kishilari ham bor edi. Kutilmaganda saroyga tashrif buyurgan aka-uka sayyidlarga Amir Temurning qo‘yayotgan qattiq e’tiqodi va ko‘rsatilayotgan katta hurmat-ehtiromi ularga yoqmaydi. Va qanday qilib bo‘lsa-da, ikki o‘rtaga nifoq, adovat solish yo‘llarini izlashadi. Xullas, ko‘rilgan jiddiy hiyla va fitnalar ish berib, oradagi ishonch-e’tiqod sal pasayganini sezgan aka-uka sayyidlar Samarqanddan chiqib ketmoq uchun yo‘lga tushadilar. Qoratepa tog‘i bilan Koyni tog‘ining o‘rtasidagi Xoja Ulug‘ degan joyga yetganlarida Amir Temur izlaridan yetib boradi. Sayyid Barakani poytaxtga qaytishga ko‘ndirgan jahongir o‘z pirlari bilan maslahatlashib, ukalari Sayyid Ne’matulloh Valiyni Kesh viloyatida makon tutishlariga izn so‘raydi... Shu-shu xalq orasida “Baraka Samarqandda, Ne’mat Keshda” (ya’ni, Qashqadaryo vohasida noz-ne’mat bisyorligiga, Samarqandda esa baraka ko‘pligiga ishorat bo‘lsa kerak) degan ibora tarqalib ketgan ekan...
Rivoyat qilishlaricha, Ne’matulloh Valiy dovondan tushgach, Kosatarosh degan qishloqqa qadam ranjida qiladilar. Shu yerlik ilmi sohib Xoja Hasan degan kishinikida mehmon bo‘lganlarida g‘aroyib karomat ro‘y beradi. Ya’ni o‘zaro gurungda chol-kampirning farzandlari yo‘qligini anglagan Ne’matulloh Valiy Tangri taolodan bu mushtipar insonlarga bir solih farzand so‘raydi. O‘zlari shu go‘shada makon tutib yashay boshlaydilar. Oradan ko‘p o‘tmay to‘qson yoshli Xoja Hasan oilasida o‘g‘il dunyoga keladi. Sakson yoshli Malakot ona keksaligi bois chaqaloqni emizolmaydi va bola sutsiz katta bo‘ladi. Yaratganning tengsiz marhamati tufayli tug‘ilgan bolakay sutsiz ulg‘aygani uchun uni odamlar Beshir (sutsiz) deb nomlashadi. Bu taqdir sohibi esa bugun barchaga ma’lumu mashhur bo‘lmish zot — tavajjuhiga ko‘ra yassaviya tariqatiga mansub bo‘lmish Sulton Sayyid Ahmad Valiy, kunyalari Hazrati Bashirdir. Bugungi kunda Kitob tumanidagi Bashir qishlog‘ida ul zoti sharifning ayni istiqlol yillarida obod etilgan ziyoratgohlaridan yurtdoshlarimiz qadami uzilmaydi.
Sayyid Ne’matulloh Valiy taxminimizcha, besh-olti yil o‘z xizmatiga kelganlar hisobiga shakllangan Xo‘ja Ne’mati qishlog‘ida yashaganlar. So‘ng Hirotga ko‘chib borib, Hirot hokimi Imoiddin Hamza al-Husayn al-Harvoniyning qiziga uylanadi. Keyin esa Yazidda biroz yashab, Kermon viloyatiga o‘tadi. Nihoyat so‘nggi 25 yillik umrini Kermon viloyatining Maxon qishlog‘ida o‘tkazadilar. Bular haqida manbalarda so‘z boradi.
Ne’matulloh Valiy o‘z targ‘ibotlarida buyuk yaratuvchi — Tangri taoloni dunyoning yagona shohi, deb ataydi. Bu g‘oya ul zot asos solgan birodarlik yo‘nalishining ajralmas qismi bo‘lgan. U kishi o‘zining ruhiy targ‘ibotini Junayd al-Bag‘dodiy va Ma’ruf al-Karxiy orqali Ali Abu ibn Tolibga taqaydilar. O‘z dunyoqarashlarida arabistonlik Ahmad al-Shazali hamda Abu Madyon fikrlarini singdirib, g‘oyalarida Najmiddin Kubro va Xojagon maktabi holatlaridan kelib chiqib, Ibn al-Arabiy yo‘nalishiga xos vahdad al-vujud g‘oyalarini targ‘ib etadilar. Ne’matulloh Valiy so‘fiylikdagi al-Junaydning “Hushyorlik maktabi”, Boyazid al-Bistomiy hazratlarining “Mast bo‘lish maktabi” g‘oyalarini o‘rganadi. Ul zot Allohga Faqir (kamtarinlik), Mehr (Allohni sevish, Uning g‘azabidan qo‘rqish, Unga talpinish), Taslim (topshirmoq, bo‘ysunmoq), Vara’ (man’ etilgan ishlardan tiyilmoq, parhezkorlik, taqvo), Rido (darveshlarning ustki kiyimi), Fano (ilohiyotga singish) kabi oltita pog‘onama-pog‘ona davomiy yo‘l orqali yetib borilishini ko‘rsatganlar.
Ma’lum bo‘lishicha, Ne’matulloh Valiy hazratlarining arab va fors tillarida 544 turli xil masalalarni yoritgan merosiy yozishmalari bo‘lgan va ulardan bizgacha 110 tasi yetib kelgan. Bundan tashqari, Ibn Arabiy, Faxriddin al-Iroqiyning so‘fiylik tariqatiga oid ta’limotlari bitilgan 1541 g‘azaldan iborat katta devon tuzgan, degan ma’lumot ham bor. Ul zotning boy meroslari Iroq va Kermonda hozirgi kungacha Amir Sayyid Nuriddin Ne’matulloh Mir Sayyid Abdullo Kermoniy nomi bilan to‘rt marta chop etilgan.
Sezib turibmiz, yurtdoshlarimiz ko‘nglida yana bir savol ochiq qolayotir. U ham bo‘lsa, ikki daryo oralig‘ida umrining hisobli yillarini o‘tkazgan bu faylasuf so‘fiy insonning yashab o‘tgan manzillari, qadamjolari qay ahvolda yoxud u kishining avlod-ajdodlari ham bormi, deyishingiz tabiiy.
Tarixdan ma’lumki, Sohibqiron bobomiz vafotlaridan keyin uning o‘g‘li Shohruh Mirzo otasi vasiyatiga ko‘ra, Amir Sayyid Barakaning jasadini Andho‘y shahridan olib kelib, Temuriylar xilxonasiga — jahongir Amir Temur hazratlarining bosh tomoniga dafn ettiradi. Ne’matulloh Valiyning hoklarini esa Kermon viloyatining Maxon shahridan olib keltirib, Keshda yashagan joylari — hozirgi Kitob tumanidagi Mo‘g‘ul qishlog‘i hududiga qo‘ydiradi. Shu joyda maqbara qurishga buyruq beriladi. Bunday ma’lumotlar xalq orasida uzoq yillardan buyon yashab kelmoqda. 1447 yilda Shohruh Mirzoning vafoti oqibatida bu xayrli ish to‘xtab qoladi. Ya’ni qabr ustiga yodgorlik toshigina o‘rnatiladi, xolos. Qabr toshda u kishining ism-shariflari Sayyid Ne’matulloh ibn Abdulloh ibni Abdurahmon deb, vafot etgan yillari esa olti yilga farq qilib qolgan. Aftidan, toshga yozuvchi hattotga ma’lumot bergan odamlar ham ul zoti sharif xususida to‘liq tasavvurga ega bo‘lmagan.
Yana bir ma’lumot: bilishimizcha, hozirgi paytda Samarqand va Qashqadaryo viloyatining ayrim hududlarida ul zotning 16-17-avlodlari umrguzaronlik qilayotgan ekan.
Shu o‘rinda yana bir mulohazamizni ham aytib o‘tmasak bo‘lmas: biz tilga olgan ulug‘ zoti bobarokot qadamjolari ko‘pchilikning e’tiboriga muhtoj. To‘g‘ri, kitoblik ziyolilaru aziz zot yashab o‘tgan qishloq ahli ham qarab turganlari yo‘q. Shu yil bahorida Sayyid Ne’matulloh Valiy ziyoratgohlarini obodonlashtirish yo‘lida xayriya hasharlari ham uyushtirildi. Ammo bular hali ulkan daryodan bir tomchi xolos. O‘ylaymizki, bu savobli ishlar viloyat miqyosida hali davom etadi. Ochig‘i, bizning qo‘limizda u kishining hayoti, ijodiy faoliyatiga bevosita bog‘liq manbalar juda kam. Shul bois bugun so‘z yuritganimiz Sayyid Ne’matulloh Valiy hazratlari haqidagi mulohazalarimizni tugal xulosa deb aytish fikridan yiroqmiz. Biroq bir haqiqatni hech qachon unutmasligimiz kerak: u ham bo‘lsa tomirlarimizda oqayotgan qonning zarra-zarralari buyuk ajdodlarimizga tutashligini va ularga munosib avlodlar bo‘lmoqligimizni har on, har lahza yodda tutmoqligimiz ham qarz, ham farzdir.
Norqobil JALIL,
jurnalist
Ahad BERDIYEV,
tarixnavis
"Hurriyat" gazetasidan olindi.