uning Yevropada allaqachon darslik sifatida o‘qitilayotgan asarlari o‘zbek tiliga qachon tarjima qilinadi?
Tarixdan yaxshi ayonki, XI-XII asrlar o‘zbek xalqi dovrug‘ini dunyoga tanitish, mamlakat taraqqiyotida yuksak darajaga erishish, barcha sohalarda buyuk, iste’dodlarni yetkazib berishda muhim bosqich bo‘lgan davr bo‘ldi. Sharqning eng ulug‘, mashhur olimlari to‘plangan katta ilmiy markaz — “Dorul hikma”, (“Donishmandlar uyi”), bugungi nom bilan ataladigan fanlar akademiyasiga ham ayni ana shu davrda asos solindi.
Ma’rifatparvar Xorazmshoh Ali ibn Ma’mun farmoni bilan 1004 yilda yirik ilmiy ma’rifiy markaz — “Dorul hikma va maorif” yoxud Ma’mun akademiyasi o‘z faoliyatini boshladi. Xorazmshoh Ma’mun II davrida “Dorul hikma” dovrug‘i yanada oshdi. Bu dargohda xorazmliklardan tashqari Buxoro, Samarqand, Nishopur, Marv, Balx, Eron, Hindiston, Misr, Suriya, Iroq va boshqa mamlakatlardan ham ilmga ixlos qo‘ygan olimu fuzalolar muhim tadqiqotlar olib borib, turli sohalarda buyuk kashfiyotlar yaratdilar. Abu Rayhon Beruniy boshchiligida Abu Nasr Iroq, Abul Xayr ibn Hammor, Abu Saxl Masixiy, Abu Ali ibn Sino kabi ko‘plab olimlar ilm-fanda yangiliklar yaratib, o‘zbek xalqi salohiyatini dunyoga tanitdilar?
Xorazm Ma’mun akademiyasi faoliyati 13 yil davom etdi. Shu qisqa davr ichida bu dargohdan jahon ilm-fani xazinasini o‘zining bebaho asarlari bilan boyitgan qomusiy olimlar yetishib chiqqani diqqatga sazovor.
1017 yili Xorazm Mahmud G‘aznaviy tomonidan zabt etiladi va buning oqibatida ko‘pchilik olimlar G‘aznaga olib ketiladi. “Dorul hikma” faoliyati Xorazmshohlar — Anushteginlar davlati barpo etilishi bilan (Bu davrda hukm surgan Qutbiddin Otsiz, El Arslon, Takash, Alouddin Muhammad va o‘g‘li Jaloliddin Manguberdi ilm-fan rivojiga katta e’tibor berganlar) Ma’mun akademiyasi faoliyatining ikkinchi davri boshlandi. Bu davrda o‘ttizdan oshiq olim faoliyat ko‘rsatgan. Faxriddin Roziy, Ismoil Varraq Azriqiy, Al Marvaziy, Umar Chag‘miniy kabi olimlar shular jumlasidandir. Qubraviya tariqatining asoschisi bo‘lgan “Valitarosh” — ya’ni “Valiylar yetkazuvchi buyuk zot” deya tanilgan Shayx Najmiddin Kubro hazratlari ham ayni mana shu davrda yashagan va o‘zidan boy ilmiy ma’naviy meros qoldirgan.
Ma’mun akademiyasi olimlari ichida Ismoil Jurjoniy (to‘liq ismi sharifi Zayniddin Abul Fadiy Imom Amir Sayyid Abu Ibrohim Ismoil bin Hasan bin Muhammad bin Ahmad al Husayniy al Jurjoniy) o‘z iqtidori, qobiliyati, izlanishlari bilan alohida ajralib, ko‘zga ko‘ringan buyuk olimlardan biridir. U 30 yildan oshiq Xorazmshohlar saroyida xizmat qilgan. Shohlarning shaxsiy tabibi, shifoxona va dorixonalar rahbari vazifalarida ishlagan. Jurjoniy faqat saroy tabibi bo‘lib qolmasdan ko‘pincha xalq orasida yurib, oddiy mehnatkash insonlarni turli xastaliklardan xalos qilishda jonkuyarlik qilgan. Jurjoniyning tabobatda tutgan o‘rni o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. U bemorni davolashni mukammal tartibini ishlab chiqdi. Bu tartibga ko‘ra xastalikni davolashdan oldin bemorning turmush tarzini jiddiy o‘rgandi — qanday ishlashi, dam olishi, ovqatlanishi, yurish-turishi, odatlari, xullas shaxsiy hayotini har tomonlama o‘rganib, iloji boricha kasallikni davolashdan ko‘ra oldini olishni afzal bilgan. O‘rta Osiyoda birinchi bo‘lib iqlim, sharoit, shaxsiy gigienaning inson sog‘ligiga ta’sirini o‘rganib, bu haqda aniq xulosalarni ayta olgan. Har faslga qarab inson sog‘ligini saqlash chora-tadbirlarini ishlab chiqqan. Aholi tomonidan kiyiladigan ipak, paxta, kanop kabi 9 xil matoning xususiyatlarini chuqur o‘rganib, inson salomatligiga ta’sirini aytib bera olgan.
Ismoil Jurjoniydan nihoyatda boy meros qolgan, 22 ta asarning qo‘lyozma nusxasi mavjud. Ulardan 15 tasi tibbiyotga, 2 tasi odob-axloqqa, 5 tasi falsafaga oid asarlardir. Ko‘rinadiki, Ismoil Jurjoniy faqat yetuk shifokor olim bo‘lishi bilan barga, o‘z davrining taniqli faylasufi, tilshunosi ham bo‘lgan.
Ismoil Jurjoniyning ilm-fan, tabobat rivoji yo‘lida chekkan zahmatlari va kashfiyotlari Bayxariyning “Donolik xazinasining davomi”, Nizomiy Aruziy Samarqandiyning “Noyob narsalar to‘plami yoki to‘rt suhbat” Mahmud az Shaxrazruyning “Faylasuflar tarixi”, Ibn Abu Usubiyning “Shifokorlarning toifalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning manbai” va boshqa mashhur allomalarning asarlarida yozib qoldirilgan. S. Kovner, A. Semyonov, D. Varonovskiy, B. Vaxobov, Z. Ikromov kabi yetuk olimlar tomonidan e’tirof etilgan. Eldoshlarimiz O. Abdullaev (Alloh rahmat qilsin) Ismoil Jurjoniy hayot va faoliyati bo‘yicha tibbiyot fanlari doktori,
M. G‘oyibov esa nomzodlik darajasini yoqlaganlar. Ismoil Jurjoniydan qolgan boy meros O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik Instituti qo‘lyozmalar jamg‘armasida, Sankt-Peterburgdagi M.Ye. Saltikov-?edrin nomidagi kutubxonada, Londondagi Britaniya muzeyida, Oksford Universiteti kutubxonasida, Berlin, Parij, Eron, Hindiston mamlakatlari milliy kutubxonalarida saqlanmoqda.
M. G‘oyibov esa nomzodlik darajasini yoqlaganlar. Ismoil Jurjoniydan qolgan boy meros O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik Instituti qo‘lyozmalar jamg‘armasida, Sankt-Peterburgdagi M.Ye. Saltikov-?edrin nomidagi kutubxonada, Londondagi Britaniya muzeyida, Oksford Universiteti kutubxonasida, Berlin, Parij, Eron, Hindiston mamlakatlari milliy kutubxonalarida saqlanmoqda.
Ko‘rinib turibdiki, Ismoil Jurjoniyning Markaziy Osiyo, qolaversa, jahon ilm-fani, ayniqsa, tibbiyotiga qo‘shgan hissasi behad katta. Birgina uning qalamiga mansub “Qarabodini Xorazmshohiy” asarida 1000 xil dori-darmonning nomi, tayyorlash usullari, xususiyatlari to‘laligicha bayon qilingan. “Zahirai Xorazmshohiy” asari esa tibbiy ilmlar mujassamlashgan qomusiy ahamiyatga ega asar deb baholangan.
Endi masalaning asosiy, og‘riqli nuqtasiga o‘taylik. Ismoil Jurjoniy hayoti va faoliyati qanchalik o‘rganilmasin, tadqiq qilinmasin undan qolgan nihoyatda boy meros baribir yetarli darajada, keng, atroflicha maxsus o‘rganilmagan. “Zahirai Xorazmshohiy” asari Ibn Sinoning “Tib qonunlari”dan keyingi ikkinchi qonun deb e’tirof etilgan. Bu bebaho asar bir qancha xorijiy tillarga qayta-qayta tarjima qilinib, tibbiy bilim dargohlarida darslik sifatida o‘rganilib kelinmoqda. Biroq ana shunday boy meros, o‘z nomi bilan “Xorazmshohlar xazinasi” hozirgacha to‘liq o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan. To‘g‘ri, filologiya fanlari nomzodi N. Rasulzoda “Sharq tabobati” jurnalining 2002 yil 1-2 sonlarida “Zahirai Xorazmshohiy” asarini o‘rganilishga oid ayrim mulohazalarini e’lon qildi. Yana shu muallifning o‘zi bu asarni tarjima qilishga urinib, “Sharq tabobati” jurnalining 2004 yil 1-2 sonlarida parchalar e’lon qildi. Afsuski, bu nodir asarni izohli tarjimasini yaratish shu bilan to‘xtab qoldi. Hindiston, Frantsiya, Arabiston, Eron, Turkiya va boshqa mamlakatlarda “Zahirai Xorazmshohiy” asari tibbiyot durdonasi sifatida chuqur tahlil, tadqiq, tarjima qilinib, keng o‘rganilsa, hayotga tatbiq qilinsa-yu bizda, ayni shu asar yaratilgan zaminning o‘zida bu xayrli, ezgu ishga yetarli e’tibor berilmasa?! O‘ylaymizki, Xorazm Ma’mun akademiyasining 1000 yilligi munosabati bilan Ismoil Jurjoniyning tabobatga, falsafaga oid asarlari tarjimasidan bahramand bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lamiz.
Yurtboshimiz Konstitutsiya qabul qilinganligining 13 yilligi munosabati bilan so‘zlagan nutqida joriy yilni “Homiylar va shifokorlar yili” deb atalishini bildirib, hozirgacha bizning mamlakatimizda ibn Sinodan boshqa tibbiyot olimlarga birorta ham haykal o‘rnatilmaganligini kuyunchaklik bilan e’tirof etib o‘tgan edilar. XII asrning o‘n jildlik tibbiy qomusi hisoblangan “Zahirai Xorazmshohiy va tibbiyotga oid yana boshqa o‘nlab durdona asarlar yaratgan, o‘z davridayoq ikkinchi ibn Sino deb nom qozongan Ismoil Jurjoniyning o‘lmas va nurli siymosi haykallarda namoyon bo‘lsa, qadriyatlarimizni ulug‘lash yo‘lidagi yana bir ezgu ish, qutlug‘ qadam bo‘lardi.
Abdulla SAFOYEV,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy
uyushmasi a’zosi
"Hurriyat" gazetasidan olindi.