Shayx Sa’diy “Guliston”ida keltirilishicha, bir kuni ul zot bozorda bir pahlavonni ko‘rib qoladilar. Pahlavon bir zarb bilan o‘nta g‘ishtni tuproqqa aylantirib, odamlardan ko‘rsatgan tomoshasi uchun pul undirardi. Shayx pahlavonga aytadilar:
— Buzmoq hunar emas, yaratmoq hunardir. Agar shu kuch-quvvatingni g‘isht quyishga sarflasang, ko‘rsatadigan tomoshangdan topadigan puldan ko‘proq haq to‘layman.
Pahlavon bu shartga rozi bo‘ladi. O‘nta erkakning ovqatini yeb, yarim erkakning ishini qiladi va uchinchi kuni qochadi...
Odamzotning asl tabiati shunaqa — bunyodkorlikdan ko‘ra... Asrlar davomida shakllanib kelgan, muqaddas sanalgan tuyg‘ular, ko‘nikma va urf-odatlar qisqa muddatda toptalishi, oyoqosti bo‘lishi mumkin. Ammo ezgu qadriyatlarning tiklanishi, bukilgan haqiqatning qad rostlashi, odamlar qalbida kelajakka umid va ishonch chirog‘ining munavvar bo‘lishi qiyinchilik bilan bo‘ladigan, nisbatan uzoq va uzluksiz davom etadigan jarayon.
Ne-ne azobu uqubatlar evaziga erishilgan mustaqilligimizni ko‘z qorachig‘idek asrash, qadrlash, uning iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, madaniy-ma’naviy asoslarini yaratish va mustahkamlash uchun fidokorona mehnat qilish, sobitqadamlik bilan kurash olib borish — hozirgi davrdagi asosiy vazifalardan biridir. Bu muhim va dolzarb vazifalarni vaqtida bajarmaslik mustaqillik bergan keng imkoniyatlarni qo‘ldan boy berish bilan barobardir.
Mustaqillikni qo‘lga kiritishdan-da uni saqlab qolish, mustahkamlash va takomillashtirish necha bor murakkabroq. Bu vazifa odamlar moddiy turmush sharoitini yaxshilash bilan bir qatorda ma’naviyat bilan ham uzviy bog‘liqdir. Ma’naviyat mustaqillik zaminini mustahkamlashning, uni yanada barqarorlashtirishning zarur omillaridan biridir. Agar mustaqillikning ma’naviy zamini mustahkam bo‘lmasa, u barqaror bo‘la olmaydi.
Jamiyat taraqqiyoti va shaxs kamolotida ma’naviyatning roli va ahamiyati iqtisodiy va siyosiy omillardan kam emasligini anglagan Yurtboshimiz istiqlolning dastlabki kunlaridanoq milliy ma’naviyat va mafkura masalalariga katta e’tibor qaratdi. Sobiq Ittifoq davridagi eski tizimdan yangisiga o‘tish davrida mamlakat rahbari oldida nafaqat iqtisodiy taraqqiyot masalalarini hal etish, balki milliy davlatchilik asoslarini, asriy qadriyatlarni qayta tiklash, xalqning o‘zligini anglatish va g‘ururini uyg‘otish vazifasi turar edi. Shu bilan birga, istiqlol g‘oyalarini amalga oshirish uchun mutlaqo yangicha fikrlab, yangicha ish yuritadigan kadrlarni tarbiyalash masalasini ham hal etish zarur edi.
Allomalar o‘tish davrini uyg‘onish davriga mengzashgan. “Xalqni uyg‘otish uchun uning tarixini uyg‘otish kerak”, degan edi mashhur faylasuf Avreliy Avgustin. Shu sababdan yetmish yil davomida shakllanib bo‘lgan fikr qaramligi, tafakkur qulligidan xalos etish uchun, eng avvalo, ma’naviy qadriyatlarimizni tiklash, ularni ilmiy-nazariy jihatdan asoslash, davr voqeligi bilan uyg‘unlashtirish dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qoldi. Qolaversa, har qanday islohot fikri teran, ongi va shuuri bunyodkor g‘oyalar bilan yo‘g‘rilgan, tashabbuskor va jonkuyar kadrlar bo‘lgandagina amalga oshishi mumkin.
Mustabid totalitar tuzumdan demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘liga o‘tar ekanmiz, eng avvalo, aholining siyosiy faolligini oshirish, demokratiya afzalliklaridan foydalanuvchigina emas, ayni chog‘da ularning faol yaratuvchisi va himoyachisi bo‘lgan fuqarolarni tarbiyalash ham ma’naviyat sohasida amalga oshirish lozim bo‘lgan asosiy yo‘nalishlardan biriga aylandi.
Millatning tarixiy ildizlari asrlar qa’rida yotadi, o‘z ildizlaridan uzilgan millat tarix sahnasida yashash huquqidan mosuvo bo‘ladi. Bu — haqiqat. Prezidentimiz tarixchi olimlar va jurnalistlar bilan bo‘lgan bir suhbatda ayni shu masalaga oydinlik kiritib, shunday degandilar: “Har qaysi inson men shu millat farzandi ekanman, mening ajdodlarim kimlar bo‘lgan, millatimning ibtidosi qayda, uning oyoqqa turishi, tiklanish, shakllanish jarayoni qanday kechgan, degan savollarni o‘ziga berishi tabiiy”.
“Tarixiy ildizini izlagan odam, albatta, bir kuni mana shunday savollarga duch keladi va, aminmanki, to‘g‘ri xulosalar chiqaradi. Tarixiy xotirasi bor inson — irodali inson. Takror aytaman, irodali insondir.
Kim bo‘lishidan qat’i nazar, jamiyatning har bir a’zosi o‘z o‘tmishini yaxshi bilsa, bunday odamlarni yo‘ldan urish, har xil aqidalar ta’siriga olish mumkin emas. Tarix saboqlari insonni hushyorlikka o‘rgatadi, irodasini mustahkamlaydi”.
“Irodali inson” iborasi bu yerda tarixiy xotira sohiblariga nisbatan aytilyapti. Iroda ma’naviy-ruhiy hodisa bo‘lib, faqat sabr-bardoshli odamlargagina nisbatan ishlatilmaydi. Irodani shakllantiruvchi omillardan eng asosiysi — sog‘lom ma’naviyat, sobit aql, tirik xotira. Irodali odam o‘z tarixi, uning shiddati va hazin, fojiali va saodatli lahzalarini sog‘lom aql bilan mushohada qiladi.
Mustaqillikning birinchi yillaridanoq mamlakatimizda olib borilayotgan siyosat haqida “demokratiya, adolat, tenglik” bobida ayyuhannos soladigan qator xorijiy nashrlar turli-tuman uydirma va ig‘volarning “inkubator”lariga aylanib qolishdi. “Haqiqat — birdir, yolg‘on esa ming. Haqiqatning bir yo‘li bor, yolg‘onniki ko‘p. Juda ko‘p. Haqiqatni topish qiyin, yolg‘on esa har qadamda uchraydi”, degan edi mashhur mutafakkir Muhyiddin Ibn al-Arabiy. Endi bir mulohaza qilib ko‘ring: qanday qilib, bir davlat ayni bir paytda ham islom madaniyati dushmani, ham demokratiya qadriyatlarini oyog‘osti qiluvchi, ham “neokommunist”, ham milliy shovinizm targ‘ibotchisi va amalga oshiruvchi, ham boshqa din vakillariga tazyiq o‘tkazuvchi, ham inson huquqlarini poymol etuvchi bo‘lishi mumkin? Agar bu da’volarning o‘ndan biri ham rost bo‘lganida edi, bu o‘lka shunchaki “rangli” inqilob emas, balki qonli isyonlar makoni bo‘lishi kerak edi-ku?! Unda bu muqaddas zamindagi barqarorlik, odamlardagi shukronalik tuyg‘usi qaerdan?!
Uzoqqa murojaat etmasdan, yaqin o‘tmishimizga nazar solaylik: Afg‘onistonda “asl islomiy mamlakat” barpo qilgan toliblar harakati umuminsoniy madaniyatining eng qadimiy namunalaridan bo‘lgan Bomiyondagi Budda haykalini portlatgan yillarda bizning mamlakatimizda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Bahouddin Naqshband, Ahmad Farg‘oniy, Imom al-Moturidiy kabi ajdodlarimizning nomlari qayta tiklandi, ularning tabarruk qadamjolari obod qilindi. Arab milliarderi Usoma bin Lodin “musulmonlar ozodligi yo‘lida” shiori ostida dunyoning turfa go‘shalarida qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirib, yuzlab begunoh odamlarning umriga zomin bo‘layotgan bir davrda ulamolarimiz tomonidan Qur’oni karimning uchta tafsir va izohli tarjimalari amalga oshirildi. “Hizb ut-tahrir”chilar nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda “xalifalikni tiklash” bahonasida g‘o‘r yoshlarni aldab, noto‘g‘ri yo‘lga boshlash harakatida yurgan davrda fuqarolarimiz ishonchli hadislar to‘plami, Imom G‘azzoliy, Abu Lays Samarqandiy, Imom Nadaviy asarlarini o‘z ona tillarida o‘qish baxtiga muyassar bo‘ldilar...
So‘nggi yillarda gegemonlik kayfiyatidagi ayrim imperiyaparastlar “demokratiya eksporti”, “inson huquqlari himoyasi” kabi vaj-karsonlarni ro‘kach qilib, endi mustaqillikka erishgan yoki istiqloliyati zaiflashgan mamlakatlarning ichki siyosatiga daxl qila boshladi. Ularning Marks xom xayollariga o‘xshash “bashorat”lari bo‘yicha sobiq Ittifoqning ayrim hududlarida sodir bo‘lgan “rangli inqilob”lar butun dunyoni qamrab olmog‘i va barcha mamlakatlarda ularning hadsiz-hududsiz istaklariga “labbay” deya javob beradigan qo‘g‘irchoq hukumatlar siyosat jilovini qo‘liga olmog‘i kerak edi. Ammo davr shuni ko‘rsatdiki, qurol-yarog‘ yoki sadaqa bilan demokratiyaga erishib bo‘lmas, xorijiy tashkilotlar xayriyasi hisobidan kun ko‘radigan hukumat hali halq hokimiyati (demokratiya so‘zi aslida shu ma’noni bildiradi) emas ekan, mehr-muruvvat, andisha, odob, hayo, bag‘rikenglik, totuvlik kabi “demokratiya timsoli”ga aylangan eng rivojlangan mamlakatlarda juda tansiq bo‘lib borayozgan tuyg‘ularsiz ma’naviy kamolot, ijtimoiy taraqqiyot haqida gapirish kulgili tuyularkan...
Sirasini aytganda, barcha mafkuralar “vijdon va e’tiqod erkinligi”, “millatlar va irqlararo totuvlik”, “tenghuquqlilik” kabi g‘oyalarni ilgari suradilar va targ‘ib qiladilar. Hatto xudosizlik diniga asoslangan sobiq Ittifoq konstitutsiyasida ham diniy erkinlik g‘oyasi o‘z in’ikosini topgan edi. Amalda esa buning aksi bo‘lganiga tarix guvoh. Gollivud filmlarida ham oq tanli politsiyachining sherigi albatta qora tanli xabash bo‘lib chiqadi. Bu narsaga qayta-qayta urg‘u berilishining sababi shundaki, Amerikada irqchilik muammosi hali to‘liq yechimini topgani yo‘q. Bizga qanday yashashni o‘rgatmoqchi bo‘lgan zotlar aslida kelib, bizning xalqimizdan sobitqadamlik, iymonlilik, bag‘rikenglik, mehmondo‘stlik, bir so‘z bilan aytganda ODAMIYLIK ILMIni o‘rgansalar, foydadan xoli bo‘lmasdi.
Bugungi kunda xalqimizning o‘tmishi haqida haqiqatlarni baralla aytish zamoni keldi. Asrlar osha yashab kelayotgan go‘zal qadriyatlarimiz ijtimoiy hayotning ko‘rkiga aylandi, eng avvalo, milliy merosimizga egalik tuyg‘usi, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘usi shakllandi. Ammo shuni ham aytish kerakki, faqat g‘urur-iftixor qilish bilangina taraqqiy etib bo‘lmaydi. “Faqat o‘z o‘tmishi bilan faxrlanadigan millat qarib qolgandir, bunday millat halokat topishi muqarrar”, degan edi olmon faylasufi Fridrix Nitsshe. Haqiqiy g‘ururdan hosil bo‘ladigan yana bir tuyg‘u bor. Bu — mas’uliyat tuyg‘usi, munosiblik tuyg‘usi.
Har bir ongli inson o‘z oilasi, millati, ajdodlari va mamlakati oldida mas’uliyat hissini sezmog‘i lozim. Millat faqat iqtisodiy hayotda erishgan yutuqlari, bir necha asl o‘g‘lonlarining qahramonligi bilangina taraqqiy etib qolmaydi. Buning uchun har bir fuqaro — u oddiy ishchimi, amaldormi, ziyoli yoki sportchimi, kim bo‘lishidan qat’i nazar shu Vatan, shu yurt kelajagi mening kelajagim, shu millatning dardi mening dardim, shu mamlakat tinchligi mening tinchligim, deb tafakkur qilishi, Vatan ozodligi va obodligi garchi ko‘zga ko‘rinmas bo‘lsa-da, mening ham mehnatimga bog‘liq, qolaversa, biz ham ajdodlar, ham kelajak avlod oldida mas’ulmiz deb anglash lozim. Yurtboshimiz tomonidan ilmiy jihatdan asoslab berilgan milliy g‘oyamiz aholining barcha qatlamlarida ana shu mas’uliyat hissini uyg‘otadigan, ularni ezgu maqsadlar sari birlashtirib, bunyodkorlik yo‘liga safarbar qila oladigan bayroqdir desak, mubolag‘a bo‘lmas.
Olimjon DAVLATOV
"Hurriyat" gazetasidan olindi.