Yaqin kechmishimizning hali idrok etilmagan sahifalari ko‘p. Moziyga ichkarilab borgan sari nafaqat tarixiy siymolar, shuningdek, voqea-hodisalar beshigini tebratgan oddiy odamlar taqdiriga ham duch kela boshlaysiz.
XX asrning ikkinchi yarmi boshlarida Kitobda Jo‘rabek, Shahrisabzda Bobobek hokim bo‘lgan davrda bu shaharlarning mavqei juda baland edi. Beklar Buxoro amirligida o‘z so‘ziga, o‘z o‘rniga ega bo‘lgan edilar. Chor Rossiyasi Buxoro amirligiga dag‘dag‘a solgan suronli yillarda Jo‘rabek va Bobobek ham yalangto‘sh bo‘lib maydonga tushgan edilar. Bu kurashning oqibati dastlab amir Muzaffarning istilochilar bilan tuzgan sharmandali ittifoqi sababli, so‘ngra esa amirning o‘g‘li — G‘uzor to‘rasi Abdumalik bilan Jo‘rabek va Bobobeklarning chor istilochilariga qarshi birgalikda kurashish yuzasidan tuzgan ahdnomalari amalga oshmasligi (ularning o‘z ahdida turmasligi va Abdumalikning yolg‘izlanib qolishi) oqibatida mag‘lubiyatga yuz tutgan edi.
Tarixning achchiq sabog‘ini qarangki, keshlik dodholarning hal qiluvchi lahzalarda ikkilanishi 1869 yil kuzining o‘rtalarida amir lashkarlarining chor qo‘shini bilan birlashib jang qilib, Shahrisabz va Kitobni egallashiga yo‘l ochadi. Natijada Jo‘rabek va Bobobek omon qolgan bir qism kishilari bilan Qo‘qonga yo‘l olishga majbur bo‘ladilar. Beklarga hamroh bo‘lganlar 200 kishi edi. Ular orasida sipohiylar, biylar, oddiy odamlar bor edi. Bosqinchilarning yurtni egallashi ularni oilalaridan, boyliklaridan, yer-suvlaridan bir umrga judo qilgandi.
General Fon Kaufman Shahrisabz va Kitob mulklarini idora qilish ixtiyorini kutilmaganda amir Muzaffarga topshiradi. Bu, chor istilochilarining Turkistonning butun hududini asta-sekinlik bilan bosib olish yo‘lida “qilichning sopini o‘zidan chiqarib” amalga oshirgan vaqtinchalik bir taktikasi edi. Shu sababli ham amirning vatanparvar kuchlarga qarshi birgalashib kurashish tashabbusiga tezkorlik bilan “marhamat” ko‘rsatiladi. To‘rayu dodholar esa Vatan taqdiri hal bo‘layotgan eng qaltis lahzalarda biri pand berib, boshqasi ikkilanib, uchinchisi bilan boshi birikmaganligi oqibatida mana shunday duch kelgan tomonga tirqirab ketishga majbur bo‘ladilar.
To‘kilgan qonlarni yomg‘irlar yuvib ketadi. Qo‘qonga panoh istab kelgan Jo‘rabek va Bobobekni Xudoyorxon yaxshi ko‘rinish uchun Fon Kaufmanga topshirib yuboradi. Vatanparvar kuchlarning boshi birikmasligi oqibatida kelib chiqqan ko‘rguliklar, mulzamliklar endi o‘zini ko‘rsata boshlaydi. Xo‘sh, Jo‘rabek bilan Bobobek-ku istilochilar qo‘liga topshirilibdi. Ular bilan birga Qo‘qonga kelgan 200 kishining taqdiri qanday kechgan?
Bu savol tarixshunoslarni ko‘pdan buyon qiziqtirib keladi. Shahrisabz va Kitobdan, bu shaharlar atrofidagi qishloqlardan Qo‘qonga ketishga majbur bo‘lganlarning o‘z urug‘-aymog‘lari, yaqin xeshlari bilan diydorlashib turishi ham ana shu achchiq qismat tufayli juda qiyin kechgan. Jo‘rabek va Bobobek Toshkentda, Turkiston general-gubernatorining nazorati ostida yashab, istilochilar xizmatiga kirishga majbur bo‘lganlar. Keyinchalik biri general, ikkinchisi polkovnik harbiy unvonlariga yetishgan. Biroq, ular Toshkentga olib ketilgan dastlabki yillarda ko‘p qiyinchilarni boshdan kechirganlar. Iqtisodiy tanglik, oilaviy rishtalarining uzilib qolishi qattiq iztiroblarga sabab bo‘lgan.
Istilochilar o‘z xizmatiga olingan beklarni tekin boqishni xohlamagan. Sopni o‘zidan chiqarib, ularning Shahrisabz va Kitobda qolgan yer-suvi, mol-mulki hisobidan amirlik orqali mablag‘ undirishni joriy etganlar. Ikkala bekka ham intiqomi jilovsiz bo‘lgan Buxoro amiri bu ishni ataylab paysalga solgan. 1875 yilning 15 yanvarida amir nomiga Turkiston general gubernatori tomonidan yozilgan xatda e’tirof etilishicha, “beklar moddiy jihatdan nihoyatda tanglikda qolganlar”.
Jo‘rabek va Bobobekning Toshkentda ushlab turilishi, ularning jazolanmay qolishi aslida istilochilarga bu beklar yurtida har onda yuz berishi mumkin bo‘lgan ko‘tarilishlar oldini olish uchun zarur edi. Bunday xavf XX asrning oxirlarida ham so‘nmagandi.
Shu bois ularni sarson-sargardonlik xarob qiladi. Jo‘rabek va Bobobekni orqa qilib Qo‘qonga borganlar bu xonlikning chor hukumati qo‘liga o‘tishi va ishongan sardorlari Toshkentga mahbus yanglig‘ olib ketilishi tufayli arosatda qoladilar. Ularning o‘z yurtlariga qaytishi ham mumkin emasdi. Amir Muzaffar qo‘ygan hokimlar Jo‘rabek va Bobobekning omon qolgan, yashirinib yurgan sipohlarini tutib hibsga olar, qatl etar edi. Beklarning, ular xizmatida bo‘lganlarning mol-mulki, yer-suvi musodara qilingan, yaqin qarindoshlari qattiq siquv va nazorat ostida yashardi.
Jo‘rabek va Bobobekni Fon Kaufman qo‘liga topshirib istilochilardan omonlik kutgan Xudoyorxonning umidi ham puchga aylanadi. Taqdir evrilib, uning o‘zi ham yurtidan olislarga badarg‘a etiladi. Qo‘qonda muvaqqat yashab turgan kenagaslar ahvoli nihoyatda og‘irlashib ketadi. Buxoro amiri tirik ekan, ular yurtiga qaytishni orzu ham qilolmasdi. Sobiq biylar, a’yonlar mehnat qilib non topishga uquvsiz edi. Ularni xizmatga olishmas, chor qo‘shinlariga qarshi kurashgan kimsalar sifatida o‘gaylash, shubha qilish davom etardi.
Dodholar Toshkentga olib ketilgach, kimdir Qo‘qonda yashab qolgan, boshqa birlari boshi oqqan tomonga ketishga majbur bo‘lgan. Ular qaerga bormasin, shubha ko‘lankasi ortlaridan qolmagan. Samarqandga kelganlarning ham ahvoli o‘nglanmagan. Ular general-gubernatordan o‘z yurtlarida qolgan mulklari hisobiga yashash tarzini o‘nglashda yordam ko‘rsatishni so‘rab murojaat qiladilar. Shahrisabzlik Muhammadqul To‘qsoba Husanqul Miroxur o‘g‘lining va boshqalarning 1877 yilning 4 iyulida Fon Kaufman nomiga yozgan arznomasi shundan dalolatdir.
Ular general gubernatordan Shahrisabzda qolgan mol-mulklariga egalik qilishda yordam so‘rashgan. Arznoma yuzasidan Shahrisabz begi Abdulkarim devonbegiga xabar berish chor amaldori Veenbergga topshiriladi. Ijozat olingach, to‘rtala arzgo‘y Shahrisabzga yo‘l oladilar. Ularning mol-mulki, yer-suvlari musodara qilinganligi sababli, amir roziligisiz Abdulkarim devonbegi bu ishni hal qilmasligini aytadi. U amir ijozatini olish uchun Buxoroga borishni tavsiya etadi...
Muhammadqul to‘qsobaning Shamkand va Douza mavzelarida 700 botmon yeri, bog‘i va uyi bo‘lgan. General-mayor Abramov Abdulkarim devonbegiga uch marta xat yo‘llab, maxsus chopar jo‘natgan. Muhammadqul to‘qsobaning ko‘chmas mulklari hisobidan Shahrisabz begi bori-yo‘g‘i 67 so‘m 20 tiyin berib yuborish bilan kifoyalangan. U bundan qoniqmay yana arznoma yozgan. Arosatda qolgan birgina u emasdi. Yana arxiv hujjatlarini varaqlaymiz...
Kenagaslar Mahmud Ali eshik og‘oboshi Mirzo Aliboy o‘g‘li, Yoqutbek to‘qsoba Bo‘tabek to‘qsoba o‘g‘li, Muhammadqul to‘qsobalarning: “kun o‘tarlik vajhidan ko‘b qattig‘lik va intizorlik tortib, bul musofirlik shahrda hech biror hunarimiz va biror boshqa ishimiz yo‘qdurkim, ul sababdan ovqatlarimizni o‘tkarsak.., bizlardek bechora g‘ariblar xorlik ko‘rmay, xursand bo‘lsalar...” kabi arzlaridan ham hech bir natija chiqmagan. Vaqtida o‘z mulklarida e’tiborli bo‘lib, yetti yildan oshiqroq vaqt davomida sarsonlik va xorlik boshiga tushgan bu kishilarning iltimosu arzlari ora yo‘lda qolib ketadi.
Abdurasul Qori Karimboy o‘g‘lining 1877 yilning 13 iyulida Turkiston general-gubernatori elchilik bo‘limiga: “Vatanimdan tashqarida gunoh ish qilmadim, nomimni yomonga chiqarmadim. Shu boisdan menga yurtimda yashashimning bemalol bo‘lishini ta’min qiluvchi tegishli hujjat berilishini so‘rayman”, deya yozgan arznomalari ham hech ish bermagan.
Mustabid amaldorlar mahalliy aholidan tushadigan arznomalarga hozirjavob bo‘lganlar. Ular arznomalar asosida Buxoro amirining qushbegisiga rasmiy xatlar yo‘llaganlar. Biroq rus ma’murlari aralashgan o‘rinlarda amir amaldorlari ishni paysalga solgan, turli vaj-karsonlar bilan ruxsat berishni xohlamaganlar.
Abdulkarimbek to‘qsobaning ayoli otasidan qolgan merosni olish uchun Shahrisabzga borish uchun ruxsat so‘raganlari ham mana shunday sansolarlikka solingan. Amir qushbegisi ruxsatni rad etishning antiqa usulini topadi. Chunonchi, u rus ma’murlariga: “Abdulkarimbek to‘qsoba deganni bilmaduk va yana Shahrisabz va Kitobg‘a ham uni bilaturgon kishi yo‘qtur”, deb javob yozadi.
Jo‘rabek va Bobobek bilan birga ketgan ikki yuzga yaqin kishining hayoti shu tariqa juda ayanchli kechgan. Ularning bir qismi Qo‘qonda, yana bir bo‘lagi Samarqandda, beklarga qarindosh bo‘lganlar esa Toshkentda yashab qolganlar. XX asrning so‘nglarida, amir Abdul Ahadxon davrida ham munosabat yumshamagan, ularning o‘z yurtlariga qaytishi ta’qiqlanganicha qolgan. 1885 — 1900 yillarda uzilib qolgan oilaviy rishtalarni bog‘lash harakatlari davom etadi. Shahrisabz va Kitobda qolgan farzandlar ulg‘ayadi, ularning bordi-keldisi, to‘ylari amir va ruslar idora qilib turgan hududlarda ming mashaqqatlarga sabab bo‘ladi.
* * *
Imperator saltanati xizmatiga olingan Jo‘rabek va Bobobeklarning taqdir yo‘llari Toshkentda tutashganini aytdik. Ular bilimdon, fozil kishilar bo‘lgani sababli e’tibor qozonadilar. Harbiy unvonlari oshib borgani bilan ularni zimdan nazorat qilish bir zum to‘xtamagan. Buni polkovnik Bobobekning qizi To‘xtabibining Shahrisabz safari bilan bog‘liq yozishmalar misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
Bobobek 1897 yil 31 martda Turkiston general-gubernatoriga so‘rovnoma yo‘llab: “Shahrisabzda beklik qilib turgan vaqtida tug‘ilgan va udumga ko‘ra Shahrisabz fuqarosi Sayid Mirak Musaxojaevga beshikketti qilingan qizi To‘xtabibi bir yil burun Toshkentga kelib turmushga chiqqani va endi kuyovi Musaxojaev bilan yurtiga qaytish niyatida” ekanini aytib, ularning Shahrisabzga eson-omon yetib olishlari va doimiy yashab qolishlarida yordam ko‘rsatishlarini chuqur ehtirom bilan so‘raydi.
Chor mahkamasining elchilik bo‘limi bunga javoban baron Aleksandr Vrevskiy imzosi bilan Rossiyaning Buxorodagi siyosiy agenti V. Ignatevga quyidagi xatni yo‘llaydi: “Marhamatli janob Vladimir Ivanovich! ...Mening tomonimdan polkovnik Bobobekning qizi To‘xtabibining Shahrisabzga ko‘chib borishida to‘siqlar yo‘q deb hisoblashim haqida Buxoro hukumatiga xabar yetkazishingizni so‘rayman”.
Chor ma’murlari ijobiy javobga ishonchi komil bo‘lganidan amirlikning rasmiy javobini olmayoq, Bobobekning qizi va kuyoviga Shahrisabzga yo‘lga chiqishga ijozat beradi. Bu haqda Buxorodagi siyosiy agentiga: “Musaxojaev xotini bilan 14-iyun kuni Toshkentdan Shahrisabzga jo‘nab ketdi”, deb xabar yo‘llaydi.
Biroq safar bexatarligini ta’minlashga qaratilgan niyatlarga darz ketadi: V.Ignatev baron A.B.Vrevskiyga “maxfiy” tamg‘asi qo‘yilgan quyidagi ma’lumotnomani yuboradi: “...Qushbegidan polkovnik Bobobekning yurtiga qaytmoqchi bo‘lgan qizi To‘xtabibiga eri Sayid Mirak Musaxojaev bilan Shahrisabzda erkin istiqomat qilishiga to‘sqinlik qilmaslik haqida Shahrisabz begiga ko‘rsatma berishni so‘radim. Qushbegi amir ruxsatisiz Shahrisabz begiga tegishli ko‘rsatma berishga o‘zini haqli deb bilmay, so‘rovnomamni Amir janobi oliylari ixtiyoriga — Pyatigorskiga jo‘natib yuboribdi.
Kecha Ostonaqul devonbegi Amirning topshirig‘iga muvofiq, u janobi oliylarining Bobobek qizining Buxoro mulklarida yashashiga ijozat berishni istamaganligini aytdi. Shu munosabat bilan mendan To‘xtabibining Shahrisabzga qaytishini ma’n qilish haqida yo‘riqnoma berishimni so‘radi”.
Amirlik tomoni To‘xtabibining Shahrisabzda bo‘lishi yaxshilikka olib kelmaydi, deb hisoblagan. Bordiyu To‘xtabibi Shahrisabzda yashab qolgudek bo‘lsa, bu viloyat bilan Bobobek o‘rtasida doimiy aloqa o‘rnatiladi, bu aloqalarda boshqalar, jumladan, Bobobekning Shahrisabzda qolib ketgan qarindoshlari ham ishtirok etadi, deb taxmin qilingan. Xullas, To‘xtabibining bu joyda bo‘lishi Buxoro amirligiga dushmanlik ruhidagi nizolarni keltirib chiqarishi mumkin, degan xavotirga borilgan.
Yaltada xordiq chiqarayotgan Amirning To‘xtabibiga ruxsat berilishiga qat’iyan qarshi ekanligi chor ma’murlarini hushyor torttirdi. Chunki, XX asr oxirlarida Abdul Ahadxon bilan shusiz ham ora sovub borayotgan, arzimagan narsalar ustida gina-kudurat paydo bo‘lib turardi. To‘xtabibi muammosi deb Amirning ko‘nglini qattiq ranjitish mustabidlarning o‘sha kunlardagi rejalariga to‘g‘ri kelmay qolgani bois Bobobek tezda Amirning qaroridan voqif etiladi.
To‘xtabibi bu orada Shahrisabzga yetib borgan va bir necha kundan beri ota yurtida yashab turgan edi. Uning turmush o‘rtog‘i Sayid Mirak Musaxojaev esa, chamasi, chor ma’murlari va’da qilgan hujjatlarni kutib Samarqandda qolgan.
1897 yilning 10 iyulida general-gubernator buyrug‘i bilan Samarqandga, politsmeysterga jo‘natilgan shoshilinchnomada “Samarqandda yashab turgan Shahrisabz fuqarosi Sayid Mirak Musaxojaevga xotini bilan Shahrisabzga bormasdan, Toshkentga qaytishini aytish buyurildi”, deyilgan.
To‘xtabibining rad javobidan oldinroq — 14-iyunda Shahrisabzga yetib borganligi uning eri bilan Toshkentga qaytarilishi cho‘zilib ketishiga sabab bo‘ladi. General-gubernator ruxsati bilan xotinini olib kelishga Shahrisabzga borgan Sayid Mirak ham Toshkentga qaytishga shoshilmagan ko‘rinadi. Ularning Shahrisabzda avgustga qadar ushlanib qolishlariga, ehtimol, To‘xtabibining Toshkentga qaytishni xohlamaganligi, betob bo‘lgani yoxud bo‘lak jihatlar sabab bo‘lgandir. Shu tariqa Bobobek bilan bog‘liq sarson-sargardonliklar, amirlik bilan davom etgan ixtiloflar yoshlar taqdirining mungli kechishiga sabab bo‘ladi...
To‘xtabibi va Sayid Mirak 1897 yilning avgusti boshlarida ham Shahrisabzda turishgan edi. Ularning Toshkentga qaytmayotganligi Turkiston general-gubernatorini qattiq bezovta qiladi. General-gubernator kantselyariyasi boshqaruvchisi Fedorov 1 avgustda siyosiy agent nomiga xat yo‘llab, “general gubernator Musaxojaevning Shahrisabzda qolmay, tezda Toshkentga qaytishini zarur deb hisoblayotir”, deydi.
Polkovnik Bobobekning qizi va kuyovi Shahrisabzdan chiqarilib yuborilishi dengiz bo‘ylarida dam olayotgan Amir tomonidan ham qattiq talab qilinayotgan edi. 1897 yilning 18 iyulida Yaltadan general-gubernatorga yetkazish uchun yozilgan Amirning xususiy maktubi siyosiy agent tomonidan egasiga topshiriladi...
* * *
To‘xtabibining ota yurti Shahrisabzga qaytishini ta’qiqlashga doir mungli qissa shunday. Odatdagi fuqarolik ishi zamonning kajravligi bois siyosiy tus olib, davlat muammosiga aylantirilgan. Uning intihosi arxivlardagi mavjud hujjatlarda aks etmagan. Amir bilan orani buzishni istamagan chor ma’murlari har holda kelin va kuyovning Toshkentga qaytishiga erishgan bo‘lsalar kerak. Bu voqealarga bir asrdan oshiqroq vaqt o‘tdi. Ehtimol, To‘xtabibi va Sayid Miraklar XX asrning qirqinchi yillariga qadar ham hayot bo‘lgan bo‘lishlari mumkin. Bugun farzandlari, nabiralari, evaralari ularning chiroqlarini yoqib turishgandir...
Chor istilosi va amir Muzaffarxonning shijoatsizligi, yurtning dodhoyu to‘ra-beklari boshi birikmaganligi oqibatida kelib chiqqan sarson-sargardonlik bilan bog‘liq moziyning unutilmas saboqlariga doir hikoyamizni bu tarixiy voqealar taqdirida o‘chmas iz qoldirgan ajdodlarning davomchilari to‘ldiradilar, deb umid qilamiz.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 15-sonidan olindi.