Davrning eng muhim hodisalari, zamondoshlar haqida qalam tebratgan Abdulla Qahhor asrning yana bir fojiaviy hodisasi — Stalin qirg‘in-qatag‘onlari, qatag‘on qurbonlari, yozuvchi iborasi bilan aytganda, «kult davri» asoratlarini chetlab o‘tishi mumkin emas edi. Uzoq yillar qalbini o‘rtab, unga tinchlik bermay kelgan bu mavzuga u 1959 yilning yanvarida qo‘l urdi. «Zilzila» deb atalgan qissaning bir necha bobi qog‘ozga tushdi. 60-yillarning boshlarida matbuotda asardan parcha e’lon etildi. Lekin qissa ustida ish negadir yurishmadi. Adib 1966 yil 15 dekabrda yozgan «Vaqtim chog‘» sarlavhali maqolasida «Bir necha yildan beri to‘xtab yotgan «Zilzila» nomli povestimni davom ettiraman» deya va’da qilgan edi. O‘sha kezlari uning fikr-yodi shu asar bilan band bo‘lgan. Kibriyo opa «Chorak asr hamnafas» risolasida yozadi: «Bir gal: «Agar «Zilzila» degan qissani bitirsam, juda inoq, hammaning havasi keladigan bir oila haqida povest yozaman», deb qoldilar». Ana shunday niyatlar og‘ushida ancha yillardan beri sog‘ligini kemirib kelayotgan xastalikka so‘z bermay, zo‘r g‘ayrat-shijoat bilan «O‘tmishdan ertaklar»ni kitobxonlarga taqdim etdi, xastalik xuruj qilib turganida «Muhabbat» qissasini poyoniga yetkazdi. Lekin «Zilzila» bitmay, hammaning havasi keladigan bir oila haqidagi povest esa yozilmay qoldi. Ulug‘ adib vafoti oldidan Kibriyo opaga armon bilan «Afsus, «Zilzila» chala qoldi» degan ekan.
Oradan yigirma yil o‘tib, «Sharq yulduzi»ning 1987 yil 9-sonida «Zilzila»ning qog‘ozga tushgan sahifalari ilk bor Kibriyo Qahhorova izohi bilan e’lon etildi. O‘sha kezlari Kibriyo opa Qahhorning 30-yillar boshlarida yozilib kitob holida chiqqan, biroq talabchan adib keyinchalik tanlangan asarlariga kiritishni lozim ko‘rmagan «Qishloq hukm ostida», «Qotilning tug‘ilishi» hamda tugallanmay qolgan «Zilzila»dan iborat to‘plam tayyorlagan, to‘plam uchun Said Ahmad maxsus maqola yozib bergan edi. Qahhorga nisbatan davom etayotgan sovuq munosabat oqibati bo‘lsa kerak, bu to‘plam chiqmay qolib ketdi; Said Ahmad so‘zboshisi esa yozuvchining Abdulla Qahhor haqidagi xotiralari tarkibiga kiritilib 2000 yili chop qilingan saylanma asarlarining uchinchi tomida e’lon etildi. Sakson yoshda ham o‘zini shogird sanagan Qahramon adib ustozning «Zilzila» asari xususida to‘lib-toshib: «Bu qissa adibning adolatsizlikka, zo‘ravonlikka, qonunsizlikka qarshi ko‘targan isyoni edi... Meningcha, «Zilzila» har qanday ta’na toshlariga dosh beradigan, o‘z-o‘zini himoya qilishga qodir asardir... Siz uni, albatta, o‘qib chiqasiz. O‘yga tolasiz, tahqirlangan, quvg‘inga uchragan, qamoq kameralarida xor-zor bo‘lib umrini poyoniga yetkazgan, olis yurtlar tuprog‘ida qolib ketgan jigarbandlaringizni eslaysiz. Ruhingizni allaqanday mung chulg‘ab oladi» deb yozadi.
«Zilzila» fabulasi boshda bu mavzuda yaratila boshlagan asarlarga xos chaquv, hibs, tergov, qiynoq, hukm va lager hayoti ifodasi tarzida rejalashtirilgan, bosh qahramonni o‘sha mushkul so‘qmoqlardan olib o‘tish mo‘ljallangan.
Bosh qahramon Sobir Salimni biz turmada, o‘lim kamerasida yigirma besh soatdan beri ajal kutib o‘tirgan holda uchratamiz. Yozuvchi u shu holga tushguniga qadar boshdan kechirgan hodisalarni o‘ziga xos ixcham, ta’sirchan bir tarzda ifoda etadi; uni shu ko‘ylarga tushishiga sababchi bo‘lgan makkor, sotqin hamkasbi Mirvohid, odam qiyofasidagi yirtqich tergovchi bilan tanishtiradi, eng muhimi, bosh qahramon tabiatiga xos yetakchi xususiyatlar, uning ma’naviy-ruhiy bisoti bilan bizni oshno qiladi.
Institut rahbar xodimi, filolog olim, dotsent Sobir Salim nihoyatda pok, oqko‘ngil, o‘ziga ham, o‘zgalarga ham ishonadigan, hukumatga sadoqatli odam, hatto u sovet hukumatiga sadoqatda fanatik darajasiga yetib borgan. Shu bois, hibsga olinish payti u buni biror anglashilmovchilik natijasi, deb o‘ylaydi.
Oradan soatlar, kunlar, haftalar, oylar o‘tadi, masxarabozlikdan iborat tergovlar, kurakda turmaydigan soxta ayblovlar, guvoh bilan yuzlashtirish, haqorat, kaltaklash, qorong‘i «odinochka»dagi mislsiz qiynoqlar... Bu soddadil odam soxta ayblov o‘rniga ko‘p yillardan beri ko‘nglini g‘ash qilib kelgan eski aybi — otasidan qolgan to‘pponchani vaqtida hukumatga topshirmaganini oshkor etgudek bo‘lsa, buning uchun hukumat kechirar, degan xayolga boradi va bor gaplarni yozib beradi. Afsus, buning uchun afv o‘rniga zug‘um, qiynoq avjiga minadi.
Yozuvchi qissada uydirmalarga ustasi farang tergovchilar qiyofasini yanada ochib yuboradigan razvedkachilikda ayblangan bir quv mahbusning latifanamo hikoyasini keltiradi. Emishki, mahbus Kaspiy dengizi portlarida juda ko‘p maxfiy ma’lumotlarni yiqqan, juda ko‘p nozik joylarni suratga olgan, undan keyin bir kuni yarim kechasi motorli qayiqda Kaspiydan Qora dengizga o‘tadi. Mahbus Qora dengizda ham shunaqa ma’lumotlar, suratlar yiqqanini aytib, yozib beradi. Johil, laqma tergovchi esa bu «noyob ma’lumot»ga — g‘irt uydirmaga chippa-chin ishonadi, uni ayblov hujjatiga tirkaydi, tezlikda bundan yuqoridagilarni xabardor qiladi, yuqoridagilar esa undan-da yuqoriga yetkazish payiga tushadi... Anqov tergovchi ham, yuqoridagilar ham Kaspiy bilan Qora dengiz orasida suv yo‘li yo‘q ekanini xayoliga ham keltirmaydilar. Zotan, ular to‘qib chiqargan bo‘htonlar oldida bunaqa uydirmalar hech gap emas. So‘ng yozuvchi personaj tilidan kinoya-kesatiq, istehzo ila deydi: «Razvedkamizning ahvoli shu bo‘lsa, tag‘in ham davlatimiz mustahkam ekan. Razvedkasi bir kungina shu ahvolga tushgan boshqa davlat ertaga qolmay qulaydi!»
Naqadar o‘tkir aybnoma bu!
Mana bu lavhalarga kelganda o‘quvchi o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoladi. Tergovchi Sobirning raqibi Mirvohid oldida o‘zi qolib fuqarolar urushida sho‘rolar himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan otasini Chapaevga mengzab masxara qiladi. Adib yozadi: «Tergovchi bu gapi bilan otasining arvohini haqorat qilayotganligi Sobirning jon-jonidan o‘tib ketdi, faryod chekib, yig‘lagisi keldi, lekin ko‘z oldida tantana qilib turgan ikki dushmani oldida og‘zi to‘la qon bo‘lsa ham tupurgisi kelmadi-yu, tishini tishiga qo‘yib, xiyol titragan tovush bilan:
— Mening otam oddiy jangchi edi, halok bo‘lganida uni butun shahar ko‘mgan, — deya oldi, xolos».
Jismoniy, ayniqsa, ma’naviy azob-uqubatlar, tahqiru xo‘rliklardan to‘yib ketgan Sobir o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘ladi-yu, birdan niyatidan qaytadi, «Nainki bu qorong‘i kechaning so‘nmas, abadiy kunduzi bo‘lmasa!.. Shu umid, shu ishonch uni o‘limdan omon saqladi» deb yozadi adib.
«Troyka»ning hukmi eshittirilayotgan sahna tasvirida yozuvchi bu bolatabiat, soddadil odam bisotini yana ham yorqinroq ochib yuboradigan bir holatga e’tiborimizni tortadi. U oqlanishiga amin bo‘lgani uchun hukmning «Sobir Salim batamom oqlansin!» degan joyiga ilhaq bo‘lib turadi. Biroq «troyka» uni otib o‘ldirishga hukm chiqargani ma’lum bo‘lganidan keyin ham vujudini sovuq bir karaxtlik qamrab oladiyu «Bu meni qo‘rqitish uchun qilingan nayrang emasmikan», deya o‘ziga tasalli beradi. Soddadillik ham shunchalar bo‘larkan!
Qahramondagi bu noyob tuyg‘u — odamzotga bemisl ishonch, adolat tantanasiga cheksiz umid, matonatni faqat mutaassiblikka yo‘yish biryoqlamalik bo‘lar edi. Buni, balki, ardoqli qahramoniga muallifning o‘zidan o‘tgan ayrim xislatlar zuhuri deb qarash ham mumkindir. Pirovardida, o‘lim jazosi o‘rniga yigirma besh yilga ozodlikdan mahrum etilishi bu alomat insonga nisbatan muallifning mukofoti, qolaversa, Ollohning inoyati edi.
Garchi qissa tugallanmay qolgan bo‘lsa-da, nazarimda, Sobir Salim tugal qahramon. U adib bisotidagi Asror bobo, Mastura kabi barkamol insonlar obrazlari qatoridan o‘rin olishga haqli.
1966 yil bahorida Abdulla Qahhor xonadonidagi gurung chog‘i Ozod aka «Zilzila» ustidagi ish qanday ketayotgani xususida so‘z ochib qoldi. Shunda adib: «Ish jarayonida avvalgi rejalar o‘zgarib borayapti. Qissada lager hayotini ham qalamga olish nazarda tutilgan edi. Keyinchalik o‘ylab ko‘rsam, bu mening ishim emas ekan. Buni o‘sha voqealarning atrofida emas, ichida bo‘lgan Shayxga, Shuhratga, Said Ahmadga qo‘yib berish kerak. Mening vazifam bu yoqda — «ozodlik»da yurganlarning hayotini, ahvol-ruhiyatini ko‘rsatish. Bular boshiga tushgan ko‘rgiliklar lagerdagilarnikidan aslo qolishmaydi. Ularning qismati, dardi-dunyosi o‘zimga yaqindan tanish» degan edi.
«Zilzila»ning qog‘ozga tushgan sahifalarini sinchiklab o‘qisangiz, qissa voqealari ikki chiziq bo‘ylab, chunonchi, Sobir Salimning qamoqdagi ko‘rgiliklari hamda umr yo‘ldoshi Gulandomning «ozodlik»dagi dramalarga to‘la chigal qismati ifodasi tarzida davom etadi. Sobir Salim yo‘nalishi deyarli intihosiga yetib, asosiy diqqat-e’tibor Gulandom qismati talqiniga qaratiladi, u asardagi yetakchi syujet yo‘nalishiga aylana boradi. Qissada Gulandomning boshiga tushgan savdolar dramasi ham qahhorona yuksak bir mahorat bilan ko‘rsatilgan.
Gulandom birdan yo‘qolib qolgan erining qaerda ekani haqida uch kundan keyin darak topib u yerga ko‘rpa-yostiq eltib beradi. Mana shu oddiy xabarga berilgan sharhga qarang: «Bu yerga ko‘rpa-yostiq kirgizib yuborish o‘likning qabriga bir juft sham yoqishday oxirgi marosim, chunki u dunyodan ham, «bu dunyo»dan ham hech kim qaytib kelgan emas».
Bu sharhni o‘qib vujudingizga titroq yuguradi.
Gulandom erining qamalganini mumkin qadar yashirishga harakat qiladi, buni o‘g‘liga ham tayinlaydi. Bu oddiy xabarning izohini o‘qib ko‘ring: «bu kunlarda qamalgan odam o‘lik bo‘lsa, uning yaqinlariga o‘lim to‘shagida yotgan moxovday qaralar, ulardan hamma hazar qilar, tezroq o‘lishini, gumdon bo‘lishini kutar edi». O‘sha mash’um zamonlarda hibsga olingan «xalq dushmani» yaqinlariga bo‘lgan mudhish munosabat dahshatini bundan oshirib sharhlash mumkinmi?! Qissada biz mana shu sharhning amaldagi ko‘rinishi jonli gavdalantirilgan yorqin lavhalar bilan tanishamiz.
Mudhish munosabatning ilk oqibat-natijasi shu bo‘ldiki, bu g‘am-tashvish bir oyga qolmay Gulandomni so‘rib, kemirib, g‘ajib tashlaydi, uning nozik, chiroyli qomati, xiyol bo‘lsa ham bukchayadi, nigohiga odam bolasi tob berolmaydigan qora uchqun sochib turadigan ko‘zlari so‘nadi, yuzi so‘lib, ikki betidagi kuldirgich yo‘qolayozadi. O‘g‘li Ismat esa undan kam azob chekkani yo‘q, o‘n ikki yashar bola cholga o‘xshab qoladi...
Butun boshli bir asar yoki katta bir bobda berish, ifodalash mumkin bo‘lgan insoniy dramalar asoratini adib shapaloqdek matnga sig‘diradi.
Bular hali holva, eng keskin dramalar, fojialar, inson bolasi dosh berishi mumkin bo‘lmagan g‘ussa, ko‘rgiliklar hali oldinda. Tirikchilik qilish kerak, «Yotib yeyishga tog‘ ham chidamaydi» degan naql bor. Gulandom institutni bitirgandan keyin redaktsiyaga ishga kirgan, ammo Sobirning rashki, xarxashasidan bezor bo‘lib, ishdan ketgan, shundan beri uyda; o‘qishda bolasiga, ishda eriga yordam beradi. Endi biron ishga kirishi kerak. Uni shu damda kim ham ishga olardi...
Ana shunday mushkul damda Mirvohid, ha o‘sha Sobirning boshiga yetgan makkor Mirvohid paydo bo‘ladi. Yo‘q, u bu gal raqibining umr yo‘ldoshi qarshisida unga hamdard, maslahatgo‘y, «najotkor» sifatida gavdalanadi; jabrdiyda ayolga eri — xalq dushmani bilan orani ochiq qilishni maslahat beradi. Bu bilan ayol xalq dushmanining xotini degan tavqila’nat va malomatdan qutuladi, ishga kirib ro‘zg‘or tebratish imkoniyatiga ega bo‘ladi... Nihoyat, Gulandom shunday o‘y-xayol bilan eridan ajralishga qaror qiladi, bu haqdagi xabar gazetada chiqadi.
Qissaning eng hayajonli, dramatik lavhalaridan biri, shubhasiz, gazetada bosilgan ajralish xabarining yaqin kishilar, birinchi galda, ota o‘g‘il Ismat qalbidagi aks-sadosi tasviridir. Ismat hovliga bemavrid kirib kelar ekan, o‘sha sharmandali xabar chiqqan qo‘lidagi gazetani silkib bir nima demoqchi bo‘ladi, lekin og‘zi ochiladi-yu, tovushi chiqmaydi. Qarshisida kechirilmas gunoh — yuzsizlik qilgan bo‘lsa-da, baribir, tuqqan, tarbiya bergan onasi. Ko‘ngildagi g‘azab, alamini aytishga, to‘kib solishga tili bormay vujudi titraydi, qaqshaydi, o‘zini har yonga uradi, to‘lg‘onadi, boshi qonga belanib, jon berayotgandek xirillaydi... Gulandom es-hushidan ayrilib dod soladi. Qo‘ni-qo‘shni yig‘iladi, hayal o‘tmay voqeaning sababi hammaga ayon bo‘ladi. Qo‘shni chol Ismat qo‘lidan tushib zinada yotgan gazetani ikki barmog‘i bilan olib bir-ikki silkiydi-yu, yig‘lab yuboradi... Cholning yig‘isi tig‘iz holat dramasini oliy darajaga ko‘taradi. Bor-yo‘g‘i yuzdan sal oshiq so‘z orqali shuncha alam, iztirob, qalb tug‘yonlarini, bir emas, bir necha tirik inson xatti-harakatini bu qadar ta’sirchan ifodalash chindan-da badiiy mo‘‘jiza!..
50-yillar boshlarida talabalik kezlari gazetalarda peshma-pesh bosilib turgan shunday xabarlarni o‘qib, o‘zaro muhokama qilardik. Ayniqsa, o‘zimizga tanish «xalq dushmanlari» jufti halollarining bunday qilmishlaridan dilimiz vayron bo‘lardi. Ayni paytda universitetimiz yuqori kurs talabasi shoira Saida opaning jasoratiga qoyil qolardik, opani ham «xalq dushmani» sifatida ayblanib hibsga olingan eri Said Ahmaddan ajrashishga undashgan, ammo jasur ayol bunga aslo ko‘nmagan...
Bugun Gulandom qissasini qayta o‘qir ekanman, zamona zug‘umi avjiga mingan o‘sha kezlardagi Saida opa jasorati yodga tushadi, unga ham oson bo‘lgan emas, lekin hamma ko‘rgiliklarga chidab insonlik sha’nini saqlab qololgan. Bo‘lar ekan-ku, axir! Gulandomda mana shu noyob insoniy fazilat yetishmaydi. Oson yo‘l tanlaydi. Bu «najot yo‘li» avvalo o‘zi uchun qimmatga tushadi. Yakkayu yolg‘iz farzandi bu sharmandali xiyonatga chidolmay o‘lim izlab ketadi, insofli, diyonatli odamlar undan yuz o‘giradi. Bularning barchasini adib o‘quvchini larzaga soladigan bir tarzda butun dramalari bilan beradi.
Inson zoti hayotda, qaltis vaziyatda bir chalg‘imasin ekan, chalg‘idimi, qadam-baqadam tubanlik sari ketaveradi. Makkor, shilqim «najotkor» ko‘magi bilan Gulandom institut bufetiga ishga olinadi, so‘ng yuqori doira odamlari doirasiga tortiladi. «Otning o‘limi — itning bayrami» deganlaridek, Ismatning o‘limi, bir tomondan, Gulandomning bag‘rini tilka-pora qilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, uning obro‘yini oshiradi. Muallif shu o‘rinda: «Mirvohid har vaj bilan va har majlisda bir ilmoq topib Gulandomni ibrat qilar, uning xalq dushmanidan xalq oldida yuz o‘girganini, Gulandom tarbiyasida o‘sgan bola xalq dushmanining pushtikamaridan bo‘lib yashagandan o‘limni afzal ko‘rganini aytib, ba’an ko‘ziga yosh olar edi», deb yozadi va donishmand adib vaziyatga shunday izoh beradi: «Sobir Salimning xalq dushmani ekaniga zarracha ham ishonmagan, lekin dami ichida bo‘lgan odamlar Gulandomning qilmishiga yuzsizlik, bolaning o‘limiga esa, shu yuzsizlikning natijasi deb qarashsa ham, Mirvohidning so‘zlariga qarshi lom-mim deyisholmas edi».
Butun fojia ana shunda, bu ayrim odamlarning emas, butun bir jamiyatning fojiasi. Ko‘rib, bilib turib rost gapni aytolmaslik jamiki razolatlarning doyasi. Bundan ham yomoni, Gulandom ko‘ra-bila turib erining kushandasi — qallob, shilqim kimsa etagidan tutib eri fojiasi, o‘g‘li halokati, u haqdagi bo‘htonlar, qolaversa, o‘zining toptalgan ayollik sha’ni ustiga tikilgan zinapoyalar orqali mansab-martaba tomon intiladi, partiya safiga kiradi, raykom sekretari lavozimiga ko‘tariladi; «sovet ayoliga xos jasorat bilan botqoqdan chiqib olgan yosh kommunist» kelajakda yana yangidan-yangi mansab-martabalarga ko‘tarilishi, ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan karomatlar ko‘rsatishi tayin... Afsuski, qissa voqealari qahramon mansab-martabaning ilk zinasiga qadam qo‘yganida uzilib qoladi. Qalloblar qo‘li bilan yaratilgan, qalloblik yo‘li bilan yuqori lavozimlarga ko‘tarilgan kommunist rahbar ayol vositasida totalitar rejimning ichki ziddiyatlarini bor bo‘yicha ochish imkoniyati ko‘rinib turibdi. Keng ko‘lamli fojeiy voqea-hodisalar oldinda edi. Agar ular to‘la-to‘kis qog‘ozga tushganda bormi, «Zilzila» XX asrning noyob adabiy hodisasi bo‘lishi ayon edi. Biroq mavjud tugallanmay qolgan sahifalarning o‘zi ham o‘tgan asrning eng o‘tkir, eng fojeiy hodisasi haqida haqgo‘y adibning salmoqli haq so‘zi, badiiy ixtirosi sifatida qimmatlidir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 15-sonidan olindi.