OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodmon Otabek. Umr o‘tkinchi, xotira boqiy (2009)

Mashhur kishilar, buyuk siymolar shaxsiyatiga qiziqish barcha zamonlarda kuchli bo‘lgan. «Mashhur kishilar hayoti» turkumidagi kitoblar, xotiralar to‘plamlari ana shu ma’naviy ehtiyoj mahsuli. Buyuk bobokalonlarimizning bu boradagi faoliyati ham ibratlidir. Hazrat Alisher Navoiyning «Nasoyimul muhabbat», Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» kabi shoh asarlari memuar janrining noyob namunalari sifatida qimmatli.

Adabiyotimizda so‘nggi yillarda mazkur janrda ham ancha jonlanish kuzatilmoqda. Bu quvonchli hol, albatta. Adabiyotni qismat deb bilgan yozuvchi Shukur Xolmirzaev (Olloh rahmatiga olgan bo‘lsin) o‘ziga zamondosh, tengdosh ijodkorlar haqida turkum esse-xotiralar yozdi. Bu janrda zahmatkash olim Naim Karimov, ayiqsa, barakali ijod qilmoqda. Uning «Cho‘lpon», «Oybek», «Oybek va Zarifa» kitoblari chop etildi. Taniqli navoiyshunos olim Aziz Qayumov «Akademik G‘afur G‘ulom» nomli xotiralar kitobi bilan memuar janr ravnaqiga hissa qo‘shdi. Zarifa Saidnosirovaning «Oybegim mening», Kibriyo Qahhorovaning «Chorak asr hamnafas» nomli kitoblari muxlislar e’tiborini tortdi. Shuningdek, «Qodiriyni qo‘msab», Ozod Sharafiddinovning «Abdulla Qahhor», hayotdan bevaqt ko‘z yumgan yosh ijodkorlar haqida «Erta so‘ngan yulduzlar», Oybek, Abdulla Qahhor, Asqad Muxtor, Shuhrat, Ozod Sharafiddinov, G‘aybullo as-Salom, Tog‘ay Murod haqida zamondoshlarining xotiralari chop etildi.

Kamina ayrim zamondoshlar haqida xotira yozish maqsadida otni mendan oldinroq qamchilagan bir qator mualliflarning kitoblarni sinchiklab o‘qib chiqdim va: «Bizda xotira yozish madaniyati endigina shakllanayotgan ekan», degan xulosaga keldim. Zero, kitoblarga kiritilgan xotiralar turli saviyada yozilgan.

Xotira yozishga mas’uliyat bilan yondoshgan, qahramon hayotini yaxshi bilgan va o‘rgangan, fikr-mulohazalari, his-tuyg‘ularini ta’sirchan ifodalay olgan mualliflarning bitiklaridan, albatta, ko‘nglim to‘ldi. Men bu o‘rinda Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Ibrohim G‘afurov, O‘tkir Hoshimov, Xayriddin Sultonov, Saydi Umirov, Mirpo‘lat Mirzo, Erkin A’zam, Mahkam Mahmudov, Ortiqboy Abdullaev, Xurshid Do‘stmuhammad, Ashurali Jo‘raevning xotiralarini nazarda tutyapman. Ulardagi xarakterli chizgilar, ibratli voqealar, salmoqli fikr-mushohadalar qahramonlar suvrati va siyratini o‘quvchi ko‘z o‘ngida yorqin gavdalantiradi.

Zarifa Saidnosirovaning Oybek, Kibriyo Qahhorovaning Abdulla Qahhor haqidagi kitoblari memuar janrida voqea bo‘ldi, bu janrning hali kuzatilmagan imkoniyatlarini namoyon etdi. «Ayollar bizni baxtli qilishning bitta yo‘lini, baxtsiz qilishning esa minglab usulini biladilar», degan edi Haynrih Hayne. Zarifaxonim va Kibriyoxonim o‘sha yagona, mashaqqatli yo‘lni ongli ravishda tanlagandilar va shu asno, o‘z nomlarini ham mangulikka muhrladilar. Oybek, Abdulla Qahhor kabi atoqli adiblarimizning baxti shunday fidoyi ayollar bilan umrguzaronlik qilganida. Bunday umrguzaronlik oson bo‘lmagani, buyuklar bilan hamnafas yashashning mashaqqati, mas’uliyati, ayni chog‘da, nash’u namosi xotiralarda nihoyatda samimiy, ehtiros bilan, ta’sirchan hikoya qilingan.

Saydi Umirov ustoz G‘aybullo as-Salom haqida ehtirom va ixlos bilan yozadi: «Professor G‘aybullo as-Salom yozma nutqi ham, og‘zaki nutqi ham birdek o‘tkir, ravon, sara olim, ijodkor sirasidan edi. Yozgan so‘zi ham, aytgan so‘zi ham mag‘izli, tamizli, tishli-tirnoqli, muammoli, mantiqli, adolatli, ohanrabo yanglig‘ o‘ziga tortguvchi edi, negaki ular qomusiy bilimli, tafakkuri keng, savodi baland, imonli, e’tiqodli, axloqli, ma’naviyatli inson tomonidan aytilguchi, bitilguchi edi». Yurakdan his etib aytilgan bu samimiy e’tirof shogirdning ustoz dunyoqarashi, iste’dodi va uslubining o‘ziga xos jihatlarini nozik ilg‘ay olganini ko‘rsatadi.

Ozod Sharafiddinovning Abdulla Qahhor haqidagi xotirasi xolisligi, mulohazalarning teranligi, jo‘shqin ehtirosga yo‘g‘rilgani bois diqqatni tortadi. Atoqli yozuvchining adabiyotimiz rivojidagi ulkan xizmatlari e’tirof etilishi barobarida, shaxsiy hayotidagi qiyinchiliklar, o‘sha davrdagi rahbarlar bilan munosabatidagi ziddiyatlar ham e’tibordan soqit qilinmagan.

Ochiq aytish kerak, qalb amri bilan emas, majburiyat yuzasidan (to‘plovchi buyurtma bergani, muallif yo‘q deya olmagani bois) yozilgan yuzaki xotiralar ham talaygina. Ular ikki tomchi suvdek bir-biriga o‘xshaydi, takrorlar g‘ashga tegadi, qahramonlarning fazilatlari shunchaki qayd qilinadiki, shu bois, kitobxonni to‘lqinlantirmaydi. Xotira yurakdan, samimiy yozilsa, muallif mehru ixlosini, his-tuyg‘ularini kitobxonga yuqtira olsa, mushohadalari tosh bossa, uning o‘ziga xosligi, betakrorligi ayon sezilib turadi. Chunki har kimning o‘z Cho‘lponi, o‘z Qodiriysi, o‘z Oybegi bor.

To‘g‘ri, mundoq qaraganda, xotira yozishning aniq belgilab qo‘yilgan qonun-qoidasi yo‘qdek. Ammo xotirada ham muallifning o‘quvchiga aytadigan muhim gapi bo‘lishi kerak. Ayni chog‘da muallif o‘z qahramoni shaxsiyati, ijodiyoti, u yashagan davr, adabiy muhit haqidagi ohorli, dadil, salmoqli fikr-mulohazalarini kitobxon hukmiga havola etsagina maqsadga erishadi.

Mustaqillikdan ilgari yozilgan xotiralarda o‘sha davrdagi hukmron mafkura ta’siri yaqqol seziladi. Mualliflar ko‘nglidagi gapni ochiqroq yozolmas, tarozining bir pallasiga qahramonning sho‘rolarga qanchalik sadoqat bilan xizmat qilgani qo‘yilar edi. Balki o‘sha nosog‘lom muhit sabab bo‘lgandir, 1979 yili chop etilgan «Oybek zamondoshlari xotirasida» kitobining (Aziz Qayumov, Saida Zunnunova, Nosir Fozilov xotiralarini mustasno etganda) saviyasi nochor, yuzaki edi. Hatto taniqli adiblarning bu kitobdagi xotiralari ham talab darajasida emasdi. Zamona zayli bilan bu xotiralar eskirdi. Afsuski, endi ularni qayta tiklab, yangilab bo‘lmaydi. Oybekni ko‘rgan-bilgan avlod o‘tdi hisob. Demak, xotira yozish sira kechiktirib bo‘lmaydigan, dolzarb, xayrli ish.

Zamondoshlar Oybek shaxsiyatiga juda yuksak baho berganlar. Ustoz Ozod Sharafiddinov uni «Millatni uyg‘otgan adib», deb ta’riflagan. Demak, Oybek haqidagi xotiralar kitobi ham bu ulug‘ siymoning o‘lmas qiyofasiga monand ma’naviy obida darajasida bo‘lmog‘i lozim edi.

Tog‘ay Murod haqida chop etilgan xotiralar kitobi esa, mustaqillik epkinidan dadillanib, emin-erkin yozilgani bois, birmuncha jonli, mazmunli chiqqan. Ayrim xotiralar (masalan, Vafo Fayzulloning maqolasi) qamrovning kengligi, teranligi tufayli mustaqil risola darajasida. Adabiyotshunoslik hali uning ijodini to‘la tahlil etib bergani yo‘q. Balki bu ishni endi yangicha fikrlaydigan, adabiyotga yangicha nigoh bilan qaraydigan avlod uddalar. Ezgulikning kechi yo‘q.

Xotiralarning ko‘ngildagidek chiqmayotganining sabablari ko‘p. Shulardan biri o‘zbekona andisha. Shu o‘rinda ustoz G‘aybullo as-Salomning «Evoh, o‘zbek bo‘lish naqadar og‘ir!..», degan iqrori yodga tushadi. Xotira mualliflari o‘z qahramonlarining ayrim qusurlari, insoniy ojizliklarini tilga olishdan iymanadilar. Mabodo shunday qilsa, qahramonning bola-chaqalari, qarindosh-urug‘lari janjal chiqaradigandek tuyuladi. Natijada sip-silliq yozilgan xotirada qahramonning siymosi o‘z-o‘zidan biryoqlama talqin etiladi, ideallashtiriladi, hayotiylikdan, haqqoniylikdan mahrum bo‘ladi. To‘g‘ri, andisha, odob kerak, faqat u me’yorida bo‘lgani, xolislikka monelik qilmagani ma’qul. Shu o‘rinda mustaqillikdan ilgari yigirma yil O‘zbekistonni boshqargan rahbar, yozuvchi Sharof Rashidov shaxsiyatining xotiralarda aks etishi masalasi yodga tushadi. Albatta, Rashidov o‘z davrining farzandi edi. Uning xizmatlari, qusurlari, avvalo, shu bilan izohlanadi. Ayni chog‘da, uning Abdulla Qahhor, Mirzakalon Ismoiliy, Shuhrat kabi atoqli yozuvchilar bilan munosabatlari murakkab bo‘lgan. Bu haqdagi turli mish-mishlarga chek qo‘yish uchun ham ushbu masalaga aniqlik kiritish zarur edi. Ozod Sharafiddinov bu borada ochiq, xolis yozishga jur’at etolgani ibratlidir.

Xotiralardagi yana bir kamchilik — fikr qashshoqligi, jur’atsizlik va ortiqcha ehtiyotkorlik. Ayrim mualliflar ayon ko‘rinib turgan haqiqatlarni aytgisi kelmaydi, zamon allaqachon joy-joyiga qo‘yib qo‘ygan masalalarni tilga olishga jur’at qilmaydi. Natijada bunday xotiralar kemtik bo‘lib qolaveradi.

Ma’lumki, sho‘rolar zamonida ko‘plab atoqli, taniqli adiblarimiz muttasil siyosiy tazyiqlar iskanjasida yashab ijod etishgan, vaqti kelganda zamonasozlik ham qilishgan, qizil mafkurani sharaflab asarlar yozishga majbur bo‘lishgan. O‘rtamiyona va undan pastroq asarlar shu holatning oqibati. Bu faktdan ko‘z yumish, ularni tilga olmaslik mumkin emas. Afsuski, e’lon qilinayotgan xotiralarda masalaning bu jihatiga e’tibor qilinmayotir.

Ko‘zga yaqqol tashlanadigan yana bir nuqson — qahramonlarning sho‘ro zamonida ko‘p aziyat chekkaniga haddan ziyod urg‘u berishdir. Bunday xotiralarda muallif qahramonlarini jabrdiyda qilib ko‘rsatishga moyil bo‘ladi, ularning xizmatini sho‘rolar qadrlamagani, unvonlar, mukofotlar bermaganini fojea sifatida talqin etadi. Bu bilan muallif o‘z qahramonini ulug‘lash o‘rniga kamsitib, yerga urayotganini sezmaydi. Axir, yozuvchi mukofot uchun, unvon uchun yozmaydi-ku! Asar, avvalo, kitobxon uchun yoziladi. Kitobxonning ko‘ngliga yo‘l topish yozuvchining asosiy maqsadi emasmi?

Adabiyotning zaminida haqqoniyat, samimiyat turishi lozim. Bu fikr xotiralarga ham to‘la taalluqli. Agar xotiralarga zarracha yolg‘on aralashsa, sezgir o‘quvchi buni darrov payqaydi, hafsalasi pir bo‘ladi. Afsuski, ayrim xotiralarga uydirma aralashib qolyapti.

Hurmatli adibimiz Said Ahmad (Olloh rahmatiga olgan bo‘lsin) Abdulla Qahhor haqidagi xotirasida o‘zining «Ufq» romani muhokamasi haqida to‘xtalarkan, shunday yozadi:

«Muhokama majlisiga tabiatim tirriq bo‘lib bordim.» (Abdulla Qahhor unga: «ToshDUning filologiya fakultetida romaningizni muhokama qilishmoqchi. Bir-ikki qitmir olimchalar romanni yo‘qqa chiqazishmoqchi, hushyor bo‘ling», deganmish. Bu gapga ishonish qiyin). «Uch-to‘rt kishining romanni badnom qilish uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rgani bilinib turardi...», «Zal to‘la odam. Studentlar ham, o‘qituvchilar ham ko‘p... Studentlar shovqin ko‘tarib, muhokamani Abdulla Qahhor boshlab bersin, degan takliflar tushdi. Fakultet dekani Abdulla Qahhorga so‘z berishga majbur bo‘ldi...», deb yozadi xotira muallifi. 1964 yili bo‘lib o‘tgan bu uchrashuvda biz – filologiya fakultetining birinchi kurs talabalari ham qatnashgan edik. Bunday gaplar bo‘lmagan! Shovqin ko‘tarish, qandaydir talablar qo‘yish xayolimizga ham kelmagan. Biz — qishloqdan kechagina kelgan yoshlar juda tartibli, odobli edik. Xotirada yozilganidek, Abdulla Qahhorga tazyiq ostida uchrashuv boshida emas, oxirida, hurmat-ehtirom bilan so‘z berilgan. Uchrashuv risoladagidek, maroqli, ko‘ngilli o‘tgan.

Mavridi kelganda yana bir mulohaza: «Mashhur kishilar hayoti» (ayrim hollarda «Ajoyib kishilar hayoti») turkumidagi kitoblar hozircha bunday turkum talablariga javob bermaydi. Gap faqat kitoblarning yozilish saviyasidagina emas. Ushbu kitoblar, asosan, adabiyotshunos olimlar tomonidan yozilmoqda. Balki, shu boisdanmi, ularda yozuvchining asarlari tahliliga ko‘proq o‘rin ajratilmoqda, kitobning ko‘p sahifalari ilmiy risolaga o‘xshab ketadi. Vaholanki, janr talabiga ko‘ra, bunday kitoblarda qahramonning o‘ziga xos shaxsiyati muallifning diqqat markazida bo‘lishi, asari haqidagi fikr-mulohazalar ham qahramon siymosini ochishga yo‘naltirilishi lozim. Jahon adabiyotida bu janrning ajoyib, betakror namunalari shu yo‘sinda yaratilgan.

Modomiki, bunday turkum hozircha adabiyotshunos olimlar tomonidan yozilayotgan ekan, mualliflar yozuvchilik salohiyatiga ega bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Negadir iste’dodli, taniqli adiblarning bunday sharafli, mas’uliyatli yumushga qo‘l urgilari kelmayotir.

Umr o‘tkinchi, xotira boqiy. Taniqli, tabarruk, buyuk siymolar haqida zamondoshlar xotira yozishga burchli. O‘z davrida Lermontovning qotili Martinov ham zamondoshlarining tazyiqi ostida o‘zi o‘ldirgan shoir haqida xotira yozishga majbur bo‘lgan.

Afsuski, bizda xotira yozish, kundalik tutish an’anasi bo‘lmagan. Shu bois, juda ko‘p mashhur, buyuk kishilarning shaxsiy hayoti haqidagi tasavvur va tushunchalarimiz juda g‘arib. Olis moziyni qo‘ya turaylik, biz yaqin o‘tmishda yashab o‘tgan shoirlar — Furqat, Muqimiy, Zavqiylar haqida juda kam narsa bilamiz. Qatag‘on yillarining qurbonlari — Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon, Usmon Nosirning fojealarga to‘la hayoti ham ko‘p jihatdan bizlarga qorong‘u. Yashin, Uyg‘un kabi ularni yaxshi bilgan zamondoshlari xotira yozishmadi... Avlodlar bundan o‘zlariga tegishli saboq chiqarib olishlari kerak, albatta.

Ulug‘larimizning nurli siymosini ko‘nglimizga yaqin qiluvchi xotiralarning juda katta ma’rifiy, amaliy ahamiyati bor. Xotiralarda kitobxon bironta darslik yoki qo‘llanma, risolalarda uchramaydigan noyob dalillar, g‘aroyib voqea-tafsilotlarni o‘qiydi. Ayrim bahsli, chalkash masalalarga aniqlik kiritilganidan, shoh asarlar qanday yaratilganidan xabardor bo‘ladi. Adabiyotga ixlosi ortadi. Millatning asl farzandlari bilan faxrlanish tuyg‘usi shakllanadi. Faqat xotiralar o‘qilsa va o‘qishli qilib yozilsa...

Hozir urf bo‘lgan ommaviy madaniyatga andarmon yoshlarning aksariyati televizorda bir-ikki marta chiqish qilgan xonandani, kinoda ikki-uch marta rol o‘ynab qo‘ygan aktyorlarni, futbol yulduzlarini yaxshi biladi, ularga qiziqadi, ammo Asqad Muxtorni, Mirtemirni bilmaydi. Bilishga ham intilmaydi. Qatag‘on azoblarini boshidan kechirgan Shuhratning yosh ijodkorlarga, qalam ahliga, odamlarga qanchalar yaxshilik qilganidan, g‘amxo‘r, mehribon inson bo‘lganidan xabarsiz. Chunki u haqdagi xotiralarni o‘qishmagan, ular kitobdan yiroqlashgan.

Boqiy, noyob qadriyat hisoblanmish xotira ana o‘sha ma’naviy bo‘shliqni to‘ldirishga xizmat qiladi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 37-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.