Nizom Komilovni ilk ko‘rgan kishi: “Shoir bo‘lsa kerak”, deb o‘ylaydi. Ikkinchi bora ko‘rganda: “Mumtoz adabiyot bo‘yicha olimu fozil odam”, degan xulosaga keladi. Yana bir marotaba suhbatlashsa: “Zamonaviy she’riyatning katta bilimdoni, bekin, beg‘araz, sofdil va mehrparvar bir munaqqid bilan tanishib qoldimmi?”, degan xayolga boradi.
Yigirma-o‘ttiz yillar avval u kishini bilmagan, tanimagan talaba-shoirlar, boshqa ijodkorlar — hammamiz shunday holatlarga tushganmiz. Yigirma-o‘ttiz yillar avval gurillagan adabiy davralarda she’r aytib hammamizni hayratlantirgan, xayrixohligi ham noyob talantday barchamizga ta’sir etgan, adabiyotga ishonchimizni mustahkamlashga yordam bergan. Birovlarning she’rini mehr bilan, sidqidildan xursand bo‘lib aytib yurishni shu akamizda ko‘rganmiz.
Bu gaplarning hammasiga ustoz Abdulla Oripovning e’tirofini zarchopon qilib kiydirish mumkin: “Nizom Komilov — she’riyatni ruhan, qalban his etadigan, tushunadigan kamdan-kam insonlardan biri”.
G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotning yo‘laklariyu devorlariga til bitsa agar, Nizom akaning ovozi bilan qanchadan-qancha g‘azallaru muxammaslarni aytgan bo‘lardi. Ishxonaga ertalab she’r bilan kirib kelib, oqshom she’r aytib chiqib ketadigan shtatsiz shoir ham Nizom aka bo‘lgan. Yo‘lakdan she’rning qiroati eshitilsa agar, nashriyotning nazmiy malikasi Nazmixon opa: “Ana, Nizom aka kelyaptilar”, deya darhol nasriy tahlikaga tushgan.
Navoiy ko‘chasi, G‘afur G‘ulom nashriyoti. Qancha ulug‘ zotlarning izlari qolgan, ne-ne ustozlarning tovushlari yangragan aziz ma’vo. Beixtiyor Abdulla akaning bir davrada aytib berganlari, hali bitkazilmagan “Navoiy ko‘chasi” nomli dostoni yodga keladi. Rindona qiyofali bir mutarjim kishi ham shu oraliqda so‘z izlab yurganday tuyuladi.
Har xil zotlarning turli qiyofalari, fe’lu atvoriyu turfa xatti-harakatlaridan Nizom akaga uyqashlik izlayman. Muhammad Yusuf u kishini yaxshi ko‘rardi, Nizom aka ham Muhammad Yusufni yaxshi ko‘radi. Tasavvur qilish mumkin: rahmatli shoirimizga umr vafo qilib, yetmishga kirganida, xuddi hozirgi Nizom akaning o‘zginasi bo‘lib qolardi. Chapanife’lligi, she’rparastligi uchun Rasul Hamzat bobo ham yaxshi ulfat sifatida o‘z davrasiga qabul qilib, o‘ng yonboshidan joy berishi mumkin edi. Va albatta, Gurjistonning ulug‘ adibi Nodar Dumbadze bu kishi bilan aka-uka tutinib, qo‘llariga sharob to‘la shohqadahni tutqizgancha, boshlariga qofqozcha cho‘girmak, yelkalariga keng qanotli uzun gurji chakmonini kiydirgan bo‘lardi. Nizom aka, batono Nizom Komil!
Tarjimonlik, adabiy mutarjimlik, kasb yo hunar emas, bu san’at, mehr va mahorat, muhabbat, iztirobdir. Nizom akamiz misolida biz qismatga aylangan mutarjimlikni ham ko‘rib turibmiz. Rus shoirasi Bella Axmadullinaning: “Mutarjimlik — bir insonning ikkinchi insonga muhabbatidir”, degan ta’rifi bor. Bunga adabiyotga muhabbat ham qo‘shilsa, tarjima qilingan kitob haqiqiy ma’noda san’at asariga aylanadi.
“Tafakkur” jurnalining shu yilgi 2-sonida Nodar Dumbadzening Nizom Komilov tarjimasida “Ko‘rnamak” nomli hikoyasi chop etildi. Tarjimon og‘amizning hikoya oldi berilgan izoh so‘ziga e’tibor qiling: “Adabiyot qiziq narsa-da! Yaxshi yozuvchi yoki yaxshi bir asar, oradan qancha yil o‘tmasin, ohanrabodek o‘ziga chorlab turaveradi. Men uchun ana shunday adiblardan biri — Nodar Dumbadze. Ehtimol, uning bir necha asarini (“Abadiyat qonuni”, “Oq bayroqlar”, “Kukaracha”, “Hellados”) o‘zbek tiliga o‘girganim tufayli bu yozuvchiga asir bo‘lib qolgandirman. Dumbadze dunyodan o‘tganiga chorak asr bo‘lyapti, lekin u menga hamon g‘oyibona hamroh, suhbatdosh. 1995 yili adibning “Hellados” hikoyasini tarjima qilganimdan so‘ng “Bo‘ldi endi, Dumbadzeni tinch qo‘yaman, ortiq bezovta qilmayman”, deb o‘zimga so‘z bergan edim. Bo‘lmadi. Oradan o‘n ikki yil o‘tib, yana uning “eshigi”ga bosh urib bordim...”.
Insonning insonga, adabiyotga muhabbati shunaqa bo‘ladi.
Birovlarning ko‘nglida boshqalarga nisbatan nafrat qo‘zg‘otish, yomon taassurot qoldirish juda oson, biroq boshqalar, hatto butun boshli millat haqida ezgu tuyg‘ular, insoniy mehr-muhabbat uyg‘ota bilish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Bu olijanob ishni amalga oshirishda adabiyotning roli va ahamiyati naqadar beqiyos ekanligiga jahon madaniyatida misollar talaygina. Nodar Dumbadzening yuqorida tarjimon o‘zi aytib o‘tgan asarlarining o‘zbek tiliga qoyilmaqom tarjima etilishi — shak-shubhasiz katta voqea bo‘ldi. Bu asarlarning keng kitobxonlar ommasi tomonidan chanqoqlik bilan kutib olinishi, avvalambor, adabiyotsevar elimizning nozik didini namoyon etsa, ikkinchidan, mutarjimning yuksak mahoratidan dalolatdir.
Yozuvchi akamiz Erkin A’zamning “Tafakkur” jurnali jamoasi nomidan Nizom Komilovning yetmish yoshga to‘lishi munosabati bilan bildirgan qutlovida shunday so‘zlarni o‘qiymiz: “O‘n to‘rt yillik tarixi mobaynida jurnalimizda e’lon qilingan o‘nlab eng sara nasr javohirlarining mohir tarjimoni Nizom Komilov bo‘ladi. U kishi o‘zbek tilida jaranglatgan asarlarni o‘qib, “Ana endi buni qayta asliyatga o‘girmoq kerak!” deya tan bermasdan ilojingiz yo‘q”.
Shu tufayli Nodar Dumbadze bizga o‘z og‘amizday aziz va qadrli bo‘lib qoldi, uning qahramonlari Bachana, Mariya, Kukaracha, Jamol va Yangulilarni o‘z aka-uka, opa-singillarimizdek yaxshi ko‘rib qoldik. “Abadiyat qonuni” romani asosida suratga olingan ko‘p qismli videofilm O‘zbekiston televideniesi orqali namoyish etilgan kunlarda odamlar keyingi oqshomni intiqlik bilan kutganlari, taniqli san’atkorimiz Erkin Komilov bir necha muddat xalq orasida “batono Bachana” nomi bilan mashhur bo‘lib yurganlari hali yodimizda.
“Hellados” — Nodar Dumbadzening eng go‘zal, dardli hikoyalaridan biri. Uni muxtasar qilib or-nomus, g‘urur, Vatan haqida jozib va mungli qo‘shiq, deyish mumkin. Bu so‘z — “Ellada” — gruzin tuprog‘ida unib-o‘sgan grek farzandi Yangulining ko‘kragida naqsh etilgan.
“— A’zoyi badanim jimirlashib ketdi. Bunaqa so‘zlarni umrimda birinchi marta eshitayotgan edim.
— Bu nima bo‘lmasa? — Men Yangulining ko‘kragini ochib, baland ovozda o‘qidim: — Hellados.
— Bu — naqsh, Jamol. Vatan — ichkariroqda, naqd yurakning o‘zida! — Yanguli qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi”.
Nizom akamizning so‘zga, badiiy asarga ishqi, muhabbati ham shunday — ichkariroqda, naqd yurakning o‘zida.
Yuqorida og‘amizning shoirligiga, shoirona raftorlariga andak ishora qilib o‘tgan edik. Darhaqiqat, u kishining gazal o‘qishlari, she’ru she’riyatni sevishlari, gohi-gohi jununvash nazmiy holatlari uncha-muncha odamni she’rparast qilib qo‘yadi. Bir kuni qo‘ng‘iroq qilib, hol-ahvol so‘rashib bo‘lganimdan so‘ng, “Nima qilib yuribsiz o‘zi, mana bu g‘azalni eshitsangiz-chi?!”, debon hazrat Navoiydan ikki baytni o‘qib berdi:
— Junun vodiysig‘a moyil ko‘rarmen
joni zorimni,
Tilarmen bir yo‘la buzmoq
buzulg‘an ro‘zgorimni.
Falak bedodidin garchi meni
xokiy g‘ubor o‘ldum,
Tilarmen topmag‘aylar
to‘tiyolig‘qa g‘uborimni.
Ko‘rdingizmi g‘azalni! G‘azal mana shunaqa bo‘ladi. Sizdan iltimosim shunga bir muxammas bog‘lasangiz...
Ichimda: “Hazrat boboga muxammas bog‘lash oson ekan-da...”, deb turgan bo‘lsam-da, taklifni qabul qilganimni, urinib ko‘rishimni aytdim. Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas behalovat akamiz yana sim qoqdi:
— Qanaqa odamsiz o‘zi? Qag‘larda yuribsiz? Muxammas bitdimi? Shunday she’rni eshitib olib, jimgina yurganingizga hayronman, — deya o‘sha g‘azalning ikki bayti bilan yana mening ichimga cho‘g‘ tashlab qo‘ydi:
Demang qay sori azm etkung,
manga yo‘q ixtiyor, oxir
Qazo ilgiga bermishmen inoni ixtiyorimni.
Tugandi ashki gulgun,
emdi qolmish za’faroniy yuz,
Falak zulmi badal qildi
xazon birla bahorimni...
Men va’da berganim muxammasim hali Hirot — Termiz — Shoshni yo‘lida, bahormi, kuzdami — qachon yoziladi bilmadim, biroq havoda she’riy kayfiyat ufurib turgan sog‘inchli kunlarning birida biz boshqa bir muxammasni o‘qimoqqa muyassar bo‘ldik. Bu Nizom Komilning Muqimiy boboning mashhur g‘azaliga bog‘lagan muxammasi edi. Ko‘ngil bir yorishdi-ey!
Soqiyo, to‘ldir qadah, bir o‘ltirib aylay duo,
Shoh bo‘larmish ichsa har kim ham qashshoq, gado,
Kulma aslo ko‘hna dardim bedavodin bedavo,
Navbati jomim to‘la quyg‘il karamdin, soqiyo,
Har qadamda to qilay yuz lag‘zishu mastonaman.
Mayli, so‘y, o‘ldir meni,
kam bo‘lsa shuncha ohu zor,
Dorga osgil, o‘tga tashla,
ko‘zga dunyo tangu tor,
Men na shoir, na jahongir,
bir mutarjim xokisor,
Mulki Hindu Marvdin
kelsam topardim e’tibor.
Shul erur aybim Muqimiy
mardumi Farg‘onaman.
Izohga o‘rin bo‘lmasa kerak. Zahmatkash akamizning uyg‘oq ko‘nglini sharh etmoqqa ehtiyoj yo‘q: olim desangiz — olimona, shoir desangiz — shoirona, har bir so‘z dil toridan chertib-chertib olingan — ham sharqona, ham mutarjimona. Mavlono Jaloliddin Rumiy bobomiz ham xo‘b aytgan ekanlar: “Oqilu oriflar ichra birma-bir, Aylanarkan dil misoli tarjimon”.
Elning oqilu oriflari aro Nizom akaning o‘z nomi, obro‘-e’tibori bor. Muhtasham qasrlarimiz, osmono‘par ayvonlarimiz qatorida mutarjim akamizning yigit umrini sarflab, hayotning rohat-farog‘atidan kechib, qalb qoni, ko‘z nuri, cheksiz-cheksiz zahmatlar, orzu va iztiroblardan tiklagan o‘z imorati bor: tarjima deyishga til bormaydi — go‘zal-go‘zal asarlariyu mehru muhabbatga to‘la yetmish yillik sermazmun, nurli, shukuhli umri. Bu tomoni ham bardamlik bila bardavom bo‘lsin, deymiz.
Rahmatli Muhammad Yusufdan Nizom akaga bag‘ishlangan bir she’r esdalik qolgan: “Biz tilmochsiz bir-birimiz tushungaymiz, sharob ichmay aka-uka tutingaymiz”. “Abadiyat qonuni” romanining xotimasida esa shunday bir parcha bor: “Bachana suratni stolga tashladi... Birdan dunyo ko‘ziga qorong‘u ko‘rinib ketdi... Yuragi bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolgan Bachana o‘rtoqlaridan birontasiga qo‘ng‘iroq qilib, dardlashish niyatida telefon trubkasiga qo‘lini uzatdi. Ammo bironta ham raqamni eslay olmadi, hatto birorta do‘sti bor-yo‘qligiga ham aqli yetmay qoldi...”.
Nizom akaning yana bir davlati shundaki, u kishining do‘stu yori, birodar qadrdonlari, azizlariyu yaqinlari behad bisyor, yana shuncha chiroyli asarlarga hammamizni do‘st qilib qo‘yganlari tahsin-tasannolarga loyiq. Muxammasga qarzligimizni yodda tutgan holda, hozircha jaydari barmoq vazni bilan xokisor akamizni muborakbod etamiz:
Hijron bo‘ldi mening oshu g‘izom, aka,
Qalb bilandir doim bahsu nizom, aka,
Men qalb desam —
qirq chayqalib, qirq qalqdingiz,
O‘z qalbidan rizoyu norizom, aka.
Oyu yillar doim shundoq ayqash-uyqash,
Bu dunyoda o‘zi yo‘q intizom, aka.
Ne bo‘lsa ham yuz yoshgacha sog‘ bo‘lgaysiz,
Ko‘ngillarning tarjimoni Nizom aka.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 49-sonidan olindi.