Maqolamiz qahramoni — hamkasbimiz Ahmad aka hayot bo‘lganida, mana shu saxovatli kuz kunlarida uning 90 yilligini birga nishonlagan bo‘lardik. Qutlug‘ sanaga atigi uch oy qolganida u bu foniy dunyoni tark etdi...
Ahmad akani o‘ylaganimda, o‘zim shaxsan shohid bo‘lgan yarim asrlik hayot yo‘li, nozik tabiati, ushalgan va ushalmay qolgan orzu-armonlari birma-bir ko‘z oldimdan o‘ta boshlaydi. Ahmad akaning ota-onalari Toshkentning tagli-joyli, palagi toza, mehnatkash fuqarolaridan bo‘lgan. Bu oilada yetti o‘g‘il, bir qiz voyaga yetgan. Ularning barchasi el-yurt xizmati va ardog‘iga sazovor farzandlar bo‘lib yetishdi.
Shaxsan o‘zidan eshitib edim, yaqinlari ham tasdiqlashdi: Ahmad aka rasmiy hujjatlarda qayd etilganidek, 1919 yili emas, 1917 yilning tahlikali kuz faslida dunyoga kelgan ekan. Bolalik, o‘smirlik, xususan, o‘quvchi-talabalik davri o‘tgan asrning eng fojiali 20 — 30-yillari kechgan. Otasining shahardagi savdo do‘koni, Do‘rmondagi kattagina yer-suvlari, uy-joylari tortib olingan. Bu xil moddiy yo‘qotishlar ustiga o‘smirligidan she’rlarini yod olgan Cho‘lpon, Botu, Elbek, Usmon Nosir, romanlarini qo‘ldan qo‘ymay o‘qigan Qodiriy ustidagi ta’qibu tahdidlar uni alamli o‘ylarga toldirgan. Ammo bu hol Ahmadjon qalbidagi adabiyotga bo‘lgan mehrni so‘ndirolmadi. O‘n to‘qqiz yoshida pedagogika institutiga o‘qishga kirdi, M. Shayxzoda, H.Sulaymon ma’ruzalari uning so‘z san’atiga bo‘lgan shaydoligini yanada oshirdi; o‘qib turib tayyorlov bo‘limida muallimlik qildi, o‘qishni tugatib olti yil davomida maktabda adabiyotdan dars berdi.
1946 yildan uning jurnalistlik faoliyati boshlandi. Dastlab bolalar gazetasida, so‘ng respublika radiosi, partiya jurnali, davlat nashriyotida ishladi. O‘sha kezlari uning Hakim Nazir, Hibziddin Muhammadxonov, Sharif Yusupov bilan bir umrga hamkoru hamdo‘stligi boshlandi, qalami qayraldi. So‘ng aspiranturada ta’lim oldi. Ustoz Izzat Sultonov rahbarligida Abdulla Qodiriyning tarixiy romanlari mavzuidagi nomzodlik dissertatsiyasi ustida tadqiqot olib bordi. Qodiriy va uning safdoshlari endigina rasman oqlangan, ijodiy merosi xalqqa qaytarila boshlangan kezlari Qodiriy romanlari mavzusiga qo‘l urish, boz ustiga, buyuk adib haqidagi haq gapni aytish qaltis bir ish edi. Garchi mustabid tuzum kishanlari parchalana boshlagan bo‘lsa-da, Abdulla Qahhor iborasi bilan aytganda, “kult davri qoqib ketgan temir qoziq atrofidan yiroq ketish” qiyinchilik bilan kechayotgandi. Shunday bir vaziyatda dissertant dadil ishga kirishdi. Jarayon u kutgandan ko‘ra ham murakkabroq, mashaqqatliroq kechdi. Keyinchalik bitgan xotiralarida muallif bular haqida batafsil hikoya qilib bergan. “Qirq yillik hayotim davomida chekkan zahmatlarim tarozining bir pallasiga, to‘rt yillik tadqiqotim tufayli boshimga tushgan savdolar yuki ikkinchi pallasiga qo‘yiladigan bo‘lsa, shubhasiz, ikkinchi palla bosib ketardi”, — deya yuragini ochgandi bir gal Ahmad aka afsus-nadomat bilan. Ayni paytda, u so‘zida davom etib: “Shukrkim, adolat tantana qildi. Dissertatsiya himoyasi va, ayniqsa, nomzodlik diplomini qo‘lga olgan chog‘dagi holatimni ifodalashga tilim ojizlik qiladi. O‘sha daqiqalar qirq yillik umrimdagi baxtli damlarimning cho‘qqisi bo‘lgan” degandi.
Haqiqat osonlikcha yuzaga chiqqani yo‘q, sog‘lom kuchlar qat’iy turib dissertantning yonini oldi: rasmiy opponentlar I.Mo‘minov bilan O.Sharafiddinov, Oybek, M.Avezov, H.Abdullaev, Ya.G‘ulomov, X.Sulaymonova, Hamid Sulaymon, A.Qayumov kabi allomalar bu mas’uliyatli damlarda unga tayanch bo‘ldilar.
Qodiriy haqidagi ilk dissertatsiya muallifi sifatida A.Aliev nomi ilmiy-adabiy jamoatchilik og‘ziga tushdi. O‘sha kezlari adabiyot ilmidagi sog‘lom kuchlarni atrofiga yig‘ish payida yurgan Milliy universitetimiz o‘zbek adabiyoti kafedrasi mudiri professor G‘ulom Karimov Ahmad akani kafedraga ishga taklif etdi. Bu taklifga u bajonidil rozilik bildirdi va tez orada kafedraning “o‘z odami”ga aylandi. O‘ttiz yildan oshiq shu qutlug‘ maskanda sidqidildan xizmat qildi. Universitetda u mohir pedagog bo‘lish barobarida, yaxshigina tashkilotchilik qobiliyatini ham namoyon etdi, bir necha yillar filologiya fakulteti kechki va sirtqi bo‘limiga dekanlik qildi, muayyan muddat universitet prorektori vazifasini bajardi. O‘sha kezlari o‘zbek va rus filologiyasi, jurnalistika ixtisosliklarini o‘z ichiga oluvchi mazkur bo‘lim butun boshli institutni eslatardi. Bu bo‘limdagi jo‘shqin ta’lim-tarbiyaviy hamda ijodiy muhit kunduzgisidan aslo qolishmasdi, adabiy uchrashuvlar, bahslar mudom davom etardi...
Pedagoglik, rahbarlik ishlari bilan barobar Ahmad aka G‘ulom Karimov taklifiga ko‘ra, Qodiriy safdoshlari ijodiy merosi bo‘yicha ko‘lamli tadqiqot ishlariga kirishdi. Behbudiy, Cho‘lpon, Fitrat, G‘ozi Yunus, Botu, Elbek hayoti va ijodiga oid boy material to‘pladi; kuzatish, mulohaza va muhokamalarini baholi qudrat qog‘ozga tushirishga harakat qildi. Birin-ketin “Abdulla Qodiriy”, “Ijod va izlanishlar”, “Adabiy meros va zamonaviylik” kitoblarini, vaqtli matbuotda esa yuzlab maqolalarini e’lon etdi. Ular tevaragida bahs-munozaralar ham bo‘lib o‘tdi, goh adolatli, goh adolatsiz gaplar ham aytildi. Ahmad aka ehtirosga moyil, bir oz qiziqqon, ayni paytda, tanti odam edi. Adolatsizlikka duch kelganida, adabiy-ilmiy hayotdagi munofiqlikni ko‘rganida toqati toq bo‘lib o‘zini qo‘yarga joy topolmas, muhokamalar chog‘i muxoliflari yuziga ko‘nglidagi bor gapni shartta-shartta aytaverardi. Ayniqsa, Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat sha’nini toptashga qaratilgan hamlalarga aslo toqat qilolmasdi. Ayni paytda, o‘zining haddi, imkoniyatlarini ham yaxshi bilardi, asarlari haqida aytilgan asosli tanqidiy mulohazalarni mardona tan olardi. “Men Ozod yoki Matyoqub emasman. Ular tanqidchilik bobida noyob talant egalari. Men esa ular yo‘lini tutgan shunchaki shogird, adolat fidoyisiman. Afsus, dilimdagi gaplarni ularchalik qoyil qilib aytolmayman. Buni yaxshi bilaman. Lekin menga bir narsa taskin beradi: adolat yo‘lida ular safida turganim uchun faxrlanaman” degan gaplari hech esimdan chiqmaydi.
Dekanlik lavozimidan ozod bo‘lib olgach, ayniqsa, nafaqaga chiqqanidan keyin, u butunasi o‘zi tanlagan asrboshi adabiyoti ummoniga sho‘ng‘ib ketdi. Ishchilar shaharchasidagi hovlisi etagiga o‘zi uchun maxsus uy soldirib ertadan kechgacha qo‘lyozmalarni titkilash, qadrdon mashinkasini betinim chiqillatish bilan shug‘ullandi. Yoz oylarini Do‘rmondagi yozuvchilarning ijod uyida o‘tkazar, bolalik yillari kechgan otameros mulk nafasi ufurib turgan bu maskanda u yayrab dam olar, keksaligiga qaramay bog‘dagi hovuzda yigitlardek g‘avvos bo‘lib suzar, do‘stlar ila maroqli suhbat qurar, ilhom bilan ishlar, binobarin, mashinkasini tinimsiz chiqillatardi.
Uning, ayniqsa, bir xislati hammani lol qoldirardi. U chindan ham san’at shaydosi edi. Turg‘un Alimatovga ixlosi nihoyatda baland bo‘lgan, xonadonidagi to‘y, ulfatgarchilik gurunglari usiz o‘tmasdi, mohir sozanda tanbur yoki satoda maqom kuylarini yangratganida bamisoli junun holiga tushardi, o‘zi ham dutorda yaxshigina mashqlar chalardi. O‘z xonadonigina emas, qarindosh-urug‘lari, yaqin do‘stlari davrasidagi, jumladan, Do‘rmondagi xos o‘tirishlarga ham Turg‘un akani taklif etar, ulug‘ sozanda esa do‘stining istagiga bajonidil rozilik bildirardi.
Tinimsiz mehnat, ilmiy izlanishlar samarasi o‘laroq saksondan oshganida olimning “Ma’naviyat, qadriyat va badiiyat” nomli salobatli kitobi dunyoga keldi. Uni muallifning istiqlol yillarida ushalgan orzu-armonlari shukronasi, hayot, ilmiy ijod bobidagi izlanishlaridan chiqargan xulosalari deb atash mumkin. Kitob munosib taqdirlandi, taniqli jurnalist olim Boybo‘ta Do‘stqoraev “Jahon adabiyoti” jurnalida e’lon etilgan maqolasida uni “umrni uzaytiruvchi farzand” deb baholadi.
Bunday bahoga ilova tarzida yana shularni qo‘shish mumkin: Ahmad akaning sadoqatli rafiqasi Munira opamiz bilan 60 yillik totuv umr yo‘lidan yorqin yodgorlik bo‘lib ota kasbini davom ettirayotgan yolg‘iz farzandi Gulchehra va u orqali ushalgan ezgu orzulari — o‘zi opichlab katta qilgan, bugun el-yurt xizmatida yurgan uch nabira — Otabek, Oybek, Ulug‘bek qoldi. Ular bor ekan, bu tabarruk xonadonning 90 yil porlab turgan chirog‘i hech qachon o‘chmagay.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 44-sonidan olindi.