Yoxud davolanishning yozilmagan alomat qoidalari xususida
Barcha sohalarda bo‘lgani kabi mamlakatimiz tibbiyot tizimida ham so‘nggi paytda ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotgani — ayni haqiqat. Bu muvaffaqiyatlarni faqat aqli noqis yoki hasadgo‘ygina ko‘rolmasiligi mumkin. Lekin tibbiy tizimda yutuqlar barobarida jiddiy kamchiliklar, e’tibortalab muammolar borligidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Ayni daqiqada yutuqlardan ham ko‘ra, ko‘proq muammolar haqida gapirish maqsadga muvofiqday. Axir hammaga deyarli yod bo‘lib ketgan naql bor-ku: muvaffaqiyatlar o‘zimizniki, kamchiliklar ham...
Ayrim “isonafasli” shifokorlarning Gippokrat bobo ruhini chirqiratib qilayotgan nomaqbul ishlariga kunda-kunora duch kelamiz. Eng achinarlisi, bunday holatlarda oppoq libosga butkul nomunosib “tabibi hoziq” xatti-harakatiga ochiq-oshkora qarshilik ham ko‘rsata olmaymiz. Chorasizlik eng so‘nggi choramiz bo‘lib qoladi.
Afsus bilan qayd etish lozimki, shifokorlarning ta’magirligi yoxud xizmat burchini qo‘pol ravishda buzish holatlari bot-bot uchrab turibdi. O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi, “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik markazi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot-so‘rov ham ana shunday xulosa yasashga asos bo‘ladi.
Mamlakatmizning 7 ta mintaqasi — Farg‘ona, Toshkent, Surxondaryo, Qashqadaryo, Navoiy, Buxoro viloyatlari va poytaxtimizda olib borilgan ijtimoiy tadqiqot davomida uch asosiy yo‘nalish — birlamchi tibbiyot tizimi (hududiy poliklinika, qishloq vrachlik punktlari va dispanserlar), onalik va bolalikni muhofaza qilish muassasalarida bepul xizmat ko‘rsatish hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini dori-darmon bilan ta’minlash ahvoliga bir qur nazar tashlandi.
Bugun qanchalik qiyin va og‘ir bo‘lmasin, tibbiyot tizimida bepul xizmat ko‘rsatish saqlab kelinyapti. Sababi ayon: aholining ijtimoiy madadga muhtoj guruhini himoya qilish ishiga davlat siyosatining muhim yo‘nalishi sifatida qaralmoqda. Biroq, taassufki, mamlakatimiz fuqarolarining salmoqli qismini tashkil etuvchi toifa salomatligi yo‘lida davlat byudjetidan — xalq xazinasidan ajratilayotgan mablag‘ o‘z egalariga to‘la darajada, bexatar va bezarar yetib borayapti, deyish imkonsiz.
Birinchi yo‘nalishda respublikamizning 54 tibbiy muassasasidagi ahvol o‘rganildi. Natijalarni esa qoniqarli deb bo‘lmaydi. 96,5 foiz shifo maskanida ko‘rsatilajak bepul xizmat to‘g‘risida axborot mavjud emas. Aholining davlat tomondan kafolatlangan imkoniyatdan bexabarligi esa suiiste’molchiliklarga keng yo‘l ochib beryapti. Shuningdek, 53,8 foiz tibbiyot muassasalarida imtiyozli tartibda xizmat ko‘rsatiladigan aholi guruhi ro‘yxati yuritilmagan. Bunday sharoitda ulus g‘aznasidan berilayotgan pullar qanday maqsadlarga ishlatilishi mumkinligini tasavvur qilish uchun katta aql shart emas.
Tadqiqot yakuniga ko‘ra, tibbiyot muassasalarining 55 foizigina dorixonalar bilan imtiyozli guruhga bepul dori-darmon yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma imzolagan. Taqsimlanayotgan davo vositalarining yordamga muhtoj qatlamiga yetib borish darajasi esa mintaqalar bo‘yicha turli darajada: 2003 yil davomida Surxondaryo, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari va poytaxtimizning 68-76 foiz, Farg‘ona hamda Buxoroning 37-40 foiz imtiyozli qatlami o‘z haqini olishga muvaffaq bo‘lgan. Qolganlar esa...
O‘rnatilgan tartib-qoidaga muvofiq, sog‘liqni saqlashning birlamchi tizimi aholiga xonadonlarda ham yordam ko‘rsatishga majbur. Biroq o‘rganilgan shifo maskanlarining 40 foizi o‘z majburiyatini bajarmagani kishida tashvish uyg‘otadi.
Mamlakatimizda birinchi marotaba tashkil etilgan monitoring qishloq va shaharlardagi tibbiy muassasalar o‘rtasidagi farq anchayin katta ekanini ko‘rsatdi. Aynan ana shu tafovut tufayli ham imtiyozli guruh fuqarolar qonuniy huquqlaridan foydalana olmay, o‘z cho‘ntaklaridan qo‘shimcha sarf-xarajat qilishga majbur bo‘lmoqdalar.
Hozirda respublikamiz aholisining 38,8 foizini 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etadi. Nozik jins vakilalarining 25 foizdan oshiqrog‘i esa tug‘ish yoshidagi xotin-qizlar hisoblanadi. Mana shu raqamlarning o‘ziyoq, onalik va bolalikni muhofaza qilish kelajagimiz uchun nechog‘li muhim ekanini anglashga imkon beradi. Bu borada tadqiqot natijalariga murojaat qiladigan bo‘lsak, ko‘ngilni biroz g‘ash qiluvchi holatlar guvohiga aylanamiz.
Onalik va bolalikni muhofaza qilish idoralarining deyarli 90 foizida bepul xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi axborot taqchilligi kuzatilgan. Sodda qilib aytganda, bemor qaysi xizmatga pul to‘laydi-yu, qaysinisidan imtiyozli tartibda foydalanadi — bilmaydi. Shu bois ham, tadqiqot ishtirokchilarining 10 foizigina qonunan belgilangan imtiyozli xizmatdan foydalanayotganini tasdiqlagan. Qolganlar esa shifoxona eshigi ortida nimalar bo‘layotganidan bexabar ming mashaqqat bilan topganini shifokor bilan baham ko‘rishga majbur. Ba’zi oq libosli xaloskorlar kelajak avlodni dunyoga keltirish uchun kelgan onalardan sovundan tortib yotoq buyumlarigacha — hamma narsani keltirishni talab qilayotgani ham, ming taassufki, bor gap. Holbuki, yuqorida qayta-qayta ta’kidlanganidek, onalik va bolalik muhofaza etish va, umuman, tibbiyot uchun davlat tomonidan millionlab so‘m mablag‘ ajratilayapti...
Sog‘liqni saqlash vazirligi hujjatlariga muvofiq, sil, OITS/VICh, onkologik va boshqa kasalliklarga chalingan fuqarolar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, Chernobil fojiasi oqibatldarin bartaraf etishda ishtirok etgan kishilar tekin dori-darmon bilan ta’minlanishi zarur. Biroq ham davlat va ham xususiy sektor dorixonalarida o‘tkazilgan so‘rovlar bu borada muammolar yetarli ekanini ko‘rsatdi: bepul dori-darmon tarqatilish ustidan ijtimoiy nazoratning yo‘qligi, kasallikka tashxis qo‘yish bo‘yicha yagona milliy tizim (standart)ning ishlab chiqilmagani, davo vositalari narxining tobora oshib borayotgani, axborot taqchilligi...
Albatta, bozor iqtisodiyoti sharoitida sog‘liqni saqlashning turli yo‘nalishlari pullik bo‘lishi mumkin va bu mutlaqo tabiiy jarayon. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirining 2000 yil 6 apreldagi buyrug‘iga binoan, tibbiy muassasalar pullik xizmat ko‘rsatadigan yo‘nalishlar ro‘yxatini ishlab chiqishi, yuqori idorada tasdiqlatishi va, eng muhimi, bundan aholini boxabar qilishi zarur. Lekin amalda fuqarolar davolanish haqini kimga to‘layotganlarini ham bilmay qolyaptilar. Chunki bemorlardan “nizom va qonunlar talabi asosida” olinayotgan xizmat haqlariga na kvitantsiya, na to‘lov qog‘ozi yozilayapti. Hammasi og‘zaki hal qilinyapti...
Aytish kerakki, tizimdagi aksariyat muammolar ildizi axborot taqchilligiga borib taqaladi. Agar tibbiyot muassasalari mutasaddilari bepul xizmat va dori-darmon bilan ta’min etish bo‘yicha ma’lumotlarni yashirmay, aholiga ochiq-oydin yetkazsa, fuqaro o‘z qonuniy huquqlarini to‘la bilsa, ko‘ngilsizliklar, tushunmovchiliklar bartaraf etilgan, suiiste’molchiliklar oldi olingan bo‘lardi.
Qolaversa, tibbiyot muassasalari ustidan jamoatchilik nazoratning o‘rnatilishini ham zamon talab qilmoqda. Bu jarayonda esa nodavlat-notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning o‘zlari faollik, tashabbuskorlik bilan ishtirok etishlari zarur. Misol uchun, rivojlangan dunyoda shifokorlar xizmat vazifasini qanchalik bajarayotganini nazorat qilib boradigan maxsus mustaqil guruhlar ish olib boradi. Bizda ham sog‘liqni saqlash muassasalari ustidan jamoatchilik (davlat emas!) nazoratini olib boruvchi mustaqil komissiyalar tuzish vaqti allaqachon kelgan.
Hozirgi kunda tibbiyot uchun byudjetdan salmoqli miqdorda moliyaviy resurslar ajratilyapti. Demak, bugungi sharoitda tizimga berilayotgan mablag‘ miqdorini oshirish haqida emas, ko‘proq bor pulni to‘g‘ri, adolatli taqsimlash, qisqasi, mavjud imkoniyatdan samarali foydalanish xususida o‘ylash har tomonlama to‘g‘ri ko‘rinadi.
Yana bir e’tibortalab nuqta. Hammamizga ham ayonki, xorijiy davlatlarda tibbiy sug‘urta tizimi muvaffaqiyat bilan ishlab kelmoqda. Tizimning afzallik jihati shundaki, u har qanday favqulodda holatda fuqarolarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishni kafolatlaydi. Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa mutasaddi idoralar mamlakatimizda ham tibbiy sug‘urtani joriy etish vazifasiga jiddiyroq e’tibor qaratishlari zarurga o‘xshaydi.
Sobirjon YOQUBOV,
“Hurriyat” muxbiri