OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sobirjon Yoqubov. Egizak qaror qiynoqlari (2004)

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti tanlovining viloyat bosqichida g`olib chiqqan qashqadaryolik G. Egamberdievaning hujjatlari Respublika komissiyasiga taqdim... etilmadi! Nega?..

Quyida keltirilajak voqea asosida bemalol detektiv film ishlasa bo`ladi. Sababi, hikoyamiz qahramonlari ijrosidagi harakatlarni faqat kinolarda, kino bo`lganda ham, fantastik-sarguzasht kinolarda uchratish mumkin. Yoki bo`lmasa, zikr etilajak hayotiy epizodlar qissaga tortmasa-da, yaxshi bir detektiv hikoyaga asos bo`lgudek. Voqealar original, aql bovar qilmas, qiziqarli. Ishonmasangiz... mana, o`qib ko`ring. Bilasiz, 1999-yili hukumatimiz tomonidan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti joriy etilgan. Ushbu mukofot mamlakatimizning adabiyot, san`at, fan-ta`lim va jamoatchilik faoliyatida yuksak natijalarga erishgan xotin-qizlariga berilishidan xabaringiz bor. Bu yil ham 8-mart bayrami arafasida yurtimizning 14 nafar qiziga “Zulfiyaxonim qizi” unvoni berilgani-da sizga ma’lum. Biroq barcha xursand, hamma shod bo`ldi-yu, Qashqadaryoning Kosonida yashovchi Gulnoza Egamberdievaning tolei kulmadi. U ham umid bilan “Zulfiya” mukofoti tanlovida ishtirok etayotgandi, hatto viloyat bosqichi g`olibasi ham bo`lgandi. Biroq... viloyat tanlovida g`oliblik nashidasini surgan qiz o`ziga bog`liq bo`lmagan sabablar bilan “musobaqaning final qismida” — Respublika bosqichida qatnasha olmadi...

Qashqadaryoda “Zulfiya” mukofotiga nomzodlar o`rtasidagi bahs bu yil a-ancha jonli, kurashlarga boy va murosasiz o`tdi (Harqalay, Davlat mukofotiga tavsiya etish viloyat komissiyasi ma`lumotlari shundan dalolat berib turibdi). Shahar va tuman bosqichlarida 184 nafar nomzod ko`rib chiqildi va ulardan 52 da`vogar viloyat bosqichiga yo`l oldi. Viloyatning 17 nafar madaniyat va fan arboblari — komissiya a’zolari nomzodlarning “ishlari”ni ser solib ko`rib chiqishdi, jiddiy o`rganishdi. Bularning bariga viloyat hokimi o`rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo`mitasi raisi Dilorom Xolboyeva bosh-qosh bo`ldi. “Zulfiyaxonim qizi” bo`lishga da`vogarlarning ko`pi noumid bo`lib qaytdi: qanchasining hujjati talabga javob bermadi, yana qanchasining ijodiy va ijobiy ishlari... Xullas, nomzodlarning eng bilimdon, eng iste’dodli va eng zukkolari tanlab olindi. Oxir-oqibat, Davlat mukofoti Nizomiga asosan, 5 yo`nalish bo`yicha 5 nomzod viloyat bosqichi g`olib`i deb topildi. L. Tursunova — adabiyot, N. Maqsudova — san`at, G. Hamroeva — fan, H. Jo`raeva — madaniyat va ramziy ma’noda bosh qahramonimiz G. Egamberdieva ta`lim yo`nalishida birinchi o`rinni egallab, Respublika bosqichiga yo`llanma olishdi.

Mojaro ayni shu nuqtadan boshlandi. Yuqorida zikr etilgan nomzodlarning hujjat va ijodiy ishlari hozirlanib, taomil bo`yicha Toshkentga — Respublika komissiyasiga jo`natilishi zarur edi. Lekin poytaxtga 5 nafar nomzodning faqat to`rttasigina tavsiya etildi. Viloyatning nufuzli komissiyasi g`olib deb tan olgan G. Egamberdieva hujjatlari negadir Toshkentga yuborilganlar ro`yxatidan tushib qoldi?! Savol: nima uchun viloyatda g`olib chiqqan G. Egamberdieva nomzodi poytaxtga yuborilmadi? Bunga qanday tabiiy (yoki sun’iy) to`siqlar g`ov bo`ldi?

Aytish joizki, O. Bobomurodova (G. Egamberdievaning onasi) tahririyatimizga shikoyat bilan murojaat qilgunga qadar, Respublika Xotin-qizlar qo`mitasi eshigiga bir necha bor bosh urib borgan, ayni savollarni rahbariyat oldiga ham qo`ygan ekan. Qo`mita mutasaddilari mojarodan umuman xabarsiz ekanliklarini ma’lum qilishgan va tez orada vaziyatga oydinlik kiritishni so`rab viloyat hokimligiga maktub yuborilgan. Viloyat hokimi N. Zayniyev imzosi bilan martning 26-sanasida yo`llangan javob xatida haqiqatan ham, 2003-yilning 19-noyabrida “Zulfiya” mukofoti tanlovining viloyat bosqichi bo`lib o`tgani, unda besh yo`nalish bo`yicha g`oliblar aniqlangani va... ulardan to`rttasining hujjati Respublika komissiyasiga yuborilgani aytiladi. Javob xatida “beshinchi”ning taqdiri shunday izohdanadi:

“Ushbu tanlovda ta’lim yo`nalishi bo`yicha g`olib deb topilgan Koson tumanidagi Ulug`bek nomli ixtisoslashgan maktabning 11-sinf o`quvchisi Egamberdievaning hujjatlari viloyat hokimligi oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalari bo`yicha kotibiyat xodimlarining mas’uliyatsizligi sababli taqdim etilmay qoldi. Yo`l qo`ygan mas'uliyatsizligi uchun viloyat hokimining oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalari bo`yicha o`rinbosari kotibiyati mudiri M. Rahimova egallab turgan vazifasidan ozod etildi, viloyat hokimi o`rinbosari D. Xolboyeva qattiq ogohlantirildi”.

Javob maktubidagi uch jihatga e`tiboringizni qaratmoqchimiz. Avvalo, hokimlik xatidagi “... mas’uliyatsizligi sababli” degan bahona unchalik ham yopishmayotganday. Gap bu o`rinda faqatgina ro`yxatdan anglashilmovchilik tufayli tushib qolgan biror familiya haqida bormayotir. So`z bir insonning taqdiri, boringki, hayot-mamoti ustida ketayotir. Aytish kerakki, “Zulfiya” mukofotiga tavsiya etish viloyat komissiyasi Toshkentga nomzodlarning faqat ro`yxatini berish bilan cheklanmaydi. Respublika komissiyasiga da`vogarlarning jamiki “nomai a’moli” — jild-jild hujjatlari, “bo`y baravar” ijodiy ishlari yuboriladi. Xo`sh, viloyat komissiyasi nomzodlar “ishlari”ni poytaxtga jo`natayotgan vaqtda G. Egamberdievaning hujjatlari qayerda edi:yerga kirganmidi yo osmonga chiqqanmidi?! Umuman, anchayin zalvorli yuk bo`lgan hujjatlarni beixtiyor ko`rmay qolish yo unutib qoldirish mumkinmi? Bu holatni birgina mas’uliyatsizligi sababli” deb izohlash qanchalik mantiq kuchiga ega?

Ikkinchidan, ushbu “arzimas” xatoning bor zalvorini oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish kotibiyati xodimlari zimmasiga yuklash nechog`li to`g`ri? Kotibiyat bor-yo`g`i buyruqni bajaradi, hujjatlarni rasmiylashtiradi, soddaroq aytganda, “qozonda borini cho`michga chiqaradi”. Shunday ekan, bevosita D. Xolboyeva nazoratida faoliyat yuritadigan kotibiyat qanday qilib “he” yo`q-“be” yo`q beshinchi nomzod hujjatlarini olib qolishi mumkin?

Uchinchidan, agar kotibiyat xato qilgan taqdirda ham, viloyat komissiyasi qaroriga imzo chekayotgan paytda D. Xolboyeva “Hoy, baraka topgur qizlar, biz besh kishini tavsiya etyapmiz-ku, nega qarorda faqat to`rt nomzod nomini yozdinglar?” deyishi kerakmasmidi?! yoki qo`mitaga yuborilayogan qaror o`qilmay, ko`z yumib tasdiqlab yuborilganmidi? Kotibiyat mudirining ishdan olinib, komissiya raisaning “qattiq ogohlantirish” bilan qutulishi esa odamni o`yga toldiradi: qovunning kattasini hokim o`rinbosari tushirsa-yu, uning jabrini kotibiyat ko`rsa!..

Shikoyatchi O. Bobomurodova o`z arizasida qiziq bir fikrni yozadi. Uning bildirishicha, viloyat komissiyasining tanlov yakunlari bo`yicha qabul qilgan qarorlari ikki xil: ularning biriga (Respublika qo`mitasiga yuborilganiga) G. Egamberdieva ismi-sharifi kiritilmagan; ikkinchisida — D. Xolboyeva unga taqdim etgan hujjatda esa g`oliba qizining familiyasi mavjud. Arizachi aytgan ana shu ikki xil hujjatlarni ko`rish, ularni bir-biriga qiyoslash nasib etdi, deng. Yo Qodiri Xudo! Ajab mahorat, ajab jasorat! Haqiqatan ham, shikoyatchining iddaosida jon bor! Mana, qo`limizda viloyat komissiyasining “Zulfiya” mukofotiga nomzodlarni tavsiya etish to`g`risidagi qarori, aniqrog`i, qarorlaridan biri. Yuqori qismiga 2003 yilning 19 noyabr sanasi raqam etilgan hujjatda besh nafar nomzod borasida 3-o`rinda Egamberdieva Gulnoza Xudoyorovna ko`rsatilgan.

Qarorga komissiya raisi sifatida D. Xolboyeva imzo chekkan. Mana, yana boshqa bir rasmiy qog`oz: viloyat hokimining Xotin-qizlar qo`mitasi va “Zulfiya” mukofoti Respublika komissiyasi raisi D. G`ulomova nomiga yuborgan 07-1/2132-conli taqdimnomasi. Viloyat hokimi N. Zayniyevning imzosi va hokimlik muhri bilan tasdiqlangan taqdimnomada ham G. Egamberdieva ismi-sharifi bor! Unda nomzodning she’rlar yozishi, kitoblar chiqargani, xorij tillarini qiziqish bilan o`rganayotgani, o`nlab faxriy yorliqlar, yana qancha diplomlar olgani maroq bilan hikoya qilinadi, qisqasi, nomzod kiftiga keltirib ta’rif-tavsiflanadi. Qiziq tomoni shundaki, qaror va taqdimnoma ikki xil variantda! Ikkalasini ham viloyat hokimi va uning o`rinbosari tasdiqlagan!

O. Bobomurodovaga tutqazilgan qaror va taqdimnoma bilan qo`mitaga yuborilgan qaroru taqdimnoma deyarli bir xil: sanasi, tartib raqami, hatto imzosiyu muhri-da aynan takror. Yagona farq shuki, ularning birida G. Egamberdieva ismi-sharifi mavjud, ikkinchisida — yo`q. g`alati va tushuniksiz holat. Viloyat hokimi va uning o`rinbosarini bir mavzuda ikki qaror qabul qilishga nima majbur qildi? Nima uchun Respublika komissiyasiga yuborilgan ro`yxatda maqolada ko`p va xo`b tilga olinayotgan Egamberdieva yo`q edi-yu, keyingi “egizak” hujjatda paydo bo`lib qoldi? Mayli, hokimlik javobida aytilganidek, barcha ayb kotibiyatda bo`lsin, hamma ishni kotibiyat buzgan bo`lsin. Lekin manavi egiz qaror va taqdimnoma-chi? Bularni nima deb izohlasa bo`ladi? Umuman, viloyat hokimligiday boobro` rasmiy idora bir mavzuda
ikki xil qaror qabul qilishi mumkinmi?..

Darvoqe, shikoyatchi o`z maktubida yana ko`-o`p g`aroyib gaplarni yozadi. Ular shunday iddaolarki, yozish ne, hatto aytib ham bo`lmaydi. Shubhali “oldi-berdilar”, “kimoshdi”ni eslatadigan munosabatlar... Sirli, “eng ichidagi” muomalalar... Mayli, hozircha uchqur xayolga erk bermay turaylik... Bu yog`ini so`rasangiz, viloyat xotin-qizlar qo`mitasidan ko`rsatilgan, aniqrog`i, hujjatlari poytaxtgacha etib kelgan 4 nomzodning birortasiga ham Toshkentdagi “dovon”dan oshib o`tish nasib etmadi: Qashqadaryoga atalgan mukofotni “Kamolot”dan ko`rsatilgan nomzod — Nargiza Rahimovaga nasib etdi. Albatta, tanlovning Respublika bosqichidagi talab viloyatga qaraganda, kattaroq, zalvorliroq. Shubhasizki, yakuniy bosqichda boshqa da’vogarlarning iste’dodiyu salohiyati e’tirof etilgan holda, o`sha kattaroq, zalvorliroq talablarga javob beruvchilargina g`oliba deya e’lon qilinadi. Lekin nima bo`lgan taqdirda ham, G. Egamberdiyeva Qashqadaryoda g`olib bo`lgan boshqa to`rt nafar da`vogarlardan farqli ravishda respublikada g`olib bo`lishi mumkin edi. Qancha tunlarni shirin xayollar bilan bedor o`tkazgan qiz g`alaba qozonishga arzigulik natijalarga, respublika komissiyasini hayratga solgudek imkoniyatga ega edi, ehtimol. Biroq yorqin kelajakdan umidvor nomzod go`yoki “mas’uliyatsizlik” oqibatida viloyatda “qolib ketdi”.
Savol: yosh, iste`dodli navnihol qizchaning ishtiyoqi sinmaganiga kafolat bormi? Ko`z ochib ko`rgani mas`uliyatsizligu sovuqqonlik bo`lgan yosh vatandoshimiz iste`dodlarni gulday asrab-avaylash, ularga rag`bat va shafqat ko`rsatish to`g`risidagi shirin va`dalarga endi ishonarmikan?..

Sobirjon YOQUBOV,
“Hurriyat” muxbiri
“HURRIYAT” gazetasininig
2004-yil 21-sonidan olindi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.