Migratsiya, ya’ni fuqarolarning o‘z yurtidan boshqa mamlakatlarga ishlash yoki doimiy yashash maqsadida ko‘chib ketishiga muammo, fojea sifatida qarash uncha ham to‘g‘ri emas. Migratsiya, albatta, bir tomondan katta muammo ekanligini inkor etib etib bo‘lmaydi. Lekin shu bilan birga u muammoning yechish yo‘llaridan biri hamdir.
Odam savdosi qanday amalga oshiriladi? Uning oldini olish mumkinmi?
Xalqaro tajriba
Xalqaro muhojirlik tashkilotli (XMT) ning ma’mumotlariga qaraganda, dunyo bo‘yicha o‘zi fuqaro bo‘lgan mamlakatdan tashqarida istiqomat etuvchilar soni 125 million kishini tashkil etadi. Shu yilning yozida AQSh Davlat departamentining matbuotda e’lon qilingan ma’ruzasida ko‘rsatilishicha, dunyoda 800 ming nafar nolegal muhojir mavjud bo‘lib, ular amalda qullik sharoitida ishlashga majbur bo‘lishmoqda. Ular odam savdosi kabi globallik kasb etib borayotgan muammoning qurbonlaridir.
Darhaqiqat, odam savdosi faqat rivojlanayotgan mamlakatlar uchungina xos bo‘lib qolmasdan, balki butunjahon xarakteriga ega. Shu sababdan ham, BMT Bosh Assambleyasi 2003 yilning noyabr oyida Xalqaro uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash konventsiyasini to‘ldiruvchi “Odamlar, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosining oldini olish va unga barham berish hamda uning uchun jazo tayinlash to‘g‘risida protokol” nomli maxsus rezolyutsiya qabul qilgan edi.
O‘z tarkibida jahonning 181 ta mamlakatini birlashtirib turgan Interpol tizimida ham odam savdosi oldini olish bo‘limi tuzilganligi muammoning naqadar jiddiyligiga yana bir dalolatdir. Ushbu bo‘lim tergovchisi Kler Mak Keon o‘tgan yilning noyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan seminarda so‘zga chiqib, odam savdosi chegara bilmasligini, unga qarshi kurashish kuchlarni birlashtirishni talab etishini ta’kidladi. U 2000 yilda Interpol tarkibida ayollar savdosi masalasi bo‘yicha ekspertlar guruhi tashkil etilganligini uqtirdi. Klerning maqsadi mavjud muammoni yechish borasida turli davlatlarning huquq-tartibot organlari kuchlarini birlashtirish, illatga qarshi kurashishning eng maqbul yo‘llarini aniqlash hamda tajriba almashinishdan iborat. Yangi tuzilma politsiya xodimlari uchun ayollar savdosi holatlarini tergov qilish va ochish masalalari yoritilgan qo‘llanma ishlab chiqib, Interpol a’zolari bo‘lgan davlatlarga tarqatgan.
Kler Mak Keon so‘zlariga qaraganda, odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoyatchilar guruhi odatda 2-3 kishidan iborat bo‘ladi. Jinoyatchilarning 80 foizini erkaklar, 20 foizini esa ayollar tashkil etadi. Odam yollash va chet elga yuborish bilan bir kishi, ko‘pincha ayollar shug‘ullangani hotlatlari mavjud.
Odam savdosi muammosini hal etish yo‘lida huquq-tartibot organlari davlat hamda nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) va odam savdosi qurbonlariga ko‘maklashuvchi uyushmalar bilan hamkorlikda faoliyat ko‘rsatishlarini Interpol o‘ta muhim hisoblaydi. Ushbu tajriba xorijda qanday yo‘lga qo‘yilganligini ayrim davlatlar misolida ko‘rib chiqamiz.
Yuqorida tilga olib o‘tilgan seminarda so‘zga chiqqan Hindistondagi “Svanchetan” jamiyatining rahbari doktor Rajat Mitra o‘z mamlakatining uchdan ikki qismi odam savdosiga tortilganligini qayd etdi. Ko‘plab muhojirlar yashaydigan katta shaharlarda dom-daraksiz yo‘qolayotgan ayollarning soni bir politsiya uchastkasi hisobiga bir yilda 60 kishini tashkil etar ekan.
Aholiga ruhiy yordam ko‘rsatuvchi “Svanchetan” jamiyati davlatdan yoki huquq-tartibot organlaridan moddiy yordam olmasdan ishlarkan. “Shu yo‘l bilan biz o‘z mustaqilligimizni saqlab qolamiz, — dedi o‘z fikrini sharhlab doktor Mita. — Bizga tadbirkorlar yordam berishadi. Ular jinoyatlarning ochilishi ko‘paysa, huquqbuzarlik kamayishi, bu esa ahvolning yaxshilanishiga va chet el investitsiyasining ko‘payishiga olib kelishini yaxshi anglashadi”.
Odam savdosi qurbonlariga amaliy yordam ko‘rsatish borasida Isroil davlatida ham ijobiy tajriba to‘plangan. Bu yo‘nalishda samarali ishlayotgan va mamlakatimiz tashkilotlari bilan hamkorlik qilayotgan “Ayol ayol uchun” NNTni qayd etish lozim. Ushbu tashkilot birinchilardan bo‘lib odam savdosi qurbonlarini boshpana bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘ygan. Uning xodimlari qurbonlar saqlanayotgan qamoqxonalarga borib, ularga o‘z mamlakatlarining elchixonalari bilan aloqa o‘rnatishga, kerakli hujjatlar tayyorlashga yordam ko‘rsatishmoqda. Keyingi ikki yil ichida 200 nafar ayolga yordam qilingan. Bunday yordam olganlar orasida mamlakatimiz fuqarolari ham bor. “Ayol ayol uchun” tashkilotining maslahatchisi Klavdiya Markova shu yil Toshkentda bo‘lgan uchrashuvimiz davomida ana shular haqida gapirib, Isroildagi yana bir diqqatga molik tajribani tilga olib o‘tdi. Uning gapiga qaraganda, bu mamlakatda 2000 yildan boshlab odam savdosi masalasi bilan shug‘ullanuvchi parlament komissiyasi ishlayotgan ekan.
Xorijning boshqa bir tajribasi muhojirlik qonuniy yo‘lga qo‘yilsa, u ijobiy natijalar berishi mumkinligi yaqqol ko‘rsatib turibdi. Bu haqda Xalqaro muhojirlik tashkilotining Almatidagi vakolatxonasi rahbari Maykl Chants “O‘zbekistonda odam savdosi oldini olish” loyihasining bir yilligi munosabati bilan Toshkentda o‘tgan yilning 12 noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Filippin misolida batafsil so‘z yuritdi. Uning uqtirishicha, har yili bu mamlakatdan 900 ming kishi chet elga ishga ketarkan. Ular Filippin iqtisodiyotiga bir yilda 7 milliard AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritayotgan ekan.
Shunisi xarakterliki, bu davlatda chet elga ishga yuborish bilan xususiy agentliklar shug‘ullanadi. Har kuni agentliklar eshigini qoqib, 2 minggacha odam murojaat etadi. Chet elga ishga jo‘nayotgan odamga sug‘urta puli berilib, u ijtimoiy himoyaga olinadi. Filippinning xorijdagi elchixonlarida o‘sha mamlakatlarda ishlayotgan vatandoshlariga yordam ko‘rsatish uchun maxsus xodim — mehnat bo‘yicha attashe faoliyat yuritayotgani ham diqqatga molik. Mamlakat prezidenti muhojirlarni yurt qahramonlari deb atashini uqtirdi M. Chants.
Muhojirlikni qonuniy yo‘lga qo‘yish naqadar foydali ekanligini tasdiqlovchi yana bir raqam keltirmoqchi edik. 2002 yilda muhojirlar o‘z mamlakatlariga 88 milliard dollardan ko‘proq miqdorda mablag‘ kiritishgan. Taraqqiy etgan davlatlarning rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam sifatida ajratayotgan mablag‘i bir yilda 57 milliard dollarni tashkil etayotganligini inobatga olsak, yuqoridagi mablag‘ qanchalik salmoqli ekanligi yaqqol namoyon bo‘ladi. Mablag‘ masalaning bir tomoni. Boshqa yana bir muhim jihat shundaki, chet elda ishlaganlar zamonaviy texnika va texnologiyalarni o‘zlashtirishadi, yangi tajriba orttirishadi, o‘z malakalarini oshirishadi. Ularning aksariyati yoki bir qismi o‘z yurtlariga qaytganda, o‘sha tajribadan foydalanishi va bu mamlakat rivoji uchun xizmat qilishi mumkin.
O‘zimizdagi ahvolga bir nazar
O‘zbekistonda keyingi ikki yil mobaynida odam savdosi oldini olishga qaratilgan qator amaliy tadbirlarga qo‘l urildi. Yuqorida tilga olib o‘tilgan AQSh Davlat departamentining ma’ruzasida noqonuniy muhojirlikka qarshi kurash olib borayotgan davlatlar qatorida O‘zbekiston ham tilga olingan. Bu borada zaruriy choralar ko‘rmayotgan 10 ta mamlakatga qarshi sanktsiya joriy etilishi ma’lum qilingan.
Bizda ham zamonaviy qullik ko‘rinishlaridan biri bo‘lgan odam savdosi haqida ochiq so‘z yuritilib, unga qarshi kurashda turli tashkilotlar hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ishlari boshlandi. Ommaviy axborot vositalarida muammoning turli jihatlari yoritilgan materiallar e’lon qilina boshladi. Davlat organlarining nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorligi odam savdosi qurbonlaridan ayrimlarining Vatanimizga qaytarishga, xorijda ishlash ilinjida bo‘lganlar orasida profilaktika ishlarini kuchaytirishga imkon yaratdi. Bu boradagi muhim qadamlardan biri BMTning Xalqaro uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash konventsiyasining O‘zbekiston tomonidan o‘tgan yilning avgust oyida ratifikatsiya etilgani bo‘ldi.
Ayni paytda odam savdosi oldini olish yo‘lida Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, nodavlat notijorat tashkilotlari, OAV hamda qator xalqaro tashkilotlar birgalikda harakat qilmoqda. Bu hamkorlikka misol tariqasida yuqorida tilga olib o‘tilgan vazirliklar, BMTning Taraqqiyot dasturi, XMT tomonidan AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (YuSAID) homiyligida joriy yilning iyun oyida o‘tkazilgan milliy anjumanni ko‘rsatish mumkin. Anjumanda davlat, nodavlat hamda xalqaro tashkilotlarning odam savdosining oldini olish, bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish va odam savdosi qurbonlarini himoya etish borasida harakat dasturini ishlab chiqishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan edi.
Yana bir xalqaro tashkilot — Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti (YeXHT) IIV, Bosh prokuratura, NNT va jurnalistlar ishtirokida joriy yil davomida qator seminar va treninglar o‘tkazdi. Ularda turli tashkilotlarning birgalikdagi harakatlari xususida, masalani OAVda yoritish haqida batafsil so‘z yuritildi. Ushbu uchrashuvlar davomida markazda amalga oshirilayotgan ishlarni viloyatlarda ham davom ettirishga kelishib olindi. Natijada joylarda ham muassasalararo komissiya tashkil etildi.
Masalan, Samarqandda viloyat prokuraturasi, ichki ishlar boshqarmasi, “Istiqbolli avlod” va “Ayol” nodavlat notijorat tashkilotlari, O‘zbekiston Milliy matbuot markazi viloyat bo‘limi vakillaridan iborat ana shunday komissiya tuzildi. Uning har oyda bir marta o‘tkazilayotgan yig‘ilishida viloyatda odam savdosining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar muhokama etilmoqda. Yig‘ilishga viloyat ta’lim muassasalaridan, mehnat, bandlik va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmasidan, mahallalardan vakillar taklif etilmoqda. Yoshlar orasida bo‘lib, mahallalarga chiqib, xorijga yashirincha ishga borish niyatida bo‘lganlarga to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga harakat qilinmoqda.
Mamlakatimizda odam savdosiga qarshi kurash borasida qilinayotgan ishlar haqida gapirib, “Istiqbolli avlod” yoshlar axborot-ma’rifiy markazi faoliyatiga alohida to‘xtalish lozim. XMTning “O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi harakat” loyihasi doirasida 8 ta viloyatda ana shunday markaz tuzilib, ular huzurida tezkor aloqa telefon tarmog‘i ishlab turibdi. Loyiha rahbari Nodira Karimovaning uqtirishicha, bir yil davomida fuqarolar tarmoqqa 8383 marta qo‘ng‘iroq qilishgan. Ayrimlar xorijda ishlash tartibi haqida so‘ragan bo‘lsa, boshqalar yaqin odamini qidirib topishga yordam berishlarini, yana birov chet el mamlakatlaridan birida qamoqqa tushgan qarindoshiga yordam ko‘rsatishini so‘rab murojaat etgan.
Loyiha davom etgan bir yil (2003 yilning noyabridan 2004 yil noyabrigacha) mobaynida odam savdosining 179 “qurboni”ni Vatanimizga qaytarishga yordam ko‘rsatildi. Loyiha doirasida qanchalik samarali ish olib borilayotganligi haqida xulosa chiqarish uchun quyidagi raqamlarni qiyoslash mumkin. 2002 yilda faqat 2 nafar, 2003 yilda esa 60 nafar odam savdosi “qurboni” qaytarilgan edi. Ularning eng ko‘pini (122 kishi) Isroil davlatidan qaytarilganlar tashkil etadi.
Muammoning yechimi xususida ayrim mulohazalar
Dastlabki paytda, ya’ni o‘tgan yili va joriy yilning birinchi yarmi davomida odam savdosiga bog‘liq muammo bilan turli soha mutaxassislari va jurnalistlar tanishtirib borildi. Masala mohiyatini davlat hamda nodavlat tashkilotlari vakillari chuqur anglab olgandan so‘ng muammoni yechish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab olindi. Ular hamkorligida bir qator ishlar bajarildi ham. Lekin bu ishlar odam savdosining oldini olish va unga qarshi samarali kurash olib borish uchun yetarli emasligini, mamlakatimiz hali bu muammoni yechishning dastlabki bosqichida turganligini mutasaddilar yaxshi anglashadi.
YeXHT va AQShning mamlakatimizdagi elchixonasi shu yilning noyabr oyida prokuratura, militsiya, hokimliklar, NNT, OAV vakillari ishtirokida o‘tkazgan seminarda dastlab bajarilgan ishlar sarhisob etilib, shundan so‘ng odam savdosi oldini olish uchun nimalar qilinishi lozimligi muhokama etildi. Shunda turli fikrlar aytildi, takliflar o‘rtaga tashlandi. Jumladan, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda kasbga o‘rgatish va qayta o‘rgatish ishlarini tubdan takomillashtirish odam savdosi oldini olishning eng muhim omillari sifatida qayd etildi.
Xorij tajribasining ko‘rsatishicha, chet elga ishga yuborish huquqini xususiy agentliklarga ham berish zarur. Ularning ko‘payishi, ular orasida raqobatning kuchayishi va ular ustidan davlat nazoratining bo‘lishi agentliklar faoliyatining samarali bo‘lishini ta’minlaydi.
Yana bir muhim vazifa odam savdosiga daxldor jinoyatlarga tegishli jazo choralarini belgilash bilan bog‘liq. Xorijga ayollarni yuborayotganlar, boshqacha aytganda, qo‘shmachilar odatda ayollar ekanligi ularni jazodan saqlab qolmoqda. Mutaxassislar har yili e’lon qilinayotgan amnistiya tufayli qo‘shmachi ayollar jazodan qutulib qolishayotganini uqtirishmoqda.
Samarqanddagi “Ayol” markazi advokati Nigina Rustamova bu xususda quyidagi aniq misolni keltirdi. Z. Sharipova va G. Rizaeva ismli ikki ayol Munavvar va Nilufar degan qizlar nomiga Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) ga borish huquqini beruvchi qalbaki hujjatlar tayyorlab, ularga Moskva shahridagi restoranlardan birida ishga joylashtirishga va’da berishadi. Toshkent aeroportidan jo‘nayotganda ularning vizasi qalbaki ekanligi ma’lum bo‘ladi. Shundan keyin ikki marta qilingan boshqa harakatlari ham zoe ketgach, korchalonlar qizlarni Qirg‘izistonning O‘sh shahri orqali BAAga chiqarishga muvaffaq bo‘lishadi.
Dubayga yetib kelgach, qizlarning pasportlarini olib qo‘yib, ularni o‘z tanasini sotishga majbur qilishadi. Olti oy davomida qizlar ishlagan 10 ming dollardan ortiqroq pulni G. Rizaeva o‘ziga qoldiradi. Keyinchalik u o‘z hamtovog‘i bilan jazoga tortiladi. Sud Sharipovani olti yilga, Rizaevani to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qiladi. Lekin har ikkalasiga nisbatan amnistiya qo‘llanilib, ular jazoni o‘tashdan ozod etiladi.
Mutaxassislar, shuningdek, Jinoyat kodeksiga odamlar savdosi haqidagi alohida modda kiritish, qonunchiligimizni “odam savdosi”, “odam savdosi qurboni”, “odam savdosi tashkilotchisi” kabi atamalar bilan to‘ldirishni taklif etishmoqda.
Yana OAV orqali targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, ayniqsa, televidenie orqali ijtimoiy roliklar namoyish etish taklifi o‘rtaga tashlandi. Bu ishlar shunday yo‘lga qo‘yilishi lozimki, ham mutasaddi tashkilotlar xodimlarida, ham oddiy fuqarolarda xorijga borib aldanganlarga nisbatan odam savdosi qurboni sifatida qarash shakllanib borishi zarur. Shundan kelib chiqqan holda, ularga yordam berish choralari ham ko‘rilishi bu illatga qarshi turishning omillaridan biri sanaladi.
Xalqimizda kamiga yoki naqdiga qanoat qilish haqida ko‘plab maqollar mavjud. Odam savdosi “qurbon”lari haqida gap ketganda, ayrimlar shunday maqollarni tilga olishadi: “Uzoqning donidan — yaqinning somoni yaxshi”, “Uzoqning uzunidan — yaqinning kaltasi yaxshi”, “Nasiya tilladan — naqd chaqa yaxshi”, “Ko‘kdagi turnadan — qo‘ldagi chumchuq yaxshi”... Albatta, xalq dahosi buyuk. Har bir maqol ostida olam-olam ma’no bor. Shu bilan birga, odam savdosi “qurbon”lariga ularni takrorlash bilan ko‘p narsaga erisholmaymiz. Ushbu muammoga sabab bo‘luvchi omillarni aniqlab, ularni tugatish yo‘llarini topishimiz zarur.
Toshpo‘lat RAHMATULLAYEV
“Hurriyat” gazetasining 2005-yil, 23-fevral sonidan olindi.