OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tursun Bek To‘razoda. Nikoh firibgarlari (2006)

yoxud shifokor yordamida hur qiz bo‘lib olib, bo‘ydoq yigitlarga turmushga chiqayotgan suyuqoyoqlar xususida

Haligacha yodimda, bundan 25 yil muqaddam qishlog‘imizda 20 yoshli bir yigit nikoh to‘yi ertasi kuni o‘zini osib qo‘ygan edi. O‘shanda butun qishloqqa mish-mish tarqaluvdi: “Kelinchak qiz chiqmabdi”, — degan. Afsuski, hozirgi davrga kelib, bu illat madaniylashib hayot o‘zagiga moslashib bormoqdaki, yosh, hali hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan g‘o‘r yigitlar chuv tushib qolmoqda.  Gap iffatini yo‘qotgan, yillar mobaynida ayshini surib-surib, keyin bir sodda yigitni topib, kelinchak libosini kiyishga muyassar bo‘layotgan irodasiz qizlar haqida ketmoqda.

Shunday aldov qurboni bo‘lgan Anvarning mulohazasini bayon qilamiz: “Men Guliston shahrida o‘qib yurgan kezlarim Surayyo degan qiz bilan tanishdim. U ko‘zimga dastlab juda odobli va madaniyatli qiz bo‘lib ko‘rindi. Men unga ko‘ngil bog‘ladim. Universitetda oxirgi kursda o‘qiyotganim uchun to‘y taraddudini boshlab yubordik. Qisqa muddat davom etgan “ol tovog‘im, bor tovog‘im”dan so‘ng hovlimizda dan­g‘illama to‘y bo‘lib o‘tdi. Xullas, nikoh to‘yiga 5 million so‘m sarf-xarajat ketdi.
Chilla oy kunlarining birida men jirkanch dardga mubtalo bo‘lib qoldim. Oyim xususiy shifoxonada laborant bo‘lib ishlar edi. Voqeani aytganimdan so‘ng meni darhol teri-tanosil kasalliklari dispanserida tekshiruvdan o‘tkazishdi. Surayyo menga turmushga chiqqunga qadar avval so‘zak kasalligi bilan og‘rib, xususiy shifoxonada chala davolanib chiqqan ekan. Qiz bo‘lib tegishiga esa jarroh yordam qilgan. Men sudga murojaat qilishni o‘zimga isnod deb bilib, u bilan tinchgina ajrashdim”.
Zokir ismli bir xo‘randaning hikoyasidan qisqa satrlar keltiraman: “Men “Termiz-Toshkent” avtomagistrali bo‘yicha joylashgan oshxonadan (nomini sir tutaman) har doim ovqatlanar edim. Shu yerda Nilufar degan ofitsantka xizmat qilardi. Bir kuni ovqatni yeb pulini beray desam, ha deganda qiz kelavermadi. Noiloj oshpazning xonasiga kirib, pulni beray desam, ne ko‘z bilan qaramay ofitsiant qiz oshpaz bilan don olishib yotibdi. Shu-shu bu yerdan ovqat yemaydigan bo‘ldim. Bu ham mayli. Menga alam qilgan jihati yaqinda o‘sha ofitsiant qiz bir dindor yigitni boshini aylantirib, ikkinchi xotin bo‘lib olibdi. Buni qanday tushunsa bo‘ladi?”
Bunday firibgar qizlar o‘zini ilk uchrashuvda nuqsonsiz, odobli, sevgi dardida yonayotgandek tutadilar. O‘zlariga yo‘l ochish uchun, o‘ziga to‘q, obro‘li oila farzandining boshini aylantirib, to‘y-tomosha bilan turmushga chiqadilar. Ular bir marta oq libos kiyib yuzlaridagi “qora parda”ni yirtib tashlasalar bo‘ldi. Keyinchalik erdan ajrashib ketsa ham g‘am chekmaydi. Samarqandlik Aziza degan ayolning iqroridan iqtibos keltiraman: “17 yoshimda shahar kasalxonasida bir shifokor yigit nomusimga tegib qo‘ydi. U oilali edi. Bir bir yil mobaynida uchrashib turdik. Shu orada u pora olib qamoqqa tushib qoldi. Uyimizga har kuni sovchilar kelar edi. Men ota-onamga bo‘lgan voqeani ayta olmadim. Meni bokira qizlardek katta to‘y qilib, dabdaba bilan obro‘li oilaga kelin qilib uzatishdi. Hozir uch nafar farzand­ni voyaga yetkazyapman. Lekin hanuzgacha vijdon azobi menga tinchlik bermay keladi. Turmush o‘rtog‘im ichki ishlarda ishlaydi. Yaqinda katta unvon oldi”.
Bu so‘zlar aybiga iqror bo‘lib, vijdon azobida qiynalayotgan ayolning hasratlari edi. Endi bu masalaning huquqiy tarafi haqida huquqshunos nima der ekan?
Suhbatdoshim advokat Akram Po‘latovning mulohazalari bilan tanishing: “To‘g‘ri, mamlakatimizda sog‘lom avlodni shakllantirish yuzasidan olib borilayotgan keng qamrovli siyosatning yorqin ifodasi sifatida nikohlanuvchi shaxslar davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarida bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari majburiy ekanligi qonun bilan tasdiqlanadi. Lekin kuyov yoki kelin tarafidan guvohlar bu tibbiy ko‘rikda ishtirok etmaydi. Hamma balo ana shunda. Qizning bokiraligi haqida faqat shifokor va bo‘lg‘usi kelinchakning o‘zi biladi, xolos. Chunki qizligidan ayrilganlarga qizlik ato qilayotgan shifokorlar juda ko‘p. Pul bo‘lsa, changalda sho‘rva. Bu juda nozik masala.
To‘y o‘tganidan keyin isbot ham qilib bo‘lmaydi, izohga hojat qolmaydi. Sud amaliyotida ham buni qilish qiyin. Keyingi payt­larda nikoh shartnomasi haqida ko‘p gapiril­yapti. Unda faqat mulkiy munosabatlarga e’tibor qaratilyapti, xolos. Agar yuqorida zikr etilgan voqealar sodir bo‘lganda firibgarlik yo‘li bilan nikohdan o‘tgan shaxslarning javobgarligi yoki tovon to‘lashi ham ushbu hujjatga kiritilsa, nikoh shartnomasi kuchli qonun hujjatiga aylanar edi. Va shu bilan birga firibgarlarni jinoiy va ma’muriy javobgarlikka tortishga huquqiy imkon yaratilardi”.
Har yili ko‘plab yigitlar nikoh firibgarlari qurboniga aylanmoqda. Ko‘pchilik esa “isnod”dan qo‘rqib, sudga arz qilmaydi. Uy-joy, boylik, soxta obro‘ uchun oqko‘ngil, sodda yigitlarni aldab, erga tegib olayotgan suyuqoyoq qizlarning bu qilmishlari oila tinch­ligining buzilishi, ortiqcha tashvishlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lyapti.
 
Tursun Bek TO‘RAZODA
Hurriyat" gazetasidan olindi. 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.