Matnshunoslik, ya’ni matn haqiqatini tiklash muammosi ”O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining doimiy mavzularidan. Darhaqiqat, adabiy merosimizni o‘rganish va munosib tarzda chop etish hamma vaqt dolzarb vazifa sanaladi. Shu ma’noda gazetada (”O‘zAS”, 2010 yil, 2-iyul) e’lon qilingan ”Matnshunoslik davr talablari darajasidami?” nomli davra suhbatida aytilgan mulohazalar, istak va takliflar, avvalo, bu soha mutaxassislarini befarq qoldirmasligi tayin. Tabiyki, suhbatda aytilgan ayrim fikrlar e’tiroz ham tug‘dirdi. Shuningdek, filologiya fanlari nomzodi I.Bekjonov davra suhbatiga munosabatini bildirib yozgan ”Takliflar jo‘yali, ammo ...” maqolasida (”O‘zAS”, 2010 yil, 16 iyul) yozadi: ”... haqiqatan ham bu nashrlardagi (gap Navoiy merosi nashrlar haqida — V.R.) kichik xatolarni izlash o‘rniga, kuchimiz va tajribamizni ana shu ulkan ish uchun sarflashga to‘g‘ri keladi. Chunki toki ilmiy-tanqidiy matn amalga oshmas ekan, nashrlarda xatolarning ko‘plab uchrashi oddiy hol bo‘lib qolaveradi”, deb yozadi.
Bizningcha, matnshunoslikda ”kichik xatolarni izlash” maydi ishga kirmaydi, aksincha, kuchimiz, tajribamiz ana shu “kichik xatolar”ni topishda ko‘rinadi. Matn haqiqatini tiklashda, mumtoz adabiyotimiz namunalarini nashr etishda har bir belgi, harf, so‘z mutaxassisning ziyrak nazaridan o‘tsagina ”ulkan ish”ning muvaffaqiyatini ta’minlash imkoni tug‘iladi.
Kamina ham yarim asrdan beri shu sohaga qiziqib, qo‘limdan kelgancha mumtoz adabiyotimiz namunalarining matn saviyasini yaxshilashda ikki yo‘nalishda mehnat qilaman: birinchisi, u yoki bu mumtoz asarning bizdagi nashrlaridan ko‘nglim to‘lmasa, o‘zim o‘sha asarlarni arab yozuvidan boshqatdan nashrga tayyorlayman. Chunonchi, Alisher Navoiy ”Lison ut-tayr” dostoninig ikki nashri (1992 yili kirildi, 2005 yili lotin yozuvida, ”Xamsa”ning besh dostoni (2006 yili lotin yozuvida); ikkinchisi, boshqa olimlarimiz nashrga tayyorlagan asarlarga mas’ul muharrirlik qilaman. Chunonchi, ”O‘zbek adabiyoti bo‘stoni” turkumidagi kitoblarning to‘qqiztasi, Mashrab ”Devoni”i singari nashrlar mening tahririmda chiqdi. Qo‘lga qalam olib, men tayyorlagan mumtoz matnlardan uch-to‘rt so‘zdagi xatoni tuzatgan kishini peshonasidan o‘pib, ”Yashang!”, degim keladi.
O‘tgan yili qadrdon gazetamizda (”O‘zAS”, 2009 yil 4 sentyabr) O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi Yusuf Tursunovning ”Istamak”mi yoki ”esnamak?” sarlavhali maqolasini o‘qib chindan quvondim. Quvonganimning boisi, men ”Layli va Majnun”ni qayta nashrga tayyorlashda Yusuf Tursunov qiyosiy tahlil qilgan doston matnidan ham foydalangan edim. Demak, ayrimlariga yaxshi ahamiyat bermagan bo‘lsam kerak, deb o‘yladim. Shu ma’noda olimdan minnatdor bo‘ldim.
Maqolani o‘qib, o‘zimcha mulohaza qildim: muallifning ”Layli va Majnun” dostonidan keltirgan ”tuzatilgan” to‘rt baytiga ishonsak, hozirgacha shu dostonni nashrga tayyorlagan barcha olimlar ushbu baytlarni xato o‘qigan bo‘lib chiqadi.
Matshunoslik yutug‘i — asarning tayyorlangan ilmiy-tanqidiy matni hisoblanadi. Bu nusxa ilmdagi nuqta qo‘yilgan so‘nggi so‘z demakdir. Nashrda endi shunga amal qilish kerak, xolos.
Doston matnini ilmiy tadqiq etib, ko‘plab mo‘‘tabar nusxalardagi har bir so‘zni bir-biriga taqqoslab ilmiy- tanqidiy matn tuzgan olim G‘ulom Karimov o‘zining mehnati xususida shunday yozadi: ”Alisher Navoiyning ”Layli va Majnun” dostonini nashrga tayyorlashda ...1945 yilda kandidatlik dissertatsiyasi sifatida himoya qilingan dostonning ilmiy-tanqidiy matni asos qilib olindi. Bu ilmiy-tanqidiy matn,... eng mo‘‘tabar va eng eski nusxalar asosida hozirlangan edi: 1) O‘zbekiston FA Sharq qo‘lyozmalarini o‘rganish institutidagi 5018 inventar nomerli XV asrga mansub qo‘lyozma nusxa: 2) O‘zbekiston FA Adabiyot muzeyidagi 149 inventar nomerli XV asrga mansub qo‘lyozma nusxa: 3) O‘zbekiston FA Fundamental kutubxonasidagi 208 inventar nomerli XVI asrga mansub qo‘lyozma nusxa: 4) Shohmurod kotib tomonidan ko‘chirilib, 1904 yilda Toshkentdagi Portsev litografiyasida bosib tarqatilgan nusxa (Alisher Navoiy, ”Xamsa”, ”Layli va Majnun”, O‘zbekiston Davlat nashriyoti, Toshkent, 1949, 22-bet).
Yu. Tursunov o‘zi da’vo qilayotgan baytlarini necha nusxaga solishtirib qo‘rgan, bilmadim. Biroq men bu dostonni nashrga tayyorlashda besh nusxaga tayanganman. Demak, biz ko‘rgan nusxalar to‘qqizta. Matnshunoslikda biror fikrga haqiqat nuqtasini qo‘ymoqchi bo‘lgan olim shu sohada hech bo‘lmasa 500 atrofida o‘zbek va fors-tojik adabiyoti namunalarini tushunib o‘qigan bo‘lishi, ularni aql chig‘irig‘idan o‘tkazib o‘zlashtirmog‘i lozim. Chunonchi, Yu. Tursunov:
Odamiy ersang, demagil odami,Oniki yo‘q xalq g‘amidin g‘ami —baytiga nisbatan matbuotda aytilgan nohaq da’volar masalasiga daxl etgan. Yaxshi daxl etgan:
Odamiy ersang, demagil odamiy,Oniki yo‘q xalq g‘amiyu din g‘ami —tarzidagi holat g‘ayriilmiy ekanligini aytgan. Biroq asos yetarli emas. Agar muallif Sa’diy Sheroziy asarlaridan yaxshi xabardor bo‘lsa edi, Alisher Navoiyning bu buyuk shoir asarlaridagi umumbashariy fikrlaridan ta’sirlanganini ham payqar va o‘sha masalada fikrning ildiziga yetib, asosli nuqta qo‘ygan bo‘lardi.
Xo‘sh, baytning navoiyona varianti to‘g‘riligini qanday isbotlash mumkin edi? Gap shundaki, Alisher Navoiyning yuqoridagi fikri Sa’diyning mashhur “Guliston” asaridagi quyidagi baytdan oziqlangan:
Tu k-az mehnati digaron beg‘ami,Nashoyad ki nomad nihand odami.Mazmuni: Sen o‘zgalar mashaqqatidan beg‘am bo‘lsang, Seni odamiy hisoblash mumkin emas.
Ana shu ikki baytning birontasiga “din” so‘zini qo‘shib bo‘lmaganidek, mualliflar o‘sha baytlarda dinni nazarda tutmaganlar. Shuning uchun baytning: “Odami ersang, demagil odamiy, Oniki, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami” holati o‘zi to‘g‘ridir.
Yu.Tursunov maqolasida to‘rtta baytdagi mavjud bo‘lmagan xatoni tuzatishga uringan. Birinchisi, shu edi. Ikkinchi tuzatmoqchi bo‘lgan bayti:
Ul ish neki voqi’ o‘ldi bexost,Bir-bir dedi ul ikisiga rost.Maqola muallifi matndagi “ish neki” so‘zlarini “ishniki” tarzida to‘g‘ri o‘qish kerakligini talab qilib yozadi: “Bu bayt dostonning barcha nashrlarida, 1949 yilda asarning ilmiy-tanqidiy matnini tuzgan G‘.Karimov nashridan tortib, eng so‘nggi 2006 yilda V.Rahmonov tomonidan amalga oshirilgan nashrgacha aynan shunday ko‘rinishdadir”.
Men qiziqib Alisher Navoiy “Mukammal asarlar to‘plami”ning 9-jildi — “Layli va Majnun” dostonining XII bobidagi bu baytga ko‘z yugurtirdim. Bu da’vosida adabiyotshunos haq: daho shoir bayti zarar ko‘rgan, “ishniki” so‘zi noto‘g‘ri ko‘chirilgan ekan. So‘ngra shu nuqsonni dostonning ilmiy-tanqidiy matn asosida tayyorlangan 1949 yilgi nashrida ham kuzatdim. Nashrga tayyorlovchi matnni xato o‘qigan. Qiziq, olim G‘ulom Karimov arab yozuvidagi ilmiy-tanqidiy matnni to‘g‘ri tuzganu, kirilga ko‘chirishda noto‘g‘ri o‘qigan va “ish neki” deb ko‘chirgan. Demak, bunda ham Yusuf Tursunov haq.
Nihoyat o‘zim nashrga tayyorlagan “Layli va Majnun” dostonining 2006 yilgi nashrining 58-betiga ko‘z tashlab, o‘sha baytni topdim. Matn lotin yozuvida quyidagicha bosilgan:
Ush ishniki voqi’ o‘ldi bexost,Bir-bir dedi ul ikisiga rost.Demak, matnshunosning V.Rahmonov nashriga nisbatan da’vosi noto‘g‘ri.
Endi Yu.Tursunovning uchinchi baytga doir da’vosiga kelsak. Jonkuyar olimimiz:
Sendin yetib bu shiddat oxir, Kimga toqoyin bu tuhmat oxir —baytiga nisbatan quyidagi mulohazalarini bayon etadi: “Asar qo‘lyozmasiga qiyoslansa, bu o‘rinda ham e’tirozli jihat ko‘zga tashlanadi. Birinchidan, toqayin yoki taqayin so‘zini biz “Navoiy asarlari lug‘ati”da ko‘rmaymiz”.
Adabiyotshunos “toqoyin” degan so‘z “Navoiy asarlari lug‘ati”da yo‘q, degan asosni bizga dadil sifatida manzur etmoqda. Gap shundaki, u yo‘q so‘z deb da’vo qilayotgan “toq”moq so‘zi “toq” va “taq” holatlarida Navoiy ijodida yuzlab marotaba uchraydi. Dalil sifatida to‘rt jildli “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘at”i uchinchi jildidan misol keltiraylik:
Taq — osmoq, bo‘yniga osmoq; bog‘lamoq.
Bandi zulfing bo‘ynuma tushgach halak etti meni,Itga, jono, hech kim o‘lturgali taqmas maras (210-bet).Toq — 1. Osmoq, bog‘lamoq.
Hirs o‘lsa qanoat o‘tig‘a yoq ani,Ya’niki adam rishtasig‘a toq ani.2. Taqmoq, tizmoq.
Fasona aytur ustodi suxanvar,Bu yanglig‘ toqti so‘z bikrig‘a zevar (249-bet).Ko‘rdikki, tuzatishga suyanilgan birinchi dalil rost bo‘lib chiqmadi. Endi, ikkinchi dalilga e’tibor qilaylik. Yu.Tursunov yozadi: “Ikkinchidan, qo‘lyozma nusxalarida baytning ikkinchi misrasi:
Kimga yoqayin, bu tuhmat, oxir?!
Bunda endi misradan ma’no chiqarish mushkulroq, yoqayin so‘zi ishga to‘sqinlik qilayotgandek. Ammo qarangki, toqayin va yoqayin so‘zlarining ham yozilishidagi o‘zagi bir xil. Shunga ko‘ra, dastlabki noshirlardan biri, kotib bu o‘zakka ixtiyorsiz ravishda so‘z boshidagi ikki nuqtani noto‘g‘ri qo‘yib yuborgan va “yo”yi vahdat “te”ga aylanib qolgan, degan fikr bilan yoqayinni toqayinga o‘zgartirgan. Bu “tuzatish” nashrdan nashrga o‘tib kelavergan. Aslida esa, o‘sha misraga qovushmay turgan yoqayin so‘zini chuqurroq mulohaza qilib ko‘rish kerak edi. Zero, uning bir emas, bir necha ma’noga ega ekanligi “Navoiy asarlari lug‘ati”da ko‘rsatilgan. Ya’ni yoqmoq — 1. O‘qmoq (o‘t, sham); kuydirmoq. 2. Xush kelmoq, ma’qul tushmoq. 3. Nisbat bermoq, to‘nkaymoq. 4. Surtmoq, qo‘ymoq, dog‘lamoq (dorini).
Ko‘rinadiki, bu ma’nolarning uchinchisi so‘z borayotgan misraga muvofiq keladi. O‘qayin so‘zini o‘zgartirishga qaror qilgan shaxs nazarda tutgan so‘z bugungi kun tilimizda taqimoq shaklida qo‘llanadi”.
Bu matnga doir bizning mulohazamiz quyidagicha: Yu.Tursunov “kotib bu o‘zakka ixtiyorsiz ravishda so‘z boshida ikki nuqtani noto‘g‘ri qo‘yib yuborgan va “yo”yi vahdat “te”ga aylanib qolgan”, deb faraz qiladi. Holbuki, u birgina nusxaga suyanib xulosa chiqarmoqda, shubhani haqiqat darajasiga yetkazish uchun mo‘‘tabar, qadimiy nusxalardan yana bir nechtasiga murojaat etish lozim edi. “Layli va Majnun” matnini nashrga tayyorlashda men besh nusxa “Xamsa”ni qiyoslab matn tayyorlaganman. Shu baytni eslasam biror nusxada “yoqmayin” varianti uchramadi. Matnshunoslik olimning taxminiga qarab qolsa, matn haqiqati sinadi. Qolaversa, asar tanqidiy matni ilmiy da’vo uchun masalaning uzil-kesil yechimi bo‘lib hisoblanmaydi. “Layli va Majnun” ilmiy-tanqidiy matnni tuzgan G‘ulom Karimovning 1949 yilda nashr etgan “Alisher Navoiy “Xamsa”, “Layli va Majnun” kitobining 56-betidan ko‘chiramiz:
Sendin yetibon bu shiddat oxir,Kimga toqoyin bu tuhmat oxir?!Demak, matndagi “to‘nkamoq” ma’nosidagi “toqoyin” so‘zi o‘zi to‘g‘ridir. Yu.Tursunov yozadi: “Sevishganlar uchrashuvi bayoni bilan bog‘liq yana bir bayt ham munozarali. Qalbi iztiroblarga to‘la Qays nigoriga yonib-kuyib so‘zlar ekan, qattiq hayajon tufayli hushidan ketadi. Layli uning boshini bag‘riga olib, yum-yum yig‘lar ekan, ko‘z yoshlari oshig‘ining yuziga oqib tushardi.
Asliyatda ushbu holat:
Qo‘yniga olib nigor boshin,Sochib yuzidin yuziga yoshin —deya ifodalangan”. Yu.Tursunovning gapini boshqa qo‘lyozma nusxalar va ilmiy matn tasdiqlanmaydi. Mo‘‘tabar “Xamsa”ning nazarda tutilgan bayti fotonusxasida ham da’vo qilingan “yuzidin” so‘zi o‘rnida “ko‘zidin” borligini har qanday ko‘zi ochiq odam ko‘radi (qarang: “Layli va Majnun”, 1992, 84-bet). Qolaversa, men foydalangan besh nusxaning birortasida “yuzidin”, deb yozilgan joyi yo‘q.
Endi Yu.Tursunov maqolasining sarlavhasiga daxldor baytiga kelsak:
O‘sh g‘unchag‘a istamak bo‘lib ish,Jola tushub, og‘zig‘a bo‘lur tish —baytini adabiyotshunos “Navoiy kulliyoti”da: “O‘sh g‘unchag‘a esnamak bo‘lub ish, Jola tushub, og‘zig‘a bo‘lur tish” tarzida yozilgan, deb da’vo qiladi.
Men qat’iy xulosa sifatida asarning ilmiy-tanqidiy matnidan shu baytni manzur etaman:
O‘sh g‘unchaga istamak bo‘lub ish,Jola tushub og‘zig‘a bo‘lur tish. (52-bet).Fikran men matndagi “istamak”ning “esnamak” bo‘lishini juda-juda istardim. Biroq mo‘‘tabar nusxalardan birining fotonusxada bir nuqta tik holatda, ikki nuqta yonbosh holatdagi bir nuqta tarzidadir. O‘sha tepadagi “t” nuqtasini ostki “yo” nuqtasi bilan qiyoslab ko‘ring. Aynan bir xil. Men lupa bilan ham rosa tikildim. Biroq Yu.Tursunov fikriga qo‘shilolmadim.
Shudring tishga o‘xshaydimi? Men jola so‘zini matn mazmuni taqozosicha do‘l deb o‘yladim. Do‘l tishga o‘xshaydi. Nasriy bayondagi mening qo‘pol xatom — “g‘uncha”ni ko‘plikda ifodalaganim bo‘lgan.
Xullas, matn haqiqatini tiklash uchun bayt mazmunini bir tomondan emas, olti tomondan kuzatib, so‘ng bir to‘xtamga kelmoq lozim.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 31-sonidan olindi.