OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zuhriddin Isomiddinov. Vodiyga avtobus qo‘yish vaqti keldi (2006)

Hatto ayrim mutaxassislar ham Qamchiq dovoni bugun avtobuslar ­qatnashiga bemalol javob bera oladi deyishmoqda
Farg‘ona vodiysi – O‘zbekistonning aholi eng zich joylashgan go‘shasi. Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining yeri Respublika hududining atigi 4,2 foizini tashkil etadi, ammo bu yerda mamlakatning qariyb 30 foiz aholisi yashaydi. Bu 7-8 million odam demak.
Hozirgi zamonda nima qimmat – yo‘lkira qimmat. Toshkentdan Andijonga samolyotda qatnashga hammaning ham imkoni yetmaydi. Shuning uchun samolyotda asosan davlat g‘aznasi hisobiga xizmat safariga chiqqanlar va biznesmenlar qatnaydi.
Mavsum chog‘ida poezd qatnaydigan bo‘lib qolsa, chiqishga odamlarning yuragi bezillaydi...  Demak, yagona yo‘l – Qamchiq dovoni orqali mashinalarda qatnashgina bo‘lib qoladi.
“Neksiya”, “Damas”, “Tiko” kabi zamonaviy yengil mashinalar hozir vodiyning har bir shahru qishlog‘idan Toshkent­ga kelib ketayapti. Dovon yo‘li esa yetarli darajada keng, deyarli barcha uchastkalar ravon, silliq. Shuning uchun ham ko‘pgina yosh, yuragi qaynagan haydovchilar tekis joyda mashinani soatiga 170-180 km.gacha uchirib haydaydi. Bu yo‘lda azaldan qatnab pixi qayrilib ketgan “paxan” shofyorlar ham ulardan qolishmaslikka harakat qiladi. Oqibat, Qorasuvdan “tovar” olib, mashina yukxonasini liq to‘ldirgan, yo‘ldagi tekshiruvchilarga insof tilab, raddi balo duolarni bilganicha o‘qishga taraddudlangan “tadbirkor”larning tili buncha zo‘r tezlikda duo tugul, hatto kalimaga ham kelmay qoladi. 
Afsus, karvonning yo‘lida xatar bo‘lmay iloji yo‘q ekan, umr yo‘li shu yo‘lda poyoniga yetib, tili haqiqatan ham bir og‘iz kalimai shahodatga ulgurmay omonatini topshirayotganlar ham oz bo‘lmayapti. Toshkentdan Andijonga qadar bo‘lgan bu gavjum trassaning har yer-har yerida avariyaga uchrab, yo‘l chetiga chiqarib qo‘yilgan, “ko‘rib, ibrat olsin” deganday tekshiruv postiga opkelib qo‘yilgan abjaq mashinalarning har hafta yangilariga duch kelish mumkin.
Takror aytamiz: yo‘l ravon, juda ko‘p qismida ko‘cha o‘rtasiga beton to‘siqlar qo‘yilib, qarama-qarshi tomondan kelayotgan mashinalar o‘zaro to‘qnashib ketishining oldi olingan ham. Ammo avtofalokatlar hamon yuz berib turibdi. Negaki, bu falokatlarga yo‘l emas, tezlik haddan tashqari yuqoriligi sabab bo‘lyapti. Negaki, Respublika poytaxtiga, boshqa viloyatlarga yumush bilan har kuni vodiydan o‘n minglab odam yo‘l oladi. Yo‘l nihoyatda gavjum, tezroq yetayin deb “ot qamchilaganlar” bisyor.
Asosan boyvachchalarga tegishli bo‘lgan mashinalarni ijaraga olgan, otning kallasiday “arenda puli”ni haftama-hafta to‘layman, qolaversa bola-chaqaning tishiga bosguday bir daromad ham topaman deb chog‘langan kirakashlar tezroq Toshkentga borib qaytishga harakat qiladi, buning uchun soatiga kamida 150 km. tezlikka qo‘yib haydaydi, yetib borgach, boshqa hamkasblari bilan passajir talashadi, sutkalab uxlamay, rul chambaragini aylantiradi. Har kuni turfa fe’l-atvorli “passajir”lar ko‘ngliga yo‘l topish, biron o‘n besh-yigirma joyga qo‘yilgan “post”­larda qo‘r to‘kib o‘tirgan formali akalar bilan “muomala” qilish va eng chatog‘i – kuniga uyoqqa besh yuz, qaytishga ham shuncha, jami ming kilometrcha yo‘l yurish... ishoning, har qanday alpomish yigitni ham bir-ikki yil ichidayoq holdan toydiradi! Boyagi “post”­larning birontasida “manov avtomobil (yoki bu haydovchi) boya shu yo‘ldan u tomonga o‘tgan edi, endi esa bu yoqqa yo‘l olibdi. Buncha “nagruzka” mashina uchun ortiqcha (haydovchi ham charchaydi), avariyaga uchrash xavfi ortadi”, deya mashina nomerini yo haydovchining familiyasini kompyuterga solib, tergaydigan tartib ishlab chiqilmagan, bironta DAN posti bunday “zerikarli” yumush bilan shug‘ullanmaydi. Holbuki, agar har bir haydovchi bir kecha-kunduzda 500 km.dan ortiq yo‘l bosishi mumkin emas degan mazmunda biron tartib-qoida ishlab chiqilsa va shu qoidaga amal qilish mexanizmi tayyorlansa, yomon bo‘lmas edi. Mening o‘zim yaqinda Xo‘jaoboddagi DAN posti oldiga ayqashtirib qo‘yilgan betonga bir “Neksiya” kelib qarsillab urilganini ko‘rdim. Ertalab soat 10 lar chamasi edi. Mashina tamom bo‘ldi, ichidagilar haytovur tirik qoldi, ammo bir yosh yigit o‘sha beton yonida qay bir ish bilan ivirsib yurgan ekan, beton bilan mashina orasida qolib, nobud bo‘ldi. Asosiy sabab – tuni bilan yo‘l bosgan haydovchi bu mahal uxlab qolgan ekan...
Albatta, kamina bir oddiy yo‘lovchi, avtomobilu yo‘l haqida maxsus bilimga ega emasman, yuz berayotgan falokatu halokatlar miqdori haqida ham aniq raqamlarni keltira olmayman. Ammo necha yillar davomida oy sayin, goho oy oralatib Andijonu O‘shga qatnar ekanman, oynalari tirqirab sochilib, tunukalari ezilib, quruq skeleti ko‘rinib qolgan mashinalarga, halok bo‘lgan, ustiga biron latta yopib qo‘yilgan yo‘lovchilarga ko‘zim ko‘p tushgan. Haydovchilarning “bu hali holva, kecha falon joyda, muncha odam...” degan hikoyalarining-ku, sanog‘i yo‘q.
Bu muammoning bir ishkal jihati. Ikkinchi yoqdan, moddiy masala ham bor, albatta. Chunonchi, benzinning narxi yuz so‘mcha oshuvdi hamki, Andijonga borish yo‘lkirasi besh mingdan sakkiz-to‘qqiz mingga ko‘tarildi-qoldi. Bizning “savobtalab” haydovchilarimizning fe’li shunaqaki, har bayram yoki hayit arafasida ota-onasini ko‘rish yoki xeshlarining arvohini yo‘qlash, fotiha o‘qish uchun boradiganlar ko‘payishi munosabati bilan bir tomon yo‘lkirasining o‘ziyoq 30-35 ming so‘mga ko‘tarilib ketadi.
Bunga biron chora topish lozim. Toki, aytaylik, har o‘n ming nafar yo‘lovchi hissasiga duch keladigan falokatlar soni kamaysin, yo‘lkira narxini o‘ylab, odamlar bir-birining diydoridan benasib bo‘lmasin va zarur yumushidan qolmasin. Masalan, Andijon bilan Toshkentning orasi 400 km. bo‘lsa, borish-kelish yo‘lkirasi ham, oralig‘i qariyb shuncha bo‘lgan Toshkent — Kattaqo‘rg‘on yo‘lkirasidan ortiq bo‘lmasligiga erishish kerak. Nima uchun yo‘lovchilar bir umr taksida yurishga mahkum bo‘lishi kerak ekan?
Hozir Qamchiq yo‘lidan yengil va yuk avtomobillari yuradi. Avtobus va mikroavtobuslarga qatnov taqiqlangan. Albatta, bu qarorga yo‘lovchilar bexatar yo‘l yursin, katta falokatlar yuz bermasin, degan niyatda kelingan bo‘lsa kerak. Lekin, “bu yo‘lning falon qismida qiyalik muncha darajada, binobarin avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish taqiqlanadi”, deganday texnik jihatdan asoslangan, dunyo miqyosida e’tirof etiladigan biron bir dalil-sabab keltirilishi kerak.
Biz ushbu yo‘lda avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish vaqti keldi, deb o‘ylaymiz. Bu texnikaviy jihatdan bemalol mumkin, ijtimoiy nuqtai nazardan esa nihoyatda zarur. Chunki ilgarigi dovon yo‘li bilan hozirgisi orasidagi farq – yer bilan osmoncha. Avvalgi yo‘l juda tor, o‘ta xavfli, o‘nqir-cho‘nqir bo‘lardi. Burilishlarning keskinligi, naq qoyatoshlar tagidan o‘tadigan qaltis joylarning ko‘pligi, goho soy o‘zaniga tushib, shaldiratib shag‘al kechib o‘tishlar hozir batamom yo‘qqa chiqqan, tog‘ning qir uchidagi asfalt yo‘l o‘sha osmono‘par joyida qolib, endilikda daraning naq ko‘ksidan o‘yib kirilgan keng, yorug‘ tunnellar oralab o‘tib borasiz. Bu – birinchidan.
Ikkinchidan esa, bizga olis va yaqin talay davlatlarda shunaqa vahimali tog‘ yo‘llari borki, u dovonlar oldida bizning Qamchiq jo‘n bir tepalikka o‘xshaydi. Ammo ana o‘sha yo‘llarda ham avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan – kechayu kunduz, qishin-yozin yuradi. Va nihoyat uchinchidan, hozirgi avtobuslar bundan o‘ttiz-qirq yil avvalgi salga motori qizib, suvi qaynab ketadigan “qo‘qonarava”lar emas. Zamonaviy avtobus va mikroavtobuslarning tortish quvvati zo‘r, tormoz tizimi ayniqsa ishonchli.
Buning ustiga, ehtiyot shart deya hozir xavf­li hisoblanadigan pastga tushish uchastkalarida yo‘l yoqasida tik ko‘tariluvchi “irmoq”lar ham tayyorlab qo‘yilganki, mashinani unga bursangiz, har qanday tezlik bir zumda so‘nib, falokat daf bo‘ladi.
Bir avtobusga kamida o‘ttiz-qirq kishi yuk-puki bilan joylashadi. Ana shuncha odamni yengil mashinada tashiyman desangiz, kamida o‘nta “Neksiya” kerak. Endi o‘zingiz ayting, qaysi holatda avariya xavfi ko‘proq bo‘ladi? Ularning yo‘lkirasi orasidagi farq-chi? Qolaversa, ekologik jihatdan, zamonaviy bir avtobus o‘nta yengil mashinadan ko‘proq tutun chiqaradimi?
Albatta, biz Farg‘ona vodiysi bilan boshqa hududlar orasida duch kelgan avtobus odam tashiy bersin, demaymiz. Texnik jihatdan nosoz, ish muddati allaqachon o‘tib, sudralib qolgan avtobuslarning nafaqat Qamchiq yo‘lida, balki har qanday sharoitda odam tashishidan voz kechish kerak. Ammo loaqal hozir – ayni yoz chillasida, odamlarning bolasi institutga hujjat topshirgan, vodiydagi so‘lim oromgohlaru sanatoriylarga kelib-ketishlar ortgani singari sabablar bilan qatnov ko‘paygan bir davrda, Qamchiq yo‘li orqali “Qo‘qon — Toshkent”, “Toshkent — Asaka” singari o‘nlab marshrutlar ochib (qayta tiklab), tajriba tariqasida “Mersedes”, “Otayo‘l” singari baquvvat, yangi avtobuslarning, bejirim mikroavtobuslarning qatnovini boshlash, bunda ular ortiqcha yo‘lovchi va yuk olmasligini yo‘lga qo‘yish vaqti keldi.
Xavf-xatarning oldini olish borasida shuni aytish kerakki, har bir mashinaning tormoz tizimi uning massasidan kelib chiqib, shunga yarasha qilib ishlanadi. “Nek­siya”ning tormozi “Otayo‘l”ga, uniki esa bunga o‘rnatilmaydi. Hozirgi mashinalarda yuqori ko‘tarilishda motorning tortish quvvati, pastga tushish va to‘xtashda tormoz chizig‘ining uzunligi ham qariyb bir xil va juda ishonchli. Shunday ekan, yengil mashinaning yurishi uchun bemalol bo‘lgan joy avtobus uchun ham xatarli hisoblanmasligi kerak.
Qamchiq dovoni orqali yo‘lning kengaytirilishi, unga davlat g‘aznasidan milliardlab so‘m sarflanishidan maqsad taksi haydovchilarga daromad yo‘li ochish emas, avvalo oddiy yo‘lovchilarga yengillik yaratish, barcha turdagi transport vositalari qatnovini yo‘lga qo‘yish orqali Farg‘ona vodiysi bilan Respublikaning boshqa hududlari orasidagi bordi-keldini yanada yaxshilash, jadallashtirishdan iborat edi..
Zuhriddin Isomiddinov
P.S. Aftidan, avtobus qatnovi hanuzgacha yo‘lga qo‘yilmayotganining tag‘in bir sababi ham borday. Deylik, har daqiqada bu yo‘ldan o‘nta yengil mashina o‘tar bo‘lsa, ko‘pining haydovchisi (yoki “yuk” egasi) postda “xizmat”da turgan aka bilan albatta qo‘l olishib salom berib o‘tadi. Endi, o‘zingiz o‘ylang: ularning o‘rniga bir kattakon avtobus o‘tsin-da, faqat haydovchi salom-alik qilsin! Qaysinisining savobi ko‘proq? Albatta, o‘n nafar odamning qo‘lini olib ko‘rishmoq o‘rni bo‘lak-da! Uning fayzu barakasi boshqacha-da!
 "Hurriyat" gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.