(Fitrat asari)
Yaqinda o‘zbek sahnasi ulug‘ va ulug‘ligi qadar yuksak va go‘zal bir tomosha (piesa) ko‘rdi.
Men o‘zum iqror qilarg‘a teyishmankim, uning o‘zini va o‘ynalishini tegishincha tanqid va yo taqriz qiluvni men bajara olmayman. Biroq bu yo‘li va to‘g‘rida yozmoqlik vazifasi menga tushkanlikdan ko‘b chuqur bo‘lmag‘on qarashimni yozib ketamen.
Voqea Hindistondadir. Hindiston o‘zgarishchilaridan bo‘lg‘on Karimbaxshxonning o‘qimishli va go‘zal qizi Zulayhog‘a ikki kishi birdan oshiqdir: biri o‘zgarishchi, yurtchi shoir Nuritdinxon. Ikkinchisi — egri yurakli, anglizparast — Rahmatullaxon. Qizning otasi o‘zgarishchi va hindning buyuk shoiri bo‘lg‘an Nuriddinni suyar va qizini unga bermak istar; qizning onasi esa, o‘ydan, armondan ko‘ra kiyim va qiyofatka ko‘z solg‘onlig‘idan yomon kiyinguvchi va darvesh kabi yurguvchi Nuriddinga emas, yaxshi kiyinuvchi va soddalarni alday oluvchi Rahmatullaxong‘a bermakchi.
Qizning o‘zida Nuriddinni sevar.
Nuriddin qizni «chin sevish» bilan suyganligidan qizga hurmat qilib, «suydim» deb ayta olmaydir. Rahmatullaxon esa undan ilgari ham bir necha yosh qizlarning boshig‘a yetkanligidan muni qo‘lg‘a tushiruvg‘a ham qo‘lidan kelganni qiladir: qizning onasi bilan siyqa munosabatda bo‘linadir. Nuriddin bor vaqtda qizning ko‘nmasligini bilib Nuriddinni oradan ko‘tarmak istab, yolg‘on bir tuhmat bilan angliz qamog‘iga oldiradir. Undada bo‘lmag‘och, o‘ldirmak uchun odam yollab zindong‘a yuboradir. U odam zindong‘a kirib Nuriddinning ichaturg‘on suviga og‘u solsa ham, Nuriddin Zulayxoning xayollari bilan o‘ralashnb, ichmay qoladir. Hind o‘zgarish qo‘mitasi zindonchi bilan kelishib Nuriddinni qutqaradir va Karimbaxshxonning uyida yashirin bir joyga joylaydir. U yerga joylang‘och, Nuriddin bilan Zulayhoning orasi «vasilat» joyig‘a yetadur. Go‘zal-go‘zal shoirona so‘zlar bilan ikkalasi har vaqt so‘ylashalar.
Bir kun bunlar bir necha kishi (ichlarida Zulayho ham) «O’zgarish qo‘mitasi»ning majlisini ko‘rub, Hindistonning har yerida anglizlarga qarshi yalpi qo‘zg‘alish yasov to‘g‘risida so‘ylashib turg‘onlarida Rahmatullaxon boshliq anglizlar po‘lisalari kelib bosalar. Kuchli olishmadan so‘ng birmuncha angliz po‘lisalari bilan birga Zulayhodan boshqa hamma o‘zgarishchilar o‘ladir: Zulayhoni olib ketalar.
Angliz po‘lisalari Zulayhoni tutmoq istarkan, Rahmatullaxon: «teymangiz, u menim suygilimdir» degach, anglizlar «qo‘mitachimi sening suygiling» deb o‘zini ham otib o‘ldiralar.
Bu ulug‘ tomoshaning eng og‘ir vazifalari ikki kishida edikim, biri Zulayho, biri — Nuriddin. Undan qadar kuchli bo‘lg‘on Rahmatullaxon vazifasi, asosan unlarcha og‘ir emasdir.
Boya aytganimday Nuriddin «chin sevish»ga yetkan bir oshiqdir va shuning uchun u xayollidir, Mashrabdir, Devonadir. Zulayhoni u ne qadar suygani holda, «suydim» deb ko‘b chog‘larg‘acha ayta olmag‘on. Yolg‘iz yiroqdan «esonmisiz?» degan, suyuklisi ham «esonmisiz?» desa chiday olmag‘on. Qochqon. Bekinib-bekinib yig‘lag‘on. Ho‘ngragan». O’zi suyib, kuyib yotqoni holda, o‘zi zo‘r bir dardga aylang‘on holda, «ishq dard emas, davodir», deydir va har yerda shuni aytadir.
Bu rolni atoqli o‘xshatg‘uvchimiz Uyg‘ur muni yaxshi o‘ynadi. Ayniqsa, uchinchi pardada ko‘rsatkan qilig‘lari to‘g‘ri va joyli edilar. To‘g‘risini aytmoq kerak bo‘lsa, 4 nchi pardada Nuriddin ro‘li yetarli chiqmadi: allaqanday ko‘zga yarashmagan va oddiy qilig‘lar ko‘rildi. Munda ko‘proq ayb bizning sahnamizning kambag‘alligiga tushadir. Negakim, o‘zining amplulasi botir — qahramon ro‘llari va o‘tkur kulgi bo‘lg‘on Uyg‘ur sevgiga, sevgidan qiynala biluvg‘a yumshoqdir. Biroq sevguvchi faylasuf tabiatli ishlarni 3 nchi pardada yaxshi ko‘rsatub edi.
Zulayho ham yaxshi: biroq unga ko‘broq sevgi harakati bermoq kerak edi. Tushunuv, uzoq vaqt so‘zsiz tushunuv (birinchi pardada) to‘g‘ri va tabiiy emasdir. U narsa Nuriddinga kelishar. Uni o‘ynovchi Sa’diya Tutashg‘a bundan ham og‘irroq (agar bo‘lsa!) va ko‘b harakatli rollar berib, uning o‘xshatuvchilik kuchini ortdirmak kerakdir.
Undan keyingi Rahmatullaxon rolini o‘rtoq Qori yaxshi o‘ynadi va to‘lug‘ bir tip (tus) bera bildi. Boshqa qahramonlarda ham bo‘lg‘on mayda kamchiliklarni aytuv ortiqcha. U birinchi pardada yumshoqroq edi. Shoirona aytmak istagan so‘zlarini tegishincha ta’sirlik qilib ayta olmadi. Ikkinchi pardada uning qilig‘lari ko‘b go‘zal edi. Ayniqsa, qizning otasidan bitik kelgach chiqib ketib, qaytib kirishlari — bu o‘xshatuvchini to‘lug‘ tip berganlar orasig‘a kiritadir.
O’zgarishchi Sarvar bilan Nuriddinning og‘asi chin o‘qimishli yosh yigitlar tusini to‘lug‘ bera olurlar edi, agarda bir oz og‘ir va shoshilmay qimirlasalar.
Nuriddinni qamatdirg‘on va o‘ldirmakka yurgan yigit to‘g‘risi, u qadar xoin toifali emas edi.
Qizning otasi (O’ktam) zo‘r bir oila egasi. Muning ustiga, yuqori fikrli yurt bolalarini o‘z o‘g‘li kabi ko‘ra bilaturg‘on o‘zgarishchi bir muhtaram ota tusini ko‘rsatdi.
Rahmatullaxonning o‘rtoqlaridan Ayubxonning ro‘lini olg‘on o‘rtoq O. juda bo‘sh va yanglish chiqardi. Ayniqsa rolini bilmasligi na zo‘r kamchilik!
Boshqalar ko‘makchi bo‘lushub, tekkiz o‘ynadilar. Po‘lisalar tapponchani o‘z boshliqlarig‘a do‘laydilar; bu eng zo‘r e’tiborsizliklarning biri. Sahna orqasidan otiluvlar o‘z vaqtida chiqmadi va shuning natijasida Rahmatullaxon o‘q tegmasdanoq o‘la berdi.
Umuman, so‘ng pardada ruhli bo‘lishka tegish ekan, ruhsiz chiqdi.
O’zbek sahnasi yoshdir. Uning uchun munday zo‘r narsalar balki og‘ir bo‘lur edi. Shunday bo‘la turib «Karl Marks» to‘dasi o‘rtoq Uyg‘urning tinmasligi va berilishligi orqasida zo‘r narsalarni ham sahnaga chiqara va yaxshi muvaffaq bo‘ladir.
Asar to‘g‘risida fikr yurituvdan qochmoqqa va o‘zimni tortishg‘a majburman. Negakim — shu yozilg‘onlardan ortig‘i menim uchun ortiqdir.
«Karl Marks» bu asarni tag‘in 1—2 marotaba takrorlarg‘a kerakdir. Xalq, tomoshachi xalqimiz buyuk armonli, sof adabiy narsalarga ham tushunib keladir. Bu o‘zbek sahnasining zo‘r yengishi, mundan foydalanuv kerak.
Endi bu bir qo‘yilib o‘tkan va qo‘shilib, butunlanib bosdirilg‘on o‘rtoq G’ozi Yunusning «Zahhoki moron»ini kurishga tilaymiz. Bu asarning qo‘yilg‘anig‘a ko‘b bo‘ldi. Xalq sog‘ing‘ondir. Shuningdek, zo‘r narsalar yana yozilib turalar shekilli, «Chin sevish»ning yozg‘uvchisi uning davomi deyilsa bo‘laturg‘on «Hind ixtiloli»ni yozib bitirgan. Yana boshqa kishilarda boshqa narsalar ham bor emish.
Sahnamiz jonlana, yuksala. Biroq Eski shahar xalqining boshida turg‘onlar qishliq yaxshi bir binoni qayg‘urtmasalar, chindan jinoyat qilg‘on bo‘lurlar...
______________
Chin sevish. — maqola «Ishtirokiyun» gazetasining 1920 yil 25 noyabr sonida e’lon qilingan.
Vasilat — ar., visol so‘zining ko‘pligi.
Uyg‘ur — taxallusi, haqiqiy ismi-sharifi Mannon Majidov (1897 — 1955), o‘zbek teatrining asoschilaridan biri, talantli rejisser va aktyor. O’zbekiston SSR xalq artisti.
Ampula — fr., foydalanish, aktyor imkoniyatiga mos tushadigan rollar turkumi.
Sa’diya Tutash, Robiya Tutash — o‘zbek teatrining ilk davrlarida ayollar rollarini goh erkaklar, goh boshqa millat vakillari (mas. M. Kuznetsova) o‘ynashga majbur bo‘lgan. Jumladan, tatar aktrisalari R. va S. Tutashlar bu yillarda katta xizmat qilganlar.
«O’rtoq Qori» — bizningcha, bunda Sayfiqori nazarda tutilmoqda Sayfiqori Olimov (1901 yilda tug‘ilgan) ijodiy faoliyatini Karl Marks truppasida boshlagan. Umrining oxirigacha hozirgi Hamza nomli teatrda ishlagan talantli aktyor, O’zSSR halq artisti.
Karl Marks to‘da — 1918 yilda Toshkentda M. Uyg‘ur rahbarligida tashkil topgan teatr truppasi. Yarim professional xarakterga ega bo‘lgan bu truppa shu yilning o‘zidayoq Turkfront siyosiy boshqarmasi ixtiyoriga o‘tgan va Karl Marks nomini olgan. Keyincha, bu truppa Hamza tuzgan truppa bilap qo‘shilib, hozirgi Hamza nomli teatrning asosini tashkil qilgan.
G’ozi Yunus (1893—1939) — 20—30-yillarining eng faol ziyolilaridan, jurnalist va dramaturg, «Mushtum» jurnalnni tashkil qilish va oyoqqa turg‘azishda A. Qodiriy va Cho‘lpon bilan baqamti ishlagan zahmatkash inson. G’. Yunus Firdavsiyning «Shohpoma»si asosida «Zahhoki moron» pesasini yozgan va u o‘z vaqtida keng shuhrat qozongan. Qatag‘on qurbonlaridan.
«Hind ihtiloli» — Fitratning «Hind ihtilolchilari» asari nazarda tutilmoqda.