OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulhamid Cho’lpon. E’tiroz (1927)

O’ZBEKISTON IJTIMOIY SHO’ROLAR JUMHURIYATINING IKKINCHI QURULTOYI MUHTARAM RAYOSAT HAY’ATIGA CHO’LPON (ABDULHAMID SULAYMON) TOMONIDAN E’TIROZ

Muhtaram qurultoyning ishlariga ma’zur vajhlar bilan bo‘lib, yaqindan aralasha olmaganim uchun taassuf qilaman va siz muhtaram hay’atdan o‘tinamankim, mening quyidagi arizamni muhtaram qurultoyga yetkazsangiz ekan. 
Ulug‘ Oktyabrning avvallaridan beri ishchi-dehqonlarning inqilobiy hukumatlari tomonida bo‘lib maorif va madaniyat sohalarida qo‘limdan kelgan qadar samimiyat bilan ishlab kelganim ma’lumdir. Vatandoshlar urushining eng qizg‘in davrlarida, shonli qizil askarning «Perekop» muzaffariyati damlarida kommunistlar firqasi tomonidan ishlatilgan bir gazetaning (o‘sha vaqtning eng so‘l gazetasi) — «Rosta»ning boshida turib, qo‘ldan kelgan qadar inqilobga va uning yengishiga xizmat qilganman. Bu Toshkentning xamma sho‘ro va firqa ishchilarnga ma’lumdir. Undan so‘ng boshqa gazeta, jurnallar va nihoyat teatr ishlarida ham, shu ishlarning rahbari bo‘lgan siyosiy idoralar nazoratida, o‘shalarning ko‘rsatgan yo‘llari bilan pshlab kelganman. Bular ham har qaysisi o‘z kishilariga ma’lum.
So‘nggi ikki-uch yil orasida shoirlik va yoshlik mayllari bilan ba’zi bir xatolarim bo‘ldi. Chunonchi, millatchilik va vatanparastlik ruhida she’rlar va narsalar yozib, ba’zi joyda shu yo‘lda so‘zlaganlarim ham bo‘ldi. So‘ng vaqtda, ayniqsa, Moskvada o‘qigan vaqtlarimning so‘ngida o‘z xatolarimga o‘zim ham tushundim.
U yozgan narsalarim va so‘zlagan so‘zlarim, kambag‘al va yo‘qsullar dushmanlarining foydasiga xizmat qilganini bildim. Bashariyatning umumiy saodati, ezganlar va boylarga qarshi ezilganlar va yo‘qsullarning kurashida ekanini angladim. Dunyoda asosan ikki qarama-qarshi jabhaga bo‘lingan boylar bilan kambag‘allarning kurashida haq va haqiqatning kambag‘al va yo‘qsullar tomonida ekaniga qanoat qildim. Mundan so‘nggi ishimda shu qanoat va ishonchimni asos qilib tutmakka qaror berdim.
Mundan so‘ng shu yo‘ldagi azmimni ish bilan ko‘rsatib, ish orqasida haligi xatolarni ishchi-dehqonniig ko‘nglidan ketkazishga harakat qilaman.
Mundan so‘ng o‘z faoliyatim uchun o‘zim sevgan teatr sohasini olib, unda yaqinda (shu yil) RKP(b) Markaziy Komiteti tashviqot-targ‘ibot sho‘‘basi yonida bo‘lgan teatr maslahat majlisining qarori asosida, o‘shani dastur qilib ish qilishimni arz qilaman.

________
E’tiroz. — Mazkur xat «Maorif va o‘qitg‘uvchi» jurnalining 1927 yil 12-sonida e’lon qilingan. 20-yillarning o‘rtalariga kelib Cho‘lpon ijodidan g‘oyaviy xatolar qidirish, uni yig‘loqilikda, burjua mafkurachiligida ayblash ruhi bilan sug‘orilgan qator maqolalar e’lon qilindi. Umuman, shu vaqtga kelib siyosiy vaziyat ancha kesknnlashgan, vulgar sotsiologik tanqid hujumga o‘tgan edi. Adib A. Qodiriyning ayni shu vaqtda hibsga olinganini e’tiborga olsak, bular kelgusidagi qatag‘onlarning bosh repetitsiyasi ekanini anglash qiyin emas. Ayni shu sharoitda Cho‘lpon madaniyatchilar qurultoyi rayosatiga ushbu xat bilan murojaat qilib, o‘lgaing xizmatlarini eslatadi, «gunohlarig‘a tavba» qiladi.
«Qurultoyning ishlariga ma’zur sabablar bilan bo‘lib, yaqindan aralasholmaganim uchun taassuf qilaman...» — albatta, kurultoy sog‘lom vaziyatda, ijodiy fikr almashishda o‘tganida Cho‘lpop «ma’zur sabab»larni ro‘kach qilmasdan, qurultoyda jon-dildan ishtirok etgan bo‘lar edi. 
«Perekop muzaffariyati damlarida...» — 1920 yil 7 noyabrda Qizil Armiya qo‘shinlari Sivash qo‘ltig‘idan kechib o‘tib Perekopni egalladilar va Vrangelning qo‘shinlari 16 noyabrga kelib batamom tor-mor qilindi. Bu vaqtda Cho‘lpon Toshkentda «RosTA» gazetasiga (bir sahifalik devoriy gazeta) muharrirlik qilar edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.