Kichkina feleto‘n
23 aprel devorda «Rohat boqchasi»da bo‘laturg‘an «Qiziq kechasi»ning O‘ratepaning sufrasidek bashoratnomasini (opishasini) ko‘rdim-da, darrov himm.., isni-bisga qo‘ymasdan miyam zolig‘a umumiy majlis yig‘ib, bukun kechqurun qiziq kechasiga tashrifi qudum etmakka qaror ham berib qo‘ydim. Chunki ko‘bdan beri bunday qiziq kechalaridan chetda — nuqul qayg‘u kechalari, kulfat vodiylarida kezib, buningdak kechalarga mushtoq edim — tashna edim. Kechqurun o‘zimga o‘xshag‘an bir do‘stimning bormag‘anig‘a ham qo‘ymasdan, sudrab qiziq kechasiga yugurdik. Boqchada kishilar ko‘b bo‘lmasalar ham yo‘q emas edilar. Do‘stim bilan man ko‘bdan beri bunday madaniyat boqchalarig‘a kelmaganligimizdan, yurish-turishimiz va kiyim solimimiz vahshiylarcha bo‘lmasa ham dalatoblarcha edi. Madaniyat boqchasining madaniy yigitlari bizga: «Shu ahvollaring bilan sanlarga ham madaniyat boqchasi haymi?».., demasalar ham ularning ma’noliq etib bizga boqishlari bu so‘zni ifoda qilib bizni turtmoqda edi. Biz o‘zimizning bunday tanazzulda qolg‘anlig‘imiz uchun uyaldik, hasratlandik.
Madaniyat boqchasining madaniy yigitlari o‘z yonlarida bitta-bitta topilsa «tutash», topilmasa «baba» yetaklab yurganlarini ko‘rib biz afsus qila boshladiq, chunki biz ham ovildag‘i chechalardan ikkitasini olib kelgan bo‘lsaq yetaklashib yurgan bo‘lar edik. Endi keyingi galda uch-to‘rttasini olib kelmakni do‘stimiz bilan ahd etishdik.
«Qiziq kechasi»ning boshlanuvi soat 8 ga belgulangan bo‘lsa ham artistlardan ikkisining margi mafojot bilan marhum bo‘lub qolmog‘i qiziq kechasini soat 10 dan boshlamoqqa majbur etdi. Ko‘b kishilar bu ikki marhumni tuproqqa topshirmoq uchun uzatib ketkanlikdan tabiiy «Rohat boqchasi»ning xilvatxonasi tomoshachilardan bo‘sh qoldi. Shu holda o‘yun boshlanuvini kutub mudrab o‘ltursam butun xilvatxonani «shap-shup, shap-shup» bosub ketdi. Ko‘zimii ochub qarasam, qator-qator eshikdan qurbaqalar kiradirlar.
— Xi, xi, xi, xi... qurbaqalar ham maxluqmi?
— Maxluq, maxluq! Bular madaniy maxluqlar! Boqcha idorasi kishi yo‘qliqdan biletlarni qurbaqalarg‘a sotmay kimga sotsin? Nihoyat to‘rt ko‘z, qirq quloq bilan kutkanimiz qiziq kechasi boshlanub parda ko‘tarildi. Birinchi parda «Uy tarbiyasining bir shakli» — to‘g‘risini aytkanda chin qiziqliq. Ammo bunda boshlamasidanoq qayg‘u-hasrat isi onqub ketdi. Kulguda ishtirok etkan hamma artistlar ham margi mafojot bilan marhum bo‘lg‘an ikki do‘stlari uchun qayg‘uliq edilar. Qayg‘usig‘a chidalmagan artistlardan ikkisi ibtido parda ochilishidan o‘pkalarini tutolmay xalqg‘a orqa berib istinaga sylom berib to‘utadilar. Tag‘in birisining ko‘zidan oqqan yoshi soqolini ho‘l qildi-da, oz qoldiki soqoli tushub ketib, o‘zi sharmanda bo‘lsun. Yaxshiki, vaqtida sahnadan qochib qolib, bu rasvoliqdan qutuldi. Orsizlarning bu hollarig‘a biz tomoshachi (publik)larning ham insoniyat hislarimiz jim yota olmadi. Nihoyat, biz ham yig‘lasha boshlab piqilliy-piqilliy arang birinchi pardani tugatdik. Ikkinchi pardada «Tursunali balli bodi» o‘ynaldi. Bu pardada ham kulgu o‘rnig‘a yig‘i-sig‘i avj olib, sahna bilan zolda arosat boshlandi. Yolg‘iz zoldag‘i insonlarg‘ina emas hatto tomoshachi qurbaqalar ham churillasha boshladilar.
Zol sahnada ro‘zi mahshar edi. Lekin bu favkulodda hollarg‘a chidolmagan ba’zi tentaklar kecha mudirig‘a: «Siz bilan artistlaringizg‘a bu sharmandaliklarning nima zarurati bor?» deb savol kirguzgan edilar, savollarig‘a qarshi: «O‘zi bayida shunaqa» degan javob olib biroz tinchlandilar. Man bilan do‘stim bunday yig‘isig‘i majlislaridan ortiq to‘ygan va uchunchi pardada «Hamshahar manzili»[1] o‘ynalaturg‘an bo‘g‘anliqdan bunisini kutmay ketmakka majbur bo‘ldiq.
«Birniki mingga, mingniki tumanga» degandak, yarim yo‘lg‘a kelganda militsiyalar «Voenno‘y polojeniya» deb bizni ushladilar. Eltub yerto‘laga yotquzdilar. Butun tuni biz yerto‘lada «Qiziq kechasi» haqida ajib, g‘arib tushlar ko‘rub chiqdiq.
Azob boqchasining muassasalariga va o‘zbek «orsizlar» to‘dasiga margi mafojot tilab yer to‘la ichidan:
Julqunboy Dumbulboy o‘g‘li
«Qizil bayroq» — 1922 yil, 28 aprel, 168-son, 4-bet
[1] Tatar adabiyotshunoslari N. Xakim va A. Sa’diy, rus tilshunosi Ye. D. Polivanov va Elbeklar «Til — imlo qurultoyi» kunlarida turk tillari qonun-qoidalarini tahlil qilib maqolalar yozadilar. Ma’lumki mo‘g‘ul-turk tillari o‘zakka qo‘shimcha qo‘shish orqali (aplutinatsiya), hind-evropa tillari esa ichki o‘zagi o‘zgarib (flektsiya, e’rob) so‘z yasaladi. Bu xossani N. Hakim «Qizil bayroq» gazetasidagi «Harf —imlo masalasi» nomli maqolasida «Yelimlik til» deb. A. Sa’diy esa «Inqilob» jurnapidagi «Turk tillarining qonun va qoidalarin o‘rganish ham tuzishda asoslar» nomli maqolasida «Tutashma til» deb ifodalaydi. A. Sa’diy maqolasida «Kelajakda tutashmalik bilan ovushmapiqning (flektiv) ayirmasi yo‘q bo‘lajakdir» deb ziyolilar orasida shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.